Köngilga oşufta qavmdoş

Keldiyor Xöjayorov (çapda) suxandon Muhammadjon Xöjayev bilan.

Notaniş taniş

Qadrdon döstim, Siz bilan Yangi yil arafasida aqalli telefonda bölsa-da, birrov gaplaşa olmaganimdan afsusdaman. Nega deganda, men özim hayotda biror marta ham körmagan, ammo qilib yurgan işlarini eşitganim bir inson haqida, aytiş joiz bölsa, “notaniş taniş” haqida nimadir yoziş istagimni Siz bilan birrov maslahatlaşib olmoqçiydim. Buyam bejiz emasdi. Qarangki, şu kunlarda Amerika Qöşma Ştatlarida istiqomat qilayotgan vatandoşlarimiz — Buxoro yahudiylari haqida naq 44 sahifadan iborat “THE BUKHARLAH TIMES” degan gazetaning köprik soni qölimga tuşib qoluvdi. Köprik deganim, uning çop etiliş sanasi “26 dekabr 2024 yil — 2 yanvar 2025” deb körsatilganida.

Yöq, yöq, aslo, bu yerni tark etib ketib, xorij ellarda gurkirab yaşnaganlar haqidagina emas; aynan Özbekiston va özbek xalqidan minnatdorlik, yurtimizning sayyohlik salohiyati, sanʼati, madaniyati, zahmatkaş odamlari; davlatimiz rahbari taşabbusi bilan taşkil etilgan “Vatandoş” jamoatçilik fondining xorijdagi yurtdoşlarimiz bilan olib borayotgan savobli işlari kabi mavzular mazkur naşrning rang-barang sahifalaridan joy olgan edi.

“Dunyodagi yurtdoşlari qalbini zabt etgan odam”

“The Bukharlah times”ning 22-23-sahifalarini şu sarlavhadagi — “Dunyodagi yurtdoşlari qalbini zabt etgan odam” degan maqola egallagan. Uning boşlanişidayoq muallif (Rafael Nektalov) ijodiy salohiyati yuksak, hozirgi kunda AQŞ, Isroil, Avstriya, Germaniya, Avstraliya, Kanada va Rossiyada istiqomat qiluvçi vatandoşlarimiz bilan mustahkam aloqa boğlagan öziga xos inson — Keldiyor Xöjayorov bilan qanday tanişgani-yu, u haqdagi samimiy mulohazalari bilan örtoqlaşişga intilgan.

Maʼlum bölişiça, muallif qahramoni Keldiyor Xöjayorov bilan ilk dafʼa 2017 yil 17 sentyabr kuni Nyu-York şahrida ötkazilgan “Toşkentning ulkan qalbi” hujjatli filmi taqdimotida, mehmonlar va mezbonlar, tomoşabinlar va qiziquvçilar bilan liq töla Buxoro yahudiylari markazi zalida uçraşib, tanişişgan ekan. Bu bejiz bölmay, mazkur filmning ğoya muallifi ham, prodyuser va rejissyori ham Keldiyor Xöjayorovning özi bölib, qolaversa, bu film uning kinematografiya sohasidagi ilk debyuti ekan.

Maqolaning şu joyini öqiyotib öylanib qoldim. Kinematografiya sohasida bir neça yillardan buyon işlab kelayotganim bois, qaysi bir zot arzimas biror mavzuda xoh hujjatli, xoh badiiy film olmoqçi bölsa, bözçining mokisidek qatnab, agentlik atrofida aylanib-öralaşib qolişi kaminaga yaxşi maʼlum; ularning muddaosi qanday bölmasin, sohaga davlat tomonidan ajratilayotgan mablağdan “öz ijodiy mahsuloti”ga yetarliça pul undirib olişda bölar edi. Endi bunisi qanaqa böldi? Ğoyani özi topsa, özi pul berib, özi film yaratib, yana uni AQŞday joylarda taqdimotini ötkazib yursa?

Uni esladim

Şu savollar boşimda ğujğon öynab, turli xayollarga borib turgan çoğimda uni beixtiyor esladim. Ha, joying jannatda bölgur rahmatli isteʼdodli adib Luqmon Börixon u haqda katta asar yozgan deyişuvdi. Afsus, öqimagan ekanman. Amerika Qöşma Ştatlarida yaşab, Gollivuddan köra öz yurti soğinçidan köproq ilhomlanişini payqab, yana qaytib kelgan kinorejissyor Nabi Razzoqov şu asar asosida film yaratmoqçi bölganida, undan nimasi qiziqtirayotganini sörovdim.

