“Ma’rifat”siz o'qituvchilar

yoki davriy nashrlarga an'anaviy obunani kim qanday qarshi olmoqda?
Har yili sentyabrda galdagi yil uchun obuna boshlanganida bu g'alat mavsumni bexijolat o'tkazish yo'sinlari ko'rib chiqiladi. Umuman, gazeta yoki jurnal o'qishga da'vat etishning o'zi qanchalik to'g'ri?
Haq gap, muddatli to'lov (bo'lib berish) orqali kreditga muzlatkich olish bizni maishiy jihatdan yuksaltiradi. Ammo ma'naviy jihatdan qachon ravnaqda bo'lamiz? Kitob o'qimasak, “oynai jahon”ni ko'rmasak, radioni tinglamasak, jurnallarni varaqlamasak, bu ishtiyoq o'lgur qachon paydo bo'ladi ko'nglimizda?
Shu o'rinda bir-ikki mulohaza. U yoki bu ishxona rahbari peshqadam xodimni mukofotlayotib, qimmatbaho narsalar o'rniga biror davriy nashrga obuna qilib, uning kvitansiyasini sovg'a qilsa, yomon bo'ladimi? Bemorning oldiga meva-cheva ko'tarib borgandan ko'ra (buni oila a'zolari joyiga qo'yishadi) zerikmay o'tiring, deb bir dasta gazeta-jurnallardan eltib bersangiz, xursand bo'lmaydimi?
Men bir kishini bilaman. Har yili bir oylik maoshini deyarli yuz foiz o'ziga zarur deb bilgan nashrlarga obunaga sarflaydi. Bugungi dolg'ali davrda ham obuna masalasiga katta e'tibor bilan qarab kelayotgan ehtiromga munosib bu zot — “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni sohibi, Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek hoji Mahmudovdir. Umuman, Mahmudovlar oilasida falsafa doktorlarining ko'pligi u yoki bu nashrlarni doimiy mutolaa qilayotganliklaridan bo'lsa kerak, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
Yaqin o'tmishda savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan shiorimiz bo'lguvchi edi. Bizningcha, gazetani ham har kim, har kuni o'qishi kerak. Kun bo'yi avtobusda ham, bekatda ham, xiyobonu hatto yo'lda piyoda ketayotganda ham telefonidan ko'z uzmaydigan, ko'proq vaqtini behuda ma'lumot va axborotlarga sarflayotgan hamyurtlarimiz mundoq o'tirib, gazeta ham o'qisalar, asakalari ketadimi?!
“Majburiy obuna” degan g'alat mavsumni kasbiy nashrlarga har qanday holatda o'tkazish kerak. Hamkasblar o'rtasida yaratilgan yangi tajribalar bilan, gazeta bo'lmasa, kim tanishtiradi? Kishi o'z sohasidagi eng so'nggi tahliliy holatlarni qaerdan bilib oladi? Ixchamlik va tezkorlikni xush ko'radigan ijtimoiy tarmoqlarda tahliliy maqolalarga o'rin ajratiladimi o'zi?
Bir so'z bilan aytganda, gazeta yoki jurnal o'qimaslik avomlikka yetaklaydi. Ayniqsa, kasbiy nashrlarni (xususan, pedagogik) ta'lim sohasi vakillari ko'zga surtib o'qishlari, ulardan beminnat foydalanishlari kerak.
Shu yilning 16 sentyabr kuni O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Guliston shahridagi 2-maktabda “Bosma OAV: kecha, bugun va ertaga” mavzusida muallimlar va muharrirlar o'rtasida bevosita muloqot bo'lib o'tdi. Tadbirni viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi bo'lim boshlig'i Hilola Nazarbekova ochar ekan, poytaxtdan kelgan mehmonlarni qutladi.
Mamlakatimizning bir guruh pedagogik nashrlari bosh muharrirlari bevosita ishtirok etgan mazkur uchrashuvda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov zaldagilarga mehmonlarni tanishtirar ekan, bolalar va yoshlar ta'lim-tarbiyasida, ularni ma'naviy yuksaltirishda vaqtli matbuotning, xususan, gazeta va jurnallarning o'rni beqiyosligini alohida ta'kidlab o'tdi.
Mashvaratni “Ma’rifat” — “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Husan Nishonov anchayin kuyunchaklik bilan davom ettirdi. Aytildiki, 2024 yilda sirdaryolik ta'lim xodimlari bir dona ham “Ma’rifat” gazetasiga obuna bo'lmaganlar.
“Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, “G‘uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikovalarning ham bolalar nashrlariga bo'lgan holatdan, bemalol aytish mumkinki, hasratlaridan chang ko'tarildi. Sardoba tumanidagi 9-maktab o'qituvchisi Ozoda Gulmurodova, Boyovut tumanidagi ixtisoslashgan maktab o'qituvchisi Sayyora Ernazarovalar esa sohada o'zlarini tashvishlantirayotgan va yechimini kutayotgan qator mavzular haqida so'z yuritdilar. So'zimiz avvalida aytilgan gap-so'zlarning ham kattagina qismi mazkur uchrashuvning mazmun-mundarijasini belgilab berdi.
Ha-da, yosh avlodni yurtsevarlar qilib tarbiyalash, murg'ak ko'ngillarni, umuman, millat bolalarini ma'naviy jihatdan, tenglar ichida teng qilib kamolga yetkazish haqida bugun gapirmasak, qachon gapiramiz?
Muharrirlarning gazetxonlar bilan yuzma-yuz muloqoti yangi-yangi g'oyalarning paydo bo'lishiga olib keldi, deyish mumkin. Rost-da, o'quv-tarbiya jarayonini yaxshi yo'lga qo'yish uchun qanday komponentlar bo'lishi kerak? Yaxshi o'qituvchi, yaxshi darslik, odobli o'quvchining o'zi bu g'oyat muhim jarayonni ko'ngildagidek tashkil etish imkonini beradimi?
O'qituvchi o'z malakasini oshirib bormasa, peshqadam hamkasb tajribasi o'zlashtirilmasa, tashabbuslar faol qo'llab-quvvatlanmasa, muallim yaxshi o'qituvchi bo'la oladimi?
An'anaviy usullar qaysi jihatlari bilan afzal? Ustoz shogirdini qay darajada jazolashi maqsadga muvofiq? Oramizda afsonaviy muallim, rahmatli Oqilxon Sharafiddinovga o'xshab yaxshi o'qiydigan 1-sinf o'quvchisini rag'bat uchun yelkasiga o'tqizib maktabga olib boradigan muallimlar bormi?
Otalar o'z farzandi axloq-odobidan, maktabdagi yurish-turishidan xabar olishga vaqt topyaptimi? Mahalla noziri bitiruvchi sinflarda qancha o'quvchi borligini biladimi?
Xususiy maktab davlat ta'lim muassasasi bilan qanchalik raqobatda? Maktabingiz peshqadamlar reytingida nechanchi o'rinda ekanligini bilasizmi?
Bevosita muloqotda bu kabi savol-javoblar, fikr va mulohazalar, yechimini kutayotgan muammolar haqida ko'p gapirildi. Biroq obuna mavsumi jarayoni muallim va o'quvchi timsolida hech narsa emasligi ham bilinib turdi. Shu kuni yosh avlod ta'lim-tarbiyasida gazeta va jurnallarning ham o'rni beqiyos ekanligini anglab yetganlar ham oz emasligi kishini quvontiradi, albatta.
O'qituvchilar, maktab direktorlarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosarlari, kutubxonachilar, yuqori sinf o'quvchilari tomonidan taklif etilgan va muharrirlar tomonidan qarshi olingan mulohazalar, jurnalistlar tomonidan berilgan savollar ko'lami kengligi pedagogik nashrlarga bo'lgan munosabatlar anchayin jiddiy masala ekanligini namoyon etdi. Kundek ravshan bo'ldiki, pedagogik nashrlarimizda “Gazetalar sharhi”, “Marhamat, mutolaa qiling”, “So'ragan edingiz”, “Kitob javoningizga”, “Tanishing, jajji ijodkorlar”, “O'qing, bilimingizni oshiring”, “Yostig'im ostidagi kitob”, “Ilg'or tajriba — hammaning mulki” singari ruknlar ostida tezkor va dolzarb xabar va axborotlar e'lon qilib borilishi media maydoni va zamonida ishga kuyunchaklik bilan yondashilayotganini ko'rsatadi, deyishdi shu kuni anjuman ishtirokchilari.
Shu kuni poytaxtdan tashrif buyurgan muharrirlar bevosita muloqot chog'ida faollik ko'rsatgan o'qituvchi va o'quvchilarga esdalik sovg'alarini topshirdilar.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov bevosita muloqot ishiga yakun yasar ekan, tadbir tashkilotchilari, xususan, viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi va 2-maktab jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Bir so'z bilan aytganda, ta'lim sohasiga oid bir necha nashrlar muharrirlarining Gulistonda gazetxonlar bilan bo'lgan mazkur bevosita uchrashuvi o'qituvchi va o'quvchilarda, shuningdek, yosh qalblarda u yoki bu pedagogik nashrlarga salgina bo'lsa-da, muhabbat paydo qildi, deb aytsak bo'ladi. Amalda qanday natija bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi.
* * *
Shu kuni poytaxtlik mehmonlar Sirdaryo viloyat teleradiokanalining yangi binosini ham ko'zdan kechirdilar. Telekanal rahbari Zafar Darxanov brifinglarni yozib olish va to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatish xonalari bilan tanishtirdi. Zamonaviy binoda qator qulayliklarga ega bo'lgan teleradiokanal ijodiy jamoasi sutkasiga 18 soat ko'rsatuv va 16 soat radioeshittirishlarni efirga uzatmoqda.
— Bugun “Diyor yangiliklari” dasturimizda ilk bor sun'iy intellekt yordamida yaratilgan “suxandon”lardan foydalandik. Kelgusida ushbu yo'nalishni yanada takomillashtirish ustida izlanishlar olib borilmoqda, — dedi teleradiokanal direktori Zafar Darxanov.
Mehmonlar zamonaviy montaj va ovoz yozish xonalari, shuningdek, ma'naviyat xonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Teleradiokanal hovlisida barpo etilgan bog' ko'zdan kechirildi. Bu yerda samimiy muloqot bo'lib o'tdi. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Sirdaryo viloyat teleradiokanali bilan hamkorlikda tadbirlar o'tkazishda hamkorlik qilishga ham kelishib olindi.
Boyjigit ABDULLAYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Sirdaryo viloyati bo'limi raisi.