Zoyir Mirzayev otasi haqida kitob yozdi

(Toshkent viloyati hokimining xotiralarini o'qib)

Ochig'ini aytganda, agarda dovruqli mulozim va arboblardan qay biri kitob yozibdi, deb eshitsam, birorta nomdor yozuvchi yozib bergan yoki yordamchilari qog'ozga tushirgandir-da, deb o'ylardim. Chunki ularning kitob yozishga vaqti yo'q yoki yozganda ham eplab qog'ozga tushirishiga ishonmasdim.

Ammo… bo'larkan. Arboblar ham kitob yozsa eplarkan. Yaqinda qo'limga tushgan “Qahrida ham mehr bor edi…” nomli Zoyir Mirzayev qalamiga mansub padari buzrukvori haqidagi biografik esse-xotira kitobini o'qib, katta amaldorlar orasida ham o'zi yoza oladiganlari bor ekan-da, degan fikrga keldim.

Kitobga so'zboshi yozgan taniqli davlat va jamoat arbobi Alisher Mardiyev o'z fikr-mulohazalarini Samarqandning muallif tug'ilib o'sgan Jomboy ta'rifi bilan boshlaydi. Amir Temur o'z sarkardalarini Jomboy qarorgohlarida jangga tayyorlaganini aytarkan, tarixning o'sha jonli va suronli sahifalarini Alisher Mardiyev ko'z o'ngimizda xuddi kino lentasidek bir-bir namoyon qila oladi.

Zoyir Mirzayevning otalari Toyir Mirzayev rahbar bo'lib shakllangan voqea va hodisalar juda ishonarli va tabiiy tarzda hikoya qilinadi. Oddiy traktorchidan tabelchi, brigada bosh­lig'i, agronom, xo'jalik rahbari darajasiga yetgan bu odam o'z orzu-umidlariga faqat va faqat halol mehnati va yaratuvchanlikka bo'lgan betimsol ishtiyoqi bilan yetganiga Alisher Mardiyev bizni ishontiradi. O'quvchini Zoyir Toyirovichning dadalari haqidagi yozgan kitobini o'qishga ruhan tayyorlaydi, qiziqtirib qo'yadi.

Alisher Mardiyevning bu samimiy dil so'zlaridan so'ng kitobni o'zga bir iqtidorli qalam sohibi bitmagani, aksincha, muallifning o'zigina bitishi mumkin ekanligiga qat'iy ishonasiz va nihoyat, mutolaaga sho'ng'ib ketasiz.

Ha, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev kitobni shaxsan o'zi yozganini birinchi sahifalardanoq anglab yetasiz va voqealar real hayotda ro'y berganiga, hech qanday yolg'on, badiiy to'qimalar bayon etilmaganiga ishonch hosil qilasiz. Albatta, Zoyir aka bu asarni uzoq tayyorgarlik ko'rib, keyin yurakdan  bitganini xotiralarni o'qish davomida yaqqol sezish va his qilish qiyin emas.

Ota qadri

Biz ota va ularning qadri haqida ko'p gapiramiz. Lekin kam amal qilamiz. Muqaddas Qur'oni karimdan, Alisher Navoiy va Mashrab g'azallaridan ajoyib hayotiy satrlarni misol qilib keltirarkan, Zoyir Mirzayev ota nomini haqli ravishda ulug'laydi:

“Aslida insonning umri, agar u solih farzand tarbiya qilgan, yaxshilik qilib umr kechirgan bo'lsa, bu dunyoni tark etganidan so'ng ham shirin xotira farzandlar hayotida ham davom etaveradi. Bizning yo'qlovimiz, xotiramiz, ma'naviy ehtiyojimiz padari buzrukvorimizning behuda umr kechirmaganini ko'rsatib turibdi, bundan barchamiz faxrlanamiz”.

Haq gap. Zoyir Mirzayev o'z umri davomida ana shunday saodatga erishganidan so'nggina otasi haqida kitob yozishga qaror qilgan. Va aytish mumkinki, bu savobli va ezgu ishni mahorat bilan uddalagan:

“Shu sababli biz sulolamiz vakillari bilan gapni bir yerga qo'yib, garchi ijodkorlarday yoza olmasak-da, bu yodnomani yaratishni o'z zimmamizga oldik. Hoji onamizning eslatmalari, ko'rganlarimiz, shuningdek, otamni yaqindan tanigan zamondoshlari fikrlarini ham jamlab, qog'ozga tushirishga qaror qildik”.

Kitobning “Endi otam haqida” nomli bobidagi quyidagi dil so'zlarini o'qirkanmiz, Zoyir Mirzayevga bo'lgan hurmat va ehtiromimiz yanada ortsa ortadiki, aslo kamaymaydi:

“Padari buzrukvorim Mirzayev Toyir Hamdamovich 1947 yilda Samarqand viloyatining Bulung'ur (hozirgi Jomboy) tumanining Tut qishlog'ida tug'ilgan, 1954-1963 yillarda Bulung'ur tumanidagi Lenin nomli 7-o'rta maktabni tugatgach, 1963 yildan boshlab mexanizator, brigada tabelchisi, qariyb 14 yil davomida “Kommunizm” kolxozining bir nechta brigadalarini boshqargan.

1981 yilda Samarqand qishloq xo'jalik institutini tugatib, xo'jalik bosh agronomi sifatida ishini davom ettirgan. 1987 yilda Jomboy tumani “XXII parts'yezd” (hozirgi “Do'stlik”) kolxozi raisi, 2002 yildan shu tumandagi Oxunboboyev nomidagi xo'jalik boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan.

Onam Mahkamtosh Mirzayeva bilan birgalikda 7 nafar farzandni dunyoga keltirib, bizni hech kimdan kam qilmasdan tarbiyalashdi, hammamizni oliy ma'lumotli qilishdi. Oilamizda o'g'il farzandlarning birortasi tamaki yoki nos chekmasdi, hozirda nabiralar ham shu an'anaga sodiq o'sayotganligini alohida ta'kidlamoqchiman.

Otam oila davrasida yolg'iz farzand bo'lgani sababli armiyaga bora olmaganini, onalari Qurbonoyni qo'shnining ho'kizi shoxlab mayib qilganidan keyin onasiga qarashib, vaqtida o'qishga kira olmagani ko'nglida katta armon bo'lib qolgani haqida ko'p bora so'zlab berardi.

Bizlarga: “Otamdan yolg'iz qolgan edim, og'ir paytda yonimda turadigan, dalda bo'ladigan yaqinim yo'q edi, Allohga shukr, menga to'rtta o'g'il, uchta qiz berdi, hammalaringni oliy ma'lumotli qildim, el koriga yaraydigan darajaga yetdingizlar. Sizlar hayotda o'z o'rningizni topganingiz uchun biz sizlar tufayli qishloqning ibratli oilasi bo'ldik, meni va onangizning obro'yi oshayapti, behisob shukr”, derdilar faxr bilan.

Hayoti davomida juda ko'p qiyinchiliklar, adolatsizlik va turli to'siqlarga uchragani, yonida yurgan, hatto davradosh bo'lgan, o'ziga yaqin olgan insonlaridan ham jabr ko'rgani bois otam uncha-buncha odamga ishonmasdi. Biror nojoiz gapirgan yoki harakat qilgan kishiga shu vaqtning o'zida “munosib javob” berib qo'yardilar.

Xullas, kitobni yozishga kirishdik, o'zimizcha eplashga harakat qildik, borini borligicha bayon qildik, o'zgartirganlarimiz, samimiy so'kinishlar-u, doka ro'mol quriydigan muddatdagi kelishmovchiliklarga “ko'p nuqta” qo'yib yoki “hushtak chalib” o'tib ketdik, bahosini, albatta, kitobxonlar beradi”.

Ikkinchi iqror va e'tirof

Zoyir Mirzayevning kitobini o'qirkanman, voqea va hodisalar silsilasida beixtiyor o'z otamning fe'l-atvorini ko'rgandek bo'ldim. Kitob sahifalaridan keyingilariga o'tarkanman, muallifning otasini tez-tez o'z otam bilan solishtiradigan, ba'zi joylarida hatto taqqoslaydigan bo'lib qoldim. Va aytishim kerakki, aksar hollarda muallif ta'riflayotgan voqea va hodisalar ayni paytda mening otamga ham bevosita taalluqlidek tuyulardi.

Bu bilan men hayotimda ikkinchi bora ayni holga tusha boshlagan edim. Birinchi marta atoqli yozuvchimiz Odil Yoqubovning “Diyonat” asarini o'qiganimda, adolat va diyonat haqqi-hurmati, hatto o'z o'g'lining ko'chirmachilik qilib yaratgan ilmiy ishini tan olmagan professor Normurod Shomurodov obrazida ko'rgan edim otam timsolini. Mana endi taniqli davlat va jamoat arbobi Zoyir Mirzayevning o'z qiblagohi haqidagi mahzun va betakror, aytish mumkinki, dilbar xotiralarini o'qib, yana beixtiyor o'z otamni qayta-qayta ko'z oldimga keltira boshladim.

Muallifning yutug'i shundaki, mutolaa chog'ida o'zgacha bir samimiyat oxirigacha sizni qo'yib yubormaydi. Voqealar rivojidagi tabiiylik va soddalik, katta-kichik tafsilotlar silsilasidagi — lo'ttibozlik va yolg'ondan tamomila yiroq bo'lgan soflik va halollik, bor gapni qanday bo'lsa, shunday boricha xolis va odillik bilan yozish san'ati va jasorati sizni o'ziga oshno etadi va hokim yozgan asar xuddi betakror ohanglarday yuragingizga oqib kira boshlaydi…

Beshafqat hayotning achchiq haqiqatlari

Zoyir Mirzayev ota-onasining achchiq va alamli qismati haqida yozarkan, ularni avaylab-asrashga, voqealar rivojini o'z obro'-e'tiborini ko'zlab buzib ko'rsatishga yo'l qo'ymaydi. Men muallifning bu qadamini qo'llab-quvvatlayman. Juda ko'p shu tarzdagi kitoblarda mualliflar o'zi va ota-onasini ko'klarga ko'tarib maqtaydi, xotiralarini siz mutlaqo ishonmaydigan ortiqcha ta'rifu tavsiflarga, olqishlarga to'ldirib tashlaydi.

O'z padari buzrukvori haqida yodnoma bitishni niyat qilgan Zoyir Mirzayev esa bu yo'ldan bormaydi. U hayot hodisalarini qanday bo'lsa, shundayligicha bor bo'y-basti bilan qog'ozga tushirishga, o'quvchi bilan chin yurakdan, dildan suhbatlashishga harakat qiladi.

Masalan, muallif otasining otasi, ya'ni bobosi Hamdam aka haqida yozarkan, u kishining uylanish tarixini juda ishonarli va samimiy tarzda hikoya qiladi. Momosi Qurbonoy ayaning oldingi turmushi bo'lmaganini ochiq-oydin bayon etadi: eri o'lib, bir farzandi bilan tul qolgani bois, qishloq oqsoqollarining taklifi bilan Hamdam akaga turmushga chiqqanini yozarkan, “odamlar nima deydi?” deb bundan istihola qilib o'tirmaydi. Bor gapni bo'yamay-netmay, ijobiylashtirmay, qanday bo'lgan bo'lsa, shundayligicha bugungi zamondoshiga taqdim etadi.

Biz maktabda o'qigan paytlar, sobiq sovet davrida “realistik adabiyot” degan bir gap bo'lardi: hayotdagi real voqea va hodisalarni qanday bo'lsa, shundayligicha yulib olib, o'quvchiga taqdim etadigan, aniq voqea va hodisalarga asoslangan — adabiyot.

Zoyir Mirzayev ana shu yo'lni tanlaydi. Avlod-ajdodlari o'tmishi va tarixini majburan ijobiylashtirmaydi. Qanday bo'lsa, shundayligicha ta'riflashga harakat qiladi. O'quvchini aldamaydi. Xotiranomani o'qishda davom etamiz va unda ma'lum bo'ladiki, 1947 yilning yanvar oyida Qurbonoy aya va Hamdam aka xonadonida qo'chqordek o'g'il tug'iladi. Keyinchalik butun Samarqand muzofotida rahbar bo'lib tanilgan, bugungi Toshkent viloyatining birinchi rahbari Zoyir Mirzayevning otalari Toyir Mirzayev shu tariqa dunyoga keladi.

Oilaning katta farzandi, muallifning ammasi Musharrafning 12 yoshda betoblik bois bu yorug' dunyodan ko'z yumishi ham juda ta'sirli va armonli tarzda hikoya qilingan.

