Ko'zlarimga tikilar chiroq
Shuhrat Orif
Muallif haqida:
Shuhrat Orif — 1981 yili Farg'ona viloyatining Uchko'prik tumanida tug'ilgan.
O'zbekiston Milliy universiteti va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
“Men asli odammas, yor edim”, “Shom tovushi” kitoblari nashr etilgan.
15-Xalqaro turkiy she'riyat festivali ishtirokchisi (Turkiya, 2022 yil).
“Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
Seni olib kelgan shamollar tanish,
Ular meni tashlab ketgandi badar.
Ko'ksimda qovjirab bitgan umidim,
Nahot yetib kelding qismatga qadar?!
Hammasi chalkashdi tug'ilganimda,
Bilmam, kelganimdan kim ko'proq yutdi?
Umrim shamol kutib o'tib ketganday,
Nahot bir shamolni men qirq yil kutdim?!
Hadisini oldim yashamoqlikning,
O'zim boshqadirman, boshqadir loyim.
O'zgacha bo'lmog'i mumkin edi, lek
Shamollar kechikdi, menmas, Xudoyim!
* * *
Sendan go'zal edi dardlaring
(Men ularni sevdim aslida).
Menga tuhfa etding ma'yuslik,
Umrimning eng ma'yus faslida.
Ko'zlarimdan izlading baxtni,
“Baxtli bo'lmoq shartmi, gul?” — dedim.
Odam kabi yashagim kelmas,
Odam kabi sevmoqchi edim…
Biz loyiqmiz buyuk qismatga,
Mayda qismat baxtli bo'lmoqlik.
Ko'zlaringning yoshini ko'rdim —
Endi yechim emas o'lmoqlik!
Sendan go'zal edi dardlaring…
* * *
Oramizda yigirma kuz bor,
Yigirma bahor bor sarsari.
Oramizda hamma baxtiyor,
Ikkimiz — eng baxtiyor g'arib!
Oramizda — ismsiz yillar
Va milliard odam bor ismli.
Oramizda — soqov ko'ngillar,
Oramizda — sershovqin jimlik…
Oramizda — visol hadigi,
Oramizda — baxt tiklagan dor.
Oramizda ko'pmas… atigi
Yigirma tomchilik ko'zyosh bor…
Oramizda qismat sargardon,
Oramizda — zerikkan qafas.
Oramizda dunyo saqlar jon,
Faqat bizga yetmaydi nafas…
Oramizda sevgi bor, gulim —
Birgalik yo'q, lek bir bo'lish bor.
Bizga havas qiladi o'lim —
Ismingni pichirlab o'lish bor…
KA'BA QARShISIDA
Yo'llar xayollarimdek chalkash,
Shu yo'llarda shamoldek yeldim.
Eshigingni ochgin, Xudoyim,
Bir yigitni yetaklab keldim…
Hech bir yo'lga doxil qilmadim,
Bari vayron bo'lgan mengacha.
Angladimki, umrimda men yo'q,
Mening umrim — Sendan – Sengacha!
Tiriklik chiptamdir, hayotim —
Sening xabaringni kutmoqlik.
Oyog'im zaminga bog'langan,
Yurak esa osmonga bog'liq…
Yig'lamoqqa g'ayratim yetmas,
Qismat esa kulgani-kulgan.
Yo'llar xayollarimdek chalkash,
Manzil termulgani-termulgan…
QOR. MEN. YoR
Derazamda hansiraydi qor
(Go'yo ko'kdan tushgandayin erk).
Hasratimdan izlar kimnidir —
Xuddi seni izlab kelgandek…
Derazadan sochildi umrim,
Anglasam-da — hamma yo'llar berk.
Kelaringni kutdim baribir —
Xuddi seni izlab kelgandek…
Derazadan mo'ltirayman men,
Derazada hansiraydi qor.
Ismingni oyatdek pichirlab,
Sensizlikda eriyapman, yor…
* * *
Seni sog'inchlarimga ko'mdim
Va yashay boshladim yaxshiroq.
Faqat… tunlar “Omonmisan?”, deb
Ko'zlarimga tikilar chiroq…
Seni qayg'ularimga ko'mdim,
Qayg'ular-da bo'ldi chiroyli!
Chiroyli tug'ildi hammasi
So'ng barchasi o'ldi chiroyli…
Seni orzularimga ko'mdim,
Birdan gullay boshladi ertam.
Bu olamda bizlarga kun yo'q,
Orzularda birgamiz, erkam!
Seni sukutlarimga ko'mdim,
Dunyo bo'ldi yanada og'ir.
Gapirsam yuraging og'riydi,
Gapirmasam yuragim og'rir…
Seni xotiralarga ko'mdim.
Yuribman baxtiyor, xurram, sog'.
Bildim — seni ko'mgandan ko'ra,
O'zimni ko'mganim osonroq…
* * *
Kelishlaring kundek betakror
(Ko'rganimda olaman nafas).
Dunyo sal o'xshaydi dunyoga —
Hamma menga qiladi havas.
Ketishing ham kundek betakror
(Huvillaydi ko'ngil chamani).
Dunyo sal o'xshaydi dunyoga —
Rahmi kelar menga hammaning…
* * *
Men sizni shunchaki ayadim,
Ayamoqchi bo'lib o'zimni.
(Sizni ko'rganida mabodo
Qanday yumar edim ko'zimni?!)
Men sizni shunchaki ayadim,
Atayin bormadim, atayin
(Sizga ko'proq yoqaman debman,
Odamlikdan ketganim sayin).
Men sizni shunchaki ayadim,
Aytmadim holingiz yoqishin
(Daryosizlarning daryosida
Osonroq bo'lsin deb oqishim…)
Men sizni shunchaki ayadim,
Tangri meni ayaganidek.
(Quchog'imni otgandim o'tga,
Quchog'ini ochdi moviy Erk!)
Men sizni shunchaki ayadim,
Har tun ismim shivirlagan bog'!
(Sizdan uzoq yurdim, shunchaki
Dunyo yashasin deb uzoqroq!)