“Sen meni ishontir muhabbatingga…”

(Dam olish payti o'qiladigan maqola)

Ba'zan gapni uzoqroqdan boshlashga to'g'ri keladi. Bu safar ham shunday bo'ladiganga o'xshaydi.

Sara Jio degan mashhur, ko'hlikkina amerikalik yozuvchini taniysizmi? Mashhurlikda Saraxonimdan qolishmaydigan sayyoh jurnalist kasbdoshimiz  Muhammadjon Obidovni-chi? Bittasini taniyman, deng? Yo'q, bo'lmaydi, ikkovini ham bilishingiz kerak!

 Sara Jio Vashington shtatining Beynbridj orolida tug'ilgan. Kasbi jurnalist, universitetga o'qishga kirgach, orolni butunlay tark etgan. Sara jurnalist sifatida  yaxshigina qalam egasi ekanligini namoyon qildi, maqolalari jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo'ldi, ammo keyingi yillarda u bugungi kunning eng mashhur, kitoblari qo'lma-qo'l bo'lib o'qiladigan omadli yozuvchilaridan biriga aylandi. Yigirmadan ortiq sarguzasht romanlari dunyoning o'ttiz beshta mamlakatida chop etildi. “Boychechak” deb nomlangan birinchi romani (2011) USA versiyasiga ko'ra, yilning eng yaxshi asari deb topilgan. “Muhabbatning sirli shiviri” asari  Rossiyada nufuzli mukofotga sazovor bo'lgan. Uning sarguzasht romanlari Amerikaning obro'li jurnallarida e'lon qilinadi. Eng muhimi, hammasi xaridorgir.

Sara Jio romanlariga O'zbekistonda ham qiziqish katta, muxlislari ko'p. So'zim quruq bo'lmasin uchun, kamtarlik bo'lmasa-da, o'zimni misol keltiray: Saraxonimning “Sho'r shamol”, “Boychechak”, “Visol va ayriliq joyi” romanlarini sihatgohda  o'qib chiqqanman. Orolda tug'ilgan qiz-da, sarguzasht voqealarni shunday tasvirlaydiki, nazarimda, ularning ko'piga kitobxonlar bilan birga, Saraning o'zi ham ishonib ketadi.

Muhammadjon Obidov esa Marg'ilonda tug'ilgan. Ipakdek muloyim shahar farzandi. Jurnalistika fakultetida deyarli bir paytda o'qiganmiz. O'qish yillariyoq dovruqli jurnalist bo'lib ketdi, ammo Saraga o'xshab, tug'ilgan joyini tark etmadi. Ammo keyingi paytlari Saraxonga havas qilibmi, badiiy ijodda ham o'zini sinab ko'rishga ahd qilgani ko'pchilik muxlislari uchun kutilmagan yangilik bo'ldi. Ammo… menga emas.

Sara Jio sarguzasht romanlar yozishdan avval dunyo bo'ylab g'aroyib sayohatlarga chiqqan, odamzod oyog'i kam tekkan orollarda bo'lgan, oxiri yo'q g'orlarda tunagan, qaroqchilarga duch kelib, bir-ikki marta onadan qayta tug'ilgan ham.  Shunday qilmasa, Xeminguey, Dikkens, Jyul Vern asarlari ruhida tarbiyalangan talabchan o'quvchilar ularning mashhur kitoblarini bir chetga surib qo'yib, Saraning sarguzashtlarini o'qisharmidi?

