Bir tomchi dog'
Xolmuhammad KARIMIY
(hikoya)
Muallif haqida:
Xolmuhammad KARIMIY 1966 yili Surxondaryo viloyati, Qumqo'rg'on tumani “Sherozi” mahallasida tug'ilgan.
1990-1995 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning o'zbek filologiya fakultetida tahsil olgan.
Muallifning “Hurayro”, “Buni hayot deydilar…” va “Ovunchoq tosh” hikoyalar to'plamlari, “Hurliqo” qissasi hamda “G'ordagi omonat”, “Qora lola” nomli romanlari chop etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
Xivadagi to'qimachilik shirkatining direktori Gulmirza Ovro'pa safariga otlanmoqda edi. Lekin borar manzilidagi odamlarning turmush tarzi tamoman begona bo'lganidan tashvishga tushib qoldi. Taraqqiy etgan ovro'paliklarning ko'nglini olish qanday bo'ladi? Shunga bir yechim topishi kerak. Kulchali mehmon suymali bo'lishini biladi. Ikki qo'lini burniga tiqib boraverishi yaxshimas, o'zimizda ham uyat sanaladi. Muammo shundaki, narsa-qorani sotib olar, ammo ularning tilini topib, ko'nglini olish oson ishmas. “Ularning kimligini bilmas ekanman, loaqal o'zimni yaxshiroq tanib olay”, degan fikr miyasiga urildi.
Tadbirkorning esa har qadamidan bir manfaat topish maqsadi bo'ladi. Birinchi borishida hamkorlarining hurmatini qozonsa, kelajakda ko'p narsalarga erishish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilishi naqd, degan o'yda harakatga tushdi.
Ochig'i, shu yoshga kirib, loaqal o'zi tug'ilib o'sgan yurti haqida jo'yali so'zlab berishga qodir emasligidan uyalib ketdi. Ertadan qoldirmay ona shahridagi tarixiy manzil-makonlarning bir nechtasini obdan o'rganadi. Begona odamlar bilan shunaqangi mavzularda suhbat qurish qulay. Ovro'paliklarning aksariyati yaltir-yulturga o'ch bo'lmay, sodda va asl narsalarga shinavandaligini eshitgan. Shularni o'ylab, oddiy odamlarga aralashib, haqiqiy hayotni kuzatishga qaror qildi. Azonlab yayov sayohatni bekatdan boshladi. Ko'p kuttirmasdan shoxlarini shiqirlatib trolleybus kelib to'xtadi. Trolleybus tezda shaharga kirib borarkan, shig'illagancha bir oqimda suzmoqda, hali salonda yo'lovchilar sanoqli bo'lgani bois, bemalol yumshoq o'rindiqqa joylashib olgancha atrofga ko'z qirini tashlaydi.
Mundoq o'ylab qarasa, yaqin o'n yillardan buyon jamoat transportiga ham chiqmagan ekan. Bir tomondan, bu yurishidan zavqlanayotgan bo'lsa, boshqa tomondan sayyohlar shu tarzda shaharni tomosha qilishini ko'z oldiga keltirib, hayajoni ortib bormoqda. O'qigan va eshitganlari haqida o'ylab, xayolida jonlantirmoqchi bo'ladi-yu, afsus, yorqin tasavvur yo'q. “Yaxshi bilmaganing uchun tasavvur qilishing ham qiyin kechmoqda”, degan o'yda o'zini yozg'irib qo'ydi. Bir tangani ikki tangaga aylantirish yo'lida bosh qotiribdi-yu, o'sha tangalarni qo'lida tutgan odamlarning istaklari haqida hech qiziqmagan ekan. Sal jiddiy o'ylasa, tadbirkor uchun ko'ngillarni bilish ham asqatarkan. Dunyoga chiqish uchun bari kerakmish, deya afsus bilan xayol surib borardi.
Tashqaridagi manzara e'tiborini tortdi. Ko'p qavatli binolar birin-ketin yon-veridan o'tarkan, misoli uzundan-uzun karvon ketib borishini yorqin tasavvur qildi. “Mana sizga tarixning jonlanishi, faqat shakl o'zgargan”, deya o'z o'yidan zavqlanib, oynaga yaqinroq surilib oldi. Bir-biridan ajoyib manzaralar.
