Olimning sharafli yo'li

Taniqli olim, o'ziga ham, boshqalarga ham talabchan adabiyotshunos, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Suvon Melining ko'plab ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalarini turli vaqtda, turli gazeta va jurnallarda o'qigandim, anjumanlarda eshitgandim. Lekin yuz marta eshitgandan ko'ra, bir marta ko'rgan afzal, degan maqolda katta hikmat borligiga yana bir marta ishonch hosil qildim. Men olimning “So'zu so'z” (2020) kitobi va “Global talqin poetikasi” (2020) monografiyasini qiziqish bilan o'qib chiqdim. Ularda, ayniqsa, “So'zu so'z”da olimning asarlari bir joyda yaxlit jamlangani ayni muddao bo'lgan, chunki bu holda tasavvur ham yaxlit bo'ladi.
Global zamon keldi. Har bir millat, davlat (olim, rahbar, yozuvchi tadbirkor va hokazo) jahonga chiqishni istaydi, o'zining butun salohiyatini, intellektual qobiliyatini, kuchu qudratini dunyoga ko'rsatishni orzu qiladi. Bu zamon talabidir. Bu narsa barchaga katta mas'uliyat yuklaydi.
Shu mas'uliyatni anglab, his qilganlardan biri Suvon Meli bo'ldi. Global fikrlash joiz, dunyoviy tafakkur sari intilib borish lozim, bir so'z bilan aytganda, dunyoga tenglashish darkor. Ha, bizlar o'zimizni dunyo ko'zgusiga solib ko'rishimiz kerak. Mana shu ma'noda Suvon Melining “So'zu so'z”i aynan bugunning zarur kitobi maqomidadir. Katta-kichik maqolalar, hatto xotiralargacha, shunchaki varaqni to'ldirish uchun kitobga kiritilgan emas. Har birining o'z vazifasi, maqsadi bor.
Suvon Meli ko'p o'qiydi, global fikrlashga harakat qiladi va buning uddasidan chiqadi. U o'zbek adabiyoti yutuqlarini jahon adabiyoti kontekstida ko'rishga intiladi, qiyoslaydi. Muqoyasa — adabiy asarlarga baho berishning adolatli yo'li. Chunonchi, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani bilan Vilyam Shekspir “Qirol Lir” tragediyasining bir-biriga tegishgan joylarini (dovul — yel) noziklik bilan ilg'aydi. Platon — Pushkin — Hamid Olimjon kabi ijodkorlar o'rtasiga ko'prik soladi. Dante — Navoiy — Abdulla Oripov ijodlaridagi mushtaraklikni tadqiq qiladi.
O'quvchi “Navoiy olamida sayr”ning nihoyatda mazmunli bo'lganini ko'radi. “Bayt mumtoz she'riyatimizda ilk badiiy butunlikdir”, deb yozadi olim. “Sehrga chulg'angan so'z”larni o'qib hayratlanadi. Ayniqsa, “Munojot” tahlili va unga bog'liq turli qarashlar faktlar bilan keltirilgani e'tiborli.
“She'r: so'z falsafasi” bo'limida she'riy so'z, she'r tahliliga bag'ishlangan mazmunli maqolalar o'quvchini befarq qoldirmaydi. “Nazariya. Muammo. Tadqiqot” bo'limiga yig'ilgan maqolalar o'quvchiga yaxshigina bilim beradi. “Komik katarsis”, “Vaqt falsafasi”, “Boy ila xizmatchi” yoki tiklangan nusxa muammosi”, “Yangi tanqid”, “Adabiyot darvozasi”, “Tahlil va talqin yoxud adabiyotshunoslikda “Qo'shjonov maktabi” kabi maqola va tadqiqotlar dalillarga boyligi bilan ajralib turadi. Ulardan chiqadigan xulosalar kishini o'ylantiradi. Chunonchi, “Yangi tanqid” maqolasida G'arb adabiyotshunosligidagi bir oqim haqida faktik materiallar asosida fikr yuritadi. Ular o'quvchi uchun yangilikdir. Faqat, fikrimizcha, so'nggi maqolada muddao yetarli ochilmagandek, uni hali davom ettirish kerakday taassurot qoladi. Chunki mavzu katta, maqola xamir uchidan patirdek, holbuki, o'quvchi uni rostakam tadqiqot sifatida ko'rishni, “Qo'shjonov maktabi” mohiyatini, hayotbaxsh an'analarini bilishni istaydi.
“Boy ila xizmatchi” yoki tiklangan nusxa muammosi” tadqiqotida adolatli va savob ishga qo'l uradi. Bu chindan ham tadqiqotchi olimning nasibasi. Gap Hamza Hakimzoda Niyoziyning mashhur “Boy ila xizmatchi” dramasi taqdiri ustida ketmoqda. Olim bu haqda ikki maqola yozdi, dramaning tarixi, qo'lyozmasining yo'qolgani, rejissyor va suflyor nusxalari, O'zbekiston xalq yozuvchisi Komil Yashin tiklagan hozirgi mavjud nusxa, u haqdagi xilma-xil fikr-mulohazalarni sinchiklab o'rgandi, ko'p aniqliklarga erishdi.
Oradan yigirma ikki yil o'tib, Suvon Meli akademik Matyoqub Qo'shjonovga bag'ishlab yozilgan “Domla” xotirasida yana shu mavzuga qaytadi (hali olimning ko'ngli to'lmagan ko'rinadi) va drama haqidagi bahs-munozaralar dramaning keyingi taqdiriga daxl qilmasligi zarurligini uqtirib, shunday yozadi: “…1939 yilda Komil Yashin tomonidan tiklangan “Boy ila xizmatchi” XX asr o'zbek adabiyotidagi, shubhasiz, eng sara dramatik asarlardan biri. Faqat asarning muallifi — Hamza va Komil Yashin, yaratilgan sanasi — 1918; 1939 yil, deb ko'rsatilsa, olam guliston. Shunda asarning tarjimai holi uzil-kesil oydinlashadi” (“So'zu so'z” kitobi, 460-bet).
Bu juda adolatli xulosa, buni qo'llab-quvvatlash lozim. Bu adabiyotimizni faqat boyitadi.
Keyingi vaqtlarda g'alati bir narsa urf bo'lib qoldi. Tariximizda, adabiyotimizda allaqachon dalillangan, isbotlangan, muqim deb qabul qilingan ayrim haqiqatlar, voqea-faktlar, shaxslar chinligiga shubha bildirilgan qarashlar paydo bo'lmoqda. Buning ikki noxush tomoni bor: birinchidan, o'quvchini chalg'itib qo'yadi, ikkinchidan, tariximizga ishonchsizlik tuyg'usini uyg'otadi.
Misollarga murojaat qilamiz. Mirzo Ulug'bek va uning o'g'li Mirzo Abdulatif voqeasi. Go'yo Mirzo Ulug'bek o'limida Mirzo Abdulatifning aybi yo'q emish… Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida o'qiymiz: “Abdulatif Mirzo — savdoyi mizoj va vasvasiy tab' va devonasor kishi erdi. Mundin o'zga dag'i g'arib turfa badfe'lliqlari bor erdikim, zikridin behijobliq lozim kelur. O'tar dunyo maslahati uchun donishmand va podshoh otasin o'ltirdi. Har oyinakim, saltanat Shiruyaga qilg'oncha anga vafo qildi…” Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Abdulatif Mirzo haqida: “Bu besh kunlik dunyo deb qari otasini shahid qildi”, deb yozadi. Bu yerda kimga ishonish kerakligi izohsiz ham ayon va ravshan. Albatta, biz Navoiy va Bobur so'zlariga ishonamiz.
Yana. Tarixiy kitoblarda, chunonchi, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” asarlarida Amir Temurning Kesh viloyatida Xoja Ilg'or qishlog'ida tug'ilganligi yozilgan va ilmiy-tarixiy muomalada shunday qabul qilingan. Ayrim tadqiqotchilar esa Amir Temur Xoja Ilg'or qishlog'idamas, Zanjirsaroy degan yer (asli Saroymulkxonimning otasi mo'g'ul xoni Qozon Sultonxon qurdirgan saroy)da dunyoga kelgan, deb yozishib, mashhur tarixchilar fikrini shubha ostiga oladilar. Bu, albatta, to'g'ri emas.
“So'zu so'z” kitobiga kirgan “Ardoq” nomli maqolada muallif yirik tilshunos olim Fattoh Abdullayevning “Boburnoma”da Andijon shahri haqida keltirilgan: “Eli turkdur. Shahr va bozorisida turki bilmas kishi yo'qtur. Elining lafzi qalam bilan rosttur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim Hirida nash'u namo topibdur, bu til biladur”, — so'zlariga, ya'ni Bobur fikriga munosabatan shubha bildirgani haqida yozadi, hatto, tilshunos olimning sakkizta dalilini keltirib, “Fattoh Abdullayevning xulosalari anchayin og'irdir”, deydi va bu fikrni o'zi ham yoqlashini bildirganday bo'ladi. Yirik tilshunosning fikricha, Navoiy o'z asarlarini Andijon shevasida yozmagan bo'lib chiqmoqda… Bu fikrga, albatta, qo'shilish qiyin. Qalam — bu keng ma'noda adabiy til degani. Bobur Mirzo bor-yo'g'i Navoiy asarlarining tili adabiy tilda, Andijon shevasida yozilgan demoqda. Bobur Mirzo boshqa jihatlar bo'yicha so'z yuritayotgani yo'q… Chunonchi, Navoiy asarlarining murakkabligi, dialektal jihatdan rang-barangligi, unda ko'p shevalar unsurlari borligi, lekin ularning Andijon shevasida yo'qligi, Navoiyning Andijonda bo'lmaganligi va hokazo-hokazolar haqida “Boburnoma” muallifi tilshunos olim bilan bahs olib borishni niyat qilmagan… U boshqa shaharlar qatori, Andijon shahrining (qasaba emas!) umumiy ta'rifini bera turib, uni eli va tili haqida ma'lumot berib o'tmoqda, xolos… Qiyos qiling:
Navoiy:
Kecha kelgumdir debon ul
sarvi gulro' kelmadi,
Ko'zlarimga kecha tong otguncha
uyqu kelmadi.
(XV asr)
Navoiydan oldin Xorazmiy yozadi:
Bo'ying sarvu sanobartek, beling qil,
Vafo qilg'on kishilarga vafo qil.
(XIV asr)
Lutfiy:
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma.
(XIV-XV asrlar)
Atoiy:
Ul sanamkim, suv qirog'inda
paritek o'ltirur,
G'oyati nozukligidin suv bila
yutsa bo'lur…
(XIV asr)
Shoh G'arib Mirzo:
Qaysi bir gulchehra ul gul bargi
xandonimcha bor,
Qaysi bir shamshod qad sarvi
xiromonimcha bor.
(XV asr)
Bobur:
Labing qalbimni qon qildi,
ko'zimdin qon ravon qildi,
Nechun holim yomon qildi,
men andin bir so'rorim bor.
(XVI asr)
Bu — Andijon shevasi. Andijon shevasi adabiy tilimizning asoslaridan biri. Mumtoz shoirlarimiz Xorazmiy — Xorazmda, Lutfiy — Hirotda, Atoiy — Balxda, Shoh G'arib Mirzo — Hirotda, Bobur — Xuroson va Hindistonda yashadilar, bunga Oltin O'rdada istiqomat qilgan shoir Sayfi Saroyini ham qo'shish mumkin. Yuqoridagi misollardan ko'rinib turibdiki, nafaqat Navoiy, balki Xorazmiy, Lutfiy, Atoiylar va boshqalar ham Andijon shevasida ijod qilishgan bo'lib chiqmoqda. Bu tarixan to'g'ri ham. Amir Temurning buyuk saltanati mulki bo'lgan bu shaharlarda turklar ko'pchilikni tashkil qilardi. Bobur Mirzo o'sha davr turk tili manzarasini, Navoiy asarlarining nechog'lik keng tarqalganini haqqoniy ko'rsatib berdi. Alhosil, manzara shunday ekan, boshqacha yozishi mumkinmidi?.. Albatta, yo'q! Bobur Mirzo birovning himoyasiga muhtoj emas. Bobur Mirzo — haqqoniy, to'g'riso'z, prinsipial olim va tarixchi. Shu tufayli, Navoiyning ayrim asarlariga ham tanqidiy ko'z bilan qaragan joylari ma'lum, Husayn Boyqaro devonining bir vaznda ekanini salbiyroq ohangda ta'kidlab o'tganligi ham shuni ko'rsatib turibdi. Chunki u hayotda hamma narsaga, jumladan, o'z ijodiga ham adolat bilan yondashardi. Bunga mulohaza qilib, keyin yondashish kerak.
Mazmunli “So'zu so'z” kitobida “Hazillashmang Daho bilan” nomli maqola bor. Unda Suvon Meli Navoiyning bir baytiga Abdurauf Fitratning qarashi xususida munosabat bildirib, ulug'lar shaxsiga, ijodiga juda ehtiyotkorlik bilan yondashishni esga tushirib, bizlarni hushyorlikka chaqiradi.
Biz ham Boburning Andijon shevasi haqida aytgan so'zlariga shubha bildirgan tilshunos olimga, yetmish yoshini nishonlayotgan taniqli adabiyotshunos va olim Suvon Meli so'zidan ulgi olib: “…bir donishmand kulibgina aytganidek, hazillashmang daho bilan…” deymiz.
Muhammad ALI,
O'zbekiston xalq yozuvchisi,
Davlat mukofoti laureati