San'atga bo'lgan havas — ota meros ekan…

Maktabni a'lo baholarga tugatayotgan Toyirni bir kuni otasi yoniga chaqirib, uning yaxshigina qo'shiq aytishi bois, shaharda bir tanishi borligini, katta artist ekanini aytib, o'sha bilan tanishtirib qo'yishga va'da beradi. Shaharga borishadi ham. Toyir aka unikida yashab ham qoladi.

Lekin shaharda ko'rgan-kechirganlari, artist deganlarining o'ziga xos betartib va yengilroq, ya'ni nomaqbul hayot tarzi yosh Toyirning san'atkor bo'lishidan ko'ngli sovib, bu yerdan yana o'z qishlog'iga qaytishga qaror qilishiga sabab bo'lgani xolislik bilan bayon etiladi.

Demak, otalaridagi san'atga bo'lgan bu havas Zoyir Toyirovichga ham o'tgan, shekilli, ba'zi-ba'zida juda yaxshi ovoz bilan qo'shiq aytib, xirgoyi qilib qolishlari bejiz emas ekan-da!

Albatta, buni — Zoyir Toyirovichning san'atga oshnoligi, iqtidor sohibi ekanligini  muxlislari, yaqin birodarlari yanada yaxshi bilsalar kerak.

Ota haqidagi yorqin xotiralar

Zoyir akaning bobolari, Toyir akaning otalari Hamdam bobo 54 yoshda vafot etgan ekan.

Toyir Mirzayev esa, ya'ni Zoyir akaning otasi 2020 yili 73 yoshida la'nati koronavirus xastaligidan dunyodan o'tgan edi.

Yaxshi bilamizki, o'shanda Zoyir Toyirovich Qashqadaryo viloyati hokimi edi. Otalarining vafotini men Kanadada turib eshitgandim va efir orqali ta'ziya izhor qilgandim…

Kitobda Zoyir Mirzayevning onalari, ukalari va singillari ham aziz va ardoqli otalari haqidagi xotiralari bilan o'rtoqlashganlar.

 

Onalari Mahkamtosh Mirzayeva shunday dey­di:

“…Rahmatli umr yo'ldoshim bilan ikkimiz yarim asrdan ko'proq birga turmush qurib, o'g'il-qiz farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazdik. Ularni o'qitib, oilali qildik va xalqimiz xizmatida bo'lishiga hissa qo'shdik. Ollohga beadad shukrlar bo'lsinki, bolalardan bir umr minnatdormiz va rozimiz, albatta.

Xo'jayinim juda yaxshi, mulohazali va har bir ishni yetti o'lchab, bir kesadigan, kim bo'lmasin, barchaga yordam beradigan, qo'llab-quvvatlaydigan tanti inson edilar. Farzandlarining hammasini mehnatga, uni qadrlashga va halol-pokiza ishlashga o'rgatdi. Undan tashqari, o'zidagi bor odob-axloqni, ijobiy fazilatlarni berdi, ana shu mas'uliyat bilan yashadi”.

“… Xo'jayin bilan hammamiz, quda-andalarimiz va qarindosh-urug'lar doimo inoqlikda yashadik. Hech mahal yolg'on gapirmasdilar. Ikkiyuzlamachilik, xo'jako'rsinga ishlash va munofiqlikni jinidan yomon ko'rardi. To'y-hasham va boshqa tadbirlardan qolmas, aksincha, ularga bosh-qosh bo'lishdan tashqari, qo'lidan kelgancha yordam berardi.

Umr yo'ldoshim mehr-oqibatli inson sifatida barchamizga, ayniqsa, nabiralarga ishonchli suyanchiq, haqiqiy g'amxo'r edilar. Boboning yana bir ajoyib xislatlarini aytish joiz. U kishi san'atni juda yaxshi ko'rardilar, o'zlari ham ba'zi-ba'zida xirgoyi qilib turardilar”.

“…Xo'jayinim basavlat va vajohatli ko'rinsa-da, u kishi nihoyatda mehribon, bola fe'lli, nuroniysifat qalb qo'ri bor edi. Shundan bo'lsa kerak, u barchamizga tog'dek qalqon va chinordek tirgak edi. Ilohim, joylarini jannatdan qilsin, deyman. Oxiratlari obod bo'lsin”.

 

Kimyo MIRZAYEVA, katta kelini (Zoyir Mirzayevning umr yo'ldoshi):

“Men Toyir ota xonadoniga kelin bo'lib tushganimda 19 yoshda edim. Salomga chiqib, ta'zim qilganimni hali ham eslayman. Otamning ko'zlaridan shashqator yosh oqqanini ko'rib, hayron qolganman. Chunki otam yolg'iz farzand bo'lgani uchun hayot yo'llaridagi qiyinchiliklar ana shu quvonchli kunlarda ko'z oldilaridan o'tayotgan edi. U kishi qattiqqo'l inson bo'lsalar-da, juda sodda, ishonuvchan edilar. Ulardan rostgo'ylikni, mehnatsevarlikni, oilaparvarlikni o'rganganmiz.

Otam yolg'izlikni xushlamasdilar, doim oldilarida hamsuhbat bo'lishini xohlardilar. Tarixni yaxshi bilardilar. Adabiyot bilan oshno edilar. Yakshanba kunlari oshni birgalikda tayyorlardik. Kamida uch kilocha guruch solib, butun oila yig'ilib, oshxo'rlik qilardik. Hovlimiz bolalar, nevaralar bilan to'lardi. Gohida ro'zg'or yumushlari bilan bo'lib, yugurib yursam, qaynona oyimlarga miyig'ida kulib: “Qurbonbibi onamga o'xshaydi kelining”, derdilar.

Ota-onamning qaynota-qaynonam bilan oldindan bordi-keldilari yaxshi bo'lgan. Mehmondorchilik paytida suhbatlari oxiriga yetmasdi, juda qadrdon edilar. Oilaga kelin bo'lib kelganimda, ko'nikib ketishim qiyin bo'lmagan. Zero, juda quvnoq va ahil oilaga tushganimni doim his etganman.

Yosh edik, yozda qaynona oyimning qarindoshlari Husan aka to'y qildi. Ayollar bitta stolda, Sayyora opam bilan ikkimizning qo'limizda bittadan yelpig'ich. Uzoqdan otamning norozi qarashlarini sezib qoldik. Qaynotam mahalla-ko'y ichida kamtar bo'lishimiz lozimligini qarashlari bilan bildirar edilar. Shu voqeadan ham kelajak avlod o'rnak olsa, arzigulik.

Qaynotam bizni, ayniqsa, milliy libosda ko'rsalar xursand bo'lardilar. Agar qaysi birimiz sport kiyimida yursak yoki kaltaroq ko'ylak kiysak, qaynonamga sekingina aytib qo'yardilar, gap kelganida uyaltirardilar.

Otam — qarindoshlar, qo'ni-qo'shni to'y-ma'raka qilsa, butun oilamiz bilan xizmatda bo'lishimizni tayinlardilar. O'zlari bunga bosh-qosh bo'lardilar.

Oxirgi marotaba qaynotamni ko'rgani borganimizda, qayta-qayta bizlarni duo qildilar. Shunda ham hayotlarining so'nggi kunlari kechayotganini tushunmagan ekanmiz. Dadam dunyodan o'tganlaridan keyingina men otamga qattiq suyanib qolganligimni payqab, ich-ichimdan qattiq ezildim”.

 

Botir MIRZAYEV, Toyir otaning o'g'li (Zoyir Mirzayevning ukasi):

“Otam oiladagi bir davra suhbatida mendan yoshi kattalarga o'zi aytganiday “muloyimgina” tanbeh berar ekan: “Otasiga quloq solmaydiganlarga keyinchalik bolasi ham quloq solmaydi”, derdilar.

Ochig'i, oliy o'quv yurtiga kirgach, men shu fikrni “Qobusnoma”da o'qidim: “O'z farzanding sening haqingda qanday bo'lishini tilasang, sen ham ota-onang haqida shunday bo'lg'il, nedinkim, sen ota-onangga nima ish qilsang, farzanding ham sening haqingda shundoq ish qilur, chunki odam mevaga, ota-ona daraxtga o'xshaydur. Daraxtni har qancha yaxshi tarbiyat qilsang, mevasi shuncha yaxshiroq va shirinroq bo'lur. Ota-onaga izzat va hurmatni qancha ko'p qilsang, ularning duosi shuncha tezroq mustajob bo'lur”.

