Yutuqlarimizning asosiy mezoni

Bugungi kunda mamlakatimizda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va jamiyatni demokratik rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g'oyat uyg'un va hamohang bo'lib, xalqimiz hayotining gullab-yashnashiga xizmat qiladi. Buni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “O'zbekiston — 2030” strategiyasi to'g'risida”gi Farmoni misolida aytish mumkin.

Mazkur Farmon bilan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida “O'zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Hujjatda barqaror iqtisodiy o'sish orqali daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoridan o'rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to'liq javob beradigan ta'lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta'minlash kabi asosiy g'oyalar aks etgan.

Xalqimizning Yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha xohish-irodasini ro'yobga chiqarish, har bir fuqaroga o'z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog'lom, bilimli va ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo'g'iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta'minlash maqsadida “O'zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

Davlat dasturi loyihasi quyidagi 7 ta blokdan iborat bo'lib, ular 100 ta maqsadni o'z ichiga oladi: yoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha chora-tadbirlar; Biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha islohotlar, strategiyaning ijtimoiy siyosat yo'nalishidagi islohotlar, strategiyaning iqtisodiyot yo'nalishidagi islohotlar, strategiyaning suv resurslarini tejash va ekologiya yo'nalishidagi islohotlar, strategiyaning davlat boshqaruvi va sud-huquq yo'nalishidagi islohotlar, Strategiyaning xavfsizlik va tashqi siyosat yo'nalishidagi islohotlar.

Ushbu dasturning “Har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo'nalishidagi “Ta'lim tizimi islohotlari” bandiga ko'ra, professional ta'lim tizimini rivojlantirish orqali o'quvchilarni zamonaviy bilim va ko'nikmalarga o'rgatish, oliy ta'lim qamrovini kengaytirish, oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, oliy ta'lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta'minotini mustahkamlash, fundamental tadqiqotlarni zamon talablaridan kelib chiqib, yangi yo'nalish­lar bilan boyitish, iqtisodiyotning eng tez o'sib borayotgan yo'nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “korxona — oliygoh — ilmiy tashkilot” klaster tizimini joriy etish, yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, ularning ilmiy izlanishlarini qo'llab-quvvatlash, barcha yo'nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga doir maqsadlar olg'a surilgan.

Ya'ni, 30 ta oliy ta'lim muassasasining ta'lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo'shma ta'lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10 ta oliy ta'lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta'lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish; oliy ta'lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish, 5 ta oliy ta'lim muassasasini milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirish, qo'shimcha 120 ming o'rinli o'quv binolari hamda 150 ming o'rinli talabalar turar-joylarini qurish singari oliy ta'lim sohasida juda ko'plab ustuvor vazifalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.

Ayni paytda ana shu asosiy g'oya va maqsadlardan kelib chiqqan holda, strategiyaning “xalqaro standartlarga to'liq javob beradigan ta'lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish” g'oyasiga mos ravishda Urganch davlat universitetida ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2023-2024 o'quv yilida Urganch davlat universitetida 97 ta kunduzgi, 33 ta sirtqi, 1 ta masofaviy ta'lim yo'nalish­lari va 37 ta magistratura mutaxassisliklarida jami 30 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Xorazm viloyatidagi kadrlarga bo'lgan ehtiyoj hisobga olinib, 27 ta yangi ta'lim yo'nalishi va 4 ta yangi magistratura mutaxassisliklari ochildi.

Urganch davlat universitetida moliyaviy mustaqil OTM sifatida darsliklar hamda boshqa o'quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish yo'lga qo'yildi. O'quv hamda ilmiy adabiyotlarni qabul qilish, qayd etish, ta'lim sohalari va yo'nalish­lariga muvofiq ekspertlarga taqdim qilish uchun hujjatlarni elektron ko'rinishda qabul qiluvchi elektron portal yaratilib, ishga tushirildi.

2023 yilda 36 ta darslik, 45 ta o'quv qo'llanma, 107 ta o'quv-uslubiy qo'llanma ishlab chiqilib, nashr qilindi.

Hozirda universitetda 34 nafar fan doktori va 288 nafar fan nomzodi faoliyat ko'rsatib, ilmiy salohiyat 32,3 foizni tashkil qiladi. Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 938 ta ilmiy maqola (159 ta “Scopus”, 54 ta “WoS” bazalariga kirgan va 311 ta xalqaro ilmiy-texnik jurnallarda), 57 ta monografiya, 6 ta ixtiro, 2 ta foydali model, 1 ta tovar belgisi va 2 ta sanoat namunasi uchun patentlar va 20 ta EHM dasturlari uchun mualliflik guvohnomalari olindi.

Urganch davlat universiteti xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan ta'lim va ilmiy sohalarda hamkorlik aloqalari geografiyasini kengaytirish maqsadida 35 ta mamlakatning nufuzli 152 ta oliy ta'lim muassasalari bilan shartnoma imzolagan. Ushbu imzolangan shartnomalar doirasida xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan akademik almashinuv va ilmiy hamkorlik yo'lga qo'yilgan bo'lib, ilmiy tadqiqot va ta'lim sohasida hamkorlik aloqalari kundan-kunga rivojlanmoqda.

Joriy o'quv yili avvalida universitetda sifatli ta'limni jadal yo'lga qo'yish, talabalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2000 o'rinli, 46,2 milliard so'mlik yangi o'quv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. 7 qavatli 600 o'rinli talabalar turar-joyi binosi hamda 7 qavatli 1000 o'rinli zamonaviy kutubxonaning qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Urganch davlat universitetida yoshlar bilan ishlash, ma'naviy-ma'rifiy ishlar keng qamrovda tashkil qilingan.

O'tgan yil davomida 741 ta turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, tanlovlar, loyiha va aksiyalar o'tkazilgan bo'lib, ularga 16 mingdan ortiq talaba jalb qilindi.

Universitetimizning sportchi talabalaridan xalqaro sport musobaqalarida 9 nafari, Respublika sport musobaqalarida 37 nafari g'olib va sovrindor bo'ldi.

Universitet yoshlari yurtimiz oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida o'tkaziladigan sportning 15 turi bo'yicha “Universiada” sport musobaqalarining respublika final bosqichida umumjamoa hisobida faxrli 2-o'rinni qo'lga kiritdilar. Aynan ushbu “Universiada” sport musobaqalarida talabalarimiz futbol, voleybol, regbi hamda dzyudo bo'yicha chempionlikni qo'lga kiritganini e'tirof etishimiz joiz.

Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining respub­lika final bosqichida universitetimiz jamoasi faxrli 3-o'rinni egalladi.

Urganch davlat universitetida Munavvara Salayeva hamda Muxtor Saidov nomidagi, shuningdek, “Rektor stipendiyasi” va universitet Kasaba uyushmasi stipendiyalari joriy etilib, talabalar tanlov asosida ishchi guruh tomonidan aniqlandi. Shuningdek, joriy o'quv yilida universitetdan 22 nafar talaba O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti hamda nomdor davlat stipendiyalarini qo'lga kiritdi.

Kitobxonlik madaniyatini oshirish, talabalarda kitob mutolaa qilish ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida “Navoiyxon talaba”, “She'riyat shohsupasi”, “Kitobxon talaba”, “Yosh notiqlar” ko'rik-tanlovlari har oyda o'tkazib kelinadi.

Ayni damda olib borilayotgan barcha sa'y-harakatlardan asosiy maqsad — mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarda xalqning, ayniqsa, yoshlarning faol ishtirokini ta'minlash, yuksak ma'naviyatli mustaqil va erkin fikrlaydigan sog'lom va bilimli avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan ezgu vazifani izchil amalga oshirishdan iborat.

Dilshad IBADULLAYEV,

Urganch davlat universitetining yoshlar

masalasi va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori, iqtisodiyot

fanlari bo'yicha falsafa doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 2 =