Istiqlol to'lqinlari

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Istiqlol to'lqinlari” deb nomlangan kitobi nashrdan chiqdi. “O'zbekiston” nashriyoti chop etgan mazkur kitob “Davr jurnalist nigohida” turkumida nashr etilgan.

Muallif sovet davri, mustaqillikning dastlabki yillari va hozirgi o'zbek matbuoti, jurnalistikasi haqida o'zining kuzatishlari, fikr-mulohazalarini o'zi boshidan o'tkazgan, bevosita ishtirok etgan voqealar asosida bayon qilgan. “O'zA qanday shakllandi?”, “O'zA veb-saytining yaratilishi haqida”, “Tarjima, tarjima… jonim olding-a jimgina”, “Fotolar va xatolar”, “Ayagan ko'zga cho'p tushadi”, “Sharof Rashidov: bironta ham xodimingizni jazolamang” kabi bo'limlarda qiziqarli voqealar hikoya qilingan.

Kitobning “Daxldorlik” deb nomlangan bobidagi barcha maqolalarda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ulug'vor o'zgarishlar, keng ko'lamli islohotlar va ularning natