Tosh
Aytadilarki, bir odam daryo yoqalab kelayotib, kattakon yombi topib oldi. Qo'ynidan yong'og'ini olib, chaqmoqchi bo'lib uringan edi, yombi bir necha bo'lakka bo'linib ketdi. “Yaltiroq bo'lgani bilan hech nimaga yaramas ekan-ku”, deya afsuslanib, uni otib yubordi-da, qirg'oqda qalashib yotgan oddiy toshlardan biri bilan yong'og'ini chaqib yedi hamda murodiga yetib, o'z yo'liga ravona bo'ldi… Qaerdadir o'qiganim, ushbu qisqa bitik falsafasi yirik qarashlarni o'zida ifoda etsa ne ajab: mayda bir tosh orqali inson yashash tarzidan tortib, uning ichki bir dunyosiga berilgan bahoday tuyuladi shu qisqa epizod.
Kim bilsin, balki oddiy tosh bilan qo'ynidagi yong'og'ini chaqib, nafsini qondirib ketib, umr yo'lida davom etgan insonning qismatiga mana shunday bitik bitilgandir. Qimmatbaho toshga ro'baro' bo'lish unga biror-bir yaxshilik keltirmasligi uchun ham taqdir unga yo'limizda har kuni uchraydigan, biz e'tibor bermay o'tib ketadigan, qaerdadir hojatimizga yarab, qaerdadir yo'limizga to'g'onoq bo'ladigan oddiy tosh bilan yuzlashtirgandir, kim bilsin, deysiz…
Tabiatning har bir ne'mati o'z siru tilsimotlari bilan inson aqlini shoshirib qo'yadi ba'zida. Garchi ular haqida qaerlardadir nimalardir o'qigan, eshitgan bo'lsak ham bu ne'matlar haqida o'z anglovlarimiz har doim ham hayratli va ajablanarli tuyuladi.
O'zi oddiy tosh bo'lsa, nega biz unga e'tiborsiz emasmiz, kabi fikr xayolimdan yalt etib o'tdi-yu, u bilan bog'liq yuzlab misollar birin-ketin tasavvurimni buzib, toshday otilib kela boshladi. Rostdan ham nega biz toshlarni odamlarga mengzaymiz, uning fe'l-atvoriga o'xshatamiz, hatto inson qalbini-da, ma'naviy dunyoqarashini ham toshlarga muqoyasa qilishga urinib ko'ramiz. Nega?
* * *
Ko'chamizdan o'tayotgan mashina to'satdan to'xtadi. Haydovchi mashinadan tushib, yo'lda yotgan tuxumdan kichikroq toshni qo'liga olib, yo'l chetiga tashladi. Hayronligimni ko'rib, izoh berdi:
— Birodar, ko'chada yotgan toshning ham ziyoni bor. Agar u ballon chetiga tushsa, otilib ketib, kimnidir jarohatlashi mumkin. Men bunday ko'ngilsizlikka guvoh bo'lganman…
Yashirib nima qilaman, biz, shaxsan o'zim, bunday himmatdan yiroqmiz. Shu sababli masala mohiyatini tushunib yetgach, notanish, ammo oqil haydovchining harakatiga, xulosasiga qoyil qoldim. Izza ham bo'ldim va o'zi shu tobda o'ylab yurganlarim yana xayolimni egallab oldi.
Tog'lar bag'ridagi ulkan xarsangtoshlardan nechog'liq hayratlansak, yo'limizda uchraydigan mayda toshlar hayotimizga xalaqit berayotganday tuyuladi. Lekin kerakli toshning og'irligi yo'q, deya unga bir ma'ni yuklaymiz…
Siz-chi, sizning hayotingizda ham tosh biror bir ma'noga ega bo'lganmi? Tabiiyki, bu savolim ko'pchilikka erish tuyulsa-da, unga hammada o'ziga xos javob bor. Endi yozmaganing shu tosh qoluvdi, degichlar ham topiladi, buni yaxshi bilib turibman. Ha, endi, bir-birimizga bo'lar-bo'lmasga tosh otaverganimizdan keyin shu haqda yozgim keldi-da… Shuni ham unutmangki, qadimda insoniyat butun boshli tosh asrini boshdan o'tkazgan. Nafaqat uy-joylar, yo'llar, zeb-ziynat, hatto ro'zg'or asboblari ham toshdan yasalgan.
Tarozining posangisi ham toshdan bo'lgan. Toshga sig'ingan elatlar bo'lgan. Katta-katta asarlar toshga yozilgan. Ko'plari haligacha ohorida turibdi.
Ehtimol, qiz uzatishganda “Borgan joyida tosh bo'lsin” degan niyat-ibora ham shundandir. Bundan tashqari, “Boshing toshdan bo'lsin-u, bolam, bag'ring toshdan bo'lmasin ekan” degan naqlbop gaplar bor.
Darvoqe, shu o'rinda bag'ritoshlik holatiga to'xtalib o'tsak. Bu tushuncha lug'atlarda “berahm, shafqatsiz” tarzida ifodalanadi. Uning nishonasi ne'matga yetgach, shukur qilmaslik, mehnat vaqtida sabrsizlik, taqdirga rizo bo'lmaslik, xizmat vaqtida loqaydlik, suhbat chog'ida hurmatsizlik qilishda namoyon bo'ladi. Nemis faylasufi Immanuel Kantning yozishicha, “Ko'pchilik kishilarning bag'ritosh bo'lganligiga sabab shundaki, ular oldin rahmdil bo'lishgan va ko'p aldanishgan”. Ochig'i, kamina hech kimga bunday holatni ravo ko'rmagayman…
* * *
Odamlar bor: o'tgan-ketganga tosh otishni odat qilib olgan.
Odamlar bor: orqangdan tosh otgani-otgan.
Odamlar bor: ko'ngilga kuchi yetmagach, ismini toshga “kiritadi”, ya'ni yozib qo'yadi.
Toshlar bor: bag'ridan gul yoki giyoh unib chiqadi…
Toshlar bor: mo''jiza va hayrat, imon, e'tiqod, ko'ngil pokligi-yu niyatlar xolisligiga yetaklaydi sizni. Ka'bani ko'rganlarni bunga ishontirish shart emas.
Toshlar bor: qadri bilan odam aqlini oladi, boylik manbaiga aylanadi…
Toshlar bor: biz ularni yomonlikka qaratib otamiz, masalan, haj ziyoratida Arofat tog'ida shaytonga tosh otiladi…
* * *
Badiiy asarlarimizda ham tosh bilan bog'liq ko'plab elementlar, syujet va holatlar mavjud. Ertaklarimizning birida Muqbil toshotar degan qahramon bor. U yuksak fazilatli, adolatli inson sifatida ibrat vazifasini o'taydi. Afsonaviy oshiq Farhod toshlar bag'rini kesib, ariq qazib, elga suv keltirib, o'z muhabbatini isbotlagan… Shu o'rinda bu haqda istagancha mulohaza yuritish mumkin. Nega Navoiy Farhodni sinovga yo'llar ekan, aynan tog'u toshliklardan suv chiqarish zahmatini unga yukladi? Buning ramziy ma'nosi bormi yoki faqatgina bir paytlar, texnika rivojlanmagan davr uchun toshni yorishdan mushkulroq yumush yo'qligi uchun Farhod tushgan vaziyat murakkabligini isbotlamoq istaganmidi hazrat Navoiy? Farhodning tog'u toshlarni yorib, suv chiqargan qahramonliklarini o'ylash asnosida bu ishni befoyda yumush sifatida talqin etgan yana bir falsafiy asar haqida o'yladim.
Fransuz yozuvchisi va mutafakkiri Alber Kamyuning mashhur “Sizif afsonasi” asari yodingizda bo'lsa kerak. Absurd tushunchasining dasturiy manifestiga aylangan ushbu falsafiy esseni eslashingiz bilan uchta asosiy tushuncha ko'z o'ngingizda gavdalanadi. Sizif, tosh, tog'. Epizod ham shu manzilda sodir bo'ladi. Esseda Kamyu qadimgi yunon falsafasiga murojaat qiladi, bu afsonada Sizif Xudolar tomonidan doimiy ravishda ulkan xarsang toshni tog' cho'qqisiga dumalatib chiqishga va yana pastga ag'darishga mahkum. Faylasuf uchun bu ma'nosiz va mashaqqatli mehnat insoniyat hayotining metaforasiga aylanadi.
Sizif bir umr ulkan xarsang toshni tog' yuqorisiga dumalatib chiqishga mahkum. Ammo bu mahkumlik asar qahramonini tushkunlikka solmaydi. U toshni olish uchun pastga tushayotganda o'z ahvolining befoydaligi va fojiasini to'liq tushunadi. Muvaffaqiyatga umid qilmasdan ishini muttasil davom ettiradi va mana shu ichki isyoni orqali xudolarni va taqdirni mag'lub etadi. Kamyu afsona haqidagi an'anaviy tushunchani o'zgartiradi, kurash hamda cho'qqiga ko'tarilish jarayonining o'zi inson inson qalbini to'ldirishi mumkinligini ta'kidlaydi.
Anglaganingizday, bu esseda yozuvchi toshga katta ma'no yuklaydi. Ma'noki, u o'zida hayot mashaqqatlaridan tortib, taqdirimizga bitilgan borki yumush va yuklaridan iborat u. Jismoniy mashaqqatlar bilan birgalikda biz izlagan ma'nolar, ko'nglimizni qiynayotgan iddaolar-u, qalbimizdan topolmayotgan oromlar — hammasi shu xarsang toshda jo bo'lgan, nazarimda…
Yo'q, bu topilmalar, o'xshatishlar, xalq maqollari-yu asarlardan iqtiboslar orqali biz tabiatning bu bo'lagiga katta bir ma'no yuklamoqchi emasmiz. Yuklangan ma'nolar-u aytimlar ham allaqachon aytib bo'lingan bo'lsa ne ajab! Faqat yo'limizdagi oddiy tosh kimningdir og'irini yengil qilishi mumkinligi aniqdek, yong'oq chaqib yegan yo'lovchi singari kimningdir hayotini o'zgartirib yuboradigan daxmaza bo'lishi ehtimoli ham yo'q emas, bexos qoqilib, vujudiga zarar yetkazgan kishi kabi.
Mana shu qarash esa kishiga tinchlik bermaydi,beixtiyor o'yga tolasan: ehtimol, o'sha sang yo'limizdan bejizga chiqmagandir-a…
Farmon TOShEV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.
