O'zbekiston — BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi tashabbuskori

Iordaniyaning “Ammon News” gazetasi saytida “O'zbekiston — BMT: barqaror taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Nashrda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-24 sentyabr kunlari Nyu-York shahrida bo'lib o'tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etayotgani ma'lum qilingan.

“O'zbekiston 1992 yil 2 martda BMTga to'la huquqli a'zo bo'ldi. Bu qadam yosh mustaqil respublika nafaqat barcha xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etishga, balki o'z tashqi siyosatini xalqaro huquq va BMT Nizomiga hurmat tamoyillariga asoslashga tayyor ekanligining asosiy tasdig'i bo'ldi. O'shandan beri o'ttiz yildan ko'proq vaqt o'tdi va shu davr ichida Toshkent takliflari xalqaro maydonda keng aks-sado berayotgan faol global tashabbuslardan biriga aylandi”, — deyilgan materialda.

Qayd etilishicha, BMTdagi ishtirok O'zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, uning suvereniteti xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini ta'minlash, barcha davlatlar bilan teng huquqli muloqot uchun zamin yaratishda muhim omil bo'lyapti. 1993 yilda Toshkentda BMT vakolatxonasining ochilishi hamkorlikning uzoq muddatli xarakterini mustahkamlagan yana bir muhim voqea sifatida tarixga kirdi.

O'zbekistonning BMT doirasidagi ustuvor yo'nalishlari dastlab xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish, barqaror rivojlanishga ko'maklashish, ekologik muammolarni hal etishdan iborat. Global ekologik halokatga aylangan Orol dengizi inqiroziga alohida e'tibor qaratildi.

“O'zbekiston Orolbo'yi bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari surgani bejiz emas, ular xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Xususan, 2018 yilda BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi”, — deya ta'kidlangan maqolada.

Muallif yozganidek, O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida muntazam ravishda nutq so'zlaydi. Uning 72-, 75-, 76- va 78-sessiyalardagi nutqlari mintaqaviy xavfsizlik, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan muhim siyosiy bayonotlarga aylandi.

Iordaniya OAV yozganidek, 2018 yildan 2025 yilgacha O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi tashabbuskori bo'ldi. “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (2018 yil), “Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risida” (2021 yil), “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risida”gi (2022) va “O'rmonlarni o'stirish va qayta tiklash bo'yicha harakatlar o'n yilligi” (2025) rezolyutsiyalari shular jumlasidandir”, — deya urg'ulagan “Ammon News”.

“Dunyo” AA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 12 =