O'qigan inson qalbida yomonlikka o'rin bo'lmaydi

Samarqand viloyati hokimi Adiz Muzafarovich BOBOYEV bilan suhbat

Samarqand — butun dunyoni azal-azaldan o'ziga maftun etib kelgan, o'tmishi necha ming yillarga borib taqaladigan, bag'rida ne-ne ulug' avliyolarni, buyuk sarkardalarni, olimu fuzalolarni yetishtirgan afsonalar go'shasidir. Nafaqat mamlakatimiz ma'naviyat va ma'rifat beshiklaridan hisoblangan, balki dunyo tamadduni o'choqlaridan biri hisoblangan bu yurt hamisha o'z salohiyati,  yirik iqtisodiy va madaniy imkoniyatlari bilan juda katta o'ringa, salohiyatga  egadir. Bugungi Samarqand shahri va viloyati esa haqli ravishda kundan-kunga yanada yasharib, yangilanib bormoqda. Bunda hech qanday mubolag'a yo'q. Shu bilan birgalikda bugungi Samarqand keyingi yillarda dunyoning mashhur siyosatchilarini o'zida jamlaydigan, uchrashtiradigan, jahon ahlini lol aylaydigan markazga aylanib ulgurdi. Bu yerda xalqaro anjumanlar, forumlar, dunyo yetakchi davlatlarining uchrashuv va muloqotlarini o'tkazishi bilan birga, qator yangi loyihalar ishga tushirilib, hududning qiyofasi tubdan o'zgarib, chiroy ochib bormoqda. Aholi uchun esa qo'shimcha qulayliklar yaratilyapti. 2025 yil ham yakunlanib, yangi 2026 yil ham tobora yaqinlashyapti. Ana shu shukuhli kunlarda muxbirimiz Samarqand viloyati hokimi bilan uchrashib, u kishiga bir nechta savollar bilan murojaat qildi. Quyida ushbu suhbat bilan tanishishingiz mumkin.

logotip samdu – 9

— Adiz Muzafarovich, avvalo sizni viloyat hokimi lavozimiga tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Viloyat faollari, deputatlar ishtirokida yaqinda bo'lib o'tgan sessiyada muhtaram ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, sizga juda katta ishonch bildirdilar. Davlatimiz rahbari Samarqandni eng namunali hududga aylantirish g'oyasini ilgari surdi. Yuksak ma'naviyatli viloyat xalqi bilan bu ishonchni oqlash, viloyat iqtisodiyotini, madaniyatini yanada yuksaltirishga albatta barcha asoslar yetarli bo'lsa kerak?

 

— Rahmat. Darhaqiqat, Davlatimiz rahbari viloyat kengashi faollari bilan kechgan sessiyadagi nutqida Samarqand har jabhada mamlakatimizga ibrat, namuna  bo'lishi kerakligini alohida ta'kidladilar. U kishi oldimizga birinchi navbatda  ijro intizomida tajriba maktabi yaratish vazifasini qo'ydilar. Bu bejiz emas, chunki samarqandliklar azaldan ham ko'pgina sohalarda tashabbuskor va ilg'or bo'lishgan. Binobarin, Samarqand, ayniqsa, keyingi yillarda tom ma'noda mamlakatning ikkinchi poytaxtiga aylanib boryapti. Yaxshi bilasizki, Samarqandning har bir gardi, bir siqim tuprog'i, har giyohida beqiyos sir-sinoatlar yashiringan. Uning tarixi haqida minglab asarlar, ash'orlar bitilgani bejiz emas. Uzoq o'tmishda o'z bag'riga ming-minglab tarixchilarni, elchilarni ohanrabodek o'ziga tortgan  bu o'lka ma'lum vaqtlarda o'zini jahon miqyosida to'la-to'kis namoyon eta olmagan edi. Garchi bu go'sha jahonga ikkinchi Renessans mash'alasini yoqqan bo'lsa-da, garchi buyuk Temurbek barpo etgan ulug' saltanat markazi Samarqand ekanligini olam ahli yaxshi bilsa-da, keyingi yillardagina Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Samarqand yana dunyoni o'zida birlashtiradigan, jahon siyosatchilari nigohini o'ziga qaratgan kentga aylandi. Aytish mumkin bo'lsa, Yurtboshimiz tashabbusi bilan Samarqand jahonning ma'naviy markaziga aylandi. Samarqand — ilohiy shahar. Bu hikmatli zaminda Sohibqiron Amir Temur, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, falakiyot ilmining ulug' ustozi Mirzo Ulug'bek, imom Moturidiy, Maxdumi A'zam, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Shayboniyxon… va boshqa ko'pdan-ko'p ulug' zotlarning xoki yotibdi. Biz ana shunday ulug'larning avlodimiz. Bu bilan har qancha faxrlansak to'g'ri bo'ladi. Lekin birinchi masala ularning ma'naviy merosini chuqur o'rganish, farzandlarimiz, nabiralarimiz qalbiga ana shu ulug'larning merosini singdirish barchasidan muhimroqdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan izchil siyosat tufayli yurtimiz, xususan, Samarqand ulkan xalqaro anjumanlar, uchrashuvlar markaziga aylandi. Samarqandda o'tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining yig'ilishlari, Turkiy tilli davlatlar tashkilotining anjumani yoki turli chet el davlatlarining rahbarlari bilan bo'ladigan keng qamrovli uchrashuvlar… Bular faxr va g'urur, katta mas'uliyat uyg'otadi. Aytaylik, shu yilning 30 oktyabr-13 noyabr kunlari YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda bo'lib o'tdi. Lekin bu nufuzli xalqaro tashkilot anjumanlari keyingi 40 yil ichida  biror marta chet mamlakatda bo'lib o'tmagan, faqatgina Parijda o'tkazilgan. Bu e'tiroflar Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan yangilanishlar, ochiqlik va xalqparvarlikning natijasi tufayligina desak xato bo'lmaydi.

Endi esa  viloyatda so'nggi paytlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning ijrosi haqida muxtasar so'z yuritsam. Keling, shu o'rinda ayrim raqamlarga murojaat qilaylik. Masalan, viloyatda tegishli dasturlarning samarali amalga oshirilishi tufayli 2025 yilning o'tgan davrida yalpi hududiy mahsulot qariyb 51,0 trln so'mni tashkil etib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga o'sdi. Bunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 30 trln so'm (7,1 foiz), xizmatlar hajmi 38,5 trln so'm (12,4 foiz), qurilish-pudrat ishlari 10 trln so'm (14,2 foiz) va qishloq xo'jaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi esa 21,1 trln so'mga (4,6 foiz) ko'paydi. Yil boshidan buyon 340 ta yangi sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 9 156 taga yetdi. Bu korxonalar tomonidan qariyb 30 trln so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 385 mln dollarlik eksport amalga oshirildi. Joriy yilda viloyatning eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish belgilanib, 10 oyda 848,9 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksport hajmi o'tgan yilga nisbatan 36 foizga oshdi. Viloyatda umumiy byudjet daromadlari 5,4 trillion so'mga (107,0 foiz), mahalliy byudjet daromadlari esa 5,2 trillion so'mga (110,0 foiz) yoki 474,9 milliard so'mga orttirib bajarildi. Albatta, bu raqamlar. Lekin viloyat iqtisodiyoti rivojlanishi, ro'yobga chiqarilayotgan ishlar samarasi ana shu raqamlarda ham ko'rinadi.

 

 

— Yuqorida juda yaxshi fikrlarni aytdingiz. Darhaqiqat, yurtimizda, xususan, Samarqandda ham katta o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Lekin shunga qaramay, kun tartibidan hali-hanuz tushmay kelayotgan ishsizlik, bandlikni ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish borasida muammolar dolzarbligicha qolmoqda…

 

— Bandlik masalasi, yangi ish joylari tashkil etish, aholini ish bilan ta'minlash va yuqori ish haqi beradigan vazifa hamisha dolzarb ahamiyat kasb etadi. Muammoni kimlargadir yoki oldingi davrlarni aybdor qilib ko'rsatish fikridan yiroqman. Lekin haqiqatni aytganda, hayotimizda shunday vaqtlar, davrlar ham bo'ldiki, aytaylik, 10-15 yil avval bizda ish bilan ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish faqat statistikada, qog'ozda zo'r bo'lgan. Hatto “kambag'allik” degan atamani bundan 9 yil avval aytish mumkinmidi? Yo'q, albatta. Go'yoki bizda hamma boy, kambag'al, nochor qatlam yo'q. Bu og'riqli masalada ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayligina ochiq-oydinlik o'rtaga qo'yildi. Ilk bor kambag'allikni qisqartirish, odamlarni kelajakda yoki ertaga emas, bugun rozi qilish, kerak bo'lsa, ishli qilish masalasi ko'ndalang qo'yildi. Ana shu prinsip asosida bugun fuqarolar kasb-hunarga o'qitilmoqda. Birgina joriy yilning 10 oyi davomida Samarqandda 314,8 ming ishsiz aholining bandligi ta'minlandi. Bu faqat qog'ozlarda emas, yuz foiz amalda bajarildi. Natijada viloyatimizda  ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan 4,8 foizga qisqardi. Ishsiz aholini kasb-hunarga o'qitishning vaucher tizimi asosida 6,5 mingdan ortiq aholi 35 turdagi kasb-hunar va xorijiy tilga o'qitildi. Yil yakuniga qadar barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda 320 mingdan ortiq aholi bandligi ta'minlanib, ishsizlik darajasi viloyatda 4,5 foizga qisqartiriladi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 954,2 million dollarlik 770 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 14 765 mingga yaqin yangi ish o'rni yaratildi. Viloyatda agrar soha asosiy o'rinlardan birini egallaydi. Qishloqda ishsizlikni kamaytirishda bu sohaning o'z o'rni bor. Bu borada ham ko'rsatkichlarimiz yomon emas. Xususan, joriy yilning o'tgan davrida 44,4 trln so'mlik qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilib, 2024 yilga nisbatan 3,9 foizga o'sishi ta'minlandi. G'allachilik yo'nalishida 94,2 ming gektar maydondan 825 ming tonna g'alla hosili yetishtirilib, hosildorlik 87,6 sentnerga yetkazildi yoki o'tgan yilga nisbatan 203 ming tonnaga ko'p hosil olindi. Paxta hosili bo'yicha 60 ming gektar maydonda g'o'za parvarish qilinib, 265 ming tonnadan ortiq xomashyo yetishtirildi. Hosildorlik esa 2023 yildagi 24,6 sentnerdan 44,2 sentnerga yetkazildi yoki o'tgan yilga nisbatan 41 ming tonna qo'shimcha hosil olindi. Sohada yuqori hosil beradigan Xitoy urug'laridan 9340 gektar maydonga Shinjon texnologiyasi asosida qo'shqator sxemada, plyonka osti va tomchilatib sug'orish tizimi joriy qilinishi yaxshi samara berdi. O'rtacha 55-60 sentner, ayrim fermerlar tomonidan 65-70 sentnergacha hosil olindi. Dehqonchilik yo'nalishida 1,7 mln tonna sabzavot, 791 ming tonna kartoshka, 345 ming tonna meva va 567,2 ming tonna uzum yetishtirildi. Chorvachilik sohasida esa qiymati 380 mlrd so'mlik 81 ta loyiha amalga oshirilib, yirik shoxli mollar 2,5 mln boshga va mayda shoxli mollar 2,6 mln boshga yetkazildi. Natijada 245 ming tonna go'sht, 1,1 mln tonna sut va 1,2 mlrd dona tuxum mahsulotlari yetishtirildi. Shuningdek, “Bulung'ur-Agrostar” MChJ tomonidan Bulung'ur tumani “G'o'bdin” mahallasidagi 2 gektar yer maydonida kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy Agrokompleks loyihasini qurish ishlari boshlangan. Mazkur kompleksda 10 ming tonna kartoshkani saqlash, saralash, qadoqlash va logistika quvvatlari ishga tushiriladi. Bundan tashqari, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti qoshida O'zbekiston-Koreya kartoshka urug'chiligi markazi faoliyati yo'lga qo'yildi.

 

— Yurtimizdagi mavjud tarixiy obidalarning juda ko'pi Samarqandda joylashgani sir emas. Ayni kunda vohaning sayyohlik salohiyati qay darajada?

 

— Darhaqiqat, shunday. Yuqorida aytganimdek, Samarqand juda ulug'vor, betakror va mo''tabar shahar. Shahrimizga tashrif buyurayotganlarning va bu yerga kelish orzusida yashayotganlarning dunyoda son-sanog'i yo'q. ­Dunyoga mashhur sharqshunoslardan biri Samarqandni afsona va rivoyatlar shahri deb atagan ekan. Chindan ham Firdavsiy o'z “Shohnoma”sida kuylagan, ulug' mir Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Muhammad Shayboniyxon kabi zotlar bu zaminda yashab,  ijod qilgan. Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon singari jahongirlar esa qo'shin tortib kelgan. Bu tarixiy ma'lumotlarni, albatta, hamma biladi. Bu zaminga Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari olimlar mehr qo'yganlar. Birgina Mirzo Ulug'bek bobomizning jahon ilm-fanida tutgan o'rnining qiyosini topish mumkinmi? Muhtasham Registon maydonidek gavhar bu olamda yakkayu yagonadir. Shu bois ham turizm, sayyohlik  viloyatimiz  iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biriga aylangan. Joriy yilning 8 oyi mobaynida Samarqandga 1,9 mln nafar xorijiy, 3,8 mln nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Bu o'tgan yilning shu davriga qaraganda 50 foizga ko'p degani. Yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 427 mln dollarni tashkil etib, turistlarning o'rtacha qolish kuni 3,5 kunga uzaydi. O'tgan davrda viloyatda 194 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 13 ta mehmonxona, 37 ta xostel, 144 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo'lga qo'yilib, viloyatdagi joylashtirish ob'yektlari soni 821 taga, o'rinlar soni esa 22 680 taga yetkazildi. Shuningdek, joriy yilda 63 ta turkompaniya faoliyati yo'lga qo'yilib, ularning soni 451 taga yetdi. Yil boshidan buyon viloyatda turizmni keng ommalashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro festivallar, madaniy tadbirlar o'tkazildi. Jumladan, “Xalqaro paraplan”, “Xalqaro havo sharlari”, “Samarqand noni — xalq brendi”, “Samarqand oshi” xalqaro festivallari, dron shousi tashkil etildi. Natijada mavsumdan tashqari oylarda ham viloyatimizga 693 ming nafar xorijiy, 1,5 millionga yaqin mahalliy sayyohlar keldi. Bundan tashqari, Urgutdagi Tersak va Omonqo'ton, Nuroboddagi Oqsoy mahallalariga “turizm qishlog'i” maqomi berildi. Yil yakuniga qadar yana 5 ta mahallaga turizm qishlog'i maqomi beriladi va viloyatdagi turizm qishloqlari soni 14 taga yetadi. Shu tariqa yil oxirigacha xorijiy sayyohlar sonini 3 mln nafarga, turizm xizmatlari eksportini 600 mln AQSh dollaridan oshirish ko'zda tutilmoqda. Viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Maxdumi A'zam ziyoratgohi, Imom al-Moturidiy maqbarasi atroflari kengaytirilib, qurilish va ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Imom al-Buxoriy majmuasida rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazildi, bu o'z navbatida ziyorat turizmi oqimi keskin oshishiga olib keladi.

 

— Yuqorida qurilish, bunyodkorlik ishlari viloyatda sezilarli darajada oshganligini aytdingiz. Bu, asosan, nimalarda namoyon bo'lyapti?

 

— Ha, chindan ham qurilish ishlari hajmi o'tgan yilga nisbatan 118,8 foizga oshdi. Bu yil viloyatimizda 123 ta ijtimoiy soha inshootlari va 100 dan ziyod boshqa ob'yektlar qurildi. 1 600 kilometrdan ziyod yo'llar ta'mirlandi. Aholining zamonaviy uy-joylarga bo'lgan talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida 20 mingdan ortiq oilaga mo'ljallangan 340 ta turar-joy binolari barpo etilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Renovatsiya dasturi asosida Samarqand shahrining temiryo'l orti hududida 3 mingga yaqin eski uy-joylar o'rnida 100 ming aholi uchun mo'ljallangan zamonaviy aholi massivi qurilishi olib borilmoqda. Bu yerda aqlli texnologiyalar asosida ko'p qavatli turar-joylar, ijtimoiy soha ob'yektlari, aholi uchun barcha qulayliklarga ega bo'lgan infratuzilma yaratilmoqda. Bugungi kunda viloyatda aholining “yashil maydon”lar, xiyobonlar va sport maydonchalariga bo'lgan ehtiyoji ham ortib boryapti. Shunga asosan Samarqand shahridagi sobiq harbiy gospitalning 5,4 gektar yer maydonida “Bolalar va yashil jamoat parki”, “Vatanparvar” mahallasida 7 gektar maydonda “Vatanparvar” hamda Istirohat bog'lari, So'g'diyona massividagi 3 gektar maydonda esa “Oila bog'i” tashkil etilmoqda. Bu ob'yektlar yaqin vaqtlarda birin-ketin xalqimiz va bolajonlar ixtiyoriga topshiriladi.

 

— Aholining elektr energiyasiga bo'lgan talabini qondirishda ochiq aytish kerakki, muammolar yo'q emas. Bu borada  qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

 

— Xalqimizning energiyaga bo'lgan ehtiyojini qondirish, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadida yuqori quvvatdagi shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Jumladan, ayni paytda Nurobod tumanida “Acwa Power” kompaniyasi tomonidan 1 000 mVt lik 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. 2027 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur stansiyalarda yiliga o'rtacha 2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 360 ming nafar aholining elektr ta'minoti yaxshilanadi. Payariq, Jomboy va Bulung'ur tumanlarida jami quvvati 500 MVt bo'lgan shamol elektr stansiyalari qurilmoqda.

 

— Yo'llarni mamlakat qon tomiri deyishadi. Yo'l qurilishi borasida-chi, aholiga qanday qulayliklar barpo etilmoqda?

 

— Viloyatdagi qurilishlar haqida gapirganda, Prezidentimizning alohida e'tiborlari bilan Samarqand shahri va Urgut tumanini bog'lovchi 55 kilometr yangi temiryo'l tarmog'i, 2 ta vokzal qurilganini alohida ta'kidlashni istardim. Umumiy qiymati 83,7 mln AQSh dollari bo'lgan mazkur loyiha juda qisqa fursatda amalga oshirildi. Bu temiryo'lning qurilishi Urgut tumani aholisi va tadbirkorlariga juda katta imkoniyat va qulayliklar yaratib, hudud rivojiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish, ularning xavfsizligini ta'minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatishni ta'minlash maqsadida tez yordam mashinalarining harakatlanishida vaqtni tejash, bemorlarning tezroq shifoxonaga yetkazilishi uchun tez tibbiy yordam mashinalari Motrid halqa yo'lining o'zidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga olib boruvchi asosiy ko'chaga ulanadigan 205 metrdan iborat yo'l ochildi. Samarqand shahridagi Siyob bozori yonida avtobus hamda tramvay bekati mavjud bo'lib, odamlar Siyob bozoridan chiqib, aynan ana shu bekatda jamoat transportiga chiqadi. Ma'lum vaqt ushbu ko'chadan o'tish joyida panjaralar o'rnatilgan edi. Bu joyda svetofor o'rnatilib, piyodalar o'tish joyi ham ochildi. Samarqand temiryo'l vokzali hududidagi tunnelning oradan 19 yil o'tib qayta ishga tushirilishi ham fuqarolarning erkin, xavfsiz harakatlanishi uchun imkoniyat yaratdi. Ayni kunlarda Samarqand shahrining Registon ko'chasidagi yerosti piyodalar o'tish joyini qayta ochish ishlari olib borilmoqda. Bu hududda 2-maktab joylashgan, o'quvchilar va sayyohlar ko'p o'tib qaytadigan gavjum joy hisoblanadi. Ushbu yerosti o'tish joyi ham yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi. Samarqand shahrida tirbandlik masalasi juda dolzarb. Bu muammoni bartaraf etish uchun bir nechta yo'nalishda choralar ko'rilyapti. Qisqa muddatli chora sifatida svetoforlarni intellektual tizimga o'tkazyapmiz, ya'ni transport oqimiga qarab chiroqning vaqti o'zgaradigan bo'ladi. Ikkinchidan, jamoat transportini ko'paytirish bo'yicha ishlarni davom ettiramiz. Ayrim yo'nalishlar bo'yicha esa belgilangan vaqtlarda “shattl” avtobuslar — bir yo'nalishda tez-tez qatnaydigan kichik avtobuslar tashkil etish vaqti keldi.

 

— Kechirasiz, shu o'rinda yana bir savol. Yo'llarda tirbandliklarni kamaytirish, avtoturargohlar qurish borasida amaliy ishlar, qandaydir choralar ko'rilyaptimi?

 

— Ha, avtoturargohlar — Samarqandning eng jiddiy muammolaridan biri. Ayni shu kunlarda shahar markazidagi ko'chalarda tirbandliklar paydo qilayotgan narsa — bu yo'l chetiga qo'yib ketilayotgan mashinalar, desak, to'g'ri bo'ladi. Muammoning yechimi bitta — yangidan katta va ko'p qavatli avtoparkovkalar qurilishi shart, boshqa yo'l yo'q. Dunyo tajribasida “Park & Ride” degan tizim bor. Buning ma'nosi shuki, Samarqandga kelgan sayyoh yoki boshqa ehtiyoj bilan kelgan insonlar shaharning chetida shaxsiy avtomashinasini qoldiradi va avtobus yoki tramvay bilan markazga yo'naladi. Gap shundaki, odamlarga mana shu shart-sharoitni yaratishimiz kerak. Lekin hozircha bunday shart-sharoitni yarata olganimiz yo'q. Davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etilgan shaharlararo va xalqaro avtoshohbekat kabi loyihalarni davom ettirishimiz lozim. Nafaqat shahar, balki viloyatning barcha hududida velosiped va piyodalar yo'laklari barpo etish ishlarini davom ettiramiz. Xabarlaringiz bor, ekologiyani asrash, inson salomatligini muhofaza qilish bilan bevosita bog'liq bo'lgan ushbu masala Davlat dasturiga ham kiritilgan. Yil davomida davlat idoralari mas'ul xodimlari ishga piyoda, velosiped yoki jamoat transportida qatnayotganligi to'g'risida tarqatilgan xabarlar yodingizda, albatta. Shu kunlarda Registon maydoniga kiriladigan yer osti yo'lagi ham tartibga keltirilib, foydalanishga topshirish uchun tayyorlanayotgan bo'lsa, keyingi navbatda Dahbed va Rudakiy ko'chalari kesishmasi yaqinidagi yer osti yo'lagi to'liq quvvatda ishga tushiriladi. Umuman olganda, shahardagi tirbandliklar masalasiga Prezidentimiz tomonidan alohida e'tibor berilmoqda. Yurtboshimiz Samarqandning ma'muriy markazini 660 gektar maydonda yangi barpo etilayotgan Shirin massiviga ko'chirish bo'yicha ko'rsatma bergani fikrimizga bir misoldir.

 

— Viloyatda ta'lim sifatini, o'quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasidagi vazifalar haqida ham to'xtalsangiz?

 

— Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ta'lim sifati va moddiy texnika bazasini yaxshilashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatimizda 81 ta maktab, 6 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, ikkita oliy ta'lim dargohi, 9 ta sport inshooti qurildi. Nodavlat maktablar tashkil etishga qaratilgan e'tibor tufayli bu yil yana 5 ta xususiy maktab faoliyat boshlab, ularning umumiy soni 51 taga yetdi. Bugungi kunda viloyatimizda 3-7 yoshli 392 ming nafardan ortiq bolalarning 287 ming nafari yoki 73 foizi bog'chalarga qamrab olingan. Yil yakuniga qadar bu qamrov 75,6 foizga yetkaziladi. Maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish ko'rsatkichi o'tgan yil 45 foiz bo'lgani holda bu yil 50 foizdan oshdi. Natijada bitiruvchilarning oliy ta'limga o'qishga kirishi bo'yicha ko'rsatkichimiz oltinchi pog'onaga ko'tarildi. Shuningdek, ta'lim sifati bo'yicha ko'rsatkichlarimiz esa o'tgan yilga nisbatan 3 pog'onaga yuqoriladi.

 

— Aholi salomatligini muhofaza qilish, bemorlarga qo'shimcha qulayliklar yaratish bo'yicha viloyatda nimalar qilinyapti? Shu o'rinda viloyat sportchilari erishayotgan natijalarga ham to'xtalib o'tsangiz…

 

— Aholi salomatligini mustahkamlash yo'nalishi bo'yicha joriy yilda 3,2 trln so'm mablag' ajratildi. Joriy yilda turli sohalarga ixtisoslashgan 25 ta tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilyapti. Samarqandlik shijoatli sportchilar yil boshidan buyon Jahon chempionati va kubogi musobaqalarida 8 ta, Osiyo chempionatlarida 61 ta medalni qo'lga kiritdilar. Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi” bo'yicha o'tkazilgan musobaqa va ko'rik-tanlovlarning respublika bosqichida viloyat vakillari 19 ta oltin, 14 ta kumush, 9 ta bronza medallarni qo'lga kiritib, o'tgan yilgiga nisbatan 11 pog'ona yuqoriladi va respublikada 1-o'ringa chiqdi. Viloyatning bosh jamoasi — “Dinamo” futbol klubi ham muxlislarni xursand qildi. Vadim Abramov boshchiligidagi mazkur jamoa bu yil super ligada muvaffaqiyatli ishtirok etib, mavsumni 4-o'rin bilan yakunladi.

 

— Hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida xorijiy sarmoyalarni jalb qilish alohida o'rin tutishi sir emas. Bu borada qanday rejalar bor?

 

— Iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va viloyatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish bo'yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilda iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar hisobiga 1,9 milliard dollar (169,0 foiz) to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya o'zlashtirildi. Shuningdek, qiymati 656 million dollarlik 18 ta yirik va ahamiyatli loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda, ushbu loyihalarning 437,5 million dollarlik 14 tasi ishga tushirilib, 1 075 ta yangi ish o'rinlari yaratildi. Bu o'rinda yangidan tashkil etilgan “Samarqand invest kompaniyasi” haqida to'xtalib o'tsam. Prezidentimizning qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Samarqand invest kompaniyasi” — Samarqand viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyati bo'lib, viloyatning investitsiya muhitini yaxshilash, davlat va xususiy sektor o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish maqsadlarini ko'zlaydi. Kompaniyaning asosiy vazifa va maqsadlari quyidagilardan iborat: davlat va tadbirkorlik sub'yektlari o'rtasida hamkorlik qiladi — yer uchastkalari, infratuzilma, loyiha-ofislar va boshqa zarur resurslarni taqsimlashda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtirishni nazarda tutadi. Infratuzilma va transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantiradi — viloyat infratuzilmasini kuchaytirish, shaharsozlik ob'yektlari uchun injener-kommunikatsiyalarni tashkil qilish va talabga mos holda moddiy bazani yangilash vazifasini oladi. Loyiha moliyalashtirish va resurslarni ta'sirli boshqaradi — investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zarur mablag'larni jalb qilish, byudjet va xususiy mablag'lardan samarali foydalanishni nazarda tutadi. “Samarqand viloyatini rivojlantirish jamg'armasi” mablag'larini boshqaradi — Samarqand invest kompaniyasiga viloyat rivojlanish jamg'armasi mablag'lari boshqaruv huquqi berilgan. Bu jamg'arma maxsus dolzarb infratuzilma loyihalari, aholi xizmatlari (kommunal, ijtimoiy ob'yektlar va hokazo) uchun sarflanadi.

 

— Adiz Muzafarovich, endi matbuot va ommaviy axborot vositalariga oid savol bilan murojaat qilmoqchiman. Ochig'i, hozirgi paytda ayrim hokimlar ham, katta-kichik ayrim rahbarlar ham matbuotdan, xususan, bosma nashrlardan ancha uzoqlashgan. Sizning gazeta-jurnallarga munosabatingiz qanday, o'qib borasizmi?

 

— Juda dolzarb masalada savol berdingiz. Menimcha, har bir uyda gazeta yoki jurnal bo'lishi kerak. Negaki, o'qigan inson qalbida yomonlikka o'rin bo'lmaganidek, gazeta-jurnal kirgan xonadonga ham ma'rifat, ma'naviyat kirib boradi. Shaxsan o'zim ish kunimni ertalab vaqtli nashrlarni kuzatishdan, o'qishdan boshlayman. Esingizda bo'lsa, ilgari odamlar turli nomdagi gazeta va jurnallarga obuna bo'lishar edi. Maktablarda esa o'quvchilar o'z nashrlarini intiqib kutishardi. Yoshlar mutolaa ko'nikmasini aynan ana shu gazeta-jurnallardan olishardi. Kitob o'qimagan, gazeta o'qimagan odam juda ko'p narsa yutqazadi. Birinchi navbatda savodli yozishni, mustaqil fikrlashni faqatgina o'qish va uqish o'rgata oladi.   Ammo ming afsuski,  keyingi vaqtlarda internet, ijtimoiy tarmoqlar paydo bo'lishi bilan aholi orasida vaqtli matbuotni mutolaa qilish, darhaqiqat, ancha susayib ketdi. To'g'ri, internet ham kerak. Ammo oilada sog'lom muhitni shakllantirish, milliy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarga to'g'ri tarbiya berishda vaqtli matbuot nashrlarining ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydi. Shuning uchun men matbuotni, xususan, bosma nashrlarni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish tarafdoriman. Muhtaram Prezidentimiz matbuot va ommaviy axborot vositalarini doimiy qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Kitobxonlik masalasiga esa yurtimizda davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Yana bir gap. Ko'pgina nashrlar qatorida “Hurriyat”ni ham o'qib boraman.

 

— Ochig'ini aytsam, ayniqsa, oxirgi gapingiz bilan juda mamnun etdingiz. Rahmat sizga. Mana, 2025 yil ham yakuniga yetmoqda. Kelgusi yil rejalari bilan o'rtoqlashsangiz…

 

— Biz 2026 yil uchun oldimizga juda katta marralarni qo'yganmiz. Yaqinda Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida o'tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yana bir qator vazifalarni belgilab berdilar. Jumladan, Oqdaryo, Payariq, Pastdarg'om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo'shib beriladigan bo'ldi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga oshadi. Shu bois aholisi va daromadi kundan-kunga o'sib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo'lgan talabni ta'minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi. Jumladan, “Shirin” massivida 180 ming, “Temiryo'l orti” hududida 100 ming, “Qorasuv-2” massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko'p qavatli uylar barpo etiladi. Bu yerlarda maktab, bog'cha, oliygoh va shifoxona, zamonaviy biznes va savdo markazlari, mehmonxona va restoran, ko'ngilochar maskanlar ham bunyod etiladi. Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning suv-oqova tizimi yangilanadi. Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o'tuvchi magistral yo'l bo'yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi. Nasos stansiyalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarish amaliyotini kengaytirib, viloyatdagi nasos stansiyalarning 50 foizi xususiy sheriklik boshqaruviga beriladi. Qishloq xo'jaligi texnikalari bilan ta'minlanishi bo'yicha 2026 yilda qiymati 236,5 mlrd so'mlik 483 ta yangi qishloq xo'jaligi texnika va agregatlari qishloq xo'jaligi korxonalariga yetkazib berilib, texnika ta'minoti 5 foizga oshiriladi.

 

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Suhbatdosh: Ubaydulla XO'JANIYoZOV,

“Hurriyat”ning Samarqand viloyati bo'yicha

o'z muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =