Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida tavhid

Turk-islom adabiyotida Alloh taoloning borligi, birligi, qudrati, ism va sifatlari va ularning namoyon bo'lishi — tajallisi haqida so'z yurituvchi she'riy-nasriy adabiy janrning nomi tavhid deyiladi. Tavhidlar mazmuniga ko'ra, odatda, ikkiga bo'linadi: shar'iy va tasavvufiy.

Quyida Boburning uch asaridagi nazmiy tavhidlarga to'xtalishni niyat qildik.

1. Bobur devonidagi tavhid

Bobur devonidagi tavhidlardan masnaviy shaklida va “faulun faulun faulun faul” vaznida yozilgan to'qqiz bayt­lik tavhidga e'tibor qaratamiz. Devonda bu tavhid 43 baytlik masnaviyning boshida, Istanbul universiteti nusxasi (96b-97a) va Islomobod nusxasi (359-360) oxirida joylashgan.

Devondagi tavhid:

Siposu sitoyish Xudovandg'a

Ki, andin kushod o'ldi har bandg'a.

“Shukr va hamd Allohgadir. Chunki har qanday mushkulot, to'siq Allohning amri bilan bartaraf etilgay va har qanday muammo — tugun Uning inoyati bilan yechilgaydir”.

Anga ne misolu ne monanddur?

Xudovandlarg'a Xudovanddur.

“Uning na misoli va na qiyosi bor. U buyuklikda, qudratda benazir zot, butun borliqning, yaralmishlarning Robbisidir”.

Anga ne amiru Anga ne vazir,

Anga ne shabihu Anga ne nazir.

“Uning ishlarini yuritadigan amir ham, vazir ham yo'q. Uning tengi ham, o'xshashi ham yo'qdir”.

Ne yoroyu ne haddurur kishiga,

Ki, daxl aylagay Tangrining ishiga.

“Allohning ishiga aralashishga va bunga urinishga bandasining haddi sig'mas va hech kim bunga qodir emas”.

Yomonlig' bila yaxshilig' Ul qilur,

Burung'i bila so'ngg'ini Ul bilur.

“Yaxshilikni ham, yomonlikni ham insho etguvchi O'zi, avvalu oxir, azal va abadiyat yolg'iz Allohgagina ayondir”.

Aziz Ul qilur, xor ham Ul qilur,

Shifo Ul berur, zor ham Ul qilur.

“Bandasini yuksaltirib aziz qilgan ham, xor va faqir qilgan ham, dard bergan ham, shifoi darmon berguvchi ham, yig'latib, nola qildirguvchi ham Alloh taolodir”.

Base podshoni gado qilg'ay Ul,

Gadolarni ham podsho qilg'ay Ul.

“Ne-ne sultonlarni taxtdan tushirib, boyliklaridan ayirib, gadoga aylantirgan ham, faqirlarni sulton taxtiga ko'targan ham Yaratganning O'zidir”.

Bu bayt orqali shoir Qur'oni karimning “Zumar” surasidagi “Ular Alloh xohlagan kishisiga rizqni keng va tor qilishini bilmasmidilar? Albatta, bunda iymon keltirguvchi qavmlar uchun oyat (belgilar) bordir” deyilgan 52-oyatiga ishora qilmoqda.

Ushbu baytdan keyin asosiy maqsadga quyidagicha o'tiladi:

Gadoyig'a bor shohliqdin nufur,

Ne shohliqki dorayndin yuz futur.

“Faqir kishi shohlikdan o'zini olib qochadi. Shohlik nima o'zi? Asl orzu qilingan narsa bu — dunyo havasi emas, oxiratda Allohning rizoligiga erishmoqlikdir”. Bu yerda “futur” so'fiylik atamasi, Allohning fazli bilan saylangan va farqlanganlik ma'nosidadir.

Tilarmen gadoyig'a bo'lsam gadoy,

Bu davlatni qilg'ay muyassar Xudoy.

“Faqirlikni sevuvchilardan bo'lmoqlikni so'rayman, istayman, Alloh menga shu davlatni, faqirlik davlatini nasib etsin”.

Ushbu oxirgi baytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Faqirlik mening faxrimdir, u bilan faxrlanaman” degan hadisi sharifini o'zlariga shior qilib olgan so'fiylar kabi faqirlikni istaydi. Tasavvufiy “faqir” atamasi foniy dunyo ne'matlaridan yuz burib, o'zini Allohga bag'ishlamoq, ungagina suyanmoq, ungagina tobe bo'lmoqlikdir. So'fiylar fuqaro deb nomlagan faqir maqomi sharafli martabadir. Faqirlar o'zlarini mol-mulkdan ayro tutgan, ya'ni o'tkinchi dunyo ishqidan xoli insonlar. Faqirlikning haqiqati shundaki, banda Allohdan boshqa narsaga muhtoj emas.

2. “Mubayyin” asaridagi tavhid

To'xtalmoqchi bo'lganimiz — “Mubayyin asarining boshida kelgan “foilotun mafoilun fa'lun” vaznida yozilgan to'qqiz baytdan iborat masnaviydir. Boburshunos O'ral Seyhan “Aruz risolasi”dagi qaydga asoslanib va asar oxiridagi baytni dalil sifatida ko'rsatib, “Mubayyin” 928 hijriy (melodiy 1522) yilda yozilganligini ta'kid­laydi (2004: XXI-XXII, 205). O'z o'rnida “Boburnoma”ning (252-b.) “To'qqiz yuz o'ttiz ikkinchi yil voqealari”da (1525) “Mubayyin” safar oyida nazmiy ifoda etilgani haqidagi qayd diqqatni tortadi (Arat 1946: 286).

Endi tavhidga e'tibor qaratamiz:

Haqqa hamdu sano ado qildim,

Haq oti birla ibtido qildim.

“Allohga shukur aytib, hamdu sano aytib, uni ulug'lab madh etdim hamda ushbuni ham uning nomini zikr etish bilan boshladim”.

Ibtido qilg'uliq ne kim bordur,

Qilmasang oti birla abtardur.

Boshlanayotgan har qanday ish xayrli, omadli bo'lmog'i uchun Allohning ismini zikr etib boshlash lozim, agar shunday qilinmasa, bu ish kutilgan natijani berolmaydi, sust, to'liqsiz holatda qolib, yakuniga yetmaydi.

Qodiru barkamol Tengridur,

Qohiru Zuljalol Tengridur.

“Alloh taolo qudratda tengsiz, O'zi xohlaganini xohlagan vaqtida amalga oshirguvchi, mohir, mukammal, komil zotdir. U cheksiz salohiyat, buyuklik, ulug'vorlik sohibi, hamisha mutlaq g'olib va oliy hukm etguvchidir”.

Shoir bu baytda Alloh taoloning bemisl qudrati, komilligi, mehri, qahru g'azabiga ishora qilib, hech narsaga, hech kimga muhtoj bo'lmagan Zotning yagonaligini — vahdoniyatni, buyukligini madh etmoqda.

Har nekim qilsa Ul qilur beshak,

Har nekim qilsa Ul bilur beshak,

“Nimaiki qilsa, shak-shubhasiz, O'zi ixtiyor etgandir, borliqda nimaiki sodir bo'lsa, shak-shubhasiz, bilguvchi O'zidir, bu Uning azaliy va abadiy ilm doirasidadir”.

Bu baytda Alloh taoloning yaratuvchilik, yo'qdan bor etish san'ati, hislar olamini ham, fikru o'ylaru amallarni ham, bo'lib o'tgan va ro'y berajak narsa va hodisalarni ham bilish xususiyati, qudrati ifodalangan.

Muntazir rahmatig'a gumrohlar,

Muftahir qullug'i bila shohlar.

“To'g'ri yo'ldan adashganlar Allohning rahmatidan, inoyatidan, rahm-shafqati va mag'firatidan umid qiladilar. Shohlar ham Allohning bandasi ekanliklari bilan iftixor qiladilar”.

Bu baytda Alloh taoloning rahmlilik va shafqatlilik sifatlari bayon qilingan bo'lib, tasavvuf ilmida katta o'ringa ega bo'lgan “havfu reja” tushunchasi badiiy ifoda topgan. Tasavvufda “havf” Alloh taoloning qahridan qo'rqib, dinda sobit bo'lmoq, harom qilingan ishlar va gunohlardan tiyilmoq, o'z aybu nuqsonlaridan afsuslanmoqdir. “Reja” esa, banda ilohiy rahmatni, ya'ni Allohning karami kengligini bilgan holatda, Uning lutfu inoyatidan bahramandlikni his qilishi, oxiratda ajru saodatga erishmog'iga umid bog'lab, o'zini baxtiyor sanashi, Allohning go'zal jamoliga yetishish orzusida yashashi bilan izohlanadi.

Yamonu yaxshig'a umid andin,

Qo'rqmoq andin-u navid andin.

“Yomonliklardan himoyalanish hamda ezguligu go'zallik­larga yetishmoqqa umid berguvchi, iltijolarni eshitguvchi yagona Allohdir. Bandasi faqat Uning qahridan qo'rqadi, Uning rizoligi uchun bo'ysunuvchan, ko'nikuvchan bo'ladi, xushxabar va marhamatni ham faqat Yaratgandan kutadi”.

Ushbu bayt orqali shoir Qur'oni karimning “Zumar” surasi 53-oyatida keltirilgan Alloh taoloning o'ta mag'firatli, G'affor, o'ta rahmli va afvni sevuvchi sifatlarini ifoda etmoqda.

Jismida har nechaki qil bo'lsa,

Qil seni el tanida til bo'lsa.

“Odam tanasida qancha tuk bo'lsa, ana shu tuklardan ziyod insonlarda til bo'lsa…”

Hamdig'a zokir o'lsa ul tillar,

Desa hamdini oylaru yillar.

“O'sha tillar Allohga hamd aytmoq, shukur qilmoqdan to'xtamasa, zikrdan, tasbeh, tahmid aytishdan oylaru yillar davomida tinmasa…”

Ul barining kalomi bir bo'lg'ay,

Bori o'z ajziga muqir o'lg'ay.

“Barchaning, butun insoniyatning so'zi — kalomi Yaratganga hamd bo'lsa-yu, har kim, har banda Allohning ulug'ligi oldida naqadar kuchsizligini, shukronalik tufayli taqdir yozig'iga tobeligini tan olsa”, deya shoir o'z fikri va orzularini badiiy ifoda etmoqda.

3. “Risolai Volidiyya” asarining tarjimasidagi tavhid

“Risolai Volidiyya” — forsiy tilda bitilgan nas­riy asar bo'lib, Naqshbandiya tariqatining buyuk vakillaridan biri Ubaydulloh Ahror (1404-1490) tomonidan otasining ko'rsatmasiga (iltimosiga) ko'ra yozilgan. Asar 1528 yilning oxirlarida Bobur tomonidan nazmiy tarjima qilingan.

“Risolai Volidiyya”ning aslida bo'lmagan, Bobur tarjimasidagi shaklida esa asarning boshida kelgan “foilotun foilotun foilun” vaznida nazmiy ifoda etilgan yetti baytdan iborat quyidagi tavhidga e'tibor qaratamiz:

Haq Taolog'a deyin hamdu sipos,

Kunhig'a yetmes aning vahmu qiyos.

“Allohga cheksiz shukurlar, hamdu sanolar aytib, rizoligimni bildiraman. Shubhasiz, insonning tafakkuri, tasavvuri va muqoyasa kuchi Yaratganning mohiyatini tushunishga yetmagay”.

Ushbu baytda qo'llanilgan so'fiylik atamalaridan biri bo'lgan “Kunh” shaxsning (bu yerda Allohning) ba'zi haqiqatlarini bildiradi. Vahm esa insonning tana kuchini ifodalaydi.

Xoliqu Qohiru Subhanu Azim,

Roziqu Qodiru Rohmanu Rohim.

“U yo'qdan yaratuvchi, har narsaga hukmronlik qiluvchi, nuqsonlardan xoli, pok, yuksak, rizq beruvchi, har narsaga qodir, hammaga rahm-shafqatli, oxiratda mo'minlarga ehson va in'omlar ato etuvchi zotdir”.

Avvaledurki, bidoyat Anga yo'q,

Oxiredurki, nihoyat Anga yo'q.

“U abadiydir, uning mavjudligining boshlanishi yo'q. U abadiydir, uning mavjudligining oxiri yo'q”.

Bu baytning birinchi misrasida Alloh taoloning muhim sifatlaridan biri bo'lgan ulug'ligi, ikkinchi misrasida esa abadiyligi bayon qilingan.

Yo'q turur hech sherik Aning ishiga,

O'xshamas hech nimaga, hech kishiga.

“Hech bir ish uning iznisiz bo'lmas, Uning sherigi ham, o'xshashi ham yo'q, U tug'magan va tug'ilmagan va unga hech kim teng bo'lolmas”.

