Qalbimdagi mehr parchasi

Muqaddas ABDUSAMATOVA

Muallif haqida:

Muqaddas Abdusamatova — Toshkent shahrida tug'ilgan. “Umr ipga terilgan marjon”, “Ortda qolgan izlar”, “Buncha shirinsan, hayot”, “Fazilatim — fozilaligim”, “Uyg'oq tuyg'ular”, “Shuk­rona”, “Onalik baxti”, “Oila muqaddas”, “Saylanma” singari o'nlab she'riy va nasriy kitoblari nashr etilgan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, 1-darajali mehnat faxriysi.

O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi.

 

OSMON BILAN SUHBAT

Hayratlanib dedim osmonga:

Yulduzlar ko'p edi bag'ringda.

Endi tunlar tikilaman men,

Nigohlarim cho'kib qa'ringga.

 

Lek topolmam bironta yulduz,

Ko'rinmaydi chanqoq ko'zimga.

Dil sog'inib kechayu kunduz,

Tasalli beraman o'zimga.

 

Qani o'sha charaqlagan nur,

Gulzor misol osmon bezagi?

Yulduz uchsa qalblarda shuur,

Baxtga yo'yar yigit-qiz tayin.

 

Osmon dedi: bilsam har yulduz,

Inson qalbin mehri edi-ya!

Men bag'rimda tutardim so'zsiz,

Odamiylik sehri edi-ya!

 

Lek yo'qoldi inson qalbidan,

O'sha mehr, o'sha oqibat.

Shu tufayli so'nib bitdilar,

Iztirob-la yig'labman faqat.

 

Har bir inson asli, bilsangiz,

Tabiatning erur bo'lagi.

Shu boisdan ular — yulduzlar

Shodligimga beradi surur.

 

Koshki buni tushunib odam,

Mehr rishtalarin bog'lasa.

Izzat-hurmat o'rnida bo'lib,

Koshki ko'ngillarni chog'lasa.

 

Yulduzlar ham uyg'onar edi,

Charaqlardi butun koinot.

Tanqis bo'lmay mehr va izzat,

Ko'ngillar ham bo'lar edi shod.

 

ONA ALLASI

Hali qulog'imda, beshik yonida,

Mushfiq onajonim yoqimli sasi.

Tezroq katta bo'lgin, bolajonim, deb,

Kechalar uyqusiz aytgan allasi.

 

Shu alladan hayo, mehru sadoqat

Neligin tushundi zig'irday jonim.

Nohaqlikni ko'rsam qolmas hech toqat,

Ha, o'sha alladan yurak tug'yonim.

 

Bo'yim yetmasa ham beshik bo'yiga,

Yashashga intildim, allangdan faqat.

O'shanda mehnatu qo'shiq va kuyga,

Uyg'ongandi qalbda muhabbat!

 

Yoshim bilan ular ulg'aydi birga,

Kuy, qo'shiq ishqida parvona qalbim.

Allangiz hosili baxt, iqbolimni —

O'g'il-qizim diliga singdirish dardim.

 

QIZIMGA

Tushmas edi hamon tilimdan,

Onam uchun to'qilgan qo'shiq.

Sevinchlarga makon dilimdan

Aytar edim doimo jo'shib.

 

Mehrim mayoq qilib qo'limda,

Qorong'uni yorib o'toldim.

Uning uchun qo'rqmay har nedan,

O'zni o'tga va cho'g'ga soldim.

 

Bog' yaratdim men unga atab,

Gulga to'lgan Vatan qo'ynida.

Umrin bilib o'zimga maktab,

She'rlar bitdim uning ko'yida.

 

Sen tufayli, bilsam, barchasi,

Xali uchqun ekan burchimdan.

Qalbimdagi mehr parchasi,

Quyoshdan ham taftliroq chindan.

 

Shahnozginam, takror o'qitding,

Farzandligim chin dostonini.

Sen tufayli mehrim yolqini

Yoritmoqda har bir onimni.

 

KELINChAK

Kelin yurar keng hovlida,

Biram go'zal, ko'p suluv.

Dilda tug'yon urar shu dam,

Yaxshi niyat, ko'p orzu.

 

Goh uyalib, goh qoqinib,

Urinadi kuyinchak.

Hamma ishni o'zim qilib,

Ulgursam der kelinchak.

 

Qarab to'ymas qaynonasi,

O'rgilay der bo'yingdan.

Shuning uchun o'g'lim rosa,

Yurgan ekan ko'yingda.

Ko'pdan orzu qilgan to'yga

Ona bugun erishdi.

Farzandlari qatoriga

Farzand — kelin qo'shildi.

 

Kelin yurar keng hovlida,

Biram go'zal, ko'p suluv.

Dilda tug'yon urar shu dam,

Yaxshi niyat, ko'p orzu.

OQ NIYaT

Men ishqdan boda tutdim,

Sizdan bo'ldi sadoqat.

Kunlarni intiq kutdim,

Xo'p alqadi saodat.

 

Hayotda hamroz bo'lib,

Qalbimiz ishqqa to'ldi,

Shodlik, qayg'uni ko'rib,

Ahillik odat bo'ldi.

 

Shu zayl kunlar o'tar,

Dilda ezgu niyatlar,

Farzandlarimiz o'sar,

Tongda o'qib oyatlar.

 

Kamolini tilayman,

Baxti bekam bo'lsin deb,

Allohimdan so'rayman,

O'sha kunni ko'ray deb.

 

KO'ZLARINGNI YaShIRMA

Yana kelding biroz kechikib,

Sababini so'ramam sendan.

Salomimga alikdan kechib,

Ko'zlaringni yashirma mendan.

Yo'qqa o'xshar kayfiyating ham,

Peshvoz chiqish azal odatim.

Darding bo'lsa ko'raylik baham,

Hamdard bo'lish yaxshi, odobdan.

Balki, yo'lda tushgandir ko'zing,

Ajabtovur jonona qizga.

Chiroyiga mahliyo o'zing

Boqqandirsan dil yona qizga.

Balki, chunon kamon qoshlari

Qoraroqdir mening qoshimdan.

Dil titrar har boqishlari,

O'tkirroqdir boqishimdan ham.

Etak o'pgan chilvir sochlari

Menikidan, balki, sunbuldir.

Anor misol ol yonoqlari,

Yuzlari ham misoli guldir.

Rad aylamam yo'lda uchragan

Go'zallarga qarashni sendan.

Ammo tik boq, dilga o't solgan

Ko'zlaringni yashirma mendan.

 

SEN KETGANDA

Yana safar anjomin olib,

Ketar bo'lding ancha olisga.

Sinamoqchi bo'lib bardoshim,

Yana qo'yding meni xolisga.

 

Qo'shiq aytsam chiqmas jarangi,

Shodligimni ola ketding, yor.

Oromimni olib dilimga,

Hijron dardin sola ketding, yor.

Suratingni olaman qo'lga

So'zlashmoqchi bo'lib gohida.

Ko'z yoshlanar mendan so'roqsiz,

Yuragimning chekkan ohidan.

Yana berib qalbga tasalli,

Quyosh bilan birga turaman.

Ilk bor kulib sochganida nur

Nigohingning aksin ko'raman.

Shabbodadan so'rayman ba'zan,

Xabar bersa deb sendan zora,

Bilsang ushbu sog'inchdan qalbda

Muhabbatim ortar tobora.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − two =