Hurlik timsoli bo'lgan ayol

O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Kleopatra” romani haqida

“Moziyga qaytib ish ko'rmoq xayrlidir”, degan edi buyuk adib Abdulla Qodiriy. Darhaqiqat, ajdodlarimiz tarixini, ularning faoliyatini o'rganish, tarix voqealaridan saboq olish bizning bugungi kunimiz ravnaqi, yoshlar tarbiyasi, kelajak rejalarini belgilab olishda juda muhimdir. Ajdodlarimizning ko'p ming yillik tarixini bilish esa tadqiqotchi ijodkordan o'ta sinchkovlik, sabr-bardosh, ta'bir joiz bo'lsa, yillab uyqusiz tunlarni talab etadi. Nina bilan quduq qazish esa hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Bu yo'lda tinimsiz ijod zahmatini chekish minglab ijodkorlardan barmoq bilan sanarli kishilargagina nasib etadi. Aslan ijod uchun yaratilgan, xalqimiz tarixini badiiy qiyofada avlodlarga yetkazish vazifasi peshonasiga bitilgan ijodkor, O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alini xalqimiz tariximiz bilimdoni, o'nlab nodir kitoblar muallifi sifatida biladi.

Yaqinda ijodkor o'zbek adabiyotini yangi bir asar — “Kleopatra” tarixiy romani bilan boyitdi. Roman hozir qo'lma-qo'l o'qilmoqda, joylarda unga bag'ishlangan uchrashuvlar bo'lmoqda. Bu — quvonarli hodisa.

Asrlar davomida nomi tildan-tilga o'tib, afsonaga aylangan Misr malikasi Kleopat­ra to'g'risida G'arbda ham, Sharqda ham ko'p­lab badiiy asarlar, sahna asarlari, kinofilmlar yaratilgan. O'zbek adabiyotida tarixiy mavzuda, yaqin asrlarga oid ayrim ishlar mavjud bo'lgani holda mazkur mavzuga qalam urilmagan edi. “Kleopatra” romani bu borada adabiyo­timizning salmoqli yutug'i bo'ldi. Asarning mavzu ko'lami keng, romanning hajmi ham salmoqli. Muallif nega aynan bu mavzuni tanladi, asar biz uchun nimasi bilan ahamiyatli, degan ishtibohlar bilan asarni qo'liga olgan kitobxon dastlabki sahifalardayoq moziyga yo'l oladi va shovqin-suronli qadim Misr mamlakatiga tushib qoladi. Bora-bora o'quvchi ajoyib yangilik — Kleopatraning vatanparvar milliy qahramonimiz Spitamen avlodi ekanligidan hayratga tushadi. Bu kitobxonning asarga bo'lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi. Ha, shundoq, Misr malikasi Kleopatra — Spitamen, aniqrog'i, Spitamenning jangovar o'tyurak qizi Apamaning o'ninchi avlodi bo'ladi! Tarixning olis yo'llari bizni ana shunday mo''jizaga olib keladi.

Asar boshlanishidayoq kitobxon ko'z o'ngida qadimgi Iskandariya, turli savdogarlaru hunarmandlarga to'la shahar, Ptolemeylar saroyi va ma'buda Isida ibodatxonasi, turli tillarda so'zlashuvchi qurama odamlar shovqin-suroni, musiqa sadolari eshitiladi, dengizning nam havosini sezganday bo'lasiz. Asar personajlari tavsifi, munosabatlari asnosida mamlakatda hukm surayotgan siyosiy vaziyat, hukumat boshqaruvi oydinlasha boradi. O'quvchi romanni o'qish jarayonida davr ruhiga moslashib olgach, sekinlik bilan asar qahramoni bo'lgan Kleopatra bilan tanishadi va asar oxirigacha u bilan birga: quvonsa quvonadi, tashvish cheksa, birga qiynaladi. Shunisi xarakterliki, kitobxon asar voqealari rivojida ishtirok etar ekan, o'zi izlagan narsani — Kleopatrada Spitamenga xos xususiyatlarni, ya'ni qo'rqmaslik, vatanparvarlik, millatparvarlik, fidoyilik, sevgiga sadoqat, bosh­qaruvchanlikni ko'radi va o'z qahramonining yillar davomida jangu jadallar, turli voqealar silsilasida toblanib, mamlakatni boshqaruvchi hukmdor malika sifatida shakllanganligiga guvoh bo'ladi.

Adibimizning mahorati shundaki, asarda Rim va Misr, Eron va Turon kabi mamlakatlarda sodir bo'lgan voqea-hodisalar shunchaki bayon qilinmaydi, balki Spitamenning suyukli qizi Apamaning avlodi bo'lgan Kleopatra hayotining o'ta rangin va rangsiz kunlari tarixiy voqelikka asoslangan holda badiiylik bo'yog'i ila kitobxon hukmiga havola etiladi.

Kleopatra Misr malikasi sifatida jahon tarixi zarvaraqlaridan o'rin olgan. Tomirida buyuk ajdodimiz Spitamen qoni oqqan bu hukmdor ayol o'z Vatanining ozodligi uchun kurashadi, uning Rim bosqinchilari oyoqlari ostida toptalishini istamaydi, vatanparvarlikning timsoliga aylanadi. Uning ziddiyatli shaxs ekanligi asarda turli kishilar bilan bo'lgan munosabatlarida yaqqol namoyon bo'ladi. Kleopatra o'sha davr farzandi sifatida axloqsiz jamiyat tomonidan belgilab qo'­yilgan tartib-qoidalarga bo'ysunishga, saroyning fahsh, fitna, fisqu fasodga yo'g'rilgan taomillariga amal qilishga majbur bo'ladi. Ammo davrning bir hovuch hukmdorlariga xizmat qiluvchi qonunlar zanjirini uzishga uning qurbi yetmaydi. Kleopatraning Vatani hisob­lanmish Misrning mustamlaka maqomiga egaligi, rimliklar tomonidan xalqning azoblanishi, huquqlarining cheklab qo'yilishi, zulmning haddan oshishi tufayli asar qahramoni yurtni asrash, mustaqillikka erishishi uchun kurashga bel bog'laydi. Buning uchun u o'z erkidan, g'ururidan ham voz kechishga majbur bo'ladi. Bu kurash yo'lida umri poyoni ham fojiali tugallanadi.

Uning hayot yo'li buyuk imperator Yuliy Sezar va Mark Antoniylar bilan chambarchas bog'liq holda kechadi. Bu ikki shaxs ham umr bo'yi Rim imperiyasi hududlarini kengaytirishga qaratilgan bosqinchilik siyosatini olib boradilar va ichki ziddiyatlar qurboniga aylanadilar.

Asarda Kleopatra turli qiyofalarda yuz ko'rsatadi. Uni otaning sevimli qizi, vafodor ayol, mehribon ona, saroy tutquni, Vatan hi­moyachisi sifatida ko'ramiz.

Kleopatraning hayot yo'li o'sha davr oliy tabaqa ayollariniki kabi oilaviy ziddiyatlar qurshovida kechadi. An'anaga ko'ra, ota vafotidan so'ng uning ukasi Ptolemeyga turmushga chiqib, o'zaro kelishmovchilik tufayli Suriyaga ketishga majbur bo'ladi. Rim sarkardasi Gay Yuliy Sezar aralashuvi bilan taxtni qaytarib oladi va Sezardan o'g'illi bo'ladi. Shu vaqtlarda u yurt tinchligini va Misr mustaqilligini saqlash maqsadida tin bilmaydi. Senat majlisida Sezarning o'ldirilishi uning orzularini yo'qqa chiqaradi. U o'g'lini Misrga hokim qilib tayinlaydi. Mark Antoniy bilan tanishish uning hayotida yangi sahifani ochadi. Bu orada Sezarning qotillari jazolanadi. Antoniy Kleopatraga uylanadi. Ammo bu Antoniy uchun muvaffaqiyatsiz bo'ladi va u bilan qayin og'asi Oktavian o'rtasidagi ziddiyatlar kuchayishiga olib keladi.

Iskandariyaga Oktavianning qo'shinlari kirib kelishi Antoniyning o'z joniga qasd qilishiga sababchi bo'ladi. Suyuklisi Antoniy halok bo'lgandan keyin, dushman qo'lida azoblanishdan ko'ra o'limni afzal ko'rgan Kleopatra ham mardona o'z joniga qasd qiladi.

Shu tariqa Kleopatraning jangu jadal, saroy fitnalari orasida o'tgan umri ayanchli yakun topadi.

Asar tarixiy faktlar asosida yozilgan bo'lib, qiziqarli o'rinlarga boy. Muallifning bu asarni yozish uchun ko'plab ilmiy manbalardan, turli tillarda nashr qilingan adabiyotlardan foydalanganligi, voqealar tavsifiga tarixiy va badiiy haqiqatni o'zaro uyg'unlashtirgan holda yondashganligi sezilib turadi. Adib mohirlik bilan zamonlarni, taqdirlarni, asrlarni bir-biriga bog'lay oladi va o'quvchining esida qolarli hayotiy manzaralar yaratishga erishadi.

Kleopatraning ruhiy olami, his-tuyg'ulari aks etgan lavhalar badiiy-estetik ta'sirchanligi bilan o'quvchi xotirasida muhrlanib qoladi.

Asarda har bir obrazning qiyofasi aniq tasvirlanganidan, ularni yaqqol ko'rib turasiz. Apama, Persefona, Irada, Xarmiona, Melissa, Fulviya, Sezar, Antoniy, Delliy, Apollodor singari va boshqa tarixiy shaxs­lar, obrazlar shular jumlasidandir. Adib badiiy obrazni chizishda mahorat ko'rsatadi. Birgina misol: Kleopatraning joriyasi Melissa — chiroyli, odobli qiz, lekin tili achchiqroq… Yozuvchi, bu qiz bejiz unaqa emas, chunki uning ismi Melissa — lotin tilida “asalari” degani, deb qizning tili achchiqligiga ishora qiladi. Bu o'quvchining yodida saqlanib qoladi.

Muallif Kleopatra obrazini yoritib berish bilan adabiyotimizga yangi qutlug' mavzu olib kirdi. “Kleopatra” tarixiy romani Vatan ozodligi uchun kurashgan ajdodlarimizni bizlarga yaqin qilib qo'ydi, ularning ezgu dard-niyatlariga sherik etdi. Kleopatra o'z Vatani mus­taqilligi uchun kurashgan, hurriyat timsoliga aylangan siymo edi. Bu asar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash vazifasini uzoq vaqtlar davom ettirishi shubhasiz. Zero, chinakam ijodkorning, haqqoniy badiiy ijodning oldiga qo'yiladigan talab ham, aslida, mana shu!

Zuhra BEGIM,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × one =