Yoshlar — davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi

 Mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi bo'lgan yoshlar ona diyorimiz ravnaqi uchun asosiy bo'g'in ekanligini his qilgan holda ularning katta maqsadlar sari qo'yayotgan qadamlariga kamarbasta bo'lish har bir fuqaroning burchidir. Chunki yurtimizda bir-biridan iqtidorli, iste'dodli bo'lgan yoshlar talaygina. Mamlakatimiz aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etishi ham yoshlarga yanada ko'proq e'tibor berish kerakligidan nishonadir. Yoshlarga ishonch bilan imkoniyat berilsa, ular o'zlarining oliy maqsadlari bo'lgan Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga shayligini ko'rsatishadi.

Bir necha yillardan buyon faoliyat ko'rsatib kelayotgan “El-yurt umidi” jamg'armasi bilimli va salohiyatli yoshlarimizning rivojlangan davlatlarga borib tahsil olishlari, yurtimizga qaytib o'z yurti taraqqiyoti uchun xizmat qilishida ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Mazkur jamg'armaning ilk qaldirg'ochlari o'rgangan bilim va tajribalarini yoshlarga namuna sifatida o'rgatishmoqda. Ha, elu yurtning tom ma'nodagi umidi bo'lgan yoshlarni qancha qo'llasak, ularga ko'maklashsak, yurtimiz rivoji uchun shuncha yordamlashgan bo'lamiz. Shu ma'noda Prezidentimiz tomonidan 2024 yilning “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi ham bejizga emas. Darhaqiqat, yoshlar mamlakatimiz rivoji uchun katta kuch bo'lsa, iqtisodiyotning asosi bo'lgan biznesga e'tibor esa yoshlarning xoh ta'lim bo'yicha bo'lsin, xoh iqtisodiyot tarmoqlari bo'yicha beradigan g'oya va intilishlariga ulkan turtki beradigan yil sifatida tarixda muhrlanadi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday insonlar bo'lib kamolga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat”, deb katta maqsadlarni ilgari surdi. Jumladan, Prezidentimiz respublikamizda eng ko'p yoshlar qatlami yashayotganini inobatga olib, mazkur minbarda Yoshlar huquqlari to'g'risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifini o'rtaga qo'ygani xalqaro hamjamiyat diqqatini tortgani tabiiy.

Ta'kidlash kerakki, dunyoning juda oz mamlakatlarida aynan yoshlar uchun xizmat qiladigan idora va tashkilotlar mavjud. Yurtimizda bu kabi ishlarning allaqachon yo'lga qo'yilgani esa yoshlar uchun yaratilgan va yaratilayotgan imkoniyatlar bisyorligidan dalolat beradi. Yoshlarning yanada yuksalishi, o'z sohasi bo'yicha izlanishdan to'xtamasliklari uchun mazkur yil katta imkoniyatlar beradi. Jumladan, yoshlarning tashabbuslarini ro'yobga chiqarish, ulardagi tadbirkorlik ko'nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy kasb-hunar sirlarini o'rganishlariga ko'maklashish ustuvor vazifa deb qaraladi. Shuningdek, yosh yigit-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, hayotda munosib o'rin topishlarida ko'maklashadigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan yoshlarga yanada keng imtiyozlar beriladi. Davlatimiz yoshlarning har tomonlama ma'naviy-axloqiy, jismoniy va intellektual rivojlanishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini o'z zimmasiga oldi.

Mazkur ishlarning amalga oshirilishini 2023 yilda yangilangan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham yoshlar masalasiga alohida bob ajratilganligidan ham bilish mumkin. Zamonaviy yoshlarning bilim olishlari uchun ta'lim dargohlarida yetarlicha shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Keyingi yillarda oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning natijasi o'laroq, oliy ta'limda o'qish istagida bo'lgan kelajagimiz egalarining talab va istaklari natijasi sifatida o'qish kvotalari ko'paytirildi. Davlatimiz rahbari har bir yoshning samarali ta'lim va bilim olishini istaydi, buning uchun barcha mashaqqatlarni yengib o'tishga tayyorligini bir necha marta bildirganlari bejiz emas. Yuksak ma'naviyatli, intellektual yoshlar qancha ko'p bo'lsa, yurt shuncha rivojlanadi.

Bugungi kunda oliy ta'lim muassasalarining yoshlarning sifatli bilim olishlariga qaratayotgan e'tiborini ham alohida ta'kidlash o'rinli. Buxoro davlat pedagogika instituti misolida 2023 yil sarhisobi sifatida fikr bildiradigan bo'lsak, institutda jami 10646 nafar talaba tahsil olmoqda, 2640 nafar yosh yigit-qiz grant va shartnoma asosida talabalikka qabul qilindi. Professor-o'qituvchilarning ilmiy salohiyati 30,1 foizni tashkil etadi. Institut talabalari orasida 5 nafari nomdor stipendiyalar sovrindori, jumladan, Buxoro viloyat OTMlari ichida yagona Prezident stipendiyasi sohibi ham Buxoro davlat pedagogika institutining ilmga chanqoq talabasidir. Sportchi yoshlarimizning erishgan natijalari ham kishini quvontiradi. 5 nafar jahon, 6 nafar Osiyo va 42 nafar respublika chempionlari ham aynan bizning talabalardir.

Talabalarimiz va professor-o'qituvchilarimizning xalqaro aloqalar bo'yicha olib borayotgan ishlari ham ahamiyatga molikdir. 2023 yilda 84 nafar talabamiz akademik mobillik doirasida boshqa OTMlarda tahsil olgan bo'lsa, institut professor-o'qituvchilarining 20 nafari dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlarida ma'ruza va amaliy mashg'ulotlarni o'tkazishdi. 8 ta nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasasi bilan memorandum imzolandi. Institut talabalariga yanada sifatli va zamonaviy ta'lim berish maqsadida xorijlik professor-o'qituvchilarni muntazam jalb etish yo'lga qo'yilgan. Institut yoshlarning ma'naviy kamolotiga yo'naltirilgan turli tadbirlarning faol ishtirokchisi hamdir. “Ma'rifat maydoni”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Zakovat” kabilar shular jumlasidandir.

Yoshlarning bo'sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida yurtimizning ko'hna va tarixiy shaharlariga ichki turizm asosida muntazam sayohatlar amalga oshirib kelinmoqda. Institut talabalar turar-joylarida yashovchi va ijarada turuvchi talaba yoshlarning holidan xabar olish doimiy yo'lga qo'yilgan bo'lib, ularning yashash, o'qish sharoitlarini yanada yaxshilash masalasi institut rahbariyatining kundalik bosh maqsadi sifatida belgilab qo'yilgan.

Umuman olganda, institutda tahsil olayotgan baxtiyor yoshlarning ertangi kuniga ishonchi baland, zamonaviy kadr bo'lib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga institut jamoasi astoydil harakat qilmoqda. Axir yurtimizga mustaqil fikrlovchi, tiyran mulohaza yuritadigan, ona diyorimizni  dunyoga tanituvchi yoshlar kerak. Malakali va raqobatbardosh kadr­lar esa har jabhada fidokor xalqimizga xizmat qiladi. Mana shu kabi ezgu niyatlar bilan yoshlarimizga doimo ko'makdosh bo'lish esa — vazifamiz.

Bahodir MA'MUROV,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =