Dunyoning ikki yarmi

Baxtiyor NURIDDIN

(hikoya)

Muallif haqida:

Baxtiyor NURIDDIN (Nuriddinov)  1972 yil Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning o'zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Ancha yillardan buyon O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritadi.

Muallifning “Shudring gullari” hikoyalar to'plami nashr etilgan. “Onajon, Ka'bam o'zing”, “Muhabbatning mangu ertagi” kabi hikoyalar to'plamlarida esa ijodidan namunalar kiritilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ­a'zosi.

— Dadasi, qarang, sizga nima olib keldim! — rafiqamning ovozi quloqlarimni mayin silab o'tdi.

— Nima ekan? — erinibgina so'rayman unga o'girilib. U bo'lsa qo'lidagi bir uyum kiyim-kechak orasidan menga sotib olgan sovg'asini qidiradi.

Yosh edim. Qahraton qishda kiyishga tuzukroq kiyimim yo'q. Tashqarida qora sovuq. Ayoz badanni junjiktiradi. Poyabzalimning tagligi yupqa, yana biroz suv ham o'tadi. Shunday bo'lsa-da, o'zimga qarab, bor-budimni sarishtalab, oro berib yurardim. Ust-boshimning yangi yoki eskiligi men uchun ahamiyatsiz edi. Yarashsa bo'ldi-da. Sal urinsa, u yoq-bu yog'ini o'zim birpasda to'g'rilab olardim.

Shu ahvolda, izg'irinda ham yaxshi ko'rganim bilan uchrashuvga chiqardik. Xiyobonlarni birgalashib kezardik. Qiziq-da, yuraklarimizdagi cho'g' sekin alangalanib, olov bo'lib yonardi. So'ng ikkimiz ham qalblarimiz taftiga toblanardik. Bizga sovuq zarracha ta'sir qilmasdi. U ham yupun kiyingan. Ustiga-ustak, menga chiroyli ko'rinaman deb, bor bisotini egniga ilib chiqqan. Ora-orada muzlagan qo'llarini qo'ynimga tiqib, isitib olardi. Sovuqda dildirab, qunishgancha bir-birimizga muhabbat izhor qilardik, erkalanardik.

— Seni sevaman, — deyman pichirlab. U bo'lsa sovuqdan qaltiraganidan javob qaytarolmaydi. Ko'nglimizda quvonch, shodlik va sof muhabbatdan bo'lak hech vaqo bo'lmagan. Qanday baxtli kunlar edi-ya!..

Shu shirin va mahzun o'ylar og'ushida ro'paramda turgan rafiqam Fazilatga qarayman. Sochlariga oralagan oqlar va yuzidagi mayda ajinlar ortidan, yillar o'tgan bo'lsa-da, o'sha sovuq xiyobon izg'irinida men bilan birga dildiragan, qalbi olov qiz hali-hamon menga boqib turgandek tuyuladi.

Ichkariga kirib, u olib kelgan kiyimni egnimga tashlab chiqdim.

— Mana, xotin, sen xohlagandek er bo'ldim, — deyman ovozimga biroz hazinlik berib. — Olib kelgan yaktagingni kiyib oldim. Qara, xuddi o'zimga bichilgandek bo'y-bastimga mos tushdi. Tikuvchi qurmag'ur o'lchamimni aniq bilganmi, egnimda turishini ko'r buni. Paxtadan ekan, badangayam juda xush yoqdi. Hammasi yaxshi, hamma narsasi joy-joyida… Qara, mana! Bugundan boshlab qarilikni qarshi olaman…

U ichimdan nimalar o'tayotganini sezmaydi. Odatdagidek, beg'ubor jilmayadi. Men esa deraza ortidagi qahraton qish manzarasiga tikilib, yana o'sha uzoq o'tmishga — yangi uylangan paytlarimga va Toshkentning muzdek ko'chalariga xayolan qaytaman.