Muhammadjonning ham badiiy adabiyotga yuz burishi tasodifiy qaror emas. U amerikalik Sara xonimdan nima kamim bor, degandek, talabalik yillari boshlagan sayohatlarini bugungacha muttasil davom ettirib kelmoqda. Men  ellik yildan beri matbuotda faoliyat yuritaman, shu yillar ichida O'zbekistonda men bormagan tumanlar emas, ayrim qishloqlar, chekka ovullar qolgan, xolos. Dunyoning ba'zi qit'alarida o'zbek jurnalisti Obidov  bormagan mamlakat kam qoldi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Sara Jio safarlari chog'i bo'lajak asarlariga badiiy asos bo'ladigan ajabtovur voqeliklar, sirli syujetlar, g'aroyib taqdir egalarini qidirgan bo'lsa, Muhammadjon uzoq-yaqin mamlakatlardagi eng yaxshi tajribalarni o'rganish, xalqimizni dunyo ibratlaridan boxabar qilish uchun dunyo kezdi, el-yurt boshiga tashvish tushganida o'zini chetga olmadi. Keyinchalik,  Saraxonga o'xshab, bir o'zi emas, farg'onalik faol jurnalistlarni yoniga olib, peshma-pesh safarga chiqdi.  Misrdagi Xeops piramidasining ichigacha kirdi, Hindiston va Xitoyni kezishdan charchamadi. Uning favqulodda muhim telereportajlari, jurnalist surishtiruvi yo'nalishidagi ko'rsatuvlarining har biri asosida bugun bemalol sarguzasht asar yozish mumkin.

Demak, har ikki kasbdoshimizning adabiyot maydoniga kelishi “Qozonda bo'lsa, cho'michga chiqadi”, degan maqolga asoslangan. Har ikkisining tushiga Jyul Vern bobo kirib, ularga oq yo'l tilagan bo'lishi ham mumkin. Jyulboy Saraxonga nima deganini bilmayman, ammo Muhammadjonning qulog'iga: “Yigitcha, Toshkentdan Andijonga qarab yo'lga chiqqan poezd hali ham Marg'ilonga kelganda, teplovoz poezdning so'nggi vagoniga o'tkazilib, orqaga qaytadimi?” deb so'ragani aniq. Bunga ishonmagan kishi, marhamat, bu mashhur fantast yozuvchining “Klodius Bombarnak” romanini Rustamjon Ummatov tarjimasida, boshqa joyda emas, “Jahon adabiyoti” jurnalida o'qib ko'rsin. Umrida mamlakatimizga kelmagan yozuvchi Marg'ilon va Samarqandni qanday aniq tasvirlaganiga qoyil qolasiz.

Muhammadjonning dastlabki badiiy ijodi “Kus­to orolida 10 kun” deb nomlanadi. Unda azaldan sayohat ishqibozi bo'lgan oddiy o'zbek jurnalis­ti Sarvarning yovvoyi odamlar yashaydigan orolga sayohati, u yerda ko'rgan-kechirganlari, Saraxonga o'xshab, qancha-qancha ko'rguliklarga duch kelishi, yovvoyilar uni birmuncha vaqt asirlikda tutib turishgani haqida so'z boradi.

Asar Sarvarning o'y-xayollaridan boshlanadi: “Sayohat jonu dilim. Dunyo ko'rsam, dengizlardan oshsam deyman. Shu bois, sarguzasht kitoblarni o'qishga tushaman. Jahongashta sayohatchi Kustoning mana bu satrlari xotiramga o'rnashib qolgan: “Hind okeanining ekvator chizig'i yaqiniga langar tashladim. Olis-olisda qandaydir tepalik, balki orol bo'lsa kerak, ko'zga tashlanadi. Kapitan  o'sha tomon suzishni taklif qildi.

— O'n kunlik chuchuk suv zaxiramiz qoldi, xolos. Balki uzoqdagi sharpa oroldir. U yerdan g'amlab olarmiz, suvni, — dedi.

— E, yo'q, — dedim qat'iy.

Men o'lchov asbobi yordamida arang ko'zga tashlanayotgan orol (hayotiy tajribamdan bilaman, bu – orolligi aniq) joylashgan nuqtani aniqladim. U 157 daraja shimoliy kenglik, 42,6 daraja sharqiy uzoqlikda edi. O'qigan kitoblarim, ilmiy manbalarni bir-bir esga oldim. Ammo hech birida bu manzildagi orol haqida ma'lumot uchratmaganman. Nahotki…  bu haligacha odamzod oyog'i tegmagan orol bo'lsa? U yerda ibtidoiy qabilalar yashasa va bizga hujum qilsa-chi? To'satdan yuragimga qo'rquv tushdi.

— Yo'q, orolga bormaymiz! – dedim  baland ovozda. — Delfinlar migratsiyasi bilan bog'liq tadqiqot natijalarini kutishyapti axir. Orolga esa alohida safar uyushtiramiz…”

Juda qiziqarli bu tafsilotlardan keyin ham davomini o'qimay ko'ring-chi.

“Bu Kustoning Hind okeaniga so'nggi safari bo'lgan. Demak,  u qaytib orolga bormagan. Xo'sh, xaritalarda belgilanmagan, atrofini  okean suvi o'ragan quruqlik – “Kusto oroli”da hayot, odamlar bormikin?  Shu savol menga tinchlik bermay qo'ydi. Internetdan Hind okeanidagi Kusto belgilagan raqamlar bilan orolni izladim. 157 daraja shimoliy kenglik,  42,6 daraja sharqiy uzoqlik. Yo'q, hech narsa yo'q. Balki Kusto o'lchovda adashgandir?

Bir necha kundirki, garangman. Na ishda, na uyda xayolim joyida emas. Hatto tushimda ham allaqanday orolda yurganmishman. Filmlarda ko'rganimdek, belidan pastini palma barglari to'sgan yarim yalang'och odamlar qo'lida nayza tutib qirg'oqqa, men turgan joyga yugurib kelayotganmish.

— Voy, voy-dood! – deb qichqirdim.

Yuzimga muzdek suv sachragandek bo'ldi. Ko'zimni ochib qarasam, tepamda xotinim  qovog'ini uygancha menga o'qrayib turibdi.

— Yana nima jin urdi, sizni? – dedi u araz bilan. – To'y qilamiz deganimdan buyon shunaqa, devonasifat bo'lib qoldingiz. Bundoq gapirmaysiz ham.

Yuzimni artdim-da, xotinga teskari yonboshlab yotdim. Ammo qani edi uyqu kela qolsa. Kusto nega endi  o'sha orolga borishga ko'nmadi ekan, demak, u yerda hayot bor, odamlar bor. Lekin ular qay tarzda yashaydilar? Qaysi tilda so'zlashadilar? O'sha yerga borish menga nasib qilarmikan?..”

Sara Jioning asarlari bundan sal boshqacharoq boshlanadi, nima qilsa ham, ayol kishi-da, sarguzasht voqealar tafsilotida romantikani unutmaydi. “Muhabbatning sirli shiviri” romanida shunday o'rinlar bor: “Muhabbat – issiqxonada yetishtirilgan, o'zi xohlamasa ham ochilaveradigan gul emas. U yo'l chetida kutilmaganda paydo bo'lib, kutilmaganda g'unchalaydigan  alaf”.

Shu romandan yana ikkita iqtibos. Men ularni ushbu maqolani sun'iy semirtirish uchun emas, Muhammadjon Obidovning birinchi nasriy asarini “Jahon adabiyoti” jurnalida (boshqa yana qaerda bo'lishi mumkin!) o'qib maza qilgan jurnalxonlar esda tutib turishlari uchun keltirmoqdaman. Chunki maqola so'ngida ularga yana qaytamiz. Birinchisi: “Chin do'st biror tashvishli holatda yoningga zudlik bilan yetib keladigan kishi emas. Bu ishni hamma ham (masalan dushman ham)  qilishi mumkin. O'zi  omadsiz bo'lishiga qaramay, sening bax­ting­ni o'zining  baxtiday  qabul qiladigan, sen bilan birga quvonadigan kishigina haqiqiy do'stdir”. Ikkinchisi: “Shunday odamlar  borki, ularning qo'lida qalbingning hali o'zing ham kirmagan eshigini ochishga qodir kalit bo'ladi. Bunday odamlar bilan hech ikkilanmay munosabat o'rnatish mumkin…”

Sarguzasht asar yozish oson ish emas. Bunday asarda, agar u chinakam mahorat bilan yozilgan bo'lsa, hayotiy voqelik badiiy to'qima bilan qorishib, bir-biriga oshiq-ma'shuqlarday chirmashib ketadi, ajratib bo'psiz.  Bir-biridan ajrata olmaysiz. Hammasiga  ishonasiz. Boshqacha bo'lishi mumkin emas, deysiz. Anvar Obidjon, Dadaxon Nuriy yozgan ko'p kitoblarda shunday chirmashuvlar bor. Dadaxon akaning “Boysun  junglilaridan Kandi o'rmonlarigacha” deb nomlangan super sarguzasht asarida to'qima ancha ko'p, ammo yozuvchining mahorati shundayki, u eng ziyrak o'quvchini ham  ularga ishontiradi, ikkilanishiga yo'l qo'ymaydi. Shu yerda dunyoga tarqalgan sarguzasht kitoblar muallifi Xudoyberdi To'xtaboyevni sog'inch bilan yodga olmaslikning iloji yo'q. Ustozning ishontirish san'atidan bir “shingil”: yoshlar nashriyotida bosh muharrir bo'lib ishlayotgan Xudoyberdi aka nashriyot direktori Abdulaziz Vahobovdan bir kunga ruxsat so'rab, qishloqdagi uyiga ketadi, ammo oradan to'rt kun o'tsa ham qaytib kelmaydi. Kelganida rahbar jiddiy koyiydi. “Shuncha kun qaerlarda yuribsiz? − degan savolga Xudoyberdi aka juda ishonchli javob beradi: “Uzr, Abdulaziz Vahobovich, ertasi kuniyoq qayt­moqchi edim, birdaniga havo aynib, chaqmoq chaqib, osmon uch-to'rt bo'lakka bo'linib ketdi, jala quydi. Qishloqqa sel keldi, ko'p joylarni yuvib, bir-ikki kishini oqizdi ham. Ancha joydan arang ushlab kelishdi.  Men dalada edim, keksa tutning ustiga chiqib, jon saqladim, shu joyda… rosa ikki  kun qolib ketdim…”

Mana sizga ishontirish san'ati! O'shanda men shundoq mashhur yozuvchini asrab qolgan o'sha xaloskor tutni borib ko'rmoqchi bo'lganman.

Muhammadjon Obidov ham ayni shu – ishontirish yo'lini tanlagan. Asarda bir emas, bir necha g'aroyib, aql bovar qilmaydigan voqealar tafsiloti borki, o'quvchi  ularga chippa-chin ishonadi. Ishongisi keladi. Beixtiyor Marg'ilonda tug'ilgan Yulduz Usmonovaning mashhur “Sen meni ishontir muhabbating­­ga” qo'shig'ini xirgoyi qilib yuboradi.  Yo'q desangiz, siz bilan jiddiy bahslashadi. Shu ishonchidan zavq oladi. Ruhiyati tozaradi. Shu emasmi badiiy adabiyotning muhim vazifasi?! O'quvchiga ishonch tuyg'usini baxsh etishdan yaxshiroq yana nima bor? Ustoz Ibrohim G'afurov Dadaxon Nuriy ijodi haqida gapirib, “Dadaxonda ozroq aldarko'salik bor, ammo qalami o'tkir, boplab ishontiradi-da”, degan edi.

Bir gal Dadaxon aka bilan sihatgohda davolanayotgan Erkin Vohidovni ko'rgani borganmiz. Yo'l-yo'lakay bozorga kirib, mushtdan sal kattaroq ikkita ko'k qovun sotib oldik. Dadaxon aka ularni Erkin akaning pokistonlik muxlislari yuborganini aytib, ustozni deyarli ishontirdi, ammo… qovun deb  so'ygan edik, u qovun  ham, bodring ham emas, gibrid oshqovoqqa o'xshash  bir narsa ekan. Erkin aka: “Ahmadjon, oling, hech bo'lmasa bir karj yeng. Biror kor-hol yuz bersa do'xtir qo'shnimizni chaqiramiz. Dadaxonning odati – tez-tez shunaqa qovun tushirib turadi”, dedilar.

“Kusto orolida 10 kun”da endigina birinchi badiiy asarini o'quvchilarga havola etayotgan yozuvchining o'ziga xos mahorati bilan birga, uning bu ishga jiddiy tayyorgarlik ko'rgani yaqqol seziladi. Ushbu qoralamalarni qog'ozga tushirishdan maqsad birinchi asarga  an'anaviy emas, Dadaxon Nuriyning sarguzasht kitobi xususida yozganimdek, “asarning o'ziga o'xshagan” taqriz yozish. Demak, Saraxonimning “Muhabbatning sirli shiviri” romanidan yuqorida keltirilgan ikki iqtibosga qaytadigan payt keldi.