O'zim ota bo'lgandan keyin bu fikrlarning mag'zini va eng muhimi, otajonimning qadrini anglab yetayapman. Oilaning kichigi bo'lganim uchun otam meni ko'proq erkalar, har kuni ishdan kelganlaridan keyin huzuriga chorlab, bag'riga olib, shirin so'zlar aytar va: “Seni hech kim xafa qilmayaptimi?” deb so'rardi. Shu bilan birga: “Bolam, aka-opalaringning aytganini qil, ulardan o'rnak ol, agar birgalikda harakat qilsanglar, yaxshi bo'ladi”, deb nasihat ham qilardilar.

Padari buzrukvorimning yana bir ajoyib xislati bor edi — sulolamiz tarixini, ajdodlarimiz qilgan savobli ishlarni, ko'rgan qiyinchiliklari-yu, boshidan o'tkazgan voqea-hodisalarni bizga takror va takror so'zlab berar, biz esa zavq bilan tinglardik. To'g'risi, men otamni hech qachon o'lmasa kerak deb o'ylardim, hatto o'shandagi qiziq gaplarini, nasihatlarini yon daftarimga yozib ham qo'ymagan ekanman.

Ammo endi anglab turibmanki, otamdan ko'p narsalarni o'rgangan ekanman, bu xislatlar bugungi kunda hayotimda juda asqatayapti.

Otamning kiyinishiga hammamiz havas qilardik. Onam oddiy bo'lsa-da, dazmollangan, toza liboslarni kiydirib chiqarardilar. Do'ppilarini boshdan qo'ymas edilar, hattoki boshlarida do'ppi bo'lmasa, dasturxonga duo ham qilmasdilar.

Mening o'ylashimcha, otamdek do'ppisini qadrlagan inson bo'lmasa kerak.

Insonning umri o'lchovli ekanligini bilsak-da, qadrdonlarimiz og'rib qolsa yoki olamdan o'tsa, chin dildan qayg'uramiz, ayniqsa, otamiz uchun. Otam kovid tarqalganidan so'ng, unga chalinib, sog'lig'ini yo'qotdi. Opalarim, akalarim, barchamiz bezovta bo'lib qoldik. Negaki, el hurmatidagi otajonimning salohiyatigagina emas, balki doimo bizni yaxshilikka undab turishiga, ko'magi, madadiga suyanib qolgandik…”

*  *  *

Albatta, bunday xotiralar, hayotiy hikmatlarga to'la hikoyalar hech kimni befarq qoldirmaydi.

Zoyir Mirzayev kitobida otalari haqida odamning yuragida yashab qoladigan hayotiy xotiralarga keng o'rin beradi. Xususan, u kishining she'riyatga ixlosmandligi kishini yanada xursand qiladi. Axir adabiyotga, san'atga oshufta qalb hech qachon birovga yomonlik qilmaydi. Aksincha, hamisha ezgulikka intiladi.

Kitobni o'qish va uqish jarayonida men yana bir narsaga amin bo'ldim: Zoyir Mirzayevdagi oddiylik, soddalik va halollik unga otasidan o'tgan ekan.

Ha, birovga yaxshilik qilish, uning dardu has­ratlariga quloq tutish, og'irini yengil qilish kabi fazilatlar ham aynan otasidan u kishiga meros qolgani bugun endi bizga sir emas.

Yana bir gap: kitobni o'qib, ancha o'yga toldim. Yuqorida aytganimdek, bolalik chog'larim, o'z ota-onam, bobolarim, momolarim, ularning oddiy, lekin halol rizq-ro'z topib yashab, ishlaganlari beixtiyor ko'z oldimdan o'taverdi. Chunki Zoyir Mirzayevning ushbu kitobini mutolaa qilish asnosida oddiylik, halollik va el-yurt oldidagi har bir insonning burchi, mayli, u bugun kim, katta rahbarmi yoki oddiy inson — baribir, odamlarga kerak bo'lib yashash katta baxt degan ulug' bir falsafani takror uqqandek bo'ldim. Muallifning oddiy, jaydari, biroq hayot deb atalmish buyuk maktabdan chiqargan xulosalari qalbimga jo bo'ldi.

Ismat XUShEV,

“Dunyo o'zbeklari” internet nashri

bosh muharriri,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =