“Katta xonadon qissalari”
yoxud yozuvchi Yangiboy Qo'chqorovning shu nomli kitobini o'qib…
“Aql ila olam yuzin obod qil” deb uqtirgan edilar besh asr avval g'azal mulkining sultoni buyuk bobomiz. Navoiy navolaridan munavvar bo'layotgan Yangi O'zbekistondek katta yurtda ba'zan kimnidir taniysiz, kimnidir tanimaysiz. Albatta, bu tabiiy hol. Chunki u katta, ulug' yurt. Mana shu yurtning kattayu kichiklaridan ko'plari ushbu o'lkaning bir kamtarin a'zosi, mehnatkash adib va tarjimon Yangiboy Qo'chqorovni taniydi.
Uning o'ziga xos, antiqa dalillarga boy maroqli suhbatlaridan, kamtarona ijodidan bahramand bo'lganlar ham, tabiiy holki, oz emas. Ammo Yangiboyni faqat maroqli suhbatdosh deganlar adashadi, chunki u o'ziga xos ijodkor, ijodi ham o'ziga o'xshaydigan yozuvchi. Buning isboti Yangiboyning yangi, shu ulug' xonadon vakili ekanligini amalda tasdiqlab bergan ko'lamli “Katta xonadon qissalari” kitobidir. Kitob biz ijod ahliga “adabiyotni sevish, unga imkon qadar sadoqat bilan xizmat qilish, kitobxonning ko'nglidan joy oladigan, uning ma'naviy olamini boyitadigan, hayotga bo'lgan mehru muhabbatini oshiradigan, salbiy illatlardan nafratlanadigan, xalqqa, yurtga, Vatanga ehtirom tuyg'ularini shakllantiradigan asarlar yozish kerakligini” uqtiradi. Bu borada Yangiboy muayyan ma'noda o'z hamkasblariga ibrat ko'rsatib kelayotgan adib. “Turkiy xalqlar adabiyotlari durdonalari” yuz jildligini, “Alisher Navoiy g'azallariga muxammaslar” ikki jildligini tayyorlashdagi jonbozligi, Abay va yuzga yaqin qozoq, Berdaq va yuzga yaqin qoraqalpoq shoirlaridan qilgan tarjimalari, “Oy tegrasida yulduzlar” (Zulfiya va zamondoshlari), “Dog'iston donishmandi. Dagestanskiy mudres” (R.Hamzatov) kitoblari, Nobel mukofoti sovrindori S.Aleksiyevichning “Urushning ayolga yot qiyofasi” romanining tarjimasi, “Maxtumquli Firog'iy” dostoni, qator nasriy va nazmiy asarlari xulosamizni to'liq dalillaydi.
“Katta xonadon qissalari” kitobining qurilishi ham Yangiboyning suhbatlariga andoza bo'lib, uning ichidagi mo'may voqealar orasiga nafosat javohirlari sepilgan. O'qirman ularni ko'rmasdan o'tib ketmaslikka harakat qilib o'qiydi. Aslida, kitob zahmatkash adib Muhammad Salom haqida, degan xayolga borasiz-da, ushbu syujet orqasidan quvsangiz, yuqorida aytilgan “javohirlar”ni ko'zdan qochirgandek bo'lasiz. Ha, kitob avvalida Muhammad Salomning maqolasiga ishora bo'lsa-da, aslida, “Katta xonadon” vakili, javohirlardan biri bo'lmish ulug' adib Odil Yoqubovning mashhur so'zlari bilan boshlanadi: “…biz bu ishlarni hamdu sano uchun emas, balki jafokash xalqimizning mushkulini jindek bo'lsa-da oson qilarmikanmiz, joniga ora kirarmikanmiz deb, qolaversa, adolat va haqiqat uchun kurash har bir yozuvchining vijdoniy burchi, degan aqidadan kelib chiqib, bu ishlarga hamisha xayrixohlik bildirib keldik…”. Mana, haqiqiy javohirni xalqimiz xotirasiga yana bir bor ko'z-ko'z qilish va uning xotirasida tiklash yo'llaridan biri. Yangiboy ikki tarmoqdan ikki iqtibos olib, Muhammad Salom orqali bizga Odil Yoqubovday ulkan adibimizning dil so'zlarini xotiramizga yana bir bora joylayapti.
“Shu yilning 23 iyul – 4 avgust kunlari go'zal va bahavo Zomin tog'laridagi oromijon maskan — Navoiy kon-metallurgiya korxonasiga qarashli muhtasham sihatgohda davrimizning zabardast adibi, oqsoqolimiz, bir necha roman va qissalar muallifi, piru badavlat otaxon Muhammad Salom bilan muloqotda bo'ldik. Muloqotlarimiz chog'i u kishi milliy adabiyotimizning ulug' chinorlarini ko'rganlarini, bir qancha ulug' adiblarga choy quyib, oltindan a'lo so'zlarini tinglaganlarini, bir qanchasidan qimmatli maslahatlar olganini, katta xonadonning nafosatli nafasini his qilganini so'zlab berdilar” (Ya.Qo'chqorov. “Katta xonadon qissalari”, 169-bet).
Bu satrlarni o'qiganimizda ko'nglimizda hayajon tuyg'ulari uyg'ondi. Chunki aynan o'sha kezlari biz, ya'ni men, olim va shoirlardan Hamidulla Boltaboyev, Islomjon Yoqubov, Bahodirjon Rahmonov, Vafo Fayzulloh, Muhiddin Polvon va boshqalar Muhammadjon akaning suhbatlaridan bahramand bo'ldik. Ulug' yoshga kirgan adib “…hech kim yurmagan yo'ldan borishni afzal ko'rdim…”, dedi. Ayni shu o'z yo'lidan yuruvchilarning aslini Yangiboy kitobining davomida ko'ramiz. Kitob Yozuvchilar uyushmasining chigal boshlangan tarixini mahorat bilan aks ettirgan. Biz bilmagan, biz kutmagan voqea va dalillar topilganiga hayratga tushasiz. Bu esa bizga Yangiboyning nafaqat yozuvchi, balki o'ziga xos tadqiqotchi ekanligini ham ko'rsatadi. Chunki yangi kitob orqali biz uyushmamiz tarixida R.Majidiy, Q.Beregin, Oltoy hamda boshqa yozuvchi va arboblarning bu tashkilotga xizmati, azobi va sarguzashtlarini ko'ramiz. Kitobga kirgan quyidagi satrlar har kuni yozilaveradigan navbatchi matn emas:
“1919 yili atoqli jadid Abdurauf Fitrat tomonidan asos solingan “Chig'atoy gurungi”, 1926 yili Shokir Sulaymon va Oltoy tomonidan tashkillashtirilgan “Qizil qalam”, Umarjon Ismoilov rahbarligida 1930 yildan faoliyat ko'rsatgan O'zbekiston proletar adiblari uyushmasi 1934 yilning 11 mart kuni tuzilgan O'zbekiston Yozuvchilar soyuzi uchun poydevor vazifasini o'tagan edi. O'zbekiston Yozuvchilar soyuziga Rahmat Majidiy 1 yilu 7 oy, Qurbon Beregin 2 yilu 2 oy, Xolmat Qurbonov 6 oyu 9 kun, Nasrullo Oxundiy 10 oy, Hamid Olimjon 5 yilu 2 oy, Oybek 4 yil, Sharof Rashidov 1 yilu 4 oy, Uyg'un 3 yilu 9 oy, Abdulla Qahhor 1 yilu 10 oy, Sarvar Azimov birinchi marta 1 yilu 3 oy, ikkinchi marta 4 yilu 8 oy, Komil Yashin 22 yil, O'lmas Umarbekov 2 yilu 6 oy, Odil Yoqubov 4 yilu 1 oy, Jamol Kamol 4 yilu 1 oy, Abdulla Oripov 14 yil, Bobur Alimov 3 yilu 8 oy, Muhammadali Ahmedov 5 yilu ikki oy rahbarlik qildilar. 2018 yilning 11 aprelidan buyon uyushmani Sirojiddin Saidov boshqarib kelmoqda. Katta xonadonimizning qissasi u qadar ko'p quvonchli sahifalarga ega emas. Qurbon Beregin 1938 yilning 4 oktyabrida o'z safdoshlari Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon, G'ozi Olim Yunusov, Otajon Hoshim, Muhammad Hasanov, Qayum Ramazon, Ziyo Said, Mo'min Usmonov, A'zam Ayub, Majid Qodirov, Xudoybergan Devonovlar bilan birga otib tashlandi. Ulardan biroz oldin Tavallo, Asil Mansur, Botu, So'fizoda, G'ulom Zafariy qatl etilgan edilar. Hamid Olimjon va Oybek bir necha marta uyushma safidan o'chirildi. Uyushmaning birinchi raisi Rahmat Majidiy o'tgan asrning elliginchi yillari boshida qatag'on iskanjasida azob chekdi”.
Bunday olib qarasangiz, kitobning syujet chizig'ida atoqli adib Muhammad Salom ijodi asosiy o'rin tutganday ko'rinadi va haqiqatda ham shunday. Kitob muallifi nafaqat Muhammad Salom ijodidagi yuksalish onlari, balki ba'zi sabablarga ko'ra depsinish chog'larini ham nazardan qochirmaydi. Kitobda yozuvchining quyidagi so'zlari keltirilgan: “1973 yilda “Sevgi tori” degan yirik povestim e'lon qilindi. Undagi voqealar Toshkent hamda Zarafshon — Muruntov qurilishlarida kechadi. Sevgining qudrati, qirralari, odamni o'zgartirib yuborishi xususida. Avval o'g'ri bo'lgan bosh qahramon shunday tuyg'uga uchrab, “o'zligi”ni topadi… Ustoz Asqad Muxtor bu asar bilan meni qizg'in qutladi. Men hamma asarlarini qoldirmay o'qiydigan O'lmas Umarbekov (Markazkomda ishlardi, qo'lyozma nashriyotdan u kishiga berilgan) ham xursand bo'lib, telefonda samimiy gaplar aytdi.
Biroq kitob chiqqach, “Sharq yulduzi” jurnalida Akmal Xo'jayevning tanqidiy maqolasi bosildi. Tumtaroq, asoslanmagan fikrlar. Uning nima demoqchiligini tushunmadim. Maqola uyushtirilganini keyinroq bildim. “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir paytim bo'lim mudiri B.Boyqobilov atoqli adib Muhsin Saidovning “Toblanish” romanini qayta nashr etishni mo'ljallab, tahrir uchun menga berdi. O'qib ko'rib, qayta nashrga arzimaydi, degancha qo'lyozmani qaytarib berdim. Minhojiddin Haydar ham muharrirlikni bo'yniga olmadi…” Gap shundaki, muallif nazarda tutgan 90 yil davomida nafaqat sheverdinu milchakovlar, balki o'zimizning akmal xo'jayevlar ustoz Oybek, ustoz Mirtemir va ularning izdoshlaridan bir qanchasining boshida yong'oq chaqdilar. Qanchadan-qancha ajoyib asarlar qog'ozda qolib ketdi. Ayrim tayyor qo'lyozmalar jahl olovida kulga aylandi. Shu jumladan, Muhammad Salom ijodida ham bir necha bor o'n yillab “tanaffuslar” yuz berdi.
Boshi qizil saltanat cho'qmorlaridan g'urra bo'lgan jabrdiyda adiblarimiz orasida Shuhrat, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, To'xtasin Jalolov va Said Ahmad bor. Kitobning “Katta xonadonning qahramonlari” bobida Said Ahmadning mashaqqatli hayoti haqida shunday satrlarni o'qiysiz: “Said Ahmad — Allohning marhamati bilan tegirmon toshining ostidan omon chiqqan adib. Bunga ishonch hosil qilish uchun ustoz qizil saltanat iskanjasiga tushgan kezlarda, ya'ni 1951 yilning 8-10 mart kunlari “Toshkent. Shumilov gorodok, Beryozoviy tupik, dom № 46”dan “Tashkent, ulitsa Labzak, Tupik 7, dom 86”, rafiqasi Saida Zunnunovaga yozgan xatini o'qing. Adibni 10 martda olib ketib, 16 mart kuni Qozog'iston SSRning Shimoliy Qozog'iston viloyatidagi Petropavlovsk shahriga yetkazadilar (shaharning sovuq nomini qarang: imperator Pyotr Markaziy Osiyoni zabt etishni boshlab bergan, Pavel esa kurakda turmaydigan ishlarning barchasini bajargan!”). 17 mart kuni adib uchinchi xatni yozadi. GULAG jallodlari o'z ona tili turganda mahbusga xatni o'ris tilida yozishga majbur qiladilar. Xayriyat, to'rtinchi iztirobli xat Jezqozg'on konidan o'zbek tilida keladi. Quyidagi so'zlarda adib dilidan vulqondek otilgan faryod yashirin: “Oyi, xafa bo'lmang, taqdir ekan. Besh oygina baxtli yashadim…” Besh oygina! Yana xatga qaytamiz: “Saidaxon! Aybdor kishining tili qisqa bo'ladi. Aybsiz aybdor bo'ldim. Ko'p yozing, to yuz ko'rishgunimizcha ulfatimiz qog'oz va qalam bo'lsin. Andijondagi kuyovini ko'rmagan qaynota, qaynona, pochchasini ko'rmagan qaynsingillarga salom aytinglar…” Adib 7-xatda “Tuhmat loyqadek quyiga cho'kmog'i, haqiqat buloq suvidek qaynab yuzaga chiqmog'iga ishongan kishi hech qachon umidsiz bo'lmaydi”, 8-xatda “Bu yerlarning daraxtsiz, ko'katsiz yozi boshlandi”, deb yozadi. Atoqli shoira, iste'dodli yozuvchi, vafodor rafiqa bo'lgan Saida Zunnunova 1951 yilning 26 sentyabrigacha eriga 31 ta xat jo'natadi. Xatlaridan birida “Hasratimni yozay desam, qalamga o't tushib, qog'oz kuyib ketdi”, deb yozgan edi. Katta xonadon qissasining bir hasratli bobi shuki, Saidahmad aka Saida opaga GULAGdan 70 ta o'tli xat yozdi. Bir qancha xatlarga o'zi yozgan she'rlarini qo'shgan. Ulardan birida “Ruxsat et, tog'larni yiqay qalamda” degan satr bor”.
“Katta xonadon qissasining qayg'uli bobi”ni xotirjam o'qiy olmaysiz. Ma'lumki, har bir xonadon o'z hayoti jarayonida baxtli va baxtsizlik kunlarini ko'rmasdan o'tmaydi. Shunday ekan, kitobning mana shu sahifalari va ularning yoritilishiga tasannolar aytasiz. Ma'lumki, Usmon Nosir va Julqunboylarning hayot-mamot yillari haqida ko'p o'qiganmiz, ammo Yangiboy talqinida bu “Katta xonadon qissalari”dagi sahifalardan ko'zingizni uzmay, kitobdan bosh ko'tarmay yana va yana o'qiysiz. Kitobdan iqtibos: “Uch non uch jonga…”, “Otam og'ridi…”, “Ko'p yotolmadi, o'ldi!..”. Bu iqtibos va ijodiy izlanishlar Yangiboyning topilmalari, bular orqali u Muhammadjonning ijodiy izlanishlarini ko'rsatadi va Usmon Nosir satrlari orqali ularga o'ziga xos rang beradi.
