Qora tamg'a

Erta turgan Mamatboy yuz-qo'lini yuvib, soqolini qirtishlab oldi-da, apil-tapil choyini ichib, yangi olgan kostyum-shimini kiyib: “Men G'ulom sinfdoshimnikiga o'tirishga ketayapman”, deb hovlidan tashqariga chiqib ketdi. Darvozagacha kuzatib qo'ygan xotini Gulnora: “Otasi, tag'in haligi zormandaizdan ko'proq ichib qo'ymang, maylimi?” — deb eslatib ham qo'ydi.

Kun bo'yi ziyofatda yurgan Mamatboy kechqurun bir holatda uyini zo'rg'a topib keldi. Chunki xotinining gapiga quloq solarmidi, spirtli ichimlikni bas degancha ichib olgandi.

Darvozadan kirishi bilanoq, uy devorlarini oqlayotgan kelini Gulsumni ko'rib: “Sen iflos, nima qilayapsan? Kim senga “ohakla” dedi? Mening ruxsatimsiz nimaga devorni oqlading? Yo'q bo'l, uydan chiqib ket!” — deb haqoratli so'zlar bilan o'shqirdi.

To'g'ri, bu voqeada “shayton suvi”dan bo'kkanicha ichib olib, so'ng uyida janjal ko'targan, yaqinlarini urib-so'kkan otaning ishini hech kim oqlamaydi. Ammo nima bo'lganda ham farzandning oqpadar bo'lishi, sovuq yarog' bilan o'z otasiga hamla qilishi, qotilligini aslo kechirib bo'lmaydi.

Qaynotasining vajohatini ko'rgan kelin bolalarini oldi-yu, uydan chiqib, vaziyat tinchiguncha qo'shnisining uyiga borib turmoqchi bo'ldi.

Tashqaridagi shovqinni eshitgan xotini Gulnora shoshib uydan chiqdi-yu, eri ipini uzgan buqaday gerdayib turganini ko'rdi. “Uyga kiring, otasi, achchiqqina choy ichib, dam oling”, dedi-yu, yuziga tushgan tarsakidan yiqilib tushganini sezmay ham qoldi. Qarasa, erining oyog'i ostida yotibdi. Tepkining zarbidan “dod” deb yubordi. Yugurib kelib: “Urmang!” — deya onasini himoya qilmoqchi bo'lgan o'g'li Xurramni ham Mamatboy rosa savalay ketdi. Kichik kelini Norgul qo'rqqanidan yaqiniga ham borolmadi. Uyda uxlab yotgan qizi Noriniso shovqindan uyg'onib tashqariga chiqsa, otasi akasini urayapti, onasi esa yerga o'tirib inqillayapti. Birdan u sergak tortdi-da, yugurib borib otasini quchoqlab olib: “Bo'ldi qiling, otajon! — deb uni hammomga yetaklab bordi-da: — Yuvinib oling, kayfingiz tarqaydi”, — dedi.

Hammomdan chiqqan Mamatboy yarim-yalang'och holda og'ziga sigaret qistirib, ustma-ust tortib, og'zidan parovozday tutun chiqara boshladi. “Uyga kiring, otasi”, degan xotiniga: “Hozir senga uyni ko'rsataman!” — deb sigaretning cho'g'ini ayolining bo'yniga bosdi. Bo'yni kuyganidan dodlab yuborgan onaizorini otasining changalidan qutqarmoqchi bo'lgan Xurram yana kaltak va haqorat ostida qoldi. O'zini himoya qilolmay, ustma-ust tushgan mushtdan gangigan Xurramning ko'zi nogoh o'choq boshida turgan pichoqqa tushdi.

U bir amallab otasining qo'lidan chiqib, yugurib borib pichoqni oldi-da, otasiga: “Jim bo'ling, bo'ldi-da endi!” — degach, Mamatboy yana Xurramga tashlangandi, u beixtiyor otasi tomon qo'lidagi pichoqni sermab yubordi. Otasining gursillab yiqilganini ko'rdi-yu, o'g'il nima qilib qo'yganini kech angladi.

Tabiiyki, hovlida qiy-chuv boshlandi. Mamatboyning ko'ksidan tirqirab otilayotgan qonni ko'rib shoshib qolishdi. Joni og'riyotgan xotini og'riqni ham unutib, ichkaridan latta olib chiqdi-da, erining ko'kragidan qon chiqayotgan joyga bosib turdi. Jon talvasasida yotgan Mamatboy: “Do'xtir chaqiringlar!” deya ingraganida, uydagilar o'ziga keldi. Xurram tog'asi O'roqning uyiga yugurdi.

— Tog'a, men otamni pichoqlab qo'ydim! Tez bo'ling, mashinangizni olib chiqing, do'xtirga olib borish kerak! — dedi-da, yo'l-yo'lakay chopib kela turib, akasi Zokirga ham telefon orqali xabar berdi. — Aka, men otamga pichoq urib oldim, “tez yordam”ni chaqiring!

…Tong payti. Havo sokin. Hisor tog'idan esayotgan sovuq shabada badanni biroz seskantiradi. Ayniqsa, buni uyqudan sahar uyg'onadiganlar yaxshi bilishadi. Shunday tonglarning birida ko'ktepaliklarni “Otam-a!” deb bo'zlab yig'lagan tovushlar uyg'otib yubordi. Tong otishi bilan qishloq ko'chasi bo'ylab “Mamatboy akanikiga janozaga!” degan baland ovozdagi chorlov mahalla ahlini yanayam sergaklantirdi. Birov u dedi, birov bu dedi, lekin hech kim nima bo'lganini aniq aytolmadi. Mayitni qabrga qo'yib qaytishganidan so'ng marhumning o'g'li Xurramni militsiya xodimlari olib ketishgach, el nima gapligini angladi.

Eskilarning bir gapi bor: “Otang cho'chqa bo'lsayam, bog'lab boq”. Ba'zida shu eskilarning gapigayam quloq solish kerak ekan-da. Nima bo'lsayam, ota — ota edi-ku. Axir otaga tik boqishning o'zi gunoh! Padariga musht ko'tarsa-ku, farzandning ikki dunyosiyam kuyadi deyishadi. Bugun baqirgan, urgan ota ertaga mehr ham ko'rsatishi mumkin edi. To'g'ri, bu voqeada “shayton suvi”dan bo'kkanicha ichib olib, so'ng uyida janjal ko'targan, yaqinlarini urib-so'kkan otaning ishini hech kim oqlamaydi. Ammo nima bo'lganda ham farzandning oqpadar bo'lishi, sovuq yarog' bilan o'z otasiga hamla qilishi, qotilligini aslo kechirib bo'lmaydi. Endi Xurram Mamatovni urishadigan ham, uradigan ham otasi yo'q. Vo darig'-a, u umrining oxirigacha “padarkush” tamg'asi bilan yashashga mahkum. Hali uylanmagan yosh yigit qonuniy jazoga tortilib, uzoq muddatga qamalib ketdi…

Yaratganning rahmi kelsin, hech kimga bunday taqdir, qismat yozilmagan bo'lsin.

To'lqin ABDURAIMOV,

jinoyat ishlari bo'yicha

Sho'rchi tuman sudi raisi,

Chori QORAQULOV,

sud xalq maslahatchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 5 =