Sun'iy intellekt inqilobiy kuchmi?

White robot woman on blurred background using digital sphere connection hologram 3D rendering

Yoki u xavf-xatarmi, imkoniyatmi?

Insoniyat tarixidagi tub burilishlar davrida yashayapmiz. Elektr toki, internet, mobil aloqa qanday inqilob bo'lgan bo'lsa — sun'iy intellekt ham zamonamizning shunday ulkan siljishidir. Ammo bu texnologiya haqida hali savollar ko'p, tasavvur kam.

Sun'iy intellekt nima? U bizni o'zgartiradimi, boshqaradimi? Bu yangilik xavfmi yoki imkonmi?

Suhbatdoshimiz — O'zbekiston Respublikasi Nodavlat ta'lim muassasalari assotsiatsiyasi Farg'ona vodiysi boshqarma boshlig'i Muhammad Elyor YO'LDOShEV.

— Suhbatimizni ko'pchilik hamyurtlarimizdan eng ko'p berilayotgan savol bilan boshlasak, sun'iy intellekt aslida nima?

— Sun'iy intellekt — SI bu inson aqliga xos bo'lgan fikrlash, o'rganish, muammoni yechish, tilni tushunish kabi qobiliyatlarni texnologik qurilmalar orqali yuzaga chiqarish tizimidir.

Oddiy qilib aytganda, bu kompyuterning fikrlashi, lekin insonga xos emas — o'z uslubida, o'z tezligida ishlaydi. Biz doimo aql faqat odamga xos, deb kelganmiz. Lekin endi bu tushuncha kengaydi. SI bu — matematika, dasturlash va ehtimolliklar uyg'unligida yaralgan yangi ong. U statistikani eslab qoladi, qaror qabul qiladi va o'z tajribasi bilan qayta fikr qiladi. Sun'iy intellekt nafaqat robot, balki u sun'iy ong ham. Uning ko'zlari kamera, quloqlari mikrofon, ammo ongi — algoritm. Bu inqilobiy kuch — insoniyat tomonidan yaratilgan yangi hamroh, desak bo'ladi.

— Ayting-chi, SI dunyoga va oddiy odamlar hayotiga qanday ta'sir qiladi?

— Bu texnologiya hayotimizga yashirincha kirib kelganday, lekin chuqur ildiz otgan. Telefoningizdagi ovozli yordamchi, internetda sizga mos reklama, hatto “Netflix” sizga tavsiya qilgan film — bularning hammasi sun'iy intellekt. Tibbiyotda SI yurak urishidagi noaniqlikni aniqlab, inson hayotini saqlab qolmoqda. Qishloq xo'jaligida esa, g'o'zaning kasalligini surat orqali aniqlab, zararkunandalarni bartaraf etmoqda. Oddiy odam uchun esa, bu — vaqt, sog'lik, energiya tejash, ammo kelajakda bu — yangi imkoniyatlar, yangi kasblar va yangi hayot sifati demakdir. Bugungi kunda SI oddiy insonning ko'rinmas yordamchisiga aylandi.

— Bugungi texnologiyalar poygasida SI qanday o'rin tutmoqda?

— Sun'iy intellekt — texnologik poyganing yuragi. Har bir davlat, har bir korporatsiya hozir SI orqali raqobat qilmoqda. AQSh, Xitoy, Yevropa — har biri bu poygada oldinda bo'lishga intilmoqda. Chunki SI bu — iqtisod, siyosat va hatto mudofaa kuchidir. Kim bu texnologiyani egallasa, ertangi kunni boshqaradi. Dasturiy ta'minotdan tortib — mudofaa tizimigacha, bank tizimidan — ta'limgacha, qo'ying-chi, hamma joyda SI bo'lishi kerak. Bu poygada orqada qolish — iqtisodiy va madaniy mustaqillikni yo'qotish bilan barobar. SI bugun — zamonaviy qurol, kuch va ustunlikdir.

— Demak, sizningcha biz sun'iy intellektni astoydil o'rganishimiz, amaliyotga joriy etishimiz kerak. Agar bu yangilikni chuqur o'rganmasak, o'zlashtirmasak…

— Oqibati juda og'ir bo'ladi. Birinchi navbatda, biz iste'molchi jamiyatga aylanamiz. O'zimiz yaratmagan texnologiyani boshqalar bizga sotadi va biz unga qaram bo'lamiz. Inson kapitali eskiradi, yoshlarimiz ishsiz qoladi. Iqtisodiy mustaqillik zaiflashadi. Har qanday xorijiy texnologiya bizning ijtimoiy tuzumimizga ta'sir qiladi. Bunday jamiyat passiv, taqlidchi va vaqt o'tishi bilan yo'nalishsiz qoladi. SIni o'zlashtirmagan davlat asrni boy bergan davlatga aylanadi.

— Zamonaviy kasblar SIga asoslanadi, usiz jamiyat rivojlanishdan orqada qoladimi?

— SIga e'tibor qaratmagan jamiyat nafaqat orqada qoladi, bir vaqtda boshqalarning texnologik koloniyasiga aylanadi. Tarix misolida aytsak, industrial inqilobni o'zlashtirmagan xalqlar qanday ortda qolgan bo'lsa, sun'iy intellektni vaqtida o'zlashtirmagan el ham tanazzulga yuz tutadi. Sog'liqni saqlashda kech qoladi, ta'limda yutqazadi, sanoatda samarasizlikdan azob chekadi. Eng xavflisi — mustaqil fikrni yo'qotish. Agar biz o'z SI modelimizni yaratmasak, boshqalar biz uchun qaror qabul qiladi.

— SI texnologiyalari hozirda ta'lim tizimiga qanday kirib kelmoqda, bu boradagi intilishlar yetarlimi?

— Hozir bu jarayon bizda faqat boshlang'ich bosqichda. Ba'zi maktablar sun'iy intellekt yordamida baholash, til o'rganish, shaxsiy o'quv yo'nalishini belgilashda foydalanmoqda. Ammo bu yetarli emas. Hali ko'p o'qituvchilarimiz bu texnologiyani o'zlashtirishmagan, infrastrukturamiz esa bu darajaga hali to'liq yetmagan. Bizga SI-lablar, SI-savodxonlik darslari, SI bilan ishlash bo'yicha malakali pedagoglar kerak. SI ta'limda o'qituvchi o'rnini egallamaydi, uning imkoniyatini kengaytiradi. Biz o'quvchilarni robot qilmasligimiz, balki ularni robotdan aqlliroq qilishimiz kerak.

— Yoshlarimizni SI sohasiga jalb qilish uchun qanday darslar, muhit va imkoniyatlar yaratish zarur?

— Avvalo, bu yoshlarning qiziqishini uyg'otishdan boshlanadi. Sun'iy intellektni faqat kodlash emas, balki ijod, dizayn, muammo yechish sifatida ko'rsatish kerak. Maktablarda SI laboratoriyalari, SI musobaqalari, loyiha asosidagi darslar joriy etilishi zarur. Har bir bola algoritmni tushunmasa ham, sun'iy intellekt bilan ishlash madaniyatini o'zlashtirishi shart.

— Sun'iy intellekt rivojlanishi bilan ish o'rinlari va ayrim kasblar yo'qoladi, dedingiz. Bu yanglish tushuncha emasmi?

— Yo'q, klassik, takrorlanuvchi kasblar — masalan, buxgalter, operator, tarjimon, hatto ba'zi shifokorlik yo'nalishlari avtomatlashtiriladi. Buning o'rniga yangi kasblar paydo bo'ladi: SI muhandisi, Data etikasi mutaxassisi, robot menejeri, virtual dunyo dizayneri, SI-terapevt va boshqalar. Kasbga qarab emas, muammoga qarab ta'lim olish davri boshlanadi. Shaxsiy brend, ko'nikma, kreativlik va sun'iy intellekt bilan ishlash qobiliyati — bular yangi davrning mehnat vizasi bo'ladi. Biz kasb nomini emas, funksiyasini o'zgartirishga tayyor bo'lishimiz kerak.

— Sun'iy intellekt insoniyat axloqi va qadriyatlariga tahdid solmaydimi?

— Bu eng dolzarb savollardan biri. SIning axloqiyligi — uni yaratgan odamlarning niyatiga bog'liq. Bugun bizga kerak bo'lgan narsa — SI etikasi. Yolg'on xabarlar, yuzni tanish, soxta videolar — bular SI orqali manipulyatsiya qilinadigan xavfli jihatlar. Shuning uchun SIni o'rgatishdan avval uni boshqarishni o'rgatish lozim. Axloqni texnologiyaga emas, texnologiyani axloqqa xizmat qildirishimiz shart. Etika — kelajak algoritmlarining yuragi bo'lishi kerak.

— Sun'iy intellekt va milliy xavfsizlik: bu texnologiyaning qudrati bizni himoya qiladimi yoki xavfga qo'yadimi?

— SI texnologiyasining qudrati — ikki qirrali qilichga o'xshaydi. Agar biz uni o'zimiz ishlab chiqsak, u bizni himoya qiladi. Ammo boshqalar ishlab chiqargan SIga to'liq bog'liq bo'lsak, bu texnologiya bizni nazorat qilish vositasiga aylanishi mumkin. SI orqali internet trafigimiz, fikrlarimiz, hatto yuzimiz va ovozimiz ham monitoring ostida bo'ladi. Milliy xavfsizlik endilikda nafaqat harbiy qudratga ega bo'lish, balki raqamli mustaqillik, algoritmik suverenitet hamdir. O'zining sun'iy intellekt platformasiga ega bo'lmagan davlat — boshqa davlatlar SIlari tomonidan boshqariladi. Demak, SI nafaqat iqtisod, balki milliy himoya vositasi hamdir.

— Sizningcha, kelajakka bo'lgan eng katta umidimiz nima?

— Kelajakka bo'lgan eng katta umidimiz — bu fikrlay oladigan, yaratishga intiladigan, o'z xalqini sevuvchi yoshlar. Texnologiya faqat vosita. Uning boshida esa qalb, e'tiqod va iymon turishi kerak. Agar sun'iy intellektni insoniy qalb bilan boshqarsak, biz nafaqat kuchli davlat, balki ezgu jamiyat quramiz. Va bu orzular bugun boshlanishi kerak. Chunki kelajak — allaqachon shu yerda.

— Mazmunli suhbat uchun katta rahmat.

Nosirjon DEHQONOV suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =