Ko'p narsa, avvalo, o'zimizga bog'liq

Senator, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalarining bosh muharriri Husan ERMATOV bilan suhbat
— Husan aka, sizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizni doimo kuzatib boraman. Tanqidiy va o'rinli munosabatlaringiz hamkasblarimiz davrasida qizg'in muhokamalarga sabab bo'lganiga bir necha bor guvoh bo'lganman. Keling, bayram bayramdek, suhbat suhbatdek bo'lsin, dastlab so'zingizni joriy yilning 10 iyun kuni joylagan mulohazalaringiz shukuhi bilan boshlaylik…
— 9 iyun kuni Moskvada edim. MDH Parlamentlararo Forumida o'zbek parlamenti vakili sifatida qatnashdim va so'zga chiqdim. To'g'risi, Davlat Dumasi majlislar zalida Pushkinning she'rini hali o'zbek tilida hech kim o'qimagan bo'lsa kerak. Va yana bir ma'lumot yig'ilganlarning katta qiziqishiga sabab bo'ldi: Prezidentimiz tashabbusi bilan “Rus adabiyoti durdonalari” turkumidan 100 jildlik to'plamning nashr etilgani. Gap bu yerda Prezidentning kitobxonlikka, adabiyotga, qolaversa, adabiyotda alohida o'rin tutgan rus adabiyotining go'zal durdonalari o'zbek o'quvchisiga yetib borishiga bo'lgan e'tiborida edi. Kechqurun Forum ishtirokchilariga qabul marosimi tashkil etildi va unda asosiy qahramon O'zbekiston va uning vakillari, ya'ni biz bo'ldik. Yonimda o'tirgan Qozog'iston parlamenti vakili o'zbek futbolining bu ulkan yutug'idan mendan kam xursand bo'lgani yo'q, qolaversa, har bir golni barcha yig'ilganlar o'rnidan turib qarshi olishdi. Davradoshlarim bir ovozdan JChda O'zbekistonga muxlislik qilishga va'da berishdi. Kechagi kayfiyatim haddi a'losida bo'lganini ta'riflashga so'z topish qiyin. Qalbim g'urur va iftixorga to'ldi, qo'shni qardoshlarimiz men bilan quchoqlashib, bu g'alabani o'zlariniki kabi qabul qilishganidan behad quvondim. Mana shu iliqlik, samimiylikni yaqin yetti-sakkiz yil oldin xayolimizga ham keltirgan emasmiz. Bu, aslida, mintaqamiz, xalqlarimiz uchun bebaho ne'mat va yutuqdir. Bunga erishishda hurmatli Yurtboshimiz ozmuncha harakat qildilarmi?
Yutuqlar, g'alabalar pokiza qalbli insonlarga, odilona siyosat, ahilchilik, samimiyat, ezgulikka yo'g'rilgan ishlar bilan keladi. Aziz do'stlar, futbolning rivojiga yaqinda bo'lib o'tgan tadbir, unda Prezidentning shaxsan ishtirok etishi, butun stadion guvohligida farzandlarini siylagani, ularga mukofotlar berib, chin otalik mehrini ko'rsatgani, qolaversa, bir necha davlat rahbarlarini, hukumatlar boshliqlarini turnaqator qilib olib borganlari qanchalar katta turtki, rag'bat berishini tasavvur qilib ko'raylik. Ilohim, yurtimizga, Yurtboshimizga ko'z tegmasin. Barchamiz mana shu ezgu niyatlar yo'lida Yo'lboshchimizga yelkadosh bo'laylik! Futbolimiz ham, ona Vatanimizning har bir jabhadagi qadamlari ham shiddatli, g'olibona bo'laversin!
— Ilohim. Aytganingiz kelsin Husan aka, O'zbekiston Qahramoni, taniqli adib, mahoratli tarjimon Ibrohim G'afurov “Fitrat va millat tanqidi” deb nomlangan maqolasida shunday deydi: “Evropa xabarsizlikka qarshi bir qurolni o'ylab topdiki, u har qanday ma'rifatli amirdan ham qudratliroq va ta'sirchanroq bo'lib chiqdi. Men gazetani nazarda tutyapman. Turonda yoppasiga xabarsizlikka qarshi jangni eng muvaffaqiyatli sur'atda olib borgan narsa rostdan ham gazeta, bosma kitob va jurnallar bo'ldi. Taraqqiyparvarlarimiz gazeta millatning qiyofasini shakllantiradigan tengsiz murabbiy ekanligini tez anglab yetdilar”. Bugungi kunimizda esa…
— Gapni cho'zmasdan, indalloga o'taman. Biz ko'p yillar davomida gazetalardan, asosan, mafkura quroli sifatida foydalanib kelganmiz. Natijada jurnalistikada ko'p narsa yo'qotdik. Shu o'rinda bir taklifim bor: yurtimizdagi ziyoli qatlam vakillari — adiblar, pedagoglar, faylasuflar, siyosatshunoslardan iborat bir xolis kengash tuzilsa… Ular gazetalarni bir varaqlab, bosma nashrlar saviyasiga baho berishsa. Tashqaridan turib “Gazeta nimaga kerak, unda nima bor?” degan gapni aytish juda oson bo'lib qoldi. Qachon bir gazeta o'qigandingiz, desangiz, javobi yo'q. Bu insofdan emas. Bugun ham jiddiy tahlillar bor gazetalarda, tanqid ham yetarli. Faqat unga e'tibor havas qilarlik emas.
