Pul topganlar… Aql topmasmi?

O'zbekiston Prezidenti joriy yilning 21 aprel kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha yangi farmon imzoladi. Farmonning ilovasiga ko'ra, 2025 yilning avgust oyigacha to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'rakalar va marosimlar o'tkazilishini tartibga solish bo'yicha parlament palatalari kengashlarining qo'shma qarori qabul qilinadi.

Bundan tashqari, to'y-hasham, ma'raka va marosimlardagi isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan targ'ibot ishlari kuchaytiriladi.

Milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to'ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi ortiqcha rasm-rusumlar (“kelin navkari”, “ota ko'rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog'ora yuborish” va hokazolar) o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog'lab o'ylab topilgan ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolar)ni o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi.

Bu qarorning ijrosini ta'minlashga har birimiz vijdon amri bilan yondashmog'imiz shart.

“Pul topib aql topmaganlar-a!” — der edilar rahmatli momom pulni noto'g'ri ishlatsak. “Mehnatlaringni bunday isrof qilmanglar, pulni topib, besamar yo'qotaversalaring, yo'qotaversalaring, borib-borib aqlni yo'qotasizlar”, — deya qo'shib qo'yar edilar.

Ha, momom aytgandek bo'ldi: pulni bemaqsad ishlataverib, ishlataverib, natijada aqlni ham yo'qotib qo'ydik.

“Akamning to'yiga qo'shan qilmading”, “Sen to'y qilganingda men falon so'm pul beruvdim, o'sha pulni qaytarib qo'y”, “Erkakmisan, pulni topib, keyin to'y, deb og'iz och”, “Ahvoling shu ekan, to'y boshlab nima qilasan?”, “Ado-gadoligidan o'g'lini uylantirolmay yuribdi”, “Bu oilaning qizlariga yaxshi sep qila olmaydi, deb eshigidan sovchilar kelmaydi”, “Boy oiladan sovchi keldi, deb hayotga tayyor bo'lmagan qizni uzatib yubordi”, “Falonchi boyning ikkinchi xotini ekan”, “Qizini puldorga uzatibdi” kabi va yana shunga o'xshash hokazo-hokazo gaplar qulog'imizga tez-tez chalinayotgani ham pulni bemaqsad ishlatishdan kelib chiqqan salbiy odatlar oqibatidir.

Yuqoridagi gaplar aqli joyida odamlar ishlatadigan gaplar emas. Bo'g'zigacha qarzga botish, to'y qilaman deb, qarindosh-urug'dan begonalashish, qiz uzatayotgan qo'llarga “Nima qo'shib berasan?” — deya qarash, pul sochish, manmanlik, maqtanchoqliklar aqlni yo'qotish emasmi?

Ming-minglab xonadonlar birorta nashrga obuna bo'lmaydilar, yangi adabiyotlarni o'qimaydilar. Hududlarga borsang, “Saodat” jurnali hali ham chiqyaptimi?”, “Sharq yulduzi” jurnali-chi, chiqyaptimi?” — deb uyalmay savol beradilar.

Biz respublika “Ma'rifat” targ'ibotchilari sifatida “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari munosabati bilan uyma-uy kirganimizda, 50-60 foiz o'zbek xonadonlarida kitob javoni ham, kitoblar to'plami ham yo'q.

Bir-biridan ko'rkam uylar, hovlilarda gazetalar, jurnallar umuman yo'q. Respublikamizda nashr etilayotgan gazeta-jurnallarning hatto nomini bilmaydigan maktab direktorlari-yu, mahalla raislari bor, desam ishonasizmi?

Ishonasiz, chunki siz ham uchratgansiz ularni. Ular o'zimiznikilar.

Aql qanday yo'qolayotganini hammamiz bilamiz. Endi aqlni yig'ib olish vaqti keldi, deylik o'zimiznikilarga.

Endi sovchi bo'lib borayotgan xonadonimizda kitob javoni bormi yoki yo'qligiga e'tibor beraylik.

Endi bo'lajak kuyovga otasining davlatiga qarab emas, dunyoqarashi, o'qishiyu uquviga qarab baho beraylik. Nasl-nasabida ziyoli, hunarli, iymon-e'tiqodli insonlar borligiga qarab rishta bog'laylik.

Oliy ma'lumot olmagan, mustaqil dunyoqarashi shakllanmagan, hali biror kasb-kori yo'q yigitni, hayot qiyinchiliklarini tatib ko'rmagan, pul qaerdan kelib, qaerga ketayotganini tushunishiga hali ancha bor erka, tantiq bir qizga uylantirishning oqibatida barcha yo'qotishlar, parokandaliklar, tirik yetim degan tushunchalar paydo bo'laveradi.

Pandemiya sharoitida o'tgan 30 kishilik to'ylarni ko'pchilik xayrixohlik bilan kutib oldi. Darrov esimizdan ko'tarildimi?!

Xalqimiz: “Qani edi, karantindan keyin ham ixcham to'y marosimlarini o'tkazsak, to'ylarning sarf-xarajati ham shundayligicha qolsaydi!” degan fikrlar bildirmoqda. Nima uchun shunday qolmasligi kerak? Ko'pchilik ma'qullasak, xalq mushtarak maqsadda bir yoqadan bosh chiqarsa, albatta, risoladagidek ixcham to'ylar bo'ladi. Bir kunlik dabdabaga ketadigan mablag'ni yoshlarning oliy ta'limda o'qishi uchun kontrakt pullariga, alohida uy-joy qilishiga, kitob jamlamalarini olishiga, til o'rganishiga, sport bilan shug'ullanishiga sarf qilinsa, o'rinli bo'lmaydimi?!

Kelinning sepiga buncha ko'rpa-to'shak nega kerak?

To'rt rax qilib xil-xil duxobadan, atlasu adrasdan ko'rpa-ko'rpachalar, yostiqlar qilish hozirda nimaga kerak? Har bir uyda kelinimiz va o'zimiz tomonidan qo'shib qilingan 20 donadan ortiq ko'rpa-to'shak va shuncha yostiqlar joy egallab yotibdi. Qishki zaxlarini olsin uchun 6 yildan buyon har yozda oftobga yoyamiz va qaytib kiritib qo'yamiz. Nima qilaylik, birovga berib bo'lmasa, tashlab yuborib bo'lmasa!

Kelin-kuyovlar bu ko'rpa-to'shakdan foydalanmaydi. Nega deganda, ularning o'zlariga mos zamonaviy, ixcham jomadonli ko'rpa-to'shaklari va yostiqlari bor. Bu paxtali to'shaklar og'ir bo'lgani uchun ularni keksalar ham yopinmaydi. Shunday ekan, ular nega kelinning sepiga taxlanadi?

Qadimda uzoqdan to'yga kelganlar to'y bo'lgan xonadonda bir necha kunlab qolib ketishgan va mana shu ko'rpa-to'shakdan foydalanishgan. U zamonlarda yo'llar olisligi, transport muammosi odamlarning bir-birinikida qolib ketishiga sabab bo'lgan. Hozirda hammaning oyog'i tagida transporti bor. Aytilgan vaqtda to'ydan chiqib uyiga yetib olish imkoni bisyor. Hatto aka-uka, opa-singillar ham birov-birovinikida yotib qolishiga vaqt yo'q. Shunday ekan, son-sanoqsiz ko'rpa-to'shak, yillab joy egallab turadigan chinni va billur idishlar ne uchun kerak? Sarpodagi ortiqcha kiyim-kechaklar, bir yil o'tmay urfdan chiqib ketadigan poyabzallar uchun ham xarajatlarni aql bilan ishlatadigan vaqt keldi. Qudalarga sotib olinadigan to'nlar o'sha kuni yelkaga tashlanadi, xolos. U zarbop to'nlar, mayda qovuq choponlarni kiyib ko'chaga chiqib bo'lmasa! Falon pulga olinadigan to'nlar yillar davomida joy egallab turaveradi, turaveradi. U to'ydan bu to'yga, u yubileydan bu yubileyga o'taveradi, o'taveradi. Mana bizning ahvolimiz.

Iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda ota-ona tomonidan farzandining boshlang'ich ta'limiga, oliy ta'limiga sarf etilayotgan mablag'ni biz tasavvur ham qilolmaymiz. Uyini sotib, qizini yaxshi maktabda o'qitgan va yillar davomida riksha degan aravada yashagan hindni aqli zaifga chiqarishimiz mumkin. Bir iste'dodli bolasi oliy ta'lim olishi, turli laboratoriyalarda tajriba o'tkazishi, qo'shimcha o'quv dasturlari sotib olishi uchun oilada 5 kishi mehnat qilib, qobiliyatini yuzaga chiqarishiga hissa qo'shgan yapon oilasini tushunishimizga hali ancha bor.

Ibratxona bo'lgan teatrga borishi uchun bolamizga 50 ming so'm bermaymiz, yil davomida uyimizga kirib keladigan xazina — gazeta va jurnallarning bir yillik obunasiga ketadigan pulni yangi ochilgan kafe yoki restoranga borib bir kunda sarf qilamiz-u, ijtimoiy tarmoqqa joylab, “mana men shundoq joyda, shundoq ovqat yeyapman”, deya ko'z-ko'zlaymiz. Pulingiz ko'pligini namoyish etmoqchisiz-da, shundaymi? Kechirasiz, bolasining o'qish kontrakt pulini topolmayotgan aka, davolanishiga mablag' izlayotgan singil, go'dak bolalarini vitaminli oziq-ovqat bilan ta'minlay olmayotgan qarindosh, kommunal to'lovlarni to'lashga qiynalayotgan qo'ni-qo'shni sizda ham bordir. Yo'q bo'lsa, atrofga qarang, siz ham bizdek maoshdan-maoshga yetishni o'ylaydigan, pensiya pulining bir qismini dori-darmonga tejab ishlatadigan nuroniylari bor jamiyatda yashayapsiz.

Yurtimizda halol mehnat bilan pul topib, uni maqsadli ishlatayotgan oilalar yildan-yilga ko'payib bormoqda. Ular yeyayotgan ovqati, uyi, yotoqxonasi, oshxonasi bilan maqtanayotganlarni aslo-aslo tushunmaydi.

Ular farzandlari bilan yangi-yangi loyihalar ustida ishlaydi, nabiralari bilan shaxmat o'ynaydi, sport musobaqalariga boradi, qizlari bilan tun kechalar uyqudan kechib, ilmiy ishlar yozadi. Ular oilaviy tadbirkorlikni yo'lga qo'yish uchun mashaqqatlar chekishdan qo'rqmaydi. Ular uchta ishchi o'rinni uch yuztaga, uch yuztani uch mingtaga yetkazishni o'ylaydi. Ular kibru havodan yiroq, manmanlardan ham uzoqroq yuradi.

Zero, ortga qaytmas islohotlarning, yashil taraqqiyot davrining talabi ham shu. Har bir qadamimizni aql bilan tashlash, har bir so'mimizni aql bilan sarflashdir.

Zulfiya MO'MINOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =