Turk dunyosi birdamligi

yoxud intellektual va innovatsion kelajak sari qadamlar
Zamonaviy global muhitda fanlararo yondashuvlar tobora dolzarb tus olib bormoqda. Texnologik taraqqiyot inson hayotining barcha jabhalariga chuqur kirib bormoqda. Ijtimoiy bilimlar va muhandislik-texnologik tafakkur o'rtasidagi uzviy integratsiya barqaror rivojlanishning poydevoriga aylanmoqda. Turkiy davlatlar uchun bu integratsion yondashuv strategik ahamiyatga ega bo'lib, ularning ilmiy salohiyatini, madaniy mushtarakligini va iqtisodiy taraqqiyotini uyg'un holda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Yaqinda bo'lib o'tgan “Ijtimoiy bilimlar va texnik-muhandislik turk dunyosi” mavzusidagi xalqaro simpozium ushbu kontekstda mintaqaviy hamkorlik, ilmiy izlanishlar va innovatsion tashabbuslarni bir platformada jamlagan muhim ilmiy voqelikdir. Bugun muhandislik va axborot texnologiyalari orqali ishlab chiqilayotgan aqlli tizimlar, raqamli xizmatlar, ekologik yechimlar, o'z navbatida, ijtimoiy munosabatlar, boshqaruv, axloq, til, madaniyat va bilim, ta'lim muhitiga ta'sir ko'rsatmoqda. Shu bois texnik bilimlarni faqat iqtisodiy vosita emas, balki ijtimoiy taraqqiyotning barqaror kafolati sifatida o'rganish muhim bo'lib bormoqda.
O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi qonun va davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan huquqiy asoslar — mamlakatimizda ilm-fan, til siyosati va ta'lim integratsiyasining ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi. Shu kontekstda Toshkentda o'tkazilayotgan xalqaro simpozium o'zining mavzulari, ishtirokchilari va muhokama qilinadigan masalalari bilan dolzarb ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Pedagogik talqin va tadqiqotlar
Zamonaviy ta'lim paradigmasi individual yondashuv, inklyuzivlik, kompetensiyaviy yondashuv asosida shakllanmoqda. Ushbu yo'nalish doirasida o'qituvchining zamonaviy roli, raqamli pedagogika, masofaviy ta'lim platformalari, sun'iy intellekt asosidagi o'quv modellarini joriy etish kabi dolzarb masalalar muhim o'rin tutadi.
XXI asr jamiyatida ta'lim tizimi nafaqat bilim beruvchi, balki inson kapitalini shakllantiruvchi strategik omil sifatida e'tirof etilmoqda. Bu holat pedagogik tadqiqotlarning yo'nalishi, uslubi va vazifalariga yangicha yondashuvni talab etmoqda. Ayniqsa, Turk dunyosiga mansub davlatlar uchun umumiy tarixiy-madaniy asos, til va mentalitet yaqinligi pedagogik hamkorlik uchun muhim zamin yaratadi.
Bugun pedagogik paradigmalarning yangilanishi, pedagogik tadqiqotlarda metodologik yondashuvlar, raqamli pedagogika va ta'lim transformatsiyasi, pedagogik innovatsiyalar va Turk dunyosi hamkorligi masalalari har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda. An'anaviy ta'lim modelidan konstruktivistik, kompetensiyaviy va raqamli ta'lim tizimiga o'tish global miqyosda davom etmoqda.
Zamonaviy pedagogik yondashuvlarda ko'nikma va qadriyatlarga yo'naltirilgan ta'lim, hayotiy kompetensiyalarni shakllantirish, ko'p fanli (interditsiplinar) yondashuv kun tartibining yetakchi masalalari sifatida yuzaga chiqmoqda. Qozog'iston, O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg'iziston kabi davlatlarda milliy ta'lim tizimlari xalqaro talablarga moslashtirilmoqda, raqamli dastur va platformalar keng joriy etilmoqda, zamonaviy pedagogik tadqiqotlar psixologiya, sotsiologiya, antropologiya, texnologiyalar bilan uyg'unlikda amalga oshirilmoqda. Natijada bu ta'lim oluvchi shaxsini kompleks tahlil qilish, integrallashgan usullar, video-tahlil va kuzatuv metodlarini qo'llash kabi imkoniyatlarning ta'minlanishiga erishilmoqda.
“COVID-19” pandemiyasi global miqyosda ta'limni raqamlashtirish zaruriyatini keskin kuchaytirdi. Bugungi kunda sun'iy intellekt asosida individual o'quv dasturlarini yaratish, interfaol o'qitish texnologiyalarini keng tatbiq qilish, “Onlayn-maktab”, “Xalqaro fan bellashuvlari”, “edumarket” kabi loyihalar muhim o'rin tutmoqda.
Turk dunyosi mamlakatlari uchun umumiy tarixiy-madaniy meros, bir-biriga yaqin lingvistik, madaniy, didaktik asos, model uyg'unliklari mavjudligi hamkorlikda amalga oshirish imkonini beradi.
Pedagogik tadqiqotlar faqat nazariy g'oyalar emas, balki Turk dunyosi olimlari o'rtasidagi tajriba almashinuvi va xalqaro hamkorlik bilan uyg'un holda rivojlanar ekan, Turk dunyosi davlatlari o'rtasida pedagogik sohada tajriba almashinuvining professional rivojlanishini ta'minlovchi raqamli platformalarni yaratish, “Pedagogik hamkorlik” Turk kengashi doirasida uzoq muddatli strategik dasturni yo'lga qo'yish masalalari ham muhim va birlamchi vazifalar sifatida qayd qilinishi zarur deb hisoblaymiz.
Filologiya: tadqiq va ta'lim
Filologiya yo'nalishi turkiy tillar tadqiqoti, adabiy meros, tarjima nazariyasi, terminologiya, leksikografiya va til siyosatiga oid dolzarb muammolarni qamrab oladi. Ayniqsa, o'zbek tilini rivojlantirish konsepsiyasiga mos tarzda, zamonaviy lingvistik uslublar, korpus lingvistika va sun'iy intellekt vositalaridan foydalanish masalalari alohida ahamiyatga ega.
Turkiy davlatlarning madaniy, tarixiy va til jihatidan umumiy ildizga ega bo'lishi filologiya fanining bu makonda o'ziga xos strategik va birlashtiruvchi rolini belgilaydi. So'nggi yillarda til siyosati, leksikografiya, tarjima nazariyasi, adabiy merosni tadqiq etish va raqamli filologiya sohalarida yirik tadqiqotlar olib borilmoqda. Filologiya tadqiqi va ta'limi masalalari ham xalqaro hamkorlikni mustahkamlovchi asosiy platformalardan biridir.
Turkiy tillar, lingvistik qarindoshlik, terminologik uyg'unlik, tarixiy-lisoniy birlik masalasi ham alohida yondashuv. Turkiy tillar — qadimiy ildizga ega bo'lgan, morfologik va leksik jihatdan o'zaro yaqin tillar tizimidir. Ular orasidagi aglyutinativlik xususiyati; so'z yasashda qo'shimchalar tizimi; bazaviy lug'aviy birikmalar o'xshashligi; fonetik parallelizm kabi umumiyliklar zamonaviy tilshunoslikda komparativ va kontrastiv tadqiqotlar uchun qulay zamin yaratadi.
Turkiy davlatlar o'rtasida terminologiya va leksikografiya, ilmiy va texnikaviy terminlarni yagona negizda standartlashtirish muhim vazifa hisoblanadi. Bu borada ham qo'shma turkiy til korpuslari yaratish, ilmiy-texnik atamalarni uyg'unlashtirish, umumturkiy onlayn lug'atlar va tarjima platformalarini ishlab chiqish oldimizda turgan vazifalardan sanaladi.
Masalan, O'zbekiston va Turkiya filologlari hamkorligida “O'zbekcha-turkcha” terminlar lug'atlari, onlayn korpus loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Korpus tilshunosligi bugungi kunda filologik tadqiqotlarda asosiy vositaga aylanmoqda. Yirik matnlar bazasiga tayangan holda so'zlar ishlatilish chastotasi; til birliklarining kontekstda ishlatilishi; sinonimlar, antonimlar, kollokatsiyalarni tahlil qilish kabi imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadga muvofiq. Shuningdek, Turk dunyosida umumiy turkiy til korpuslarini yaratish orqali lingvistik analizni yangi bosqichga olib chiqish mumkin.
Axborot texnologiyalari vositalari yordamida avtomatik tarjima, matnni analiz qilish, nutqni tanish va lingvometrik tadqiqotlar ham amalga oshirilmoqda. Bu esa adabiy matnlarni tematik va stilistik tahlil qilishni avtomatlashtirish, talabalarning yozma nutqini baholashda sun'iy intellekt yondashuvlaridan foydalanish imkonini beradi.
Lingvodidaktik hamkorlik doirasida turkiy davlatlar o'rtasida o'zaro o'qituvchilar almashinuvi, yozgi maktablar, metodik seminarlar tashkil etilishi ham ta'lim integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, turkiy tillarni o'qitish bo'yicha qo'shma darsliklar yaratish; “Til va madaniyat” tamoyiliga asoslangan integratsion dasturlar; magistratura va doktorantura bo'yicha qo'shma dasturlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Turkiy xalqlarning adabiy merosi — umumiy madaniyatning ajralmas qismi. Shoir va yozuvchilarning asarlarini zamonaviy ilmiy talqin qilish, nashr etish va tarjima qilish mumtoz adabiyot namunalarining kritik nashrlari, turkiy adabiyotda tipologik umumiyliklar, turkiy shoir va yozuvchilarning adabiy bog'liqligi va o'zaro ta'siri bo'yicha alohida tadqiqotlar ta'minlanishi zarur. Hozirda Alisher Navoiy va Yunus Emro, Abay va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi o'rtasidagi umumiyliklar zamonaviy adabiyotshunoslik tadqiqotlarida chuqur o'rganilmoqda.
Filologiya — Turk dunyosini birlashtiruvchi kuchli madaniy-intellektual platformadir. Umumiy lingvistik asosga ega bo'lgan turkiy tillar o'rtasidagi integratsiyalashgan tadqiqotlar, qo'shma terminologik va lingvodidaktik loyihalar filologik rivojlanishga kuchli turtki beradi. Raqamli vositalar va sun'iy intellektni filologik tahlilga joriy etish orqaligina fan va ta'lim zamon bilan hamnafas bo'la oladi.
O'zbek, turk, qozoq, qirg'iz, ozar tillarida darsliklar, korpuslar, multimedia resurslari yaratish — zamonaviy filologiya oldida turgan muhim vazifalardandir. Turkiy tillar orasida o'zaro terminologik uyg'unlik, leksik-morfologik parallelliklarni o'rganish, ularni yagona ilmiy asosga keltirish dolzarb bo'lib qolmoqda.
Yashil iqtisodiyot va raqamli texnologiyalar
XXI asrning eng dolzarb chaqiriqlaridan biri — ekologik inqiroz va raqamli o'zgarishlardir. Shu sababli turkiy davlatlar barqaror taraqqiyot modelini yaratishda yashil iqtisodiyot konsepsiyasini ilgari surmoqda. Bu model atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda iqtisodiy o'sishni ta'minlashga qaratilgan bo'lib, u raqamli texnologiyalar bilan uzviy bog'liqdir. Yashil texnologiyalar va sun'iy intellekt asosida ishlab chiqilayotgan raqamli tizimlar ekologik muvozanatni saqlashda asosiy rol o'ynamoqda.
Yashil iqtisodiyot — bu kam uglerodli, resurslarni samarali boshqaruvchi va ijtimoiy inklyuziv iqtisodiyotdir. Ekologik toza energiya manbalaridan foydalanish (quyosh, shamol, biomassa), resurslarni tejash va takroriy ishlatish, “nolsarf” konsepsiyasini joriy qilish, barqaror qishloq xo'jaligi va ekologik sanoatni rivojlantirish uning asosiy tamoyilidir.
Turk dunyosida yashil o'zgarishlar doirasida quyidagi tashabbuslar amalga oshirilmoqda: O'zbekistonda “Yashil energiya” milliy strategiyasi qabul qilinib, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi boshlangan. Turkiyada 2030 yilgacha 30 foiz energiyani qayta tiklanuvchi manbalardan olish maqsad qilingan. Qozog'iston va Ozarbayjonda “Yashil iqtisodiyot – 2050” dasturi doirasida ekologik transport tizimlari joriy qilinmoqda.
Raqamli texnologiyalar: yashil iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi
Raqamli texnologiyalar — yashil iqtisodiyotning samarali vositasidir. Ular orqali resurslar (suv, elektr, gaz) sarfini onlayn monitoring qilish; sun'iy intellekt asosida energiyani avtomatik boshqarish tizimlarini joriy etish; agrotexnologiyalarda “aqlli sug'orish” va dronlardan foydalanish; shahar infratuzilmasini “aqlli shahar” modeliga o'tkazish mumkin.
Yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda ta'lim muhim ahamiyat kasb etadi. Ekologiya va raqamli texnologiyalarni birlashtirgan interfakultet kurslari, “Yashil muhandislik” bo'yicha magistratura dasturlari, virtual laboratoriyalar bo'yicha o'quv dasturlari joriy etilmoqda.
Turkiy davlatlar o'rtasida ekologik ilmiy tadqiqotlar bo'yicha xalqaro grantlar, loyiha tanlovlari, qo'shma laboratoriyalar tashkil etilishi juda ham dolzarb. Texnologik tengsizlikni bartaraf etish, barcha hududlarda raqamli infratuzilmani rivojlantirish va ekologik muammolarni diplomatik kun tartibiga olib chiqish va BMT, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar orqali hamkorlik qilish muhim.
Yashil iqtisodiyot va raqamli texnologiyalar uyg'unligi orqali turkiy davlatlarning barqaror taraqqiyotga erishish imkoniyatlari oshadi. Yashil startaplar va texnologik innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash ekologik xavfsizlikni ta'minlaydi. Shunga monand, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalari o'rtasida raqamli hamkorlik platformalarini yaratish, yangi ilmiy loyihalarni yo'lga qo'yish dolzarbdir. Yashil diplomatiya va raqamli adolat konsepsiyalarini xalqaro darajada ilgari surish — Turk dunyosi obro'sini oshiradi. Xususan, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo'jaligida dron texnologiyalari, “smart city” loyihalari — bular zamonaviy texnologik taraqqiyot va ekologik barqarorlik o'rtasidagi muvozanatni ifodalaydi.
Turkiy davlatlar tarixi va madaniyati
Turkiy xalqlar — Markaziy Osiyodan Yaqin Sharq, Kavkaz va Sharqiy Yevropagacha bo'lgan ulkan hududlarda yashovchi qadimiy va boy tarixiy-madaniy merosga ega elatlardir. Ularning mushtarak tili, diniy e'tiqodi, madaniy qadriyatlari, urf-odatlari va tarixiy xotirasi asrlar davomida xalqlararo birdamlik va hamkorlikning tayanchi bo'lib xizmat qilgan. Bugungi kunda turkiy davlatlar o'rtasidagi integratsion jarayonlar tarixiy ildizlarga tayanib, yangi bosqichga ko'tarilmoqda.
Ma'lumki, turkiy xalqlarning ilk davlatchiligi eramizdan avvalgi davrlarga borib taqaladi: Xunlar imperiyasi (miloddan avvalgi II-I asrlar): turkiy siyosiy va harbiy tashkilotchilikning ilk namunasi. Turk xoqonligi (VI-VIII asrlar): birinchi bor “turk” nomi siyosiy va etnik birlik sifatida tarixda tilga olinadi. Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar kabi yirik davlatlar turkiy xalqlarning davlat boshqaruvi, adabiyoti va madaniyatining yuksalishiga xizmat qilgan.
VIII asrdan boshlab islom dini bilan tanishish turkiy xalqlar madaniyatida tub burilish yasadi. Turkiy-islom madaniyati shakllanib, al-Forobiy, Beruniy, ibn Sino, Yassaviy, Navoiy, Bobur kabi allomalar tomonidan ilm-fan, adabiyot va falsafa rivojlandi. Bu davrda arab yozuvi, islomiy etika, tasavvuf an'analari turkiy xalqlar dunyoqarashi va hayot tarziga chuqur singdi.
Turkiy xalqlarda og'zaki ijod (doston, qo'shiqlar, maqollar) asrlar davomida xalqning tarixiy xotirasini saqlab qoldi. Yozma adabiyotda esa umumturkiy qahramonlar — Alp Er To'nga, To'maris, o'trorlik Forobiy kabi obrazlar paydo bo'ldi. Turkiy xalqlarning xattotlik, naqqoshlik, gilamdo'zlik kabi an'anaviy san'at turlari butun dunyo madaniy merosiga kiradi. Buxoro, Samarqand, Istanbul, Boku, Qozon, Ashxobod, Bishkek kabi shaharlarda qad ko'targan madaniy obidalar umumturk tamaddunining durdonalaridir.
Turkiy xalqlar umumiy tarixiy-madaniy ildizlarga ega bo'lib, bu ulkan boylik zamonaviy integratsiya uchun mustahkam asosdir. TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida madaniyat, ta'lim, san'at va ilm-fan yo'nalishlarida faol hamkorlikni kuchaytirish lozim.
Umumturkiy tarix va adabiy meros asosida birgalikdagi o'quv dasturlari, xalqaro tanlovlar, ilmiy loyihalar ishlab chiqilishi muhimdir. Yoshlar orasida umumturkiy o'zlikni shakllantirish uchun raqamli platformalar, podkastlar, veb-seriallar, mobil ilovalar yaratish istiqbollidir. Turkiy xalqlar tarixiy birligi, madaniy merosi, yozma yodgorliklar, arxeologik izlanishlar, etnologik jihatlar bu yo'nalish doirasida ilmiy asosda ochib berilmoqda. Shu bilan birga, madaniy diplomatiya, tarixiy qarashlar tahlili va umumturkiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari muhokama markazida turadi. Yangi arxiv manbalari asosida tarixiy faktlarni qayta talqin qilish, madaniy integratsiyani chuqurlashtirish yo'lidagi ilmiy qadamlar Turk dunyosi birdamligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Texnologiya va tafakkur asri
Axborot texnologiyalari, matematik modellashtirish, sun'iy intellekt, raqamli tizimlar va kiberxavfsizlik kabi sohalar bugungi kunda nafaqat iqtisodiy, balki strategik xavfsizlik masalalarida ham muhim o'rin tutadi. Simpoziumda bu yo'nalishlar bo'yicha zamonaviy ilmiy ishlanmalar, patentlar, prototiplar, hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.
Raqamli transformatsiya, sun'iy intellekt, avtomatlashtirish, energetika va ekologik barqarorlik muhandislik fanining asosiy yo'nalishlariga aylanmoqda. Turkiy davlatlar bu sohalarda o'zaro integratsiya, ilmiy-tadqiqot almashinuvi, muhandislik universitetlari o'rtasidagi hamkorlik orqali mintaqaviy taraqqiyotga katta hissa qo'shmoqda.
Muhandislik qadimda arxitektura va harbiy texnika bilan bog'liq bo'lsa, hozirda u sun'iy intellekt, nanotexnologiyalar, bioinjiniring va robototexnika kabi murakkab sohalarni qamrab olmoqda. Jahon banki ma'lumotiga ko'ra, 2023 yilga kelib texnik oliy ma'lumotga ega mutaxassislar mehnat bozoridagi eng talabgir kadrlarga aylangan. Masofaviy ta'lim, virtual laboratoriyalar va simulyatsiya asosidagi mashg'ulotlar yoshlar orasida texnik kompetensiyalarni oshirmoqda.
Muhandislik sohasida mutaxassislar yetishmovchiligi — ayrim mintaqalarda kadrlar migratsiyasi yuqoriligi, ilmiy grantlar, texnologik tadqiqotlarga ajratilayotgan mablag'lar miqdorining beqarorligi, turli davlatlar o'rtasida standartlar va sertifikatlashtirish tizimlarida tafovutlar mavjudligi kabi muammolarning yechimlari doirasida umumturk muhandislik assotsiatsiyasini tashkil qilish, umumiy normativ hujjatlar bazasini yaratish, texnologik startaplarni qo'llab-quvvatlovchi umumiy sarmoya jamg'armasini tuzish, muhandislik oliy bilimgohlari o'rtasida “Turk Tech Week” formatida yillik ilmiy tanlov va ko'rgazmalar o'tkazish lozim deb hisoblash mumkin.
Turkiy dunyo muhandislik va texnologik bilimlar sohasida o'zaro hamkorlikni mustahkamlash orqali global miqyosda raqobatbardosh mintaqaga aylanishi mumkin. Ilmiy almashinuv, ta'limda integratsiya, texnoparklar faoliyatining kengaytirilishi orqali biz nafaqat iqtisodiy barqarorlik, balki intellektual uyg'onishni ham ta'minlashimiz mumkin.
Turk davlatlari orasida muhandislik yo'nalishlarida ilmiy-klaster asosidagi hamkorlik, qo'shma texnoparklar tashkil etish istiqbollari ayni damda dolzarb vazifa sifatida ilgari surilmoqda.
Mazkur xalqaro simpozium nafaqat ilmiy almashinuv, balki turkiy tilli mamlakatlar o'rtasida strategik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Har bir yo'nalish bugungi dunyo taraqqiyotining muhim yo'nalishlariga mos kelib, nafaqat nazariy, balki amaliy yechimlarni ham taklif qilmoqda. Yaqin istiqbolda bu simpozium tavsiyalari asosida qo'shma ilmiy dasturlar, nashrlar va loyihalar shakllanishi kutiladi.
XXI asr — texnologiya va tafakkur asri. Yangi asrning asosiy talabi esa ijtimoiy tafakkur bilan texnologik taraqqiyotni uzviy uyg'unlashtirishdir. Turkiy davlatlar bu yo'nalishda barqarorlik, innovatsiya, fan va jamiyatning integratsiyasi orqali yangi uyg'onish sari harakat qilmoqda.
Simpoziumning “Ijtimoiy bilimlar va texnik-muhandislik turk dunyosi” yo'nalishi inson kapitalini rivojlantirish, texnologiyalarni ijtimoiy hayotga tatbiq etish, raqamli madaniyat va ekologik ongni shakllantirish, muhandislik tafakkurini ijtimoiy ehtiyojlar bilan uyg'unlashtirish kabi strategik vazifalarni nazarda tutadi..
Muhandislik va texnologik bilimlar yordamida qurilayotgan aqlli shaharlar, avtomatlashtirilgan tarmoq tizimlari, ekologik muhandislik vositalari ijtimoiy sohalar: ta'lim, sog'liqni saqlash, boshqaruv, transport va hatto til siyosatiga ham bevosita ta'sir ko'rsatmoqda. Bu holat fanlararo yondashuv va ijtimoiy-texnologik integratsiyani davr zaruratiga aylantirmoqda.
Ilmiy-amaliy konferensiya va simpoziumlar Turkiy davlatlar uchun nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki strategik sheriklik va global tashabbuslarning boshlanish nuqtasidir. Tashabbus va muhokamalar, albatta, yaqin davr ichida umumturkiy ijtimoiy-texnologik forumning asosiy konsepsiyasiga aylanishiga ishonamiz.
Ijtimoiy tafakkur bilan texnologik tafakkur uyg'unligi muhokama qilinishi — zamon, davr talabi. Turkiy xalqlarning ilmiy-siyosiy va madaniy taraqqiyotida muhim burilish yasaydi deb umid qilamiz. Ilmiy tadqiqotlar, qo'shma texnoparklar, xalqaro grantlar, raqamli ta'lim platformalari — bularning barchasi Turk dunyosining global maydonda barqaror va uzviy taraqqiyot yo'liga kirayotganini ko'rsatadi.
Nusratilla BARAKAYEV,
Renessans ta'lim universiteti rektori,
texnika fanlari doktori,
professor.