Mutasaddilarda ham savod, ilm darajasi odamni uyaltiradigan ahvolda bo'lib yotibdi. Ko'pincha vazirlik va idoralar biz qo'yayotgan savollarga qanday javob berish kerakligiga salohiyatlari yetmay qolayapti. Men buni juda achinarli hol, deb o'ylayman. Eng muhim yo'nalishlarda — iqtisodiyot, ta'lim, qishloq xo'jaligi yo'nalishlarida tahririyatimiz qo'ygan savollarga qoniqish hosil qilsa bo'ladigan javoblar ololmaymiz. Nega shunday bo'lyapti, mana bu bizni o'ylantirishi lozim, aslida.
Hozir butun dunyoda ham bosma nashrlar biz ko'rayotgan muammolarga duch kelayotgani bor gap. Ularning adadlari kamayayotgani ham rost. Biroq bu degani ular egasiz qolib ketyapti, degani emas.
Masalan, yaqinda Moskvada bo'lgan chog'imda taniqli jurnalist Olga Vladimirova bilan shu mavzuda suhbatlashib qoldim. Buni qarangki, shuncha mashaqqatlarga qaramay, Rossiyada ayni paytda 100 minglab nusxada nashr etilayotgan gazetalar ham bor ekan. Tiraji shunday bo'lgan gazetalardan birini qiziqib varaqlab ko'rdim. To'g'risini aytsam, meni hayratga soladigan o'zgarish yoki yangilik topganim yo'q.
Qizig'i, hali-hamon ruslar gazetadan mafkura targ'ibotchisi sifatida jiddiy foydalanishmoqda. Mehmonxonalarda nonushtaga tushsangiz, hech qursa, ikki-uchta gazetani taqdim qilishadi, bepul. O'qiydi odamlar. Mehmonxonaga joylashganlarning orasida boshqa yurtning odamlari qancha? Demak, ularga Rossiya propagandasi o'zining yumshoq kuchi bilan ta'sir qilyapti. Bu, aslida, muhim masala.
— O'tgan 2024 yilda sizning “Sokin daryo mavjlari” nomli yangi kitobingiz nashrdan chiqdi. Bu kitob yurtimiz ziyolilari va yosh jurnalistlar uchun o'ziga xos tuhfa bo'ldi, desak, adashmagan bo'lamiz. Unda jamlangan suhbatlaringizdan birida: “Bugungi jurnalistikamizdan qoniqmayman. Yaxshi jurnalistlar kam. Davlat siyosati, tashqi aloqalar, umuman olganda, milliy manfaatlarimizni yetarlicha yorita oladigan OAV yo'q”, deya fikr bildirgansiz…
— Nazarimda, asosiy gap o'zimizda. Yillar davomida gazetalarga majburiy obunaga zo'r berib, ularga bosimlar o'tkazib kelindi. O'n yillab tanqid berilmadi, muammolar ko'tarilmadi. Jamiyatda kuchli iqtisodchi, kuchli tahlilchi, siyosiy sharhlovchilarga ehtiyoj ham so'ndirildi. Qarabsizki, endi iqtisodiy tahlil yo'q, deya jar solamiz. Rostdan ham iqtisodni yaxshi tushunadigan, jarayonlarga teran nigoh bilan munosabat bildira oladigan jurnalistlar topilmayapti. Yoki siyosiy sharhlarni olaylik. Biz xabarchi bo'lib qolganmiz, bu voqealarning tub ildiziga yetib boradigan, sabab va oqibatlari haqida jiddiy mulohaza bildira oladigan mutaxassislarga ham ehtiyojimiz katta. Bu faqat gazetada emas, tele va radiojurnalistlarimiz orasida ham katta muammo bo'lib yotibdi. Jamiyatda ilmga ehtiyojni yillar davomida so'ndirganimizning oqibatlari mana shular-da. Hozirda OAVning biron-bir turida milliy manfaatlarni himoya qilish tugul, bu masalaga yaqin kelayotganlari ham yo'q hisobi.
Ertaga bizni nima kutyapti? Bu savol atrofida mulohaza yuritish o'rniga faqat bir-birimizni qoralash, ayblash, bema'ni va mayda masalalar atrofida tortishish bilan ovoramiz. Aksariyat ziyolilarimizning qarichlari bugungi mezonlarga mos kelmasligidan ba'zan juda xafa bo'lib ketaman. Ayni davr tarixini yaratayotgan insonlarmiz. Yarata olyapmizmi? Yo'q, menimcha.
Endi zamonaviy jurnalistikani qanday rivojlantirish borasidagi mulohazalarni o'rtaga tashlashimiz muhimdir. Biz ijtimoiy-siyosiy tahlilni, iqtisodiy sharhlarni tayyorlash masalasida nihoyatda oqsayapmiz.
Prezidentimiz milliy kontentni o'zimiz yaratishimiz kerak, dedilar. Bu, aslida, biz jurnalistlarga qarata aytilgan eng katta tanbeh. Milliy kontent yarata olmayotgan qavmga davlat rahbarining e'tirozi bu. Yana bir o'rinda Yurtboshimiz qalam ahlini mudofaa va xavfsizlik sohasidan ahamiyati jihatidan qolishmaydigan soha deb qayd etdi.
Atrofga qarang, bugun axborot maydonlaridagi “jang”lar urush maydonlaridagi to'qnashuvlardan kam bo'layotgani yo'q. Demak, milliy kontentning egasi o'zimiz chiqmas ekanmiz, biz bekor yuribmiz bu sohada.
— Darhaqiqat, shu o'rinda “Vatan” jurnali haqida ham to'xtalib o'tsak. Nazarimda, milliy kontent maqomiga to'g'ri keladigan sanoqli kontentlardan biri “Vatan”dir…
— Yurtboshimizning Milliy kontent haqidagi fikrlaridan keyin muassisimiz O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Mirsoatovich Rafiqov bizning oldimizga Prezidentimiz chaqiriqlariga qanday javob beramiz, degan masalani ko'ndalang qo'ydilar. Shu tariqa “Vatan” jurnaliga asos solindi. O'tgan yildan jurnal har chorakda nashr etila boshlandi. Birinchi sonini respublika bo'ylab barcha rahbarlarga tarqatdik. Samarqand viloyatining o'sha paytdagi hokimi Erkinjon Turdimov jurnal yetib borgan kuniyoq qo'ng'iroq qilib: “Bu jurnalga qanday qilib obuna bo'lish mumkin? Viloyatimizdagi har bir maktabda mana shunday saviyadagi jurnal bo'lishini istaymiz”, dedi. 1272 ta, Samarqanddagi shuncha maktab yil davomida “Vatan”ni o'qidi. Qarang, agar rahbar chin ziyoli bo'lsa, shunday bo'ladi-da.
Yil boshida jurnalning ingliz tilidagi versiyasini chop etdik. Uning taqdimotida 30 dan ortiq davlatning mamlakatimizdagi elchilari ishtirok etishdi. Elchilarimiz: “Bu jurnalning har bir sonini bizga yetkazinglar, yurtingiz haqida hikoya qiluvchi zo'r jurnal ekan”, deyishdi. Demoqchimanki, gazeta-jurnallarimiz, TV, radiodagi eshittirish va ko'rsatuvlarimiz bugungi kun odamlarining ma'naviy ehtiyojiga, saviyasiga javob beradigan bo'lsa, odamlar asta-sekin bizga ishona boshlaydi.
Yana bir misol: “Hurriyat” gazetasida chop etilgan bir maqolada Buxoro va Sirdaryo viloyati rahbarlari faoliyati qiyoslab tahlil qilingan. Sirdaryoda aksariyat rahbarlar “Men ish kunimni gazeta varaqlash bilan boshlayman” deyapti, Buxoroda esa buning aksi.
Uch yil oldin “Ishonch”ning shu kungacha nashr etilgan barcha sonlarining “pdf” variantini shakllantirdik, ya'ni 30 yillik tarixni tikladik. Shunda gazeta nega kerakligiga yana bir dastak topdik. Uning sahifalarini varaqlaganingiz sari butun bir tariximizning bor voqeliklari ko'z o'ngingizda, shuuringizda jonlanadi. O'sha paytlardagi muhit havosini sezasiz. Gazetasi chiqmayotgan Toshkent shahar hokimligi nahotki shu oddiy haqiqatni anglay olmaydi? Mana sizga savol.
O'ylaymanki, mana shu yerda yuqoridagi uchta savolingizning javoblariga nuqta qo'yilyapti.
— Ilmiy ish ham qilayotgan ekansiz. Mavzusi mediakonvergensiya yo'nalishida ekan. Bugungi konvergentlashuvdan qanchalik qoniqyapsiz?
— Ha, ilmiy tadqiqotlar olib borishning kechi yo'q deb hisoblayman. Nasib bo'lsa, shu kunlarda ilmiy ish himoyasi bo'lib o'tishi kutilmoqda. Axir, mediaolam shitob bilan ilgarilab ketmoqda. Agar MDH doirasida olsak, bu sohada bir-birimizdan juda ilgarilab ketar darajada farq qilmaymiz. Hatto Rossiyada ham konvergensiya hali maqtanarli holda emas. O'zimizda qanday? Bir qator chizgilar bor, saytlar, mediamarkazlar paydo bo'ldi, turli shakldagi kontentlar tayyorlayapmiz. Biroq auditoriya bilan ishlash borasida, kontentning asl egasini topish borasida oqsayapmiz.
Hozir telekanallar reytingni ko'tarish borasida harakat qilishyapti. Ammo bu ham o'ziga xos bahsli masala. Chunki tomoshabinning sifati ham o'rganilishi lozim.
— Husan aka, o'zingiz boshlovchilik qilayotgan “UUZMA-YUZ+” dasturi siyosiy tafakkurni rivojlantiradigan ajoyib dastur bo'libdi…
— Aslida, bu ham o'zimiz haqimizdagi axborotga o'zimiz egalik qilishimiz sari qo'yilgan bir qadam deb o'ylayman. Hozir dunyoning ko'plab xalqaro birlashmalari, davlatlari nigohi O'zbekistonga qadalgan. Men O'zbekiston dunyoga chiqdi, deb emas, Dunyo O'zbekistonga keldi, deb aytgim keladi. Shunday tarixiy davrga keldik. Parlamentlararo Ittifoqning yubiley assambleyasida ittifoqning bosh kotibi Chungong janoblari bilan “Yuzma-yuz+” yozdik. Uning O'zbekiston va uning Prezidenti haqidagi gaplarini hayajonsiz tinglab bo'lmaydi. Havas va hayrat bilan to'lqinlanib gapirdi, agar ko'rgan bo'lsangiz.
— Ha, ko'rdim albatta. Juda ta'sirchan suhbat bo'ldi.
— Rahmat. Shuni aniq ishonch bilan aytishni istardimki, “Markaziy Osiyo+” formati xalqaro hamjamiyat uchun alohida bir namuna bo'la oladi, deyishyapti ekspertlar. Agar sanasak, judayam ko'p gaplar bor. Lekin bularning ahamiyatini yoritib bera olyapmizmi? O'ylab ko'raylik, har qanday mamlakat OAVsi o'z milliy manfaatlarini himoya qilib efir tayyorlaydi. Lekin ularning aksari ishonarli, dalillarga asoslanib, turli qarashlarni tizib qo'yib, bir so'z bilan aytganda, tomoshabin yoki tinglovchini zeriktirmasdan ushlab o'tiradi, hech kim buning uchun uni maddohlikda ayblamaydi ham. Biz esa ko'pincha eng primitiv yo'ldan boramiz, konstatatsiya, xabarlarda biryoqlamalik darhol seziladi. Bu nima? Bu, aslida, mahoratimizning yetishmayotgani. Keyin… Tomoshabin ham yo'q, reyting ham haminqadar. Muammo mana shunda.
Biz 27 iyunni, ya'ni kasb bayramimizni faqat sovg'alar olish, tabriklashlar bilan emas, sohada erishilgan ijodiy yutuqlar, kasbiy mahorat bobida, konvergentlashuv yo'nalishidagi natijalarimizni tahlil qilish bilan ham nishonlab borishga o'tishimiz kerak. Ba'zida ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi hamkasblarimizning falon yildan buyon ishlayman, hali biror mukofot berishmadi, deb ochiqcha ta'na qilishlarini o'qib, to'g'risi, xijolatdan bo'larim bo'lib ketadi. Birodar, shuncha yildan beri noto'g'ri joyda o'tirgan ekaningizni sezmayapsizmi, deging keladi… Bizning mukofotimiz shu aziz yurtga sadoqat bilan xizmat qilishning o'zidir.
Professionallarimizga bayramlar muborak bo'lsin!
Jurnalist Zulfiya FAYZULLAYEVA suhbatlashdi.