Mehrli manzillar tafti
Bir davrada yosh jurnalist do'stim Otabek Isroilov: “Rahmatilla Sheraliyev ismiga monand tilla inson”, deb qoldi. Bu fikrni qabul qilolmadim. Axir bu ism Rahmatulloh, ya'ni Allohning rahmati, Allohning marhamati degan ma'noni anglatadi. Samoviy ma'noni yer tagidan chiqadigan ma'danga mengzash to'g'rimikan? Lekin gap bu haqda emas, Rahmatilla Sheraliyevning menga kuchli ta'sir qilgan kitobi haqida yozmoqchiman.
“Mehr manzillari”. Yorug', iliq nom. Bu nom bilan kerak bo'lsa, katta bir doston yozish yoki she'riy to'plamni nomlash mumkin. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi rahbari, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev shoir emas, jurnalist. Jurnalist bo'lganda ham yozgani mudroq dillarni uyg'otuvchi jurnalist. U turli yillarda yozilgan badiiy publitsistik maqolalarini bir kitobga jamlab, ana shunday nom beribdi. Unga kirgan maqolalar esa nazmiy asarlardan sira kam emas. Negaki, yetmish yosh mas'uliyatini oqlab kelayotgan jurnalistning hayotiy va ijodiy zaxirasi katta. Rahmatilla akadagi kamtarlik, ochiq ko'ngillilik, xushmuomalalik va bag'rikenglik u kishini taniganlar qalbida doim yorug' taassurot qoldiradi.
Kitob Chingiz Aytmatov haqidagi go'zal xotiralardan boshlanadi. Ulug' adibning talaba Rahmatillaga qarata aytgan “Ko'zing hamisha ochiq bo'lsin”, degan nasihati butun kitobni ushlab turgan ustunday taassurot qoldiradi.
Mutolaa davomida nuroniy jurnalistning hayot davomida ana shu nasihatga amal qilganini va natijada kam bo'lmaganini ko'rishimiz mumkin. Chunki 176 sahifalik kitobda Chingiz Aytmatov, Tursunoy Sodiqova, Ahmadjon Meliboyev, Ahmad Ismoilov, Ne'mat Aminov, Mahmud Toir, Zarifjon Muhammadjonov, Farida Usmonova, Faxriddin Umarov, Sharifa Salimova, Olimjon Hakimov, Malik Egam, Hamid Norqul, Jibak Ahatova haqida hali hech qaerda yozilmagan hikoyalarni, voqealarni o'qishingiz mumkin.
Kitob mazmun jihatidan uch qismga bo'lingan. Birinchi qism o'zbek adabiyotida munosib o'rin egallagan adib va shoirlarga, ikkinchi qism “Toshkent haqiqati” gazetasida ishlagan jurnalistlar faoliyatiga, uchinchi qism esa muallifning onasi Mehri ayaga bag'ishlangan. Ana shu uchinchi qismdagi “Mehr manzillari” maqolasining o'zini mustaqil bir kitob, bir ajoyib asar, ona haqidagi publitsistik doston deyish mumkin.
Bugun ustoz tabarruk yoshda. Bu yoshdagi mashhurlarning aksari o'z xato va kamchiliklarini tan olishga, yoshlar orasida tazarru qilishga botinmaydi. Ulug'lar haqida yozar ekan, ayrimlar “Ular orasida biz bor edik, ko'rib qo'ying, biz kimlar bilan oshno bo'lganmiz”, degan iddaoga berilishi mumkin. Lekin ushbu kitobda bu holat kuzatilmaydi. Muallif voqealarga xolis yondashadi, ko'rganini yozadi. Agar voqealar rivojida o'zining ishtiroki bo'lsa, buni ham yashirmaydi. Ko'rganini va anglaganini yozadi. Bu orqali o'quvchiga o'ylab ko'rish uchun imkon beradi, tafakkurga undaydi. Aslida, kitobdagi har bir maqolani o'qish jarayonida beixtiyor o'yga tolganingizni bilmay qolasiz. Xususan, o'zim so'nggi sahifadagi muallif so'ngso'zini o'qigach, nafis majlislardan odatiy shovqin-suronli hayotga birdan moslasha olmadim.
“Mehr manzillari” bosib o'tilgan yo'llar xulosasini taqdim qiladi. Beixtiyor muallif yetgan manzillarga siz ham borishni istaysiz. Buning uchun esa yo'lni bosib o'tish lozim. Aslida, bu kitobni yakunlangan asar deb bo'lmaydi. Agar muallif ushbu kitobning kayfiyatini saqlab qolib, navbatdagi jildlarini ham taqdim etsa, o'quvchilarga manzur bo'lishiga shubha yo'q.
Otabek BAKIROV,
O'zJOKU talabasi.