“Davr jurnalist nigohida”
O'zbekiston Milliy matbuot markazida taniqli ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda taniqli davlat va jamoat vakillari, atoqli shoir va yozuvchilar, gazeta va jurnallar bosh muharrirlari, professor-o'qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Taqdimotni O'zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Ko'chimov kirish so'zi bilan ochib, “Davr jurnalist nigohida” kitobida taniqli jurnalist Irismat Abduxoliqovning yarim asrdan ortiq ijodiy faoliyati davomida ko'rgan-kechirganlari, bevosita ishtirok etgan muhim tarixiy voqea-hodisalar haqidagi xotiralari jamlanganini alohida ta'kidladi hamda kitob xususida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur kitobda muallif o'z faoliyati davomida yuzma-yuz kelgan, hamkorlik qilgan, muloqotga kirishgan tanish va notanish shaxslar obrazini yaratar ekan, Irismat Abduxoliqov uslubiga xos bo'lgan xolislik, tiniqlik va samimiylik yaqqol namoyon bo'ladi. Xususan, kitobda respublikamizni salkam chorak asr boshqargan Sharof Rashidov siymosi alohida hurmat va muhabbat bilan tasvirlangan.
Mazkur to'plamdan muallifning O'zbekistondagi deyarli barcha viloyat, tuman va qishloqlardan, shuningdek, Vashington, Nyu-York, Moskva, Dehli, Anqara, Makka va Madina shaharlaridan tayyorlab, voqea sodir bo'layotgan joydan to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatgan reportajlari matnlari ham o'rin olgan. Kitobga televidenie va radioning ilmiy-nazariy asoslariga bag'ishlangan maqolalar ham kiritilgan.
— “O'z sohasida yuksak mavqega erishgan, cho'qqilarni zabt etgan har bir inson oddiy odam hisoblanmaydi”, – deb yozgan edi mashhur teleshou qiroli Larri King. Irismat Abduxoliqov ham teleradio muxbiri, dunyo kezgan xalqaro sharhlovchi sifatida ulkan ijodiy yo'lni bosib o'tdi, ko'plab hamkasblarimiz orzu ham qilolmagan mavqelarga erishdi, cho'qqilarni zabt etdi. Ushbu asar katta-kichik kitobxonlarni ana shunday marralarga intilishga chorlaydi, ruhiy qanot bag'ishlaydi, – dedi taniqli adib Xurshid Do'stmuhammad.
Kitobda taqdim etilgan tarixiy jarayonlarning eng qaynoq nuqtalaridan tayyorlangan axborotlar, reportaj va ko'rsatuvlar matnlari o'sha davr manzaralarini ko'z o'ngimizda qayta jonlantirishi barobarida, jurnalistikaning barcha sohalari vakillari hamda talaba-yoshlar uchun muhim o'quv-amaliy qo'llanma vazifasini ham o'taydi.
Gulzaynab ZULHAYDAROVA.