Yoshlikdagi sof muhabbatimiz kun kelib bizni jiddiy hayot bo'sag'asiga yetakladi. Ich-ichimda bir ovoz bot-bot yangrardi: “Uylanish kerak… Oila qurish kerak!”. Qalbim to'rida allaqachon xiyobon izg'irinida men bilan birga dildiragan qadrdon inson yashardi. Undan boshqasini umr yo'ldosh sifatida aslo tasavvur qilolmasdim.

Ammo qishloqda uydagilar bundan bexabar, meni tezroq uylantirish taraddudiga tushib qolishgandi. Ta'tilga borganimda, ota-onam tanish-bilishlar, qo'ni-qo'shni va qarindosh-urug'lar tavsiya qilgan bir necha nomzodni birma-bir maqtashga tushishdi. Biroq yuragimning haqiqiy egasi bo'lgani uchun ularning tanlovi menga erish tuyulardi. Dardimni aytolmay, baribir o'sha bo'lg'usi kelinlar bilan birma-bir uchrashishdan boshqa choram yo'q edi.

Ammamning qizi topgan Gulasal ismli hurliqo injiq va o'ta yopishqoq chiqdi. Katta tog'amning xotini Mohi momomning dugonasidan eshitib sovchilik qilgan go'zal esa naq sangtaroshning o'zi edi — gaplari odamning bag'rini toshdek tilardi. Qo'shnimiz O'ktamxon xolamning qarindoshi bo'lmish Nozimaning sharti undan ham oshib tushdi: emishki, men uni o'z ota-onamdan himoya qilishim kerak ekan!

— Yaqinlaringiz tazyiqidan meni asray olasizmi? — deb savol berdi u.

Shunda ichimdan og'riqli bir o'y o'tdi: bechora onajonim-a!.. Bu qizni menga baxt keltirsin deb topgan edi-yu, ammo o'zini kelajakdagi sovuq so'zlardan himoya qilishni unutibdi. Kallamdan ming bir fikr o'tadi. Dunyo olimlarining aytishicha, zamonlar osha nizo va mojarolar bundan buyog'iga og'ir harbiy texnikalar bilan emas, balki oddiy so'zlar — til vositasida sodir bo'larkan. Bu achchiq haqiqat oila degan muqaddas qo'rg'onga ko'chsa-yu, nahotki u ham tinimsiz dedi-dedilar to'qnashuviga aylanib ketsa?!

Shu choq meni bunday mashmashalardan faqat sovuq xiyobondagi soflik, bir-birimizni unsiz tushunish tuyg'usigina qutqara olishini anglab yetdim. Oxir-oqibat onamga yuragimni ochdim va taqdirimni qalbi qaynoq, beg'ubor qiz — Fazilat bilan bog'ladim.

Baribir vaqt o'z hukmini o'tkazdi. Hayot bizni oson yo'llardan yurgizmadi, so'qmoqlardan yetaklab, mana shu katta shaharga olib keldi. Uylanganimdan keyin yelkamdagi yuk yanada og'irlashib, tashvishlarim ko'paydi. Endi oila, bola-chaqa boqishim kerak edi. Tirikchilik deb qilmagan ishim, kirmagan ko'cham qolmadi. Hayotda hamisha “Men kuchliman”, deb yashadim. Aslida, qanchalik bardoshli va sabrli bo'lganimni, to'g'risi, o'zim ham bilmayman.

Faqat eng og'ir kunlarni eslasam, haligacha yuragim uvushib ketadi. Begona shaharda och-nahor, cho'ntakda bir tiyinsiz qolgan kezlarim bo'ldi. Ishoning, ijara uydan chiqarib yuborishganda, chorasizlikdan vokzalda tunaganman. Rafiqam va go'daklarimni vaqtinchalik qishloqqa jo'natib, o'zim sarson qolgandim. Mana shunday eng og'ir damlarda sodiq do'stlarim meni yolg'izlatib qo'yishmadi. O'zlarining yashash joylari bo'lsa-da, dalda berish uchun uch-to'rt kunlab navbatma-navbat vokzalda, qattiq o'rindiqlarda yonimda tong ottirishdi.

— Iltimos, Rustam, biznikiga yur! — deb turib oldi bir kuni Adham tuni bilan sovuqda birga o'tirib, muzlab qaqshagach.

— Yo'q, — dedim qat'iy. Ularning ijara uyiga borib, ortiqcha yuk bo'lishni, kimgadir og'irligim tushishini istamasdim. Bunday holatni hozir tasavvur qilish tugul, bugungi to'kin hayotda yashayotgan odamlarga tushuntirish ham qiyin. Agar aytsang, shubhasiz, hech kim ishonmaydi. Afsuski, bularning bari boshimdan o'tgan achchiq haqiqat edi.

Musofirchilikdagi bu qiyinchiliklarni uzoqdagi ota-onam hech qachon bilishmagan. Ular: “O'g'limiz poytaxtda o'qiyapti, nasib qilsa, hali katta odam bo'ladi”, deb menga ishonishardi. Bolalarim esa otasini dunyodagi eng qudratli, eng ulug' inson deb bilishardi. Ularning ko'ziga nihoyatda obro'li bo'lib ko'rinardim. Har qanday ota ham farzandlari nazdida shunday bo'lsa kerak. Men ularning umidlarini so'ndirmaslik uchun dardimni ichimga yutib, hamisha oldinga intilardim.

Bir kuni maosh chiqishi arafasida butunlay pulsiz qoldim. Cho'ntagimdagi bir-ikki tanga chaqani hisobga olmasa, uyga qaytishga ham pulim yo'q edi. Ishdan ataylab kech chiqdim va bekatda oxirgi avtobusni kuta boshladim. Odam siyraklashsa, haydovchiga vaziyatni tushuntirib, yalinsam, tekinga olib ketar, deb o'yladim. Kimdandir pul so'rashga oriyatim, g'ururim yo'l qo'ymasdi. Bir nechta avtobusni atay o'tkazib yubordim. Keyingisi juda kechikib kelardi. Vaqt o'tkazish uchun bor pulimga gazeta sotib olmoqchi bo'ldim.

— Nima beray? — dedi do'kon egasi.

— Shunga yarashasini, — dedim sekin tangalarni uzatib. Ayni paytda men uchun buning ahamiyati yo'q edi.

Sotuvchi menga jindek qaytim ham berdi. E'tibor ham qilmay, pulni cho'ntagimga tiqdim. Gazeta sahifalarini varaqlab, maqolalarni o'qiy boshladim. Vaqt xuddi imillab, to'xtab qolgandek edi. Tezroq uyga yetib olsam derdim va bolalarimning, xotinimning bag'riga oshiqardim. Axir ijara bo'lsa-da, boshpanam, meni kutadigan oilam bor edi.

Ketish ishtiyoqi shunchalik kuchaydiki, beixtiyor cho'ntagim tubiga qo'l soldim. Barmoqlarim qaltirab, muzday temir tangalarga tegdi. Ularning sharaq-sharaq qilgan ovozi ko'nglimni buzib yubordi. Oldin bitta-ikkita edi, hozir esa kaftim to'la… Ko'zlarimga ishonmay, ularni yorug'ga tutdim. Rostdan ham tangalar ko'payib qolgandi! Birma-bir sanasam, yo'l haqiga bemalol yetadi. Quvonchim ichimga sig'may, atrofga olazarak qaradim. Go'yo kimdir mening dardimni sezib, bildirmaygina cho'ntagimga pul solib qo'ygandek edi. Bor maqsadim — tezroq uyga yetib olish bo'lgani uchun birinchi avtobusga o'zimni urdim. Cho'ntakda qolgan ana shu mayda pullar bolalarimga bir bo'lka non sotib olishga va ertasiga ishga qaytishimga ham bemalol yetardi. Shu oqshom har bir tiyinni joy-joyiga sarfladim.

Ertasiga maosh tegib, ko'nglim joyiga tushgach, vijdonim yo'l qo'ymadi. O'ylay-o'ylay, do'kondagi gazeta sotuvchisini surishtirgani bordim. Menga qaytimni ko'p berib yuborgani aniq edi. Ammo do'koncha anchagacha yopiq turdi. Oradan besh-olti kun o'tib, nihoyat, u yerda bir onaxon ko'rinish berdi. So'rasam, u kishi doim o'tiradigan otaxonning turmush o'rtog'i ekan. Ozgina sukutdan keyin:

— Cholim yaxshi odam edi, — deya yig'i-sig'i qilib oldi. Biroz o'ng'aysizlandim. Otaxon o'sha kundan keyin to'satdan olamdan o'tib qolibdi… Yuragim uvushib, bo'lgan voqeani onaxonga so'zlab berdim. Shunda kampir miyig'ida ma'noli kulib qo'ydi va rahmatli cholining asl himmati haqida so'zlay boshladi. Aytishicha, otaxon do'konchani yopayotgan paytda mening bekatdagi ma'yus holatim uning diqqatini tortibdi. Har tarafga avtobuslar kelib-ketsa ham, cho'ntaklarimni timirskilayotganimni ko'rib, pulsiz qolganimni sezibdi. Nafsoniyatimga tegmaslik uchun yonimga kelishga istihola qilib turganda, baxtimga o'zim gazeta so'rab boribman. Otaxon ataylab qaytimni ko'proq qilib beribdi. Eng ajablanarlisi, choli ertasiga ertalab Haq qarori bilan bu dunyoni tark etgan ekan… Omonat pulni onaxonga qaytarmoqchi bo'ldim. Ammo u ko'nmadi: “Duo qil, bolam, Olimjon otangning qabri nurga to'lsin”, dedi. Men o'sha kundan beri u aziz insonni doimo duo qilaman. Tanda jonim bor ekan, aslo unutmayman. Sizlar ham men uchratgan bu oliyjanob inson haqqiga bir lahza duo qilib qo'ying, azizlar! Yaxshi odamlar ko'paysin bu ­dunyoda.

Xayollar meni yana ortga — hozirgi shinam va issiq uyimga qaytaradi. Goh rafiqamning samimiy ko'zlariga, goh egnimdagi yaktakka qarab, ichimdan quvonaman.

— Yetkazganiga shukur. Rahmat senga, onasi! — deyman shivirlab. U so'zlarimni eshitmaydi, lekin menga qarab chiroyli tabassum qiladi. Avvalgidek: “Seni sevaman, Fazilat!” — demoqchi bo'laman-u, tilimni tishlayman. Shunisi ham ma'qul. Agar eshitgudek bo'lsa, tinimsiz koyishi aniq.

Yana xayolga tolaman. Hozir hamma narsam yetarli. Hayotim o'zim istaganimdan ham to'kin, farovon va mo'l-ko'l. Issiq, qimmatbaho liboslarimning turi shunchalik ko'pki, javondagi poyabzallarimning son-sanog'iga yetolmayman. Uyim shinam, sharoitim a'lo… Lekin… lekin o'sha yillardagi yurakni isitadigan beg'ubor, olovli tuyg'ular yo'q. Vaqt o'tib, sochga oq oralaganda, egnimizga mana shunday keksalik yaktagini kiyganimizda, inson o'tmishdagi qashshoq, ammo qalbi osmondek keng bo'lgan baxtli odamlarni, sodiq do'stlarini sog'inar ekan.

Bugun esa yoshlik yillarining hech qachon qaytib kelmasligini aniq bilaman — mana shunisi biroz erish tuyuladi, xolos. Nimagadir ichimdan bir narsa uzilib, yana sovuq xiyobonni va vokzal tunlarini qo'msayman…

Aslida, dunyo o'zi shunday: yarmi quvonch, yarmi tashvish; yarmi qorong'ilik, yarmi yorug'lik; yarmi shodlik va yarmi g'am… Hayotning qaysi yarmida bo'lmaylik, qalblarimizdagi insoniylik, mehr va cheksiz muhabbat bizning tirikligimiz belgisidir.

2026 yil, Toshkent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 3 =