Zomin – dunyo maqomchilarini chorlamoqda

Maqom – butun dunyoda e'tirof etilib, yuqori baholanadigan san'at. U bag'rikenglik, insonparvarlikni targ'ib qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ana shunday pok tuyg'ularni tarannum etuvchi maqom san'atiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom san'ati anjumanini o'tkazish to'g'risida”gi Qaroriga muvofiq joriy yilda mazkur xalqaro anjuman ikkinchi marta o'tkazilmoqda.

Undan ko'zlangan maqsad o'zbek milliy maqom san'atining noyob namunalarini keng targ'ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san'atimizga hurmat va e'tibor tuyg'ularini kamol toptirish, turli xalqlar o'rtasidagi do'stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma'naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishdan iborat.

Joriy yilning 27-30 iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida YUNESKO va AYSESKO shafeligi ostida “II Xalqaro maqom san'ati anjumani” o'tkaziladi. Nufuzli tadbirda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.

Anjuman doirasida “Maqom san'atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ishtirokchilar o'rtasida ko'rik-tanlov o'tkazilib, xalqaro hay'at tomonidan ishtirokchilarning chiqishlari uchta nominatsiya: “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg'u ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” bo'yicha baholanadi. (Ma'lumot uchun, xalqaro tanlov hakamlar hay'ati a'zoligiga AQSh, Ozarbayjon, Misr, Turkiya, O'zbekiston, Hindistondan hakamlar ro'yxati shakllantirilgan.)

Madaniyat vazirligi axborot xizmatining bizga taqdim etgan ma'lumotiga ko'ra, g'oliblar tashkiliy qo'mita tomonidan diplom, statuetka va qu­yidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

“Gran-Pri” — 15 000 AQSh dollari;

1-o'rin — quyidagi nominatsiyalar bo'yicha:

— yakkaxon ijrochi (xonanda yoki sozanda) — 10 000 AQSh dollari;

—       ansambl jamoasi uchun — 10 000 AQSh dollari.

2-o'rin — quyidagi nominatsiyalar bo'yicha:

— yakkaxon ijrochi (xonanda yoki sozanda) — 7 000 AQSh dollari;

—       ansambl jamoasi uchun — 7 000 AQSh dollari.

3-o'rin — quyidagi nominatsiyalar bo'yicha:

— yakkaxon ijrochi (xonanda yoki sozanda) — 5 000 AQSh dollari;

—       ansambl jamoasi uchun — 5 000 AQSh dollari.

Shuningdek, Zominsoy majmuasida hududlarning o'ziga xos madaniyati va san'atini namoyish etish uchun respub­likamizning 14 ta hududi o'z pavilonlarini tashkil etgan. Tabiiyki, to'rt kunlik anjuman davomida mehmonlar, ishtirokchilar hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari hududlarga ajratilgan pavilonlarda xalqaro musiqa yarmarkasi, maqom san'atiga oid turli ko'rgazmalar, jumladan, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disk­lar, kitoblar, fotosuratlar namoyishi bilan ham yaqindan tanishadilar.

Ma'lumki, birinchi xalqaro maqom san'ati anjumani 2018 yilning 6–10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrining tarixiy markazida o'tkazilgan edi. Unda jahonning 75 mamlakatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari, diplomatik korpus vakillariishtirok etgandi.

Yurtboshimizning yosh avlodni san'atga oshno etishga qaratilgan mazkur tashabbuslari mamlakatimizda maqom san'atini yanada rivojlantirish borasida ham yangi ufqlarni ochadi. Zotan, bugun musiqa sirlarini qunt bilan o'rganayotgan yosh iqtidor sohiblaridan kelgusida xalqimizning noyob madaniy xazinasini yanada boyitadigan, uning obro'-e'tiborini bundan-da oshiradigan iste'dodli maqom ustalari, san'atshunoslar yetishib chiqishiga shubha yo'q.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 1 =