Birinchi misrada Alloh taoloning go'zal ismlaridan biri Vohidning turkcha izohi ixcham tarzda berilgan. Vohid — bir va yagona, u tengsiz, beqiyos ma'nosida. Bu yerda “Ixlos” surasining birinchi misrasi turkiy tilda ifodalangan: “Alloh birdir, yagonadir”. Ikkinchi misrada esa ushbu suraning oxirgi oyati turkcha bayon etilgan: “Allohga teng va o'xshash narsa yo'q”.

Keyingi baytda “Ixlos” surasining turkiy tildagi mazmuni quyidagicha tasvirlangan:

Ehtiyoji kishiga yo'qtur Aning,

Yoru yovar ishiga yo'qtur Aning.

“Allohning hech kimga, hech narsaga muhtojligi yo'q, uning ishlariga birovning yordami, yoru yovarning hojati yo'q”.

Birinchi misrada Asma-ul-Husnadan Somadning ma'nosi bayon qilingan. Mavjudotlarning extiyojlari qondirilishi va rizqning yakunini belgilovchi, barcha yaratilgan hilqatlarning istak va iltijolarini qabul qiluvchi yagona Robbisi borligi anglatiladi. Birinchi baytda “Ixlos” surasining ikkinchi oyati “Alloh — Somaddir”, ya'ni hamma yaratilmishlar Allohga muhtojdir, lekin U hech kimga, hech narsaga muhtoj emas”, deb eslatilgan. Ikkinchi misrada bu oyatga biroz izoh berilgan.

Ortmaydur, ham bo'lmaydur kam,

Bor edi, bor durur, bo'lg'usi ham.

“U ko'paymaydi yoki kamaymaydi, U avval ham bor edi, hozir ham mavjud va abadiy bor bo'lajak”.

Bu baytning birinchi misrasida “Ixlos” surasining uchinchi “U tug'magan va tug'ilmagan” oyati sharhlangan.

Yuqorida tilga olingan uch baytda Naqshbandiya tariqatining to'rt tamoyilidan biri bo'lgan “Shariat bilan zohirni poklash”ga ishora bor. Bu tamoyilda “Ixlos” surasining tajallisi — zuhuri tafakkur etilgan.

Til Aning hamdida qosirdur, bil,

Bil aning hamdida qosirdur til.

“Allohga shukur qilmoq uchun til — lison kifoya emas, u nuqsonli va kuchsizdir, buni yaxshi bil. Yana shuni yaxshi bilginki, Allohga hamdu sanolar aytmoqqa til ojiz va faqirdir. Allohga butun borlig'ing, qalbing — zohiru botining, toatu ibodating, ilmu amaling bilan yaqinlasha olasan…”

Xulosa shuki, Zahiriddin Muhammmad Bobur asarlarida Allohga muhabbat va ixlos go'zal va mukammal badiiy ifoda etilgan.

Devondagi tavhid islomiy aqidalar asosida yozilgan bo'lsa, Allohga hamd bilan boshlangan bu tavhidda ilm, qudrat, iroda sohibi Allohning zoti va ulug' sifatlarini ifoda etuvchi ismlari qo'llanilmagan holda izohlanadi. Bobur so'nggi ikki baytda o'zining asl maqsadini ifodalab, tasavvufdagi faqir tushunchasini misralarga joylaydi.

“Mubayyin”dagi tavhid hamd bilan boshlanadi, Alloh taoloning Asma-ul Husnadagi Haq, Qodir, Zuljalol ismlari keltirilib, qudratlilik, ilmlilik, rahmlilik, g'affor va kechirimlilik kabi sifatlari ifodalanadi. Inson hamisha shukur va zikrda bo'lishi lozimligi eslatiladi.

“Risolai Volidiyya” tarjimasida tavhiddagi hamddan so'ng Alloh taoloning sifatlari bevosita va bilvosita tasavvufiy nuqtai nazar bilan bayon qilinib, Naqshbandiya tariqatining g'oyasi asosida betakror nazmiy asar yaratilgan.

Qadimgi turkiy tilda she'riyat san'atining go'zalliklarini san'atkorona, shu bilan birga, sodda, ravon tarzda yuksak mahorat bilan tarannum etgan Bobur o'zining adabiy, badiiy, diniy va tasavvufiy bilimlari, mahorati, qudratini biz yuqorida to'xtalgan uch tavhidda namoyon eta olgan.

Maqolani turk tilidan

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo'limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi

tarjima qildi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − seven =