Ittifoqo, ajibdan-ajib manzaralar jozibasidan tarix bo'y-basti bilan shundoqqina ko'z o'ngida qad rostlagandek bo'lmoqda. Haddan tashqari xayolga berilgancha, “O'hho', naqadar jozibador qadim madaniyat”, deya ich-ichidan bir sas tuydi. Bu nido ixtiyordan tashqari bo'lgan ko'ngilning inja torlari sadosimidi — ravshan anglayolmadi. Hech xayoliga kelmabdiki, bu qadim shaharning bugunini jozibador qilib ko'rsatayotgan ulkan va ulug'vor kechmishi. Tuyg'ularning nafis torlarini tebrantirib yuborgan xorazmiylar madaniyatining haybati ko'z qorachiqlarida uchqunlagandek bo'ldi. Shaharga kiraverishdan boshlab yangidan-yangi imoratlar, ko'ngilochar maskanlar, universitet binolari-yu katta-kichik shirkatlarning ofislari kabilarning barchasini mehmonlar yo boshqa yurtlardan kelgan sayyoh kabi aylanib yurdi.
Lekin eng hayratlanarlisi bu yoqda ekan: Ichanqal'a! Har bir g'ishti dolg'ali o'tmish yuklaridan ingrab-ingranib so'zlayotgandek bo'laveradi. Har bir binodagi yog'och to'sinlarning qisirlashlarida yoniq-yoniq ma'rifat sadolari jaranglab ketgandek bo'laveradi… “Odamlar sen bo'lishga orzulasa, sen kim bo'lishga tirishib yotibsan, ey asli-nasliga bepisand nodon?” — deya boshini sarak-sarak qilib, o'z-o'zini koyirkan, ajdodlarining xokini quchgan imoratlarga g'amgin tikilib: “Eh, attang, uzr tilayman, ulug' bobolarim, munis momolarim”, deya pichirladi.
Ertasi tong sahar samolyotga o'tirdi. Bir qancha vaqt samoni kezdi, bulutlar ustida suzdi. Va nihoyat, zaminga yana qaytib tushdi. Oradan ko'p vaqt o'tgani yo'q. Tunda osmonga ko'tarilgan bo'lsa, choshgoh mahali go'yo o'zga bir olamga borib qolgandek edi. Myunxen xalqaro aeroporti: g'ij-g'ij odam, samolyotning biri kelib qo'nmoqda, boshqa biri havoga ko'tarilmoqda. Hayot qaynagan, begona dunyo turmush tarzi ko'zga yaqqol tashlanadi; libosidan tortib to'rva-xaltasigacha, tilini-ku, asti qo'yavering. Lekin bu yerda ham odamlar bir xilda nafas olarkan, bir xilda qadam tashlarkan, tirikchilik tartibotida hech bir farq yo'qdek.
Yo'l ko'rsatuvchi bilan shahar markaziga jo'nadi. Ajnabiy shaharning g'aroyib ko'chalari. Shahar markazi tomon yaqinlashgani sayin binolarga hayron boqadi. Go'yoki qadim va yangi, o'tmish va bugun qorishib ketgandek. Sinchkov nazar solib ko'rdiki, yuz yilliklar naridan xabar berayotgan binolarda ham bugunning nafasi ufurib turganidan ajablanadi. Nega muzeyga aylantirilmagan, degan o'yni o'yladi-yu, shu zahoti yo'l ko'rsatuvchi bir gap aytib, butkul chalg'itib yubordi. Hashamatli mehmonxonaga yetib kelishi bilan xonaga joylashgach, xodim bir soatdan keyin olib ketishini bildirib, chiqib ketdi.
Gulmirza buyog'iga nemischa tartibga rioya qilgan holda, avvaliga o'ziga tegishli vaqtni taqsimlab olib, harakatga tushdi. Yuvinib, biroz nafas rostlagan ediki, oldin ham emas, keyin ham emas, roppa-rosa aytilgan paytda xodim xonaga kirib keldi. Ajabo! Bunaqa so'zga sodiqlik, aniqlik noyob hodisa!
Mehmonxonadan ko'p uzoq yurmaslaridan, mashina haybatli bir binoning oldiga kelib to'xtadi. Gulmirza binoning uchiga ko'z qirini tashlamoqchi bo'lgandi, bo'yin tomirlari tortishdi. Beixtiyor noo'rin qilgan harakatidan jilmayib qo'ydi. Ichkari kirib, o'ttiz to'rtinchi qavatga ko'tarilganda kompaniya ofisi derazasidan shahar kaftdagidek ko'rinib turardi. Avvaliga uni qahva bilan siylashdi. Ma'lum vaqtdan keyin majlislar zalida mutaxassislar hamrohligida hujjatlar yana bir bora nazoratdan o'tkazildi. Va nihoyat, ikki tomon vakillari ishtirokida shartnoma imzolandi. Endi Xivadagi to'qimachilik shirkati ham Ovro'pa sarmoyasi bilan eng so'nggi rusumdagi dastgohlarni xarid qilishi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni har ikki davlatda savdoga chiqarishi mumkin. Ish bitgach, olmon shirkati patroni:
— Do'stim, biz sizlarga sarmoya kiritayotganimizdan juda mamnunmiz. O'ylaymanki, hamkorligimiz har ikki tomonga ko'p-ko'p manfaat keltiradi, — deya Gulmirzaning qo'lini mahkam siqib qo'ydi.
— Bu hamkorlikdan boshim osmonga yetdi. Har bir shart o'z vaqtida va chiroyli tarzda bajariladi. Bu tomondan ko'nglingiz to'q bo'lsin, — deya Gulmirza sof nemis tilida gapirganida, ular hayratlanib, qayta tabriklab qo'ygan bo'lsa, shartnoma shartlarini og'zaki tarzda takrorlaganida taajjublanganlarini ham sezdi. Ularning holatini kuzatib, bizda qanday, shunday, degan chalkash o'ylarni xayolidan haydadi.
— Bu do'stona kelishuvni nishonlaymiz. Shu sabab, osiyolik do'stim, sizni kechki ovqatga taklif qilaman, — dedi patron zavq bilan.
Sharqona urf-odatga muvofiq taklif e'tirozsiz va lutf bilan qabul qilindi.
Shu bilan kechki ziyofat vaqtigacha mehmonni shaharni tomosha qilishga olib chiqadigan bo'lishdi. Gulmirza qo'ziga qiziq uchragan bir savdo markaziga kirishini bildirdi. Keyin istirohat bog'ida sayr qilib, rosa yayradi. Shu uch-to'rt soat ichida ota yurtida yurgandek moslashdi-qoldi. Tiliga tushunsang, begonasiramaysan ekan, suvini ichib, nonini yegach, binolar-u ko'chalarigacha tanish bo'lib qolarkan, degan o'y-xayol bilan shahar kezarkan, osmon tundlashib, qorong'ilik cho'ka boshladi. Olamga tun cho'kib, somon yo'lidagi yulduzlardek lipillayotgan son-sanoqsiz chiroqlardan shahar ajib bir maftunkor qiyofaga kirdi. Ana shunda hamkorlarining ijtimoiy-madaniy hayotini o'z ko'zi bilan ko'rib, kelishuvga erishganidan mamnun bo'ldi. Endi xotirjam yurtiga qaytaversa bo'laveradi. Ana shu payt ziyofat vaqti ham yetib kelgandi.
Zudlik bilan mehmonxonaga qaytib, nemischa aniqlik bilan tezlikda kiyim-boshini sarishtaladi. Peshtoqida “WELT” degan rang-barang tovlanib turgan yozuvli bino ayvoniga qadam qo'yganda soat millari roppa-rosa kelishilgan vaqt bilan qadam-baqadam yurardi.
Eshikdan kirishi bilan sershovqin shahar markazida ajib bir sukunatni his etdi. Hayhotdek xona bo'ylab qator terilgan stollar atrofida odamlar ikki, yoki uch-to'rttadan bo'lib xotirjam suhbatlashmoqda, ayrimlari bemalol ovqatlanardi. To'rdagi bo'sh stol yonida patron ko'rindi. Gulmirza u tomon yurdi. Mezbon bir lahza yigitning liboslariga tikilib qoldi: xuddiki u shu liboslar ila tug'ilgan-u, uning liboslari o'zi bilan birga ulg'aygandek. Shunchalik ham bo'lishi mumkinmi? Vo ajabo! Ammo yaqiniga kelgan mehmonni o'tirishga taklif qilish uchun epchil o'rnidan qo'zg'aldi.
Yumaloq stol ustiga oppoq dasturxon solingan, likopchalar go'yo stoldan o'sib chiqib ochilib turgan gullarni eslatar, qator terilgan sanchqi, pichoq va qoshiqlar go'yo askarlar kabi tizilgani bir tomon, atrofdagi odamlarning madaniyat bilan yayrab o'tirishlari restoran muhitini yanada jozibador qilib qo'yganidan yigitning ko'zi quvnadi. Bu yerdagi xizmatchilarning sharpadek sassiz harakatlanishidan o'tirganlarning barchasi boy-badavlat aslzodalar ekanligini bir qarashdayoq ilg'ash mumkin edi.
Chindan ham bu muhitda mezbon yanada salobatli ko'rindi. Ikkisi o'z o'rinlariga joylashib ulgurmasidan xizmatchi hozir bo'ldi.
Mezbon mehmonga iltifot ko'rsatdi. Ruxsat so'rab, buyurtma bera boshladi:
— Qizil musallas, aynan yuz yilligidan bo'lsin, — deya so'zlarni shunday dona-dona talaffuz qildiki, hatto uning ohanglarigacha yodlab olish mumkin edi.
Bu harakati izzat qilishmi yoki nopisandlikmi, bilish qiyin edi. Balki, kibrlanishmikan yoki ularning qadimiy urf-odati shunday bo'lishi mumkin, har qalay, Gulmirza vazmin kuzatmoqda.
— Xo'p bo'ladi, bosh ustiga, — deya xizmatchi oq qo'lqopli qo'li ko'ksida zipillab ketdi.
Sal kuttirib qo'yib, nihoyat, xizmatchi qo'lida savatcha bilan ko'rinish berdi. Oq matoga o'ralgan billurday tiniq shishani olib, birinchi bo'lib mehmonning oldidagi qadahga ozgina quydi, navbati bilan mezbonning qadahiga quyar chog'i nogahon dasturxon yuzasiga bir tomchi ichimlik “chik” etib tomdi. U bir asr asralganicha bor ekan, tomgan joyida issiq qon tomchisidek qip-qizil dog' qoldirdi. Bu vaziyatda nima qilishini bilmay qolgan xizmatchi har ikkalasidan uzr tilab: “Dasturxonni almashtiraymi?” — deya so'radi.
Negadir mezbon qadahni qo'lga olish o'rniga dog' tomchisiga qarab qolgandi. Achinish bilan boshini ko'tarar ekan:
— “Der Kellner”, — deya boshqalarning istirohatiga raxna solmaslikka tirishib, tish orasidan vishillash ohangida uqtirdi. — Tezda yangila!
Patron vazmin-bosiq bo'lishga qancha tirishmasin, bir tomchi dog' tufayli jahl otiga mingandi. Ammo nechog'liq qoni qaynasa-da, o'ziga yarashgan viqor bilan ich-ichidan toshib kelgan jahli yuzida tabassum bo'lib taraldi.
Ayni holatga moslashmagan osiyolikning sovuqqonligi mezbonni hayron qoldirdi. U juda xotirjam edi.
— Bizda hamma narsa toza va ozoda bo'lishi talab etiladi. Buning uchun uzr so'rayman, — dedi patron pinagini ham buzmay o'tirgan mehmonga. — Biz dunyoning ilg'or va madaniyatli xalq vakili bo'lganimiz tufayli bir tomchi dog'ga ham toqat qilolmaymiz. Bunday qilish sha'nimizga yarashmaydi.
To'satdan dasturxondagi idishlar bir boshdan yig'ishtirilishi boshqa stoldagilarning e'tiborini tortmay qolmadi. Atrofdagilarning tushunishicha, osiyolik mehmon tufayli dasturxon mashmashasi boshlangan edi go'yo.
Bu stol atrofidagi besaranjomlikni boshqalar bemalol kuzatishga tushgan edi. Restoran xizmatchilari tezlik bilan ishlarini saranjomlab, dog' tekkan oppoq dasturxonni stol ustidan sidirib olgan mahal tagidagi manzarani ko'rganlar baravariga “Voydod!” deya chinqirib yuborishdi.
Dasturxonsiz qolgan stol qip-qizil qonga bo'yalganidan rutubatli hid tarala boshladi. Patron endi jahlini tiyib turolmay, stolga bir musht tushirdi. Shunda qon butun zal bo'ylab sachrab ketdi. O'tirganlarning bari ko'zlari ola-kula bo'lgancha stollaridan turib qocha boshladi. O'zlarining dasturxonlariga surinib, stollarini ag'anatib yuborar ekan, har bir stoldan qon oqar, sachrar, zal qonga belangandi.
Patron ko'z oldida kechayotgan jarayonning dahshatidan ko'zlari paxtasidan chiqib ketgudek bo'lib chinqirgancha og'zidan ko'pik sachrardi. Qiy-chuvda odamlar baravariga qochib borib, oynavand eshikni chilparchin qilib yubordi. Nechtasi jarohatlangan, nechovining esi og'ib qolgan, nima bo'layotganini anglaydigan aqli boshdan uchgan. Gulmirza qoqqan qoziqdek turar ekan, ust-boshiga qon sachrab, sillasi qurigandi.

