Tog'a

Bek ALI

Muallif haqida:

Bek ALI 1992 yil 6 iyunda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. “Men axir senman” va “Voh” nomli she'riy kitoblari nashr etilgan. Ayni paytda “Til va adabiyot ta'limi” jurnalida faoliyat olib bormoqda.

Quyosh toshloq yo'l bo'ylab ko'kka bo'y cho'zgan teraklarning tizzasiga tushib, bir lagan cho'g'dek qizarib botarkan, miyamdagi bir savolning, balki, bu savol emas, ajablanishdir, xullas, fikru xayolimni egallab olgan shu jumboqning yechimini izlab, buzog'ini ko'zdan qochirmasdan tobora uyga yaqinlashayotgan oq sigirimning ortidan ergashib borardim.

Sigirni bostirmaning tagiga bog'layotganda ham, onam sut sog'arkan, buzoqni ushlab turganda ham, yuz-qo'limni satildagi suvga apil-tapil yuvayotganda (garchi bu qilig'im uchun mudom tanbeh eshitsam-da), zangor ekrandagi “xon” sigaretining reklamasiga og'zim ochilib, labi uchgan tosh kosadagi sho'rvaga non to'g'rayotganda ham meni taajjub tark etmadi.

Faqat to'shakka kirarkanman, rosa charchagan ekanmanmi yoki tushlikdagi bir tuyur non va piyozga ichim chiqmagandan kechga borib sillam qurigan, shekilli, taxtaday qotib uxlabman.

Ammo maktabga ketayotganda faqat shu haqida bosh qotirardim. Nega “Bo'ltak”? Nega Anvar emas, nega Zokir emas? Anvar akam amakivachcham bo'ladi. U uylangan, yangamni “opa” deyish juda yoqadi. Ammo yangam bunga ko'nmayapti. Xullas, Anvar akam o'ktam yigit. Uning kelishgan bo'y-basti, o'tkir nigohlari, ovozi ham risoladagidek. Topish-tutishi ham yaxshi. “Anvar” — mana haqiqiy jarangdor ism. Ismmisan ism!

“Zokir”-chi, Zokir aka shaharda o'qiydi, po'rim kiyinadi, o'ta madaniyatli. Madaniyat timsoli desa ham bo'ladi. To'y-ma'rakada qishloqdoshlarga ishni shunday taqsimlaydiki, “otangga rahmat!” deb yuborasan kishi. Ismini Zokir qo'ygani yaxshiroq edi, har qalay, ertaga uning ismi masxara qilinmaydi, “Zokirga o'xshamay o'l!”, “Zokir sirqovmisan?”, “Zokirga o'xshab sasib uxlayverma” demaydi otalar farzandlariga.

“Bo'ltak” — shu ham ism bo'ldimi? Nimadir o'xshamasa, biror ishning pachavasi chiqsagina bu ism tilga olinadi, xolos. Har qanday palakat bosgan joyda bu nom og'izlardan nafrat aralash otilib chiqadi. Uch yildan beri maktabga qatnab chizgan va uch qishloqdan iborat xayoliy xaritamda ham bu ism yakka-yu yagona edi.

Darsda ham ikki marta dakki eshitdim. Bir safar ustoz qoshimga kelguncha sezmabman. Qulog'imdan cho'zib turg'izgandagina dardisar xayollarim bilan bo'lib, doskadagi misollarni ko'chirmaganimni angladim. Endi esa “yangi mehmon”ni ko'rgani oshiqyapman.

Mo''tabar opa — xolamning qizi. U o'tgan yili qishlog'imizga kelin bo'lib tushdi. Qaddi-qomati kelishgan, ko'zlari ma'noli, o'zi bug'doyrang qiz edi. Kelin bo'lib tushgach, yanada chiroyi ochilib, Sattor akani ham yumshoq supurgi qilib qo'ydi. Ko'chada hech kimga gap bermaydigan Sattor aka, to'ylarda mojaroning boshida turadigan Sattor aka, xullas, Gerakl ramziga aylangan Sattor aka xotinini sizlaganiga o'laymi? Mayli, nima bo'lgan taqdirda ham ular inoq oila. “Kelin ham kuyovning hurmatini joyiga qo'yadi, kuyov ham kelinni boshiga ko'taradi”, deydi onam ular haqida gap ochilganda.

Ammo shunday oilaning farzandi Bo'ltak bo'lishini tasavvur qilolmasdim. Balki mol boqishdagi bolalar meni aldagandir, o'zi ularga mening ustimdan kulishga bahona kerak edi. Shutin o'ynayotganimizda barmoqlarim uzunligi qo'l kelib, hammani yutaverganimdan, ularning paytavasiga o't tushgan.

O'zi juda oddiy o'yin. Esimni tanibmanki, bo'shagan gugurt qutilarning ikki yonini yulib tashlab, shutin yasayman. Qishloqdagi hamma bolalar shunday qiladi. Kimning shutini ko'p bo'lsa, o'shaning oshig'i olchi bo'ladi. Uch-to'rt bola uymalashib, bittadan shutin tikamiz, ularni tekis qilib yerga taxlaymiz. Hamma ustidan bir-bir bosib zichlaydi, ba'zilar pichirlab duo ham o'qiydi. Ammo barcha qilingan tadbirlarni mening beso'naqay qo'lim, ya'ni uzun barmoqlarim va tuyaday bukchaya oladigan kaftim barbod qiladi. “Po'k” etgan ovoz chiqadi, tamom. Tikilgan shutinlar har tarafga sochilib, chappa bo'lib qoladi. Shuning nimasi qiyin? Tengqurlarimning qoshiqdek kaftlari shu ishni eplolmasdi, xolos.

Shutindan yutolmagach, meni o'yinga qo'shgisi kelmasdi. Imkon tug'ildi deguncha, ustimdan kulishga, masxaralashga kirishib ketardi (u paytlar ko'rolmaslik insoniyatning qon-qoniga singib ketganini qaerdan bilibman?). Ular aldagan bo'lishini ich-ichimdan istardim. Shunday bo'lib chiqishi ayni muddao edi o'shanda.

Oppoq matoga o'ralgan chaqaloqning jajji qo'llarini labimga bosarkanman, u haqida yomon fikrga borganim uchun yerga kirib ketgudek bo'ldim. Uning ismi mening tasavvurimni shu qadar qabih qilib tashlagandiki, men Mo''tabar opaning qo'lidan uni avaylabgina olarkanman, quchoqlagan, o'pgan, qo'llarini labimga bosishiga imkon bergan kishi bo'lib, unda nuqson yo'qligiga imonim komil bo'lmaguncha onasiga qaytarib bermadim. Toqati toq bo'la boshlagan Mo''tabar opa tilga kirdi.

— Balki Xadicha opamga aytarsan… — dedi muloyim jilmayib. Xadicha opa — mening onam.

— Nimani? — dedim boladan ko'zimni uzmay. Endi chaqaloqning ko'zlari chiroyli ekanini fahmlab, katta qorachiqlariga maftun bo'lardim.

— Uka olib kelishini. Qara, chaqaloq ko'tarishni ham bilarkansan, ham mehribonsan.

Chaqaloqni risoladagidek ko'targanimga ishonmasdim. Biroq savqi tabiiy bu ishni uddalardim ayni paytda. Javob qaytarmadim. Bunaqa gaplarga javob qaytarishga hali yoshlik qilardim. Yuzim qizidi, qizargan bo'lishi ham mumkin. Bolani yuzimga yaqinlashtirib hidladim. Kattalar “chaqaloqdan jannat hidi keladi” deydi. Garchi men jannat hidini bilmasam ham, chaqaloqlarni hidlab ko'raman-da, jannat haqidagi tasavvurimni shakllantiraman. Chaqaloqdan qanaqa hid kelishidan qat'i nazar, demak, jannatning hidi shu deb ketaveraman. Ulardan ko'pincha sutning hidi keladi.

U yig'lay boshladi. Shunda bildimki, Mo''tabar opa aytganchalik chaqaloq ko'tarishga uquvli emasman. Bu yo'liga qilingan maqtov edi, xolos. Uni onasiga topshirishim bilan tinchidi. Endi bora qolay, deb ortga qaytmoqchi edim, “Buning ko'rmanasini bermaysanmi?” — degan savolga tayyor emasligim, do'kondan ham biror narsa ko'tarib kelmaganim uchun koyindim. Otam yaqinda olib bergan taxtadan o'yib yasalgan bejirim g'aladonim kunimga yaradi. Xuddi buni avvaldan o'ylab qo'ygandek, sumkamdan chiqardim-da, ichidagi ikkita qalami bilan uzatdim.

— Buni nima qilaman? — bir qo'lida bola, bir qo'lida g'aladonni aylantirib tomosha qilarkan, so'radi Mo''tabar opa.

— Ataylab g'aladon olib keldim. O'qimishli bo'ladi… Xuddi Zokir akaga o'xshab… — ihragan tovushda chiqdi oxirgi jumlalar. Oz qoldi, sal bo'lmasa, o'zimni sotib qo'yardim.

— Rahmat, tog'asi. Aytganing kelsin! — Mo''tabar opa tabiiy gapirardi. Mening chaqaloqni ko'rgani kelishim u uchun ko'nglida insonparvarlik urug'i nish urayotgan bir bolaning navbatdagi xohishi edi. Qaniydi, shunday bo'lsa, qaniydi, faqat shugina ehtiyoj meni bu yerga boshlab kelgan bo'lsa.

Baxtiyor ona bilan xayr-xo'shlashib ortimga qaytarkanman, ko'cha bo'yiga qurilgan tandirning yonida to'xtab, ortga qayrildim. Mo''tabar opa hali mendan nigohini uzmagan ekan. Uning nigohlarida birinchi marta zaiflikni ko'rdim. Demak, onalikning birinchi belgisi — zaiflik.

— Ismini so'ramabman… — dedim o'zimni gustohlarcha tutib.

— Bo'ltak! — Mo''tabar opaning og'zidan chiqqanda bu ism u qadar yomon eshitilmas ekan-u, baribir, asabimga tegdi.

Uyga yo'l olarkanman, endi dunyoga kelgan bolani bu qadar tahqirlashga kimning haddi siqqanini tushunolmasdim. Endi Bo'ltak bova haqida o'ylardim. Ha, u yomon odam. Juda yomon. Chunki u lagan o'g'irlab qamalgan. Past odam. Otam shunday degandi bir safar qo'shnimiz Chori bova bilan gaplashib turganda. Yana u savodsiz, hatto ismini ham yozolmaydigan darajada savodsiz. Otasi qurib bergan ikki xonali uyning bitta g'ishtini ham o'zgartirmagan. Bitta katak ham qurmagan. Topgan puliga aroq ichadi. Odamlarning o'lda-jo'lda yumushini bajarib kun ko'radi. Aniqrog'i, kunini ko'radi. Bereja tug'ilgan uch bolaning yeyar-ichari xotinning zimmasida. Ayol boyoqish bolalari maktab bitiruvchisi bo'lishiga qaramay, uch kun erinikida bo'lsa, to'rt kun otasining uyida. Qachon qarasang, yuzi ko'kargan, qo'li gips. Ammo o'z qismatiga ko'ngan. U haqida o'ylarkanman, johillarni Xudo siylaydi, deyman. Bo'ltak bovadek odam ham o'z jufti bilan yaralgan, deyman. Tinimsiz mehnat qiladi xotin sho'rlik. Nima mehnat qiladi, deysizmi, ayollar mardikor bozoriga chiqadi. Ikki yillar burun Rossiyaga ishlashga ketdi, bir yilda qaytib keldi. Ketayotganda tuyaday xotin edi, qaytganda suvga tushgan mushukday xasta bo'lib qaytdi.

Bolalarning ko'ngli singan. O'qishi ham chatoq. Ular ham maktabga onda-sonda borsa boradi, bormasa, odamlarning uyida dastyorlik qilib, bir-ikki so'm ishlash payida bo'ladi. Boshqa yo'li ham yo'q-da, onaning dori-darmoniga ota pul bermagach, bolalar, hech bo'lmasa, qora qozonga tuzukroq masalliq solishga urinadi. Ona boyoqish yaxshiroq taom yesa ham xursand emish.

Shu holida ham Bo'ltak bova kayfi tarang bo'lib kelib, do'pposlab qoladi. “Qamoqdan qaytgach, nervinniy bo'lib qolgan”, deydi odamlar. Ba'zilar rahmi kelib, “Eh, zo'r yigit edi”, desa, boshqalar: “O'sha payt ham go'r emas edi”, deydi. Men u kishining zo'r yigitligini ko'rmaganman. Umuman olganda, men hali u kishini — Bo'ltak degan maxluqni uchratmaganman. Tasavvurimdagi Bo'ltak nomli qiyofa kattalarning suhbati asosida tiklangan.

Shunaqasi bo'ladi-ku, masalan, sinfxonamizdagi doskaning tepasiga Navoiy surati osilgan. Garchi u odamni ko'rmaganman. Ammo hamma uni yaxshi odam deydi. She'r yozgan, ulug' bobomiz deydi. Yaxshidirki, yaxshi deydi. Yaxshidirki, besh asr oldin yashab o'tgan odamni ustozimiz xuddi ko'rgandek, tilidan bol tomib ta'riflaydi. Uning tug'ilgan kunini-chi, butun maktab nishonlaydi. Hamma yaxshi degandan keyin men ham yaxshi deyman-da, men ham she'r yozishni, mening ham tug'ilgan kunimda bolalar darsdan ozod bo'lib, tadbir tomosha qilishini istayman-da. Faqatgina Bo'ltak bova buni istamaydi. U Navoiyni, shunday yaxshi odamni tanimasa ham hayron qolmayman.

Bo'ltak bovaning yomonligi, ichkilikka berilgani, mas'uliyatsiz ekani o'z yo'liga. Ammo mening jiyanim, ha, jiyanim… Axir Mo''tabar opam o'z og'zi bilan “Tog'asi” dedi-ku. Xullas, jiyanim Bo'ltak bo'lishi meni baxtiqaro qildi. Endi maktabda, maktab ham mayli, mol boqishda qanday bosh ko'tarib yuraman?

Ayni dam uyga yaqinlasharkanman, ko'chani boshimga ko'tarib yig'lagim kelardi. Qarindoshlarimning ichida ham Bo'ltak borligi xo'rligimni keltirib, dardi-dunyomni qorong'i qilardi.

— Bu dunyoda boshqa ism qurib ketganmi bularga, a? Nega aynan Bo'ltak?

Onamga yig'lamsirab bergan bu savolim boshimga balo bo'ldi. Suhbatimizni otamga aytib qo'ymasligi uchun naq bir oy mo'min-qobil bo'lib, buyurilgan hamma ishni, bosh tortmay, chin ko'ngildan bajarardim. Mol boqishdan tortib, uyni supurib-sidirishgacha. Uyimizda qiz yo'qligi sabab bu ishni ukam bilan navbatma-navbat bajarardik. Tabiiyki, maktabdan charchab qaytgan onam uyning chinnidek toza turganini ko'rarkan, yuzimdan o'pib qo'yardi. Men esa suhbatimizni unutgan yo unutmaganini bilish uchun nigohlarini uqishga chiranardim.

Mol boqishga imkon qadar ukamni yuborardim. Onda-sonda borib qolsam ham, shutin o'ynashni bilmaydigan ichiqoralar “Bo'ltakning tog'asi keldi” deb ustimdan kulardi. Bu qancha davom etganini hozir aniq eslolmayman. Biroq go'dakka juda rahmim kelgani, har safar uni ko'rgani borganimda, “O, bechora bola, nima gunohing bor ediki, isming “Bo'ltak” bo'ldi? Shu qadar sho'rpeshona bo'lib kelganmisan bu dunyoga?” degan nolishlar quvonchimga soya solardi.

Ammo uning onasiga o'xshab bug'doyrang, otasiga o'xshab Gerakl bo'lib ulg'aya boshlagani meni quvontirardi. Qishlog'imiz bolalaridan bir tuki ham farq qilmasdi. Boshida undan dum o'sib chiqmasaydi deb xavotirlandim. Ha, yomon odamlardan dum o'sib chiqadi. Men bunga ishonardim, Xudoga shukurki, undan dum ham, shox ham o'sib chiqmadi.

Ana-mana deguncha maktabga chiqdi. U bilan katta tanaffusda uchrashib qolardik. Mehrim jo'sh urib, asrab-avaylab yurgan pullarimga darvoza oldidagi kambag'al do'konda mehmon qilardim. Bechoraning yegani ichiga tushmasdi. Men unga savollar yog'dirib tashlardim, avval “karra-karra”. Katta sinfga o'ta boshlagach, “Navoiy qaerda va qachon tug'ilgan? U nega bizning bobomiz? Nima uchun Husayn Boyqaro bilan Navoiychalik faxrlana olmaymiz?” degan savollarga og'zi to'lib korjik chaynayotgan bola bechora zo'r-bazo'r javob qaytarar va ko'zlari kattarib-kattarib luqmasini yutardi. Men bu imtihonlarni maktabni bitirib, armiyaga ketgunimcha davom ettirdim. U ham goh qarindoshlik rishtalari, goh mening mehmondorchiligim hurmatidan bu imtihondan bosh tortmasdi…

 

* * *

Tog'amning xaritasiga kirgan uch qishloqda Bo'ltak ismli ikkita odam bor, biri bu ismni balchiqqa qorgan, ikkinchisi esa ismga tushgan dog'ni tozalash uchun tinim bilmay mehnat qilayotgan kichik Bo'ltak. Bolalariga g'amxo'r ota bo'lishga, xotinini imkon qadar avaylashga, ota-onasini ardoqlashga bel bog'lagan Bo'ltak. U yozuvchilikda ham o'zini sinab ko'ryapti, zora Navoiydek yaxshi odam bo'lolsa, uning ham tug'ilgan kunida o'quvchilar darsdan ozod bo'lib, tadbir tomosha qilsa, zora.

Anglaganingizdek, kichik Bo'ltak menman! Va bu hikoyani yozish uchun o'ttiz yil kerak bo'ldi.

Paytdan foydalanib, tog'amga cheksiz muhabbatim va hurmatimni izhor etaman. Hammasi uchun rahmat, tog'a! Bir inson bo'lsa, sizcha bo'lar, bir tog'a bo'lsa, sizcha bo'lar, bir toza qalb bo'lsa, sizning qalbingizcha bo'lar, tog'ajon!

Hurmat bilan Bo'ltak!

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + seventeen =