— Zamonaviy tadbirkor obrazini yaratmoqçiman, – degan edi Nabi Razzoqov. — Prototipi öziga xos odam.

— Kim ekan?

— Keldiyor Xöjayorov degan odam.

Nabi Razzoqov şundan söng bu odamning Qaşqadaryo viloyatida don mahsulotlari sohasida işlagani, Toşkentda “Favvora Film” degan kinostudiya oçgani, sanʼat, madaniyat, adabiyotni yaxşi tuşunganidan taşqari bu sohalarni qöllab-quvvatlaşga ham moyilligi borasida talay gaplar aytgani yodimga tuşdi.

Bundan avvalroq, Toşkent Xalqaro kinofestivali doirasida hujjatli filmlar taqdimotlari ötkazilayotganida, taniqli jurnalist Boris Boboyev, Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor Hojimurod Valiyev, kinooperator Abdulla Tölaganov, sohir ovoz sohibi, qadrdon suxandon döstim Muhammadjon Xöjayevlar tomonidan davlatdan bir tiyin olmasdan, “Favvora Film” kinostudiyasida yaratilgan hujjatli filmlar ixlosmandlarda yaxşi taassurot qoldirib, qarsaklar bilan olqişlangan edi.

Demak, bu işlar taşabbuskori şu kişi ekan; payqaşimça, hozirgi paytda köpçilikning qölidan kelmaydigan narsa, betama işlar qilişga qodir odamlar ham topilar ekan; Keldiyor Xöjayorov deganlari şundaylardan ekan-da.

Maşoyixlarning “Gap bölmasa, ajdodlarning gapini gapir”, deganlari meʼdaga tekkanida, ötmişga muk tuşavermay, yonimizdagi “geroy”larning qadriga yetişni ham şu Keldiyor Xöjayorovdan örganiş kerak ekan.

“Öşa payt Abdulla Orif yarim taqiqlangan bir holda — biror tadbirga borsa, jurnalistlaru telemuxbirlar u kişidan qoçişar, teleekranlarda u kişini körsatiş “tepa”ning işorasi bilan taqiqlangan edi. Ammo Keldiyor Şoir ijodining abadiyatga daxldorligini va bu boqiylik töla-tökis körinişda bölişi lozimligini teran his qilar — bu nodonlarça taqiq tufayli dahoning mahobatli qiyofasi kemtik bölişini istamasdi. Axir dunyo ötkinçi — sen dahosan, deb qarab ötirmaydi, demak, Abdulla Orifdan oladiganimizni olib qolişimiz kerak, deb öylagan bölsa kerak-da! U bu davrda, ijodiy guruhi bilan, Abdulla akaning har bir qadamini suratga oldi. Şoirga neça-neça soatlab şeʼr öqitib, magnit lentasiga tuşirdi. Buning naqadar savob iş bölganini, men Abdulla Oripov vafot etgan daqiqalardan payqadim”.

Usmon AZIM,

Özbekiston xalq şoiri.

“Keldiyor aka özlarining “Favvora Film” kinostudiyalarida otam hayotining oxirgi yetti yil içidagi keçirganlarini tasvirga olişga muyassar bölgan yagona insondir. Köp yillar yurtining eng sevimli, ardoqli şoiri bölgan otamga hamdard böliş, uning yangi yozganlarini ommaga yetkaziş qançalik muhim bölganini bilsangiz edi! Ana şu qaltis vaziyatda, otamdan şogirdlari yuz burib, yaqinlari salomlaşişga hayiqqan davrda, qarindoş-uruğlarimiz “Şeʼr yozmang!” deb turişgan çoğida Keldiyor Xöjayorov yelka tutib, otamning yonida dardkaş hamsuhbat böldi va yangi şeʼrlarini yozib oliş taşabbusidan boşqalar kabi qörqib yurmadi. Keldiyor aka otam haqida yaratgan olti seriyalik filmni kinostudiyada körib rosa yiğlaganmiz. Otam haqidagi eng qimmatli, eng haqqoniy, eng asl filmdir bu. Otamning rolini heç kim öynay olmaganidek, bunaqa filmni boşqa heç bir rejissyor ololmaydi. Keldiyor akaning arxivida otam haqida köpçilik, hattoki biz oila aʼzolari ham bilmaydigan videolavhalar ham köp”.