Birinchisi – chin do'st qanday bo'lishi haqida. Meni hayratga solgani, ushbu mavzuda Saraxonim bilan Muhammadjonning muallif sifatidagi fikr­lari quyib qo'yganday bir xil. Eng og'ir sharoitda Sarvar zukkolik qilib, qabilaning bir a'zosini o'limdan saqlab qoladi. Saraning qahramonlaridan biri ham shunday qiladi. Xuddi avvaldan kelishib qo'yilganday.

Ikkinchi iqtibosda juda nozik bir ishora bor. Saraxonim “Ba'zi odamlarda shunday qobiliyat borki, ular sirli kalit bilan sening qalbingga osongina yo'l topa oladilar”, deydi. Vo, ajabo! “Kusto orolida 10 kun”da ham shunday. Jurnalist Sarvar  qabila boshlig'ining qizi qalbini osongina egallaydi. Unga oltin soat sovg'a qiladi. Bunisiga nima deysiz?

Xullas, o'quvchini ishontirish maqsadida bir-birini to'ldiradigan epizodlar juda ko'p. Bu − har ikki muallifning katta adabiyot oldidagi o'ta og'ir mas'uliyatni to'g'ri his etishi natijasi, albatta.

Asar haqidagi mushohadalarimga shu yerda nuqta qo'ymoqchi edim. Ammo yana bir fikr xayolimga keldi. Saraxonim yana qanday asar ustida ishlamoqda ekan? U yoq-bu yoqdan surishtirsam, uning yangi romani “Senga qaytaman” nomi bilan rus tilida “Eskmo” nashriyotida allaqachon bosilibdi. Topib o'qidim: Sharlotta ismli qiz turmush qurib, kuyov bola bilan asal oyini o'tkazish uchun olis sayohatga chiqadi. Ammo dengizda bo'ron ko'tarilib, kema halokatga uchraydi. Sharlotta suv yuzida uzoq vaqt qolib ketadi, bir amallab noma'lum orolga yetib oladi, u yerda   Grey ismli odambashara yangi Robinzonni uchratib, uning yordamida jonini saqlab qoladi va oradan ikki yil o'tgach, sog'-omon uyiga qaytadi. Oradan yillar o'tadi. Bir kuni Sharlotta asal oyida bo'lgan voqealarni eslab, dengiz qirg'og'iga keladi va u yerda ichida qog'ozi bor shishaga ko'zi tushadi. Ochib o'qisa, shisha ichidagi xat uning nomiga Greydan yo'llangan ekan. “Sharlotta, bu maktub qo'lingga yetib boradimi-yo'qmi, qachon yetib boradi  – bilmayman, ammo men seni hayotimning so'nggi daqiqalarigacha kutaman. Qaytishingga ishonaman”, degan so'zlar Sharlottaning vujudini titratib yuboradi.

Men ham titrab ketdim. Darhol o'zimni o'nglab, Muhammadjonning qahramoni Sarvarni esladim. Qabila boshlig'ining qizi har kuni qo'lidagi soatga mungli tikilib, uning bir maromda chiqillashidan ezilib, okean suvlarida uzoqdan ko'rinayotgan katta-kichik kemalarga mo'ltillab qarayotgan bo'lsa-chi? Mabodo suvga sho'ng'igan to'ti, agar u  baliqday su­zishga o'rgatilgan bo'lsa-yu, Jyul Vern  qahramonlariday suv ostidan orolga yetib olib, aeroportda nima voqealar bo'lganini ko'zlari orqali o'sha qabila sardorining qizi — Go'zalga tushuntirib bergan bo'lsa-chi? Shunday bo'lishi mumkinmi? – Nega endi mumkin emas ekan.

Demak, tinib-tinchimas Obidovdan yana bir yangi asar kutishga haqlimiz. Nomi…  Saraxonimniki “Senga qaytaman” edi,  demak, Muhammadjonniki “Meni kutgil” bo'lar?

Nima dedingiz?

Ahmadjon MELIBOYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − thirteen =