To'lov-kontrakt va moliyaviy shaffoflik: Talabalarga yaratilgan qulayliklar

Ma'lumki, bugungi kunda respublikamizda yoshlarning oliy ta'lim muassasasida tahsil olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, to'lov-kontrakt tizimining to'liq raqamlashtirilganligi talabalarga yaratilgan shart-sharoitlarning muhim omillaridan biridir. Bu qulaylik ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish bilan birga, moliyaviy munosabatlarda shaffoflikni ham ta'minlamoqda.
Xabaringiz bor, talabalarga onlayn usulda shartnomalar olish va to'lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish maqsadida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta'lim tizimida to'lov xizmatlarini yagona hisob raqami orqali qabul qilish va taqsimlash hamda moliyaviy hisobotlarni yuritish” — billing.edu.uz axborot tizimi ishlab chiqilgan edi.
Shunga muvofiq, endilikda birinchi bosqichga tavsiya etilgan talabalar ham yangi o'quv yilining birinchi kunidan boshlab to'lov-kontrakt shartnomalarini elektron shaklda, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn olishlari mumkin. Buning uchun vazirlikning kontrakt.edu.uz platformasidan ro'yxatdan o'tib, onlayn ariza yuboriladi. Ariza tasdiqlangach, to'lov-kontrakt shartnomasini yuklab olish uchun havola beriladi. Shuningdek, belgilangan o'tish ballini to'play olmagan, ammo tabaqalashtirilgan to'lov-shartnoma asosida o'qish istagini bildirgan talabgorlar uchun ham kontrakt.edu.uz platformasi orqali onlayn ariza berish va shartnomani onlayn rasmiylashtirish imkoniyati mavjud.
Mazkur platforma elektron hukumatning idoralararo integratsion tizimi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining “UzASBO” dasturiy majmuasi, Soliq qo'mitasining soliq.ijro.uz axborot platformasi va Markaziy bankning “MUNIS” kliring to'lov tizimi va boshqa manfaatdor davlat tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinganligi fuqarolarga qulaylik yaratmoqda.
Xo'sh, mazkur axborot tizimi to'lov-kontrakt va moliyaviy shaffoflikni ta'minlamoqdami?
Kontrakt.edu.uz — bu O'zbekistondagi oliy o'quv yurtlarida kontrakt asosida o'qish uchun to'lovlarni amalga oshirishga mo'ljallangan elektron platforma. Bu tizim talabalar va ularning ota-onalariga banklarga bormasdan, onlayn tarzda kontrakt pulini to'lash imkoniyatini bermoqda. Ya'ni inson omili ishtirok etmagan holda kimningdir kayfiyatiga qaramasdan, jarayon o'z-o'zidan davom etmoqda.
Platforma yordamida talabalar va ularning ota-onalari istalgan joyda va istalgan vaqtda internet orqali to'lovlarning holatini real vaqt rejimida kuzatib borishlari mumkin. To'lov ma'lumotlari avtomatik ravishda universitetlarga uzatiladi, bu esa talabani ro'yxatdan o'tkazish jarayonini tezlashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, platforma turli to'lov usullarini, shu jumladan, bank kartalari va elektron pullarni qo'llab-quvvatlaydi.
Ilhom RO'ZIBAYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
to'lov shartnomalari va to'lovlarini
muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i.