Jurnalistga xat

(Telejurnalist Saodat O'rmonovaga)
Salom, Saodat singlim!
Dam olish kunlari “Youtube”dan ko'rsatuvlaringizni tomosha qildim. “Tomosha” deyishim unchalik o'rniga tushmadi-yov. “Ko'rdim va tingladim” desam ma'qul. Lekin “ko'rsatuv tinglanmaydi, ko'riladi, tomosha qilinadi”, deb gina qilishlari tayin. Mening nazarimda, quloq bilan tinglash bo'lgani kabi ko'z bilan ham tinglash bor. Bu fikriy, qalbiy nazar bilan bog'liq jarayon.
Keyingi yillarda ko'rsatuvlarda turli xil effektlar, har xil bejamalar oldinga chiqdi. Bu narsalar kerak, albatta. Faqat ulardan to'g'ri foydalana bilish sharti bilan, “ma'no kelini”ni o'ziga xos liboslarda ko'rsatish uchun kerak, bema'nilik qo'g'irchog'ini namoyish qilish uchun emas. Zero, nodonni zar to'nga o'rab qo'yganingiz bilan u aqlli bo'lib qolmaydi, shunchaki zar chopon kiyib olgan nodonga aylanadi, xolos. Gap shundaki, mazmun va mohiyat chekindi. Men mazmun va mohiyat deganda, keraksiz gap sotishlaru, “soxta donolik”ni nazarda tutayotganim yo'q. Bir paytlar chala jurnalistlarning “Yozda kunlar issiq bo'ladi, degan edi buyuk donishmandlardan biri” kabi serxitob safsatalarini shu quloqlarim bilan ko'p eshitganman. (Yo, tavba! Yozda kunlarning issiq bo'lishini besh yashar go'dak ham biladi-ku. Bunga donishmandlarni aralashtirib nima qilasan?) Bu o'rinda men mazmun deganda, tobora tanqis bo'lib borayotgan oddiy, hayotiy mohiyatni, insoniy kechinmalarni, fikrni aytyapman.
Saodat, menga sizning ko'rsatuvlaringiz yoqadi! Nimasi bilan? Tabiiyligi, samimiyati bilan, har xil oldi-qochdilaru yolg'on-yashiq mulozamatlardan, arzimas shuhrat ta'maidagi mayda ilinjlardan uzoqligi bilan yoqadi. Siz ko'cha-ko'yda birovlar barmog'ini nuqib ko'rsatib, “ie, falonchi-ku” deyishlaridan faxru iftixor qilib, kibrlanadiganlar toifasidan emassiz. Holbuki, tanilish boshqa-yu, tan olinish boshqa. Ko'rsatuvlaringizni ko'rib o'tirib, samimiyatingizga qoyil qolaman.
Ohangaronning Go'shtsoy qishlog'idan Sattor boboga siz savol beryapsiz: “Sizni hozir mashinaga o'tirg'izib, Toshkentga olib ketsak, bir oycha turib kelasizmi?” Chol javob beryapti: “Menga Makkatillo ham, jannat ham shu yerda, qishlog'imda”. Oqsoqol bu gapni yurakdan aytdi. Shuning uchun hech bir ikkilanishsiz unga ishonasiz. Vatan haqida ko'p gapiramiz, yasama gaplarni to'qishga ham ustamiz… Lekin taroziga qo'yib ko'rsak, bizning bir qop gapimizdan boboning shu bir jumlasi og'ir keladi.
Siz yana savol berasiz: “Kampiringizga “seni yaxshi ko'raman” deb hech aytganmisiz?” Sattor bobo esa, ne derini bilmay, qimtinib javob beradi: “Yo'-o'q… aytmaganman. Lekin… kampirimsiz bir kun ham yashay olmayman”. Ba'zi xorijiy filmlarda, keyingi paytlarda o'zimizning ba'zi filmlarimizda ham erkak va ayolning bir-biriga tinimsiz “Seni sevaman” deb takrorlashlarini, hatto uyidan chiqib mashinada ketayotganda telefon qilib, salom va xayr o'rniga ham shu gapni to'tiday qaytarishlarini, lekin ozgina sinov kelib qolsa, bir-birlarini itdan olib itga solishlarini, “sevgijon”ni aro yo'lga tashlab qochishlarini ko'ramiz. Keyin nima bo'ladi? Keyin saqichday chaynalib ado bo'lgan bu iborani tuflab tashlashadi. Aslida yurak tomirlaridan qonday sizib chiqishi kerak bo'lgan “Men seni yaxshi ko'raman” degan gap ham tul, tumso safsataga aylanib qoladi.
Lekin Sattor bobo o'zi bilan 65 yil birga yashagan, hayotning og'ir-engilini birga ko'rib-kechirgan, 11 farzandni birga tarbiyalab ulg'aytgan, qahatchilik yillarida bir dona qurut bilan bir kunni kechirgan, xullas, doimo yonida yo'ldoshi bo'lgan kampiriga bu gapni aytmagan ekan. Buni izohlash har kimning o'ziga havola. Birov undoq der, birov bundoq der. Kimdir “Choli tushmagur 65 yillik umr yo'ldoshidan shu ikki so'zni qizg'anibdi-da” deb aybsitar. Lekin bir narsani unutmaslik kerak, 90 yashar chol garchi biror marta aytmagan bo'lsa-da, bu ezgu gapni yashab o'tgan. Bu shundoq ko'rinib turibdi. Asli uning yuragi, hayoti shu so'zlarga aylanib bo'lgan.
Saodat singlim, sizning ko'rsatuvlaringizda men elimizni ko'raman, soddadil, bag'rikeng, insof-imonli, samimiy odamlarimizni uchrataman. Ularning qiziq suhbatlarini miriqib eshitaman. Bunday odamlarni ich-ichimdan sog'inganimni his etaman. Go'yo 20 daqiqalik ko'rsatuv vaqtida ko'rganim – bu odamlar menga azaldan tanishday tuyuladi, ularni ko'pdan beri biladigandayman, bundan keyin ham ular bilan qadrdon bo'lib qoladigandayman. Ularning 20 daqiqalik suhbati ba'zi xususiy kanallarda berilayotgan 100 seriyalik seriallardan ko'ra 100 karra foydaliroq ekanini ham sezaman. Oddiy va samimiy odamlarda gap ko'p, Saodat. Chunki Hazrati Xizr ham, farishtalar ham ular bilan birga.
Soxtagarchiliklardan ancha bezibman. Bunday paytda sizning qahramonlaringizni eshitgim keladi. Ba'zida yo'q bo'lib ketyapti deyilgan fazilatlarni ulardan topaman. Ha, men bu odamlar timsolida keyingi paytlarda kam ko'rinib qolgan mehr-oqibat, andisha, hayo, diyonat, imon tuyg'ularini ko'rganday bo'laman. Yaxshiga yaxshi yo'liqqaniday, samimiyga samimiy yo'liqar ekan. Sizning o'zingiz juda samimiy bo'lganingiz uchun shunday odamlar yo'lingizda uchrab qolayotgan bo'lsa ajabmas.
Parkentning Juduruq qishlog'idagi Rahmonberdi Suyarov, Marvarid Suyarova oilasi haqida ko'rsatuv tayyorlabsiz. O'zingiz ham bu jarayonda shu qishloqning ayoliga aylanib ulgurdingiz. Yilqi sog'dingiz, pishkak bilan qimiz pishitdingiz, qurut qildingiz… Bu oila hayotining o'zi bir ibrat maktabi desa bo'ladi. Rahmonberdi bilan Marvaridning hayotini kuzatib, gaplarini tinglab, aslida baxt ham oddiylikda ekanini anglaysiz. Ularning gurunglarini qayta-qayta eshitdim. To'ymadim. Samimiy gurunglarga suvga chanqaganday chanqagan ekanman.
Ijodingizga, hayotingizga fayz va baraka tilab qolaman.
Duoyi salom bilan
Eshqobil Shukur.
07.07.25.