“Aytgim kelar yashil-yashil so'z…”
mockups-design.com
Haqiqiy shoirning rutbasi qanday bo'ladi? Bunday martabaning mezonlari qanaqa? Bu borada jahon adabiyotshunosligida aniq, qat'iy belgilangan mezonlar, alohida muhrlangan qonunlar yo'q. Shunday bo'lsa-da, hamma tan oladigan bir qoida bor: har qanday ijod kibru havodan xoli, samimiy va nafis bo'lishi kerak. Taniqli shoir G'ayrat Majid ijodida samimiy fazoni, dilkash koinotni ko'ramiz.
G'ayrat Majid so'z yukini, uning ma'no salmog'ini teran tushunadi, shoirning nozikta'b she'riyatida har bir so'zning o'z vazifasi bor. Uning ijodiy ko'lami mavzu jihatidan juda rang-barang, shoir ijodida ijtimoiy lirika ham, sentimental va didaktik-pragmatik she'riyat namunalari ham mavjud. Shoirning 2025 yilda ikkita to'plami chop qilindi: she'rlar va dostonlardan iborat “Oppoq tabassum” kitobi hamda “Ishq ayyomi” she'riy to'plami. Har ikki to'plam chiroyli va o'ziga xos dizaynda chop etilgan. Ushbu maqolada “Oppoq tabassum” kitobi mutolaasi haqida so'z yuritsak. Ushbu to'plamdan shoirning 142 ta she'ri joy olgan. Shundan ikkitasi doston bo'lib, “Xo'ja ilmkoni” va “Adabiyot bog'i” deb ataladi. Dastavval kitob nomi e'tiborimizni tortdi: “Oppoq tabassum”. Qiziq, tabassum ham oq bo'ladimi? Tabassumda nafaqat rang, balki issiqlik va sovuqlik, harorat va otash, ohanrabo va diltortarlik, balki shoir ko'nglining navozishlari ham aks etadi. Oppoq tabassum bu quruq sifatlash emas, poetik obraz. U orqali shoir kayfiyatini, shoir xayolini band qilgan ruhiy holatni anglasak bo'ladi. Shoir bu bilan qalb tozaligi, ruh munavvarligiga ishorat etmoqchi bo'lgan, nazarimizda. Bizning asrimizga kelib she'riyatda ranglar poetikasi bilan bog'liq tushunchalar ko'p qo'llanila boshlandi. Lirik qahramon kayfiyati va ruhiyatiga qarab poetik obrazlar ramziy yuk, ko'lamdorlik kasb etmoqda. Adabiyotshunos olim Ulug'bek Hamdam aytganidek, obrazning kuchi, jozibasi yana shundaki, u shoir ifodalamoqchi bo'lgan fikr, his-tuyg'u va kechinmani ma'no jihatidan tovlantirib beradi. Ya'ni o'z kayfiyatini, ayniqsa, ramziy obraz orqali aks ettirgan shoir shu narsaga erishadiki, endi uni har o'quvchi o'ziga tanish manzaralarda tushunadi. U yaratgan obrazlar muxlislar qalbida yangidan inkishof etiladi. Olim bir o'rinda uqtiradiki, har bir davr obrazga muayyan g'oyaviy, badiiy, estetik va ma'naviy yuk yuklaydi.
Ayniqsa, ijtimoiy lirikadagi badiiy qahramon obrazining estetik vazifasi hamisha davrga qarab o'zgarib turadi. Ulug'bek Hamdam aytganidek, “chunki obraz muallif va tashqi dunyo o'rtasidagi o'ziga xos aloqa vositasidir. Obraz ob'yektiv borliq va shoir — sub'yekt o'rtasida barpo etilgan eng ishonchli ko'prik. Hassos o'quvchi bu ko'prik orqali bir vaqtning o'zida ham shoirning badiiy estetik olamiga, ham u yashagan davrning g'oyaviy-ma'naviy sarhadlariga sayohat qilishi mumkin”.
Shoir G'ayrat Majid ijodida juda baland kayfiyat, optimizm, pafos borki, shoir ijodiy xayoli shu bois doim oq ranglarga chulg'anib, tovlanib turadi. Shoir oq va yashil ranglarni o'zgacha hissiyot bilan qadrlaydi. S.O'tanova tadqiqotlarida aytilishicha, insoniyat tarixida ranglarning turli ramziy ma'nosi bo'lib, ular ma'lum jamiyat guruhlarining etnik, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy hayotidagi u yoki bu haqiqatlarni aks ettirgan. Odamlar rangni endi farqlay boshlaganlarida dastlab oq, qizil va qora rangni o'zaro ajratishgan. Ular olamni tushunishdagi mifologik tasavvurlarida (masalan, qizil rang orqali olov, quyosh yoki qon, hayot jo'shqinligini tushunganlar), urf-odatlarda (qora va ko'k ranglar motam belgisi), davlat va jamiyatning siyosiy hayotida, hatto tush ko'rganda (masalan, yashil rang baxt va omad ramzi ) ham ma'no-mohiyatni bevosita rang bilan bog'lashgan. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga qarata: “O'zlaringga oq kiyimni ma'qul ko'ringlar, ya'ni oq kiyinglar, chunki u kiyimlarning pokrog'i va yaxshirog'idir”, dedilar”. “Avesto”da Anaxitaning aynan to'rtta oq tusdagi ot qo'shilgan aravada yurishi ham oq rangdagi ulug'vorlik, kuchlilik sifatlariga urg'u berilganligidan dalolatdir. Yana bir o'rinda S.O'tanova ta'kidlaydiki, “Oq rang kun yorug'ligining mifologik ekvivalenti bo'lib, har doim ezgulik mazmuni kasb etgan, shuningdek, bu rang hayotbaxsh omillar — sut va bug'doyni, chanqoqlikni bosuvchi, tanani pokiza qiluvchi — suvni, bulutlar, halollik, yorug'lik kabilarni o'zida ifoda etgan. Shu bois eng qadimgi davrlardanoq oq rang bilan ezgulik, ko'payish va ilohiylik kabi xususiyatlar bog'lanadi”. Oltoyliklarda oq rang to'g'rilik, go'zallik, ulug'vorlik ma'nolari bilan birga, ulug' tangrining yaratuvchilik va yaxshilik kuchlarini yig'uvchilik sifatlarini ham bildirgan bo'lsa , Janubiy Sibirdagi turkiy xalqlarda esa oq rang epik va tarixiy nom sifatida ham uchraydi: Oq Qoon, Oq Mo'lat va boshqalar. N.B.Baxilinaning e'tirof etishicha, qadimgi ruslar uchun oq rang farishtaning martabasi, saodatli qiyofasini tamsil etgan.
Demak, oq rang qalbi toza kishilar bilan bog'liq ulug'vorlik, kuchlilik ma'nolariga yana bir ishora etilishi bilan bog'liqdir. Odatda, hissiyot va kechinmalarning, kayfiyatning rangi bo'lmaydi va bu ramziy nom bo'lib, shoirning dunyoga munosabatini, uning hayotiy a'molini ifodalaydi. “Oppoq tabassum” — shoirning holatlar kitobidir, ijtimoiy lirikaning tarannumidir. Shoir ijodida yorug', ochiq ranglar ustuvor. Oppoq tabassum poklik, ohorlilik jilvasi, dunyolarga yaxshilik sog'ingan poetik qahramonning dunyoga nuqtai nazaridir. Yashil rang ham shoir uchun muhim estetik-falsafiy ma'noni anglatadi:
Oyning chehrasidan o'paman asta,
Mening dunyolarim yam-yashil hislar.
(“Oyning chehrasidan”, 205-bet)
Aslida, yashil rangni barcha go'zallik ahli birdek qadrlaydi. Shoir Eshqobil Shukurda “Yashil qushlar”, Rashod Nuri Guntekinda “Yashil kecha” tashbehlari bor. Halima Ahmad ham bir o'rinda shunday deydi:
Ey, zulmatni
nurga aylantiruvchi,
Iymon kengligida surguvchi xayol
Sochib tashlanganman sening poyingda
Yashil kundan qolgan gardman, ehtimol…
Shu she'r davomida shoira:
Ko'zimni ochaman,
yashil boqar tong… —
misrasi orqali munavvar tongni gavdalantiradi. She'r so'ngida esa:
…Hayot tomirida oqaman yana,
O'zimga sig'maydi o'zimdagi dil.
Jonimga nafasing tekkan chog'ida,
Rabbim, nigohlaring naqadar yashil, —
misralarini bitar ekan, fikrning quyuqligi, aytilmoqchi bo'lgan so'zning shiddati qalbingizga o'ktam ruh beradi: “Rabbim, nigohlaring naqadar yashil”. Shoiraning “Yashil kun”, “yashil tong”, “yashil nigoh” poetik obrazlaridagi nafislik, kayfiyatning tiniq ifodasini ko'rib o'y va taxayyulga berilasiz. G'ayrat Majid she'rlaridagi samimiyat va o'ktamlik ham ana shu misralardan qolishmaydi. Shoir o'z hislarini ham, so'zlarni ham yashil rangda ko'radi:
Qartaygan dunyoga,
Keksa dunyoga
Aytgim kelaverar yashil-yashil so'z.
Manim gul ko'nglimga,
Bahor ko'nglimga
Nimadir demoqchi bo'layapti kuz…
Bu yerda “Aytgim kelaverar yashil-yashil so'z…” satriga diqqat qiling. “Yashil-yashil” jumlasi, eng avvalo, badiiy takrir namunasi sifatida kelyapti. Odatda “yashil” sifati o'simlik yoki bahorga nisbatan ishlatiladi, biroq bu yerda u “so'z”ga nisbatan qo'llanib, so'zning yangiligi, jonliligi va umidbaxshligini ifodalamoqda. So'zga rang berish orqali kuchli ko'chim hosil qilingan. U bu yerda istiora sifatida ham qo'llanilyapti. U so'zning nafaqat rangini, balki uning ichki mazmunidagi soflik va yashnash ma'nolarini kuchaytirib ko'rsatadi. Shoir bu dunyoga “yashil-yashil so'z”larini izhor qilmoqchi. Tabiiyki, yashillik yashash va yasharish, tiriklik, navqironlik belgisi. Ammo kuz yo'rig'i bo'lak. U shoirning badiiy kechinmalarini “sariq”qa — ayriliq rangiga bo'yamoqchi. Badiiy qahramon, aslida, kuz faslini ham o'zgacha yaxshi ko'rar edi. Nogahon kuz faslida otasidan ayrildi. Uning dunyolari ostin-ustun bo'ldi, ayriliqdan ko'ngli mahzun bo'ldi. “Saboqlarga tashna bola misoli Qarshingda turibman, ey muallim kuz”, deydi poetik qahramon. “Muallim kuz” — yangicha poetik ifoda. Shoirning chiroyli tashbehi. Demak, kuz fasli insonlarga yoshlik, tiriklik oniy ekanligini, hayotning, yaqinlarimizning qadriga yetishimiz kerakligini uqtirib kelayotgan muallim. Undan yetarli saboq ola turib ham, baribir kuzdan yashillik umid qilamiz. Chunki umid qilish insonning fitratida bor. Umid qilish — iymon quvvatidan nishona. Faqatgina shayton bu dunyodan umid qilmay, noumid bo'lar ekan, tushkunlikka tushar ekan. Odam bolasi esa orzu-umidning oshuftasi:
Senga ishonaman, ertaga menga
Yashil qo'llaringni uzatasan, kuz.
“Yashil qo'llar” — bu ham poetik ifoda. Unda ertaning munavvarligi, umidi va orzulari bor. Shoirning ushbu she'ri baquvvat poetik ta'sir kuchiga va ibratli syujet chizig'iga ega.
Shoirning “Adiblar xiyoboni” (293-301-betlar) dostoni ijtimoiy-ma'rifiy asar bo'lib, muhtasham xiyobonda haykallari bor barcha adib va shoirlar siymosi va ijodiy merosi so'z o'yini, istiora va jonlantirishlar orqali qalamga olinadi. Har bir inson eng avvalo o'z davrining farzandi. U yashar ekan, o'zi istiqomat qilayotgan zamindagi shart-sharoit, jami shodligu quvonchlar uning hamrohidir. Endilikda kimlardir Vatan haqidagi she'riyatni maddohlikka yo'yadilar. Aslida, har birimiz shu zamin va shu tuproq uchun, tirikligimiz uchun har daqiqada shukrona qilishimiz lozim. Ijtimoiy hayot, sotsium har bir insonning hayot grafikasi, umr chizig'ida aks etgan borliq. Shu ma'noda shoirning bu to'plami ko'ngil fazosini kengaytirgan kitob bo'libdi, deyish mumkin. Yurak doim yaxshilik sog'inib yashaydi, ertani sog'inib kutadi, ezgu niyat qiladi, shoirning ushbu kitobi oppoq tabassumning, yaxshi niyatlarning nafosatli tajassumi bo'libdi:
Dil doim tip-tiniq, bol buloq bo'lsin,
Qor kabi sovuqmas, qorday oq bo'lsin.
Sof, komil iymonda joning sog' bo'lsin,
O'zin yor, pirlarni madadkor etsin.
(“Oq niyat” she'ridan, 229-bet)
Shoirning poetik qahramoni hamisha oshiq va xokisor nigoh bilan olamga nazar tashlar ekan, o'zida ajib bir jur'at topib, uyg'oqlikka da'vat etadi. Chunki:
Haqdan mening ruhimga
Cho'g' tushgan, ziyo tushgan.
Yuragimning bog'iga
Bulbuligo'yo tushgan.
…Yor nomini yod aylab,
Payg'omini yod aylab,
Mudom uyg'oq etguvchi,
So'z tushgan, sado tushgan…
(“Haqdan mening ruhimga”,
235-236-betlar)
To'plamga kirgan “Yangi O'zbekiston alyori”, “Vatan bayrog'i”, “Azizdirsan, ey inson”, “Ona tilim”, “Avlodlar qo'shig'i”, “Navoiydan topdim”, “Navro'z o'lani”, “Jadid bobolarim”, “Uyg'on”, “Ona Turkiston” she'rlari ana shu uyg'oq qalb va ijtimoiy faol insonning badiiy obrazlaridir.
G'ayrat Majid she'riyatida milliy ruh va milliy tafakkurning badiiy ifodasi quyma iboralar, ohorli sifatlashlar va tashbehlarda ham aks etadi.
Uchib ketdi olamga Oqsaroydan
oq xatlar,
Oq xatlar emas ular, sog'inch firoq,
hasratlar.
Ruhi jonimg'a tutash,
mulki so'ngsiz sarhadlar,
Hazrat Sohibqironning toza niholi –
Bobur.
(“Vatan xayoli”, 71-72-betlar)
Bu yerda shoir Boburni Sohibqiron bobosining toza niholiga mengzaydi. Niholning kelajagi, ertasi bor, u larzon mevalar berishi tayin. “Toza nihol” obrazi o'zbek ruhiyatini, o'zbek xarakterini ifodalagani bilan she'rni badiiyat yuksakligiga olib chiqqan. Muhimi, shoir she'rlarida ramzlar, timsollar tili bilan millatning erk va ozodlikka intilish tuyg'usi o'zining yorqin badiiy ifodasini topgan. Shoir o'z ijodi orqali Yangi O'zbekistonning badiiy solnomasini qalamga oladiki, yurtimizda ro'y berayotgan shukuhli o'zgarishlar, xalqimiz ruhiyatidagi balandlik va xush ranglarni ochib berishga intiladi. Bu bilan ijtimoiy lirikadagi hayotchanlik, faollik xislatlarini boyitadi:
Neki bunyod bo'ldi, bordir me'mori,
Yangi imoratlar — bu yangi bayot.
Ko'ksimda ko'nglimning shonli izhori —
Betimsol shaharlar bo'lmoqda bunyod.
Bu yangi hayotdan ishoratdir, do'st,
Nurli kelajakdan bashoratdir do'st!
(“Yangi O'zbekiston alyori”, 19-20-betlar)
Shoir ijodi uchun pafos ustuvor fazilat desak bo'ladi. Beixtiyor bu umuminsoniy hislar kitobxon qalbiga ham ko'chadi.
Shoirning ijodida safarnoma she'rlar ko'p. Ushbu kitobda shoirning 22 ta safarnoma she'ri joy olgan. Qizig'i shundaki, shoir kasbi taqozosi bilan safarlarda ko'p bo'ladi, binobarin, uning ijodida dam Qora dengizning shovullashlari, dam Neva daryosining “to'lg'anib oqishlari” dam Istanbul yoxud Boku, Ganja kabi shaharlarning ajib taassurotlari, hazrat Navoiyning “xoki musallosi” qoshidagi teran o'y-qarashlari va shunga oid poetik obrazlar ko'p uchraydi. Har bir safarnoma she'rlardagi obrazli ifodalar qahramonlar, holatlar va voqealarni o'quvchi ko'z oldida gavdalantirib, ularning ruhiy kechinmalarini o'z boshidan kechirgandek taassurot uyg'otadi. Ulardagi har qanday timsol, ramz lirik qahramon bilan ma'naviy-ruhiy yaqinlik, bir butunlikni hosil qilishini ko'ramiz. Har bir shoirning ijodi o'zi yashab turgan ona tuproq, o'zi tug'ilib o'sgan manzil, uni voyaga yetkazgan el-ulusi madhi, ko'rgan-kechirganlarining poetik ta'rifi va ko'ngil olamining muqoyasasiga aylana olsa, umuminsoniy tafakkur xazinasiga oz bo'lsa-da, hissa qo'sha olsa, demak, uning tuyg'ulari beiz ketmabdi, ko'ngil bitiklari o'z egasini topibdi, desak bo'ladi.
Ba'zida shoirning poetik qahramoni “boychechakka”, “singilchasining sochidagi jamalakka”, “bir kungina yashaydigan kapalakka” ham “do'nishni” istaydi. Chunki ba'zida uning his-tuyg'ulari beg'ubor, armonsiz go'shalarni ham orzu qiladi:
Oh, beg'ubor dunyolar qayda?
Mingta armon ko'ksimni yorar.
Umrida bir bahorni ko'rgan
Boychechakka aylangim kelar.
(“Bulbullakka aylangim kelar”, 206-bet)
Abdulla Oripov Eshqobil Shukur ijodi haqida gapirib: “…Har qanday yasamalikdan, har qanday fikrbozlikdan, har qanday soxta ohanglardan xoli bo'lgan bu she'riyatda dilkashlikni, samimiyatni, mehrni, kuyinchaklikni, teranlikni, go'zallikni uchratasiz”, degan edi. Bizningcha, ushbu iqtibosni G'ayrat Majid she'riyati haqida ham aytish mumkin.
Eh qandayin bola edim-a,
Bosh shu bo'lsa, so'ngim ne bo'lar.
Singlim, to'lqin sochlaringda gul
Jamalakka aylangim kelar.
Bu dunyoga nelar to'lmadi,
Hech to'lmagan dil qachon to'lar?
Butun umri bir kunduzga teng
Kapalakka aylangim kelar.
(“Bulbullakka aylangim kelar”, 206-bet)
Shoir G'ayrat Majidning ijodidagi ana shu samimiyat, beg'uborlik ko'ngilni ham munavvar qiladi, unga quvvat va taskin beradi. Chunki badiiy ijoddan maqsad ham, aslida, shu.
Gulandom TOG'AYEVA,
filologiya fanlari nomzodi,
Chirchiq davlat pedagogika
universitetining dotsenti.
