Sahna san'ati ta'sirchanmi?
Samarqand viloyati musiqali drama teatri nafaqat hududiy, balki respublika miqyosida ham o'ziga xos o'ringa ega bo'lgan san'at maskanlaridan biri. Qariyb 111 yillik tarixni o'z bag'riga singdirgan bu dargoh ustoz-shogird an'analari, boy repertuar hamda uzluksiz izlanishlarga asoslangan ijodiy maktab sifatida shakllangan. Bugungi kunda teatr repertuarida qariyb 40 ta faol spektakl mavjud bo'lib, ular orasida jahon dramaturgiyasining eng sara namunalaridan tortib, milliy va zamonaviy asarlargacha keng qamrovli sahna ishlari o'rin olgan.
Xususan, Shekspirning “Gamlet” va “Qirol Lir” tragediyalari, musiqali sahna asarlari — “Xonuma”, “Ko'chki”, bolalar va oilaviy tomoshabinlar uchun mo'ljallangan “Zolushka”, mumtoz adabiyot asosidagi “Layli va Majnun” hamda “Ishq bo'stoni” spektakllari tomoshabinlar e'tiborini qozonib kelmoqda. Shuningdek, teatrda qo'yilayotgan S.Imomali qalamiga mansub “O'jar qaynona” komediyasi, tarixiy ruhdagi “Bahodir Yalangto'sh” va “Behbudiy” spektakllari so'nggi yillarda eng ko'p tomosha qilinayotgan sahna asarlariga aylangan. Bu esa tomoshabin didining ikki qirrali ekanini — kulgi va yengillik bilan bir qatorda, chuqur dramatik mazmun va tarixiy tafakkurga ham ehtiyoj mavjudligini ko'rsatadi. Teatr repertuar siyosati haqida so'z yuritgan bosh rejissyor Sh.Sanaqulov ijodiy izlanishlarning izchil davom etayotganini ta'kidlaydi: “Jahon dramaturgiyasining eng sara namunalarini izlab topish va ularni sahnalashtirish ustida tinimsiz ishlayapmiz. Chinakam badiiy qiymatga ega asarlar har qanday davrda ham tomoshabin qalbiga yo'l topadi”.
Teatr vakillari ochiq tan oladiki, bugungi kunda tomoshabinni jalb etish masalasi dolzarb muammolardan biri bo'lib qolmoqda. Ko'pincha bepul namoyish etilgan spektakllarda zallar tomoshabinga to'lsa-da, pullik spektakllarga qiziqish nisbatan sust. Samarqand viloyati qo'g'irchoq teatri direktori Feruzbek Abdurayimov bu holatni quyidagicha izohlaydi: “Ba'zan bitta oddiy ovqat narxiga teng bo'lgan biletni ham xarid qilishga ota-onalar shoshilmaydi. Rivojlangan mamlakatlarda esa san'atga havas va mehr ustuvor. Demak, biz avvalo tomoshabinda teatrga borish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Shu ma'noda “Nigoh” loyihasi doirasida o'tkazilgan bepul spektakllar muhim ijtimoiy tajriba bo'ldi — minglab tomoshabinlar teatr muhitiga qaytdi. Bu esa bir haqiqatni tasdiqladi: muammo ko'proq spektakl saviyasida emas, balki tomoshabin odatini shakllantirishda”.
Zamonaviy davr esa teatr oldiga yangi talablarni qo'ymoqda. Texnologiyalar asrida ulg'aygan yosh avlod ko'proq dinamik, qisqa va vizual jihatdan boy sahna asarlarini afzal ko'radi. Shu bois repertuarda komedik va yengil janrdagi spektakllarning o'rni tobora ortib bormoqda. Rejissyorlar fikricha, bu jarayonni inkor etish emas, balki to'g'ri boshqarish muhim: “Teatrning iqtisodiy barqarorligini ham hisobga olsak, tomoshabin talabidan chetda qolib bo'lmaydi. Ammo bu yengillik ortida badiiy saviya pasayib ketmasligi zarur”.
Muammolar faqat tomoshabin didi bilan cheklanmaydi. Sahnalashtiruvchi rejissyor Alijon Hasanov dramaturgiya va texnik ta'minot masalalarini dolzarb yo'nalish sifatida ko'rsatadi: “Bugun bizga chuqur g'oyaviy yuklama va badiiy mukammallikka ega yangi dramaturgiya yetishmayapti. Zamonaviy texnologiyalar — lazer effektlari, katta sahna monitorlari, “3D” vizual yechimlar esa spektakl imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu nafaqat tashqi ko'rinish, balki mazmunni chuqurroq ochish vositasidir”.
Teatr haftaligi doirasida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tomoshabin bilan jonli muloqot uchun samarali maydonga aylandi. “Zolushka” spektaklidan so'ng bildirilgan fikrlar bu tashabbusning amaliy natijalarini yaqqol ko'rsatdi.
— Farzandlarim bilan ilk bor teatrga keldik. Muhit va ijro juda yoqdi. Shuncha vaqt kelmaganimdan afsuslandim, – deydi tomoshabinlardan biri. Yana bir ota-ona esa teatrga bo'lgan munosabatdagi o'zgarishni quyidagicha ifodalaydi: “Ilgari majburan kelardik, bugun esa o'z xohishimiz bilan. Bolalarim zamonaviy sahnalashtirishni juda yaxshi qabul qildi.
Tomoshabinlar orasida spektakl davomiyligi masalasi ham ko'tarilmoqda: “Spektakllar qisqaroq va lo'ndaroq bo'lsa yaxshi bo'lardi. Bugungi tezkor hayotda odamlar vaqtini tejashni istaydi”, — deydi tomoshabinlardan biri.
Kattaqo'rg'on shahar drama teatri direktori Sunnatillo Kazakov esa masalaga yanada kengroq yondashadi: “Umrida biron marotaba spektaklga kelmagan odamlar ham oramizda talaygina. Ayrimlar teatrga borib pul sarflagandan ko'ra, boshqa ehtiyojni ustun qo'yadi. Biroq spektaklga kelgan tomoshabinlarning aksariyati mamnun bo'lib qaytadi. Muammo shundaki, ularni bu maskanga yetaklaydigan targ'ibot yetarli emas. Bugungi kunda eng katta talab komediya janriga qaratilgan. Hatto tashkilotlar bilan ishlaganimizda ham ular avvalo “Komediya bormi?” deb so'raydi. Ammo biz faqat talab ortidan quvib ketolmaymiz. Tarixiy spektakllar ham zarur — ular orqali o'zligimizni, milliy qadriyatlarimizni aks ettiramiz”.
Ushbu fikrlar bir jihatni yaqqol ko'rsatadi: tomoshabin didi o'zgaruvchan va individualdir. Har bir spektakl har kimga birdek ta'sir qilmasligi tabiiy. Demak, teatr oldida turgan asosiy vazifa — turli yosh va ijtimoiy qatlam vakillarining ehtiyojlarini muvozanatli tarzda qondirishdan iborat.
Bugungi teatr ikki muhim yo'nalish chorrahasida turibdi: biri — yuksak badiiy saviya va klassik merosni asrash, ikkinchisi — zamon talabi va tomoshabin ehtiyojiga moslashish. Ana shu ikki omil uyg'unlashgan taqdirdagina sahna san'ati o'z ta'sir kuchini saqlab qoladi. Eng muhim omillardan biri esa — tomoshabin tarbiyasi. Teatrga mehr oiladan boshlanadi. Did va ehtiyoj shakllanadigan birinchi muhit — bu oila. Teatr esa ana shu ehtiyojni yuksak san'at bilan boyitib, tomoshabinni nafaqat hordiq chiqarishga, balki fikrlashga, his qilishga undashi kerak.
Sarvinoz MAMANOVA,
Samarqand viloyati musiqali drama teatrining adabiy qism mudiri.
