ZIYoRAT — o'zini ko'z-ko'z qilishmi?

Yaqinda  yaqin bir birodarimizning buvisi Umra ziyoratidan keladigan bo'ldi. Meni ham kutib olishga aytishdi. Borsam, tumonat odam. Qishloqning deyarli yarmi yig'ilgan edi. Ta'bimni xira qilgani shu bo'ldiki, kutib olishga chiqqanlarning har birining qo'lida yo ko'rpacha, yo joynamoz, yoki belbog'. Yerga uzun qilib to'shab tashlashdi, poyandoz solishdi.

— Bu nima endi, aka? – deb so'radim qarindoshimizdan.

— Ko'rmayapsizmi, buvimlar muqaddas joylarni ziyorat qilib kelmoqdalar. Tabarruk qadamjolarga tekkan oyoqlari ostiga to'shalgan narsalar esa irim-sirim-da. Albatta, “Yaxshi niyat — yarim davlat”. Bizga ham shunday joylarga borish nasib etsin.

— Axir bularning bari be'manilik emasmi, odatda, bunday ishlar ko'z-ko'z qilinmaydi-ku?

— Sekinroq gapiring, odamlar eshitib qolishsa, naq sazoyi bo'lasiz-a?

Ochig'i, g'alati bo'lib ketdim. Tuppa-tuzuk o'qimishli odamning gapini qarang. Men noto'g'ri yoki nojoiz gapirmadim, shekilli? Xullas, ziyoratchilar kelishdi. Uyog'ini gapirmasam ham, yozmasam ham o'zingiz tushunib olgan bo'lsangiz kerak. Oriyat yuzasidan marosimni kuzatib turdim. Ketib yuborishga “hurmatsizlik bo'lmasin”,  deb istihola qildim.

Ming afsus!

Juda tanish manzaralar, shunday emasmi? Ayniqsa, bugun ijtimoiy tarmoqlarda muborak Haj yoki Umra  ziyoratini ado etib kelganlarni kutib olishda ziyoratchilar qadami ostiga uzundan-­uzun sholchalar, turli matohlar to'shalgani, yosh bolani ziyoratchining oyog'i ostiga bostirilishi aks etgan videolavhalarni ko'rmayotgan yurtdoshimiz bo'lmasa kerak. Negadir shu tobda “Ko'rmaganning ko'rgani qursin” degan naql esga tushadi.

Ana shunday holatlar yuzasidan O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi quyidagicha munosabat bildirgan:

“Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yo'l qo'yishi kuzatilmoqda. Ba'zi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdaba-yu as'asa ila kutib olish, ko'cha boshidan poyandozlar solish holati ko'paymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid bo'lib, unday ishlarni qilayotganlar o'ta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular o'zlarining Allohning baytiga bo'lgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidir. Lekin ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va og'ir gunoh”.

O'ylab qolasan, odamlarga nima bo'lyapti? Axir ana shunday dabdabali marosimlar uchun qilinadigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofdagi muhtoj kishilar, oilalarga berishsa ham bo'ladi-ku!

Yoki yana bir holat. Ko'p bo'lmadi, bir muddat ilgari ijtimoiy tarmoqlarda bir video-­lavhaga ko'zim tushdi. Unda bir yigit onasining oyog'i yuvilgan suv­ni qo'llariga olib ichayotgani aks etgan. Ana sizga yana bitta ko'z-ko'z tomoshasi! Ey, baraka topkur, har kim ham ota-onasini hurmat qilishi,  e'zozlashi kerak. “Jannat onalar oyog'i ostidadir” degan purma'no hikmatlar bejiz aytilmagan. Ammo… ota-ona roziligi hammaga ko'z-ko'z qilib, ularning oyoqlari yuvilgan suvni ichish bilan emas, balki  farzand umri davomida ularning xizmatlarini qilishi, ularga nisbatan doimo xushmuomala bo'lib, aziyat bermasligi bilan bo'ladi. Shunga ko'ra, farzand ota yoki onasining yuvingan suvini ichishi va buni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarga ko'z-ko'z qilishi… ota-onani emas, avvalo, o'zini ko'z-ko'z qilish, saviya, farosatdan ancha uzoqda ekanligidan dalolat bermaydimi?

Ushbu holat bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi quyidagicha munosabat bildirdi:

“Dinimizda ota-onani rozi qilish katta savob hisoblansa-da, ularning oyog'i yuvilgan suvni ichib, uni barchaga ko'z-ko'z qilish joiz emas. Chunki, bu birinchidan, dinda g'uluv (chuqur) ketish sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu haqida ogohlantirib, shunday deganlar: “Dinda g'uluv (chuqur) ketishdan saqlaning. Zero, sizlardan oldingilarni faqatgina dinda g'uluvga ketishlari halok qilgandir” (Imom Nasoiy, Ibn Moja va Ahmadlar rivoyati).

Ikkinchidan, bu ishda riyo belgilari bor. Ya'ni, mo'min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda, qilgan amalining savobidan mahrum bo'ladi. Eng yomoni, ba'zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqdalar. Natijada bosh­qalar “bu ishlar juda ulug' amal ekan”, deb nojoiz ishlarni ibodat darajasiga ko'tarib yubormoqda. Ko'r-ko'rona ergashib ketmoqdalar. Imom Rabboniy quddisa sirruhu “Maktubot”da aytadilar: “Biror amal shariat ko'rsatmasiga muvofiq bo'lsagina Haq taolo huzurida maqbul bo'ladi. Aksincha bo'lsa, Alloh taolo rozi bo'lmagan ish hisoblanadi. Qanday qilib Alloh rozi bo'lmagan ish savob o'rni bo'lsin?! Balki u jazoga loyiq amal sanaladi”. Demak, ota-onani rozi qilish ham shariatimizga muvofiq tarzda bo'lsagina maqbul bo'ladi…

Gap ochilganda yana bir holatni aytib o'tsak. Ming afsuski, bunday dabdabali holatlar oilaviy tadbirlarimiz, to'ylarimizga ham begona emas. Ayniqsa, to'ylarning kundan-kunga dabdabali tus olayotgani, kimdir puldan, kimdir dollardan nimcha kiyib, to'yga kelganlarning og'zini ochayotgani hech kimga qiziq emas, aslida. Ota-ona, avvalo, farzandining baxti-kamolini ko'rish niyatida to'y qiladi.

E'tibor bersangiz, hozir ham rivojlangan davlatlarda mashhur kishilarning to'yi sanoqli kishilar bilan, ommaviy axborot vositalari xodimlaridan imkon qadar yashirilgan holda nishonlanadi. Oddiy aholining to'yi esa yanada odmi o'tadi. Xo'sh, bizda-chi? Mashhurlar, ayniqsa, san'atkorlarning to'yini butun respublika internetdan bemalol to'g'ridan-to'g'ri tomosha qiladi. Undagi hashamatli stollar, ikki-uchtadan qo'shiq aytib ketayotgan “yulduz”lar, allambalo shoular boshqalar ko'ngliga shunday to'y o'tkazish tuyg'usini soladi. Xuddi dabdabali to'y qilinsa, yoshlar baxtli-taxtli bo'lib ketadigandek. Hayotda esa teskarisini ko'rayotganimiz xayolimizga ham kelmaydi.

Bobo-buvilarimizning aytish­laricha, bizda yaqin-yaqingacha kelin kuyovning xonadoniga boshdan oyoq o'ralgan holda olib kelingan. Yomon nazardan asrash maqsadida kelin begonalarga ko'rsatilmagan. Hozir ham qaysidir hududlarda bu an'ana bordir, ammo ko'pchilik kelinni avval “ZAGS”ga, keyin to'yxonaga, so'ngra kuyov xonadoniga ochiq-sochiq tarzda olib bor­yapti. Avval to'ylarda kelin davraning malikasi bo'lib, yoshlar uchun tayyorlangan stolda bosh egib o'tirgan bo'lsa, endi ayrim kelin bo'lmishlar to'yning boshidan oxirigacha raqsga tushyapti, hatto qo'shiq kuylamoqda! Kundan-kunga “zamo­naviylashib” ketayotganimizdan kelinimizni hammaning ko'z o'ngida soatlab raqsga tushirib qo'yishdan uyalmayapmiz. Avvalgi kuyovlar to'yda kelinning yuzini ochishga ruxsat bermasdi, qizg'anardi. Hozirgi kuyovlar kelinning boshqalar bilan raqs tushayotganiga ham parvo qilmayapti, to'g'rirog'i, or qilmayapti. Kundan-kunga milliyligimizdan, o'zligimizdan uzoqlashib borayotganimizdan dalolat bu!

Jadid ma'rifatparvarlaridan Hoji Muin 1919 yilda “To'y va aza marosimi haqinda” nomli maqolasida bildirgan ushbu fikr­larga quloq tuting-a: “…ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g'oyat ko'b zararlar ko'rmakda bo'lg'on bir millatmiz. Bizning xalq “mol va jon ketsa ketsun, obro'i ketmasun”, xatna  yoki nikoh va yo aza  marosimini o'rnug'a keturmak uchun qo'llarida bor narsalarini 1-2 kunda barbod etadilar, qarzdor bo'ladilar. Qarzlarini ado eta olmag'ach, oxiri, “molni odam topar, odamni mol topmas”, deb o'z bog' va hovlilarini sotib, qarzlarig'a berarlar”.

Taassuf… Oradan salkam 100 yil o'tsa hamki, hamon deyarli o'sha-o'shamiz…

Yana mavzuga qaytsak. Xabaringiz bor, o'tgan yilning 22 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida Respublika Ma'naviyat va Ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishi o'tkazilgan edi. Mana shu uchrashuvda Davlatimiz rahbari Haj va Umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz ma'naviyat targ'ibotchisi bo'lishi kerak degan fikrlarini ilgari surdi.

“Ma'lumki keyingi yillarda Haj, Umra ziyoratlariga keng yo'l ochyapmiz, minglab fuqarolar mana shunday qutlug' ziyoratlarga borib kelayotganiga hammamiz guvohmiz. Bu borada ilgari ham aytgan bir fikrimni takrorlamoqchiman: Hajga, Umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz ma'naviyat targ'ibotchisi bo'lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak. Afsuski, hamma joyda ham shunday bo'lmayapti. Ziyorat bahona o'zini ko'z-ko'z qilish, manmanlikka berilish kabi bizga yarashmaydigan xunuk holatlar ko'zga tashlanyapti. Bular, albatta, barchamizni o'ylantirishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Haq gap. Biz — o'zbekmiz. Tomiri ming yillarga borib taqaluvchi elatmiz. Bizning millatimizga xos to'y-marosimlarimiz bor. Ular haqiqiy xursandchilik bilan, hayotimizdagi eng yorqin kun sifatida muhrlanishiga nima yetsin. Xoh to'y bo'lsin, xoh chaqaloqni tug'uruqxonadan kutib olish, xoh Hajdan qaytgan bobo, buvilarga, ota-onalarga  ehtirom ko'rsatish bo'lsin. Muhimi, barchasi o'zaro mehr-oqibat, hurmat-izzat, odob, hayo, kamtarlik degan tamo­yillarga monand tarzda kechishi maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Yaqinda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbari,  muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Umra ziyoratidan qaytganlarni kutib olishdagi isrofgarchiliklar, ortiqcha dabdabalarga munosabat bildirarkan, shunday dedi:

“Muhtaram Umraning niyatida yurgan hoji ota, hoji onalarimiz… Agar Alloh taolo meni Ka'batulloh tavofiga musharraf qilsa yoki Payg'ambarimiz Muhammad S.A.V. ravzalariga borib namoz o'qishni, ul zotning qabr­lariga qarab salavot-u salomlar aytish baxtini bersa, ushbu ibodatdan qaytib kelganimdan keyin hech qanday riyo qilmaslikka, isrof qilmaslikka, balki hech bo'lmaganda ikki kambag'al oilaga qo'ldan kelgancha yaxshilik qilishga Alloh nasib qilsin, deb va'da qiling. Agar yilda 70 ming nafar odam Umraga borayapti desak, hozirga qadar 40 mingga yaqini bordi. Agar har bir 40 ming kishi ikkitadan kambag'al oilaning boshini silasa, 80 mingta oilaning xonadoniga baxt kirib boradi.

Siz o'zi Umradan kelgandagi tadbir-u marosim, isrofgarchilik, riyo, xo'jako'rsin marosimga ketadigan xarajatni ikkita kambag'al oila bolasining maktabi uchun, ta'limi uchun bersangiz edi, yoki bolasini davolatish uchun, ota-onasini davolatish uchun dori izlayotgan odamga bersangiz edi, bugun topgani oshga, nonga yetib, zo'rg'a yashayotgan azizlarning xonadoniga o'sha xursandchilikni kirgazganingizda edi, uning savobi bu dabdababozlikdan chandon-chandon ko'p bo'lar edi”.

Xo'sh, muftiy hazratlarining bunday ajoyib da'vatlariga nega munosabat, amaliy munosabat yo'q? Nega jimmiz? Nahotki, dabdaba, kim o'zarga musobaqa afzal ayrim yurtdoshlarimiz uchun?!

Ming taassufki, globallashuv sharoitida moddiy chegaralar tobora nisbiylashib, ma'naviy qadriyatlar asta-sekin umumiylashib borishi kuzatilmoqda. Bunday pallada esa milliy o'ziga xoslikni saqlab qolish, milliy o'zlikni anglash va qadriga yetish tushunchalari ustuvor maqsadga aylanmog'i lozim. Zero, milliy o'zlikni anglash va qadrlash jarayoni ma'naviy qadriyatlarimizning poydevori bo'lib xizmat qiladi.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 5 =