Şoira ORIPOVA,

Özbekiston Qahramoni, Xalq şoiri Abdulla ORIPOVning qizi.

Ğalatimasmi?

Yoki ajablanarlimi?

“Yeriga köra iloni, toğiga köra tumani” deganlaridek, tabiiy hodisa sifatida qarab, bunaqa narsalarga köpçilik ajablanmay qöygan esa-da, baribir odam xijolat tortadi-da! Qizarişni unutib qöymagan bölsa!

Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon va boşqa köplab el sevgan ijodkorlar bir mahallar “qora röyxat”ga tuşib, nomlari hatto darsliklardan ham olib taşlangan kezlarda, ularning qismatidagi yolğizlik iztiroblarini ham Keldiyor Xöjayorov videotasmalarda tarixga muhrlab qöygan ekan.

— Keldiyor akaning studiya taşkil etişi çoğidagi asosiy maqsad va ğoyalari aks etgan loyihalaridan biri ham, aslida, elimizning taniqli şaxslari, maşhur madaniyat va sanʼat arboblari, buyuk zamondoşlarimiz hayotiga oid audio-video hujjatlarni heç bir ssenariysiz, senzurasiz yozib oliş va saqlaş, faqat haqiqatga asoslangan materiallarni badiiy töqimalarsiz kelajak avlodga qoldiriş bölgan edi, – dedi Keldiyor Xöjayorovning qadrdon dösti, taniqli huquqşunos va şoir Xol Muhammad Hasan. — Bu vazifani studiya qaysi bir maʼnoda uddalab kelayapti ham deyişga dalillarim bor. Çunki adabiy-huquqiy maslahatçi sifatida bu xayrli işlarda aralaşib kelmoqdaman. “Favvora Film” ijodkorlari Maqsud Şayxzoda hayoti va faoliyati xususida material töplaş masalasida Bokuga, Tbilisiga bir neça marta borib kelişdi. Omon Matjon, Otajon Xudoyşukurov, Obid Yunusovlar haqida hujjatli filmlar qanday yaratilganligi, hatto mening huquqşunoslik sohasidagi ustozim Ubaydullo Mingboyev hayotiga bağişlangan filmni suratga oliş jarayoni qanday keçganiga şohidman.

Voqea-hodisalar jarayonini surbetlik bilan öz foydasi hisobiga özgartiriş tarix haqiqatiga darz ketkazadi. Ammo bu voqea-hodisalarning özi ham heç qaçon sof holda namoyon bölavermaydi. Buni Keldiyor Xöjayorov ham yaxşi biladi. Qiyinligi şunda. Biroq osoni tatimaydi.

Tatimasligi şundaki, keçagi qoçoq yana bugungi qahramon bölib qolaverişi illatlarining xalq tarixidagi oqibatlari fojiali ekanligidadir. Ularning takrorlanmasligi ehtiyoji içkarida — Qalbda. U haqqoniylik yöqolgan joyda adolat bölmasligini his etib turadi. Har qanday jamiyat adolat toptalganda tanazzulga yuz tutadi. Endi bunisiga isbot talab etilmaydi.

Umar Xayyom nima deydi?

Yoxud qavmdoşlik siri

Endi yana “The Bukharlah times” gazetasiga qaytsak. Keldiyor Xöjayorov haqida maqola çop etilgan sanasi “26 dekabr 2024 yil — 2 yanvar 2025” deb körsatilgani beixtiyor kişi yodiga eski yildan yangi yilga ötar lahzalarni soladi.

Har gal şu. Eski yil sarhisobi qilinib, Yangi yil rejalari olinadi. Kuy-qöşiqlar kuylanib, raqsga tuşiladi, ziyofat avjiga çiqadi. Şular orasida har qanday insonni — u yoşmi, keksami — bir lahza esa-da, xayolga çömdiradigan savol ham köndalang böladi: axir umr ötmoqda-ku!

Ha, umr ötmoqda.

Uning ötkinçiligi muqaddas kitoblarda mangu rohat neʼmati bilan tasalli yöriğida aytilgan bölsa, armonli şeʼrlarda afsus-nadomatlarga yöğrilgan. Keça teskari qöyilgan vaqt qumsoatidan yana şovullab fursat tökilişi davom etmoqda. Haş-paş degunça bölmay, na zavolu ayriliqlarga, na xiyonatu sotqinliklarga parvo qilmay u yana teskari tönkarilib, öz işini qilaveradi. U töxtaş nimaligini bilmaydi. Umar Xayyomning “Dar in dunyo yak rabotu du dar ast, Dar in rabot har röz qamu digar ast” (Bu dunyo bitta rabotu ikki eşikdan iborat, Bu rabotda har kuni har xil qavm almaşinadi”) satrlaridagi maʼnoni ilğaş uçun rabot nimaligini bilib olişdan taşqari zamondoş insonning begona emasligi tuyğusini his etiş ham muhim ahamiyat kasb etişini unutmaslik kerak nazarimizda.

Ha, hamma gap şunda. Sen bilan bir davrda yonma-yon yaşagan yelkadoşing qavmdoşing ekanida. Uni tirigida eʼzozlamoq — mardning işi. Ötib ketganidan keyin… axir ötgani ötib ketdi. Keladigani hali mavhum. Muhimi, bugun!

Keldiyor Xöjayorov qaysi sohada faoliyat yuritmasin, şu narsani öziga dasturilamal qilib olgani uning qadri baland inson sifatida eʼzozlanişini belgilab beradi.

— Keldiyor aka hayot ohanrabosini uning özidan izlab topadi, – dedi dublyaj ustasi, suxandon Muhammadjon Xöjayev. — Hayot zavqi uning hamişa kulib turişida, xuşmuomalasida, mehmondöstligida namoyon bölib turadi. Ilk bor tanişganimda, rosti gap, u kişining ohanrabosiga tuşib qolganday böldim. Tuzukroq öylab qarasam, bunaqa öziga xos odamlarga köpam duç kelavermaganim ham bunga sabab bölgan ekan. Şu tariqa fikrlar ğoyalarga ulandi, hamkorlikda hujjatli film oladigan böldik. Öşandan beri oradan ön yildan ortiq vaqt ötibdi hamki, har kuni birgamiz, heç bölmaganda, telefon orqali gaplaşib turamiz. Keldiyor akadagi kamtarlik, birovning fikrini eşitib, uni qabul qila oliş xislati, öz fikrini suhbatdoşiga tuşuntira oliş sanʼatiga tan beriş kerak. Ehtimol, bu xislat uning şeʼriyatga bölgan özgaça mehridan, odamlar qalbini yondirib, tölqinlantirib şeʼr öqiş mahoratidan bölsa kerak. Dastlab şeʼr öqiganini eşitgan odam uni sanʼatkor yoki şoir deb öylaydi. Sözning har bir jilosini özgaça his etadi, maʼno-mazmunini tinglovçiga yetkaza oladi. Aslida, bolalikdan sanʼatga oşufta bölgan bu inson butun umr unga talpinib yaşadi.

Taniqli suxandon Galina Melnikova Keldiyor Xöjayorovni Bayram-odam (“Eto çelovek-prazdnik”) deb taʼriflaganida, don korxonasida işlab, rizqini şu sohadan topgan bu kişi atrofida hamişa bayramona ruh hukmron ekanini nazarda tutgan bölsa kerak.

Bir qaraganda, sodda va kamtarin bu insonning qiziqişlari çek-çegarasiz, qadami yetmagan joy qolmagan. Ammo, muhimi, yetmiş yoşni katta kuç-ğayrat bilan qarşilayotganida Alişer Navoiy bobomizning:

Umr erur toatu ibodat uçun,

Tangri buyurganiga itoat uçun

satrlarida aytilgani kabi Yaratganning öziga ravo körganlaridan şukrona qila olişda.

Axir şuning özi uluğ Saodat emasmi?

Aytmoqçi bölganlarim şu edi, xolos.

Bunga Siz nima deysiz, qadrli döstim?

Şoyim BÖTAYEV

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan