“Sayrob” va “Katta vaxshivor”da…

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar izchil davom etmoqda.

Prezidentimizning tashabbusi bilan o'tkazilgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashining kengaytirilgan yig'ilishida har bir tumanda konsert-tomosha zallari, kutubxona, kinozal, turli to'garaklar xonalari faoliyatini ta'minlash, aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish muhim vazifalar sifatida belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Surxondaryo viloyatining tuman va shaharlarida madaniy-ma'rifiy sohani rivojlantirish bo'yicha aniq dastur asosida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, hududdan 15 ta madaniyat muassasasi tanlab olinib, “Namunali madaniyat markazi”ga aylantirish ishlari amalga oshirildi.

2024 yilda viloyatning Bandixon, Denov, Jarqo'rg'on, Qiziriq, Qumqo'rg'on, Muzrabot, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Sho'rchi tumanlari va Termiz shahridagi madaniyat markazlari ish boshlagan bo'lsa, joriy yilning iyul oyi boshlarida Boysun tumanidagi “Sayrob” hamda Oltinsoy tumanidagi “Katta Vaxshivor” mahallalarida ham zamonaviy, to'laqonli faoliyat yurituvchi madaniyat markazlari foydalanishga topshirildi.

Namunali madaniyat markazlarida keng tomosha zali, ma'naviyat va mashg'ulot xonalari, raqs, musiqa, folklor va boshqa yo'nalishlardagi to'garaklar uchun alohida xonalar barpo etilgan. Shuningdek, elektron kutubxona, axborot-resurs markazi, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan yoshlar ijodiy studiyalari ham faoliyat ko'rsatmoqda.

Yaratilgan bunday qulayliklar hudud aholisiga madaniy hordiq chiqarish, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidori va iste'dodini rivojlantirish, shu bilan birga milliy va ma'naviy qadriyatlarni targ'ib etishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

Markazlar ish boshlashi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirlarda hudud faollari, faxriylar, mahalla vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida yangi madaniyat maskanlaridagi shart-sharoitlar, to'garaklar faoliyati, texnik va interaktiv jihozlar bilan yaqindan tanishuv bo'lib o'tdi.

Surxondaryo viloyatida bugungi kunda 117 ta madaniyat muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 2 300 nafardan ortiq madaniyat sohasi mutaxassislari aholiga keng qamrovli madaniy-ma'rifiy xizmatlar ko'rsatib kelmoqda. Ular, jumladan, milliy va zamonaviy san'at to'garaklari tashkil etish, konsert va teatr namoyishlarini uyushtirish, kitobxonlikni targ'ib qilish, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish, yoshlar bilan tarbiyaviy ishlar olib borish, hunarmandchilik va milliy an'analarni saqlash kabi yo'nalishlarni qamrab olgan.

Shubha yo'qki, “Sayrob” va “Katta Vaxshivor”dagi kabi namunaviy madaniyat markazlari hududlarda ma'naviy muhitni yanada boyitish, aholi, ayniqsa, yosh avlodni har tomonlama barkamol shaxs etib tarbiyalashda muhim omil bo'ladi.

Humoyun NIZOMIDDINOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + four =