Hayot qirg'og'i
“G'avvoslar — suv ostidagi qutqaruvchilar. Ammo ularni qutqaruvdan ko'ra ko'proq o'limga chaqiradilar. Nega deganda, suvga cho'kkan odam yetti-o'n soniyada o'pkasi suvga to'lib, jon taslim qiladi. Shunga qaramay, g'avvoslarda ham yaxshilik bilan tugovchi hikoyalar bor…”
Qutqaruvchi o'zi chiqqan chaqiruvlarni so'zlar ekan, chuqur o'yga toldi bir nafas. Suv ostida kun-tun degan tushuncha yo'q — doim qorong'ilik hukmron. Unda muhofaza odami taxminlarga tayanib, atrofni paypaslab harakatlanadi. Sovuq havoda ham suvga sho'ng'iydi azamatlar. Qutqaruvchi bir on nafasini rostlab olgach, unga savol nigohi bilan boqib turgan muxbir qizga hikoyasini so'zlab berishda davom etdi:
“Bundan o'n yillar avval, men ayni navqiron g'avvos bo'lib yurgan kezlarim, Navoiy shahri markazidagi “Yoshlik” ko'lida bo'lgan voqeani aytib beraman. Nega buni aytishni xohlaganimni hikoyamning oxirida bilib olasiz.
Odatdagi navbatchilik kunlarimning biri edi. Kunlar isib boshlaganidan odamlar o'zini salqin joylarga, ayniqsa, suvli maskanlarga uradi. Ayniqsa, oilaviy hordiq olishga suv bo'yi ayni muddao. Yigirma ikki gektarlik bu joyning taxminan 15 gektarini suv havzasi tashkil etadi. Bir kunda o'nlab voqealar sodir bo'ladi, sizga aytsam. Lekin aynan hozir aytib beradigan hodisa men uchun alohida ahamiyatli.
Ko'l atrofini kuzatib yurar ekanmiz, hamma xotirjam, ishlar a'lo bo'lsa ham, sergaklikni yo'qotmay, tevarakni tekshirib, odamlarni kuzatib yuramiz. Chunki cho'kayotgan odam har doim ham qichqira olmaydi, yordam ishorasini berolmasligi mumkin. Uning xatti-harakatiga qarab sezamiz holatni.
Xullas, o'shanda atrofni ko'zdan kechirib yurar ekanman, men turgan joydan taxminan ikki yuz metr uzoqlikda bir navqiron yigit cho'kayotganini sezib qoldim. U tinimsiz qo'llarini betartib shaloplatar, na orqaga, na oldinga suzmas edi. O'ylab o'tirmay, yugurib borib, o'zimni suvga otdim. Suzib borgunimcha yigit ko'p suv yutib, klinik o'lim holatiga tushib qoldi. Yigitga yetib borgunimcha harakatdan to'xtadi, qirg'oqqa olib chiqdim — lablari ko'kargan, yurak urishi deyarli sezilmas edi. Shunda ham taslim bo'lish yo'q, shifokorlar yetib kelguncha yigitga birinchi yordam berishni to'xtatmadim — yuragini massaj qilib, sun'iy nafas berdim peshma-pesh. Nafasim bo'g'zimga tiqilib borar, tanamda bir qadar charchoqni his qilardim. Hammaning nigohi menda, to'xtab qolsam, odamlarda nafaqat vahima, balki “Qutqaruvchilar ham odamlarni qutqara olmay qolishi mumkin ekan-da”, degan hadik tug'ilishi mumkin. Shu sabab ulardagi umidni hech bo'lmaganda tibbiyot xodimlari kelguniga qadar ushlab turishim kerak, deya o'ylardim o'zimcha.
O'zimdagi umid charchoq bilan qorishib, bir qadar so'nay deganda yigitning og'zidan suv otila boshladi — yigit hayotga qaytdi! Nafas olishni boshladi u. Hamma birdan qarsak chalib yubordi, atrofni hushtak va hayqiriqlar ovozi qopladi. “Xayriyat” dedim-u peshonamdagi suvnimi, ternimi artib, turgan joyimga o'tirib qoldim. Yigit jonlana boshlagach, atrofimda tumonat odam yig'ilganini ko'rdim. Ko'zim atrofni boshqacha ko'rar, qulog'im ham tog'dan tushgan odamning qulog'iday ochilib, har bir tovushni aniq-tiniq eshitar edi. Odamni hayotga qaytarish, yana hammaning ko'z o'ngida, igna bilan quduq qazishday gap. Bizning “igna” pand bermadi, shukur. O'zimga bo'lgan ishonch ortgandan-ortib, kasbimga nisbatan mehrim ham oshib ketdi shundan so'ng.
Kunlar ketidan kunlar o'tdi. Odamlar qutqaruvchilar bilan do'stona muloqot qilishar, uni ko'rib, zavqimga zavq qo'shilardi. Bir kuni meni boshqarmaga katta tadbirga chaqirishayotganini, unga oila a'zolarim bilan birga borishimni tayinlashdi. Tabiiyki, bu chaqiruvdan hayratga tushdim. Sababini hech kim aytmas, ammo aniq borishim kerakligini qayta-qayta tayinlashardi. Men, ko'rsatma berilganidek, oila a'zolarim bilan aytilgan kun, aytilgan tadbirga keldim. Biror madaniy tadbir bo'lsa kerak, mayli, konsert ko'rib ketamiz, deb o'tirar edim yaqinlarim bilan. Ammo tadbir boshlangach, men va onam sahnaga chaqirilganida, hayratim ichimga sig'may keta boshladi. Shu payt poytaxtdan kelgan vazirlik vakili o'sha kungi qutqaruvda mardonavor harakat qilganimni alohida e'tirof etib, hammaga meni o'rnak qilib ko'rsatdi va shunday farzandni tarbiyalaganlari uchun onamga vazirlik nomidan tashakkurnoma taqdim etdi… Kutilmagan bu e'tirofdan tizzalarim titrab, ko'zimda yosh qalqidi nogahon. Chunki bu kasbiy faoliyatimdagi ilk e'tirof edi men uchun. Yigitcha tirik qolganining o'zi menga mukofotday tatigan edi. Ammo kasbdoshlarimning e'tibori, onamning quvonchi sevinchimni o'n karraga oshirdi. Sizga nega aynan mana shu voqeani aytib berishni xohlaganimni endi tushungandirsiz…
Suvda qutqaruv guruhi
yo'riqchi-qutqaruvchisi
Vali QURBONOV.
Qutqaruv mukofoti
“Agar yozuvchi bo'lganimda, har kunimni hikoya qilgan bo'lardim. Chunki bizning har kunimiz alohida voqea. Kimdir mendan qutqaruv jarayonlari haqida so'rasa, sizga o'xshab soatlab gapiraman. Men gapirib, suhbatdosh tinglab charchamaydi. Bir voqeani aytib beraman sizga, dahshat deb yuborasiz, aniq”.
Qutqaruvchi hayotidagi eng unutilmas voqeani aytib berayotganday to'lib-toshib, jarayonni detalma-detal tasvirlab berar, gapira turib ham o'yga tolar, ham zavqlanar edi hikoyasidan. Uning jo'shqin fikrlarini bo'lmaslik uchun muxbir qiz ham ortiqcha savol bermas, faqat tinglar va hikoyani daftariga qoralab borar edi.
“Bu voqeaga taxminan o'n yillar bo'ldi, aslida. Lekin xuddi kecha bo'lganday eslayman. May oyi edi. Bahor allaqachon o'rnini yozga bo'shatib berayotgan kezlar, ko'chki, sel kabi xavflar kamayib qolgan edi nisbatan. Ko'za kunda emas, kunida sinadi, deganlariday, kunlardan bir kun To'raqo'rg'on tumanida joylashgan Quyimozor qishlog'iga sel keldi. Kelganda ham uylarni o'pirib, odamning joni-yu molini oqizib ketadigan darajada kuchli sel.
O'sha paytlari “UAZ Hunter” nomli sel va ko'chki bo'ladigan tog'li hududlarda yuradigan maxsus qutqaruv mashinasi kamyob, hududimizda atigi bitta edi va uni boshqarish mas'uliyati faqat menga topshirilgandi. Anglaganingizdek, o'sha paytlar men haydovchi-qutqaruvchi edim. Quyimozorga sel kelgan kuni Chust tumanida joylashgan Aqcha qishlog'iga qutqaruvga ketayotgan edim. Bir paytning o'zida ikki qishloqda sel. Yo'lda ketar ekanmiz, dispetcherdan qo'ng'iroq keldi:
— To'raqo'rg'on tomonga Kosonsoyning soy oqimi kelyapti. Orolchada mol boqib yurgan ikki bola qolib ketgan. Zudlik bilan ularni qutqarish kerak.
Xabarni olishimiz bilan yo'limizni To'raqo'rg'onga qarab burdik. Chunki yosh bolalarni qutqarish hamma ishdan muhim. Quyimozorga borsak, odamlar har joy-har joyda to'plangan, atrofdan najot axtargan, kun u qadar sovuq bo'lmasa ham qo'rquvdan qaltirab turishar edi. Qarasak, selning loyqa oqimi tez: tosh bormi, shox-shabbami — hamma narsani oqizib kelardi. Bilasizmi, sel kelganda odamning ovozi shovqinga singib ketadi, birov birovni eshitmaydi. Bolalar qaerdadir qichqirib yotgan bo'lsa ham biz ularni, ular bizni eshita olmaymiz. Ammo qanday bo'lmasin, ularni xavfsiz joyga olib o'tish kerak edi. Vaqt shomdan o'tgan, bu degani kun qorong'ilashib qolgandi. Bu esa ishimiz yanayam qiyin bo'ladi degani. Chunki narigi tomonga — bolalar turgan yerga o'tish muammo. Ham oqim tezligi, ham kunning qorong'ilashgani sabab.
Ko'p o'tmay, qutqaruvchi sheriklarimiz ham yetib kelishdi, arqonlar shaylandi, komandir ko'rsatmasiga binoan sel kelayotgan tarafga qarab yurdik. Reja bo'yicha bolalar turgan yerga oqim bo'ylab kelish uchun biroz teparoqdan qutqaruv arqoni bilan oqib kelish, bolalarga yetgach, ularni arqonga bog'lab, narigi tomonga o'tib olish lozim edi. Bizni u tarafdan sheriklar tortib olishini ko'zladik. Rejani pishitdik. Oqim tezligi uchun arqonni tortib oladigan tomonda qutqaruvchilarning katta qismi qoladigan, ikki kishi esa suvga tushadigan bo'ldi. Shu payt qutqaruvchiga sherik bo'lish maqsadida men otlandim. Bizda haydovchi faqat haydovchilik qiladi degan tushuncha yo'q. Har qanday xodim qutqaruvda ishtirok etishi kerak vaziyatga qarab. Men ham vazifamdan kelib chiqib, suvga tushdim. Ham sovuqqonligim, ham tezkorligim jamoaga ancha yordam berdi deb o'ylayman. Rahbariyat bergan ko'rsatmani xuddi aytilgandek bajardik. Bolalarni sog'-salomat xavfsiz joyga olib o'tdik.
Ust-boshimiz loy, ho'l. Ammo buni o'ylaydigan vaqt emas hali. Esingizda bo'lsa, biz, aslida, Aqcha qishlog'iga ketayotgan edik. Axir u yerga ham sel kelgan. Biz qutqaruvchilarga yordamimizni berib bo'lgach, darhol mashinaga o'tirib, ikkinchi qishloq tomonga yo'l oldik. O'sha voqeadan so'ng meni haydovchilikdan yo'riqchi-qutqaruvchilikka o'tkazishgan…”
Namangan viloyati
FVB maxsus vazifalarni
bajaruvchi qutqaruv guruhining
yo'riqchi-qutqaruvchisi
Inomiddin IRISOV.
Qutqaruvchilarning hikoyalarini Yulduz O'RMONOVA oqqa ko'chirdi.