Ammo kitob faqat qayg'uli sahifalardan iborat emas. Muallif ulkan yozuvchi Nosir Fozilovning hazil-mutoyibalari orqali katta xonadonimizdagi mukofotparastlik illati xususidagi hayratomuz hikoyalarni ham keltiradi: “2013 yil. Mayingina shabadalari bilan kirib kelgan kuzning uchinchi yo to'rtinchi kuni edi. “Do'rmon” ijod uyi oldidagi o'rindiqda ustozim Nosir Fozilov bilan shiringina gurunglashyapmiz. Ikkinchi o'rindiqda Muborak kennoyi taniqli dramaturg Haydar Muhammadning rafiqasi Vazira opa bilan suhbatga kirishgan. Darvoza tomondan yelim xaltacha ko'targan o'rtamiyona ijodkor “og'a”mizning kelayotganini ko'rdim. Kallaklangan jo'ka daraxti yoniga yetganda og'zidagi nosini gulzorning chetiga tufladi. O'zimni tutolmay kulib yubordim.
— Ha, shair, ne bo'ldi? — dedi Nosir oqsoqol kichkinagina tranzistorini chap qulog'iga tutib.
— Talaba paytimiz qizlar bilan vals tushish uchun tun bo'yi Lev Leshchenkoning bitta plastinkasini qayta-qayta qo'yar edik. Bir yigit plastinkaning yonida turardi-da, tugay deganida sekin sezdirmasdan surib qo'yardi. “Proщay, nichego ne obeщay!” deb tonggacha xonish qilaverardi plastinka…
— Nega birdan buni eslab qolding, inim?
— Hozir huv kelayotgan ulug' zotning plastinkasini eshitasiz.
— Plastinkasiga nimalar yozilgan?
— Mukofot, mukofot, mukofot!
So'zimni tugatishim bilan ul zot yetib keldi-da:
— Assalomu alaykum, Nosir aka! Yaxshimisiz? Bir hafta poytaxtdan olisda yurib, gazit o'qiy olmadim. Xo'sh, bu safar yozuvchilarimizdan qaysi birlari mukofot sotib oldi? “Ko'ki”dan berishibdimi? — deb so'radi.
Nosir aka ko'pni ko'rgan yoshulli emasmi, pinagini buzmasdan:
— Ha, faqat siz aytgan qoyilmaqom kupyuralardan berishibdi.
Mubolag'aga o'rin yo'q. Asarni o'qiganingiz sari bu kitobga ham mehringiz oshadi va nihoyat o'zingizni tiklab, kitobni yopmoqchi bo'lsangiz, sizni yozuvchi Muhammad Salom haqida yig'ilgan antiqa dalil va raqamlar, ma'lumotlar kutadi. Kitobda adib zamondoshlaridan Umarali Normatov, Mahkam Mahmudov, Adhambek Alimbekov, Farid Usmon, Qozoqboy Yo'ldoshev, Nurali Qobul, Norto'xta Qilich, Tursun Ali, Habib Siddiq, Nusratulla Jumaxo'ja, Mirzaali Akbarov, Farmon Toshev, Zikrilla Ne'mat, Abdunabi Hamrolarning qimmatli fikrlari o'rin olgan. Bu kitobni o'qib, biz ham Muhammad Salomga va u orqali Yangiboy Qo'chqorovga, balki Yangiboy Qo'chqorov orqali Muhammad Salomga zamondoshlik fikrlarimizni bildirishga harakat qildik. Bir so'z bilan aytganda, adabiyotimiz xazinasi maroq bilan o'qisa bo'ladigan yana bir kitob bilan boyidi, deya olamiz!
Mahmudjon YO'LDOShEV,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,
psixologiya fanlari nomzodi.
