Tormozsiz propaganda
yoxud Solovyovga javob
Kuni kecha rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyov o'zining “Solovyov LIVE” mualliflik dasturi efirida Rossiya Ukrainada bo'lgani kabi postsovet hududidagi boshqa mamlakatlarda ham “maxsus harbiy operatsiya” o'tkazishi mumkinligi haqida gapirdi. Tabiiyki, bunday tajovuzkorona chaqiriq keskin va haqli ravishda norozilik munosabatlarini keltirib chiqardi. OAVda yozilishicha, jumladan, Armaniston TIV Solovyovning so'zlari uchun Rossiya elchisiga norozilik notasini topshirgan. O'zbekistonda ham ming-minglab yurtdoshlarimiz, ziyolilar, deputatlar bosqinchilikni targ'ib qilayotgan bu kimsaning so'zlarini qoralab chiqishmoqda. Xususan, taniqli jurnalist Ro'ziboy Qo'ldoshev “Facebook”dagi sahifasida “Solovyovni xalqaro sudga berish kerak” deb yozdi. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov esa Solovyovning “xalqaro jurnalistlar tashkilotlari tomonidan qabul qilingan jurnalist kasb etika kodekslari qoida va talablarini qo'pol ravishda buzganligini” tanqid qildi. O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosatshunoslik fanlari doktori, professor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Sherzodxon Qudratxo'ja ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, “Youtube” kanali orqali bu chiqishga o'z munosabatini jonli efir tarzida darhol bayon qildi. Uni ming-minglab yurtdoshlarimiz qo'llab-quvvatlagan holda o'z izohlarida fikr bildirishmoqda. Quyida Sherzodxon Qudratxo'janing “Facebook”dagi sahifasidan olingan “Solovyovga javob”i e'lon qilindi.
Rossiyalik telejurnalist Vladimir Solovyov to'g'ridan-to'g'ri efirda avval qog'ozga o'rab kelingan narsani ochiq aytdi: xalqaro huquqni inkor etish mumkin, suverenitet — shunchaki rasmiy atama, boshqa davlatlar esa bemalol “ta'sir doirasi” deb e'lon qilinishi mumkin. “Bizning Osiyo” degan formula tasodifiy og'izdan chiqqan so'z emas, balki davlatlarni ob'yektga, chegaralarni esa to'siqqa aylantiradigan sof mustamlakachilik tilidir.
Yana bir jihati, ayniqsa, ibratli: xuddi shu inson bir paytlar Ukrainaga hujum qilish — jinoyat va halokatga olib boruvchi yo'l ekanini ochiq gapirgan edi. Bugun esa o'sha “jinoyat” hech ikkilanmasdan “zarurat” deb qayta yozilmoqda. Tushuntirishga hojati qolmagan propaganda ana shunday ishlaydi: u o'z xotirasini o'chiradi va tomoshabindan ham shunga qo'shilishni talab qiladi.
Albatta, Solovyov shunchaki bulbul kabi sayrab, baland ovozda, jozibali, lekin har doim ham so'zining oqibati uchun javob bermaydi, deb aytish mumkin. Va juda ham umid qilishni istaymizki, bu Rossiya oliy rahbariyatining rasmiy pozitsiyasi emas, balki studiya ichki auditoriyasiga ta'sir qilishga qaratilgan navbatdagi propagandistik chiqishdir. Ammo tarix ko'p bor shundan dalolat beradiki, bunday “yakkaxon chiqishlar” kamdan-kam hollarda faqat so'z bo'lib qolgan.
Bejiz emaski, Lao Szы hali miloddan avvalgi VI asrdayoq ogohlantirgan:
“Fikrlaringizga e'tibor bering — chunki ular harakatlaringizning boshlanishidir”.
Katta siyosatda ovoz chiqarib aytilgan fikr — endi falsafa emas. Bu — amalga oshirilishi mumkin bo'lgan harakatlarning repetitsiyasidir.
Bu endi na bahs, na tahlil. Bu — urushni siyosatning maqbul vositasi sifatida normallashtirishdir. Ukraina — presedentga aylandi, Markaziy Osiyo — ovoz chiqarib aytilgan xayollar ob'yekti, “ta'sir doirasi” esa xavfsizlik haqidagi so'zlar ortiga yashirilgan har qanday zo'ravonlikni oqlash uchun universal bahonaga aylanmoqda.
Ekran orqali “har qanday xalqaro huquqqa tupuramiz” deb aytilganda, gap ritorika haqida ketmayapti. Gap — niyat haqida. Tarix bunday bayonotlarni hissiyot sifatida emas, balki dalil sifatida qayd etadi. Va har safar uning oxiri bir xil bo'ladi — efirdagi aljirash bilan oqlab bo'lmaydigan oqibatlar bilan.
Bu mantiqning davomi ochiq-oydin va shu bois, ayniqsa, xavfli. Agar xalqaro huquq “majburiy emas” deb e'lon qilinsa, suverenitet esa shartli tushunchaga aylansa, propaganda chizib bergan dunyoda na ittifoqchilar, na kelishuvlar, na kafolatlar qoladi. Faqat kuchli tomonning huquqi qoladi — u esa “xavfsizlik” deb qayta nomlanadi.
Bunday manzarada davlatlar sub'yekt bo'lishdan to'xtaydi — ular joriy televizion “dalillar”ga qarab surilishi, o'chirilishi yoki o'zlashtirilishi mumkin bo'lgan xarita bo'laklariga aylanadi. Bugun bu so'z bilan aytiladi, ertaga — siyosiy tilda mustahkamlanadi, indinga — amaliy harakatga aylanadi. So'zlar aynan shu tarzda oddiy so'z bo'lmay, mexanizmga aylanadi.
Tarix bu yo'ldan oldin ham o'tgan. Avval — ritorikada o'zboshimchalikka ruxsat beriladi. Keyin — zo'ravonlikni izohlashga o'rganiladi. Va faqat oxirida — “nega hech kim tushunmadi?” va “nega hamma qarshi chiqdi?” degan hayrat paydo bo'ladi. Propaganda har doim oqibatlarni kechagi bayonotlar kabi osonlikcha bekor qilish mumkin, deb o'ylaydi. Ammo real hayot bunday ishlamaydi.
XXI asrda urushni rasman e'lon qilish shart emas. Uni odatiy holga aylantirish o'zi yetarli. Bir necha bor “bizga mumkin”, “shunday bo'lishi kerak”, “boshqa iloj yo'q” deb aytish kifoya. Overton tuynugi aynan shunday ishlaydi: kecha — aqlga sig'maydigan, bugun — muhokama qilinadigan, ertaga — maqbul, indinga — amalga oshiriladigan. Shuning uchun bunday efirlar mazmuni bilan emas, funksiyasi bilan xavfli — ular mumkin bo'lgan chegaralarni surib, jamiyatni navbatdagi qadamga tayyorlaydi.
Bu yerda savol endi bir televidenie boshlovchisiga emas. Savol — bunday formulalarni qabul qilib bo'larli deb hisoblayotganlarga. Chunki har safar tajovuz so'z bilan oqlansa, u amaliyotga yaqinlashadi. Har safar huquq to'siq deb e'lon qilinsa, dunyo navbatdagi fojiaga yana bir qadam yaqinlashadi — u esa keyin yana “majburiy” deb ataladi.
Tarix, propagandadan farqli o'laroq, hech narsani unutmaydi. U shunchaki aytilgan so'zlar ongli ravishda qilingan tanlovning yetarli daliliga aylanishini kutgan holda sabr qiladi.
Sherzodxon QUDRATXO'JA,
siyosiy fanlar doktori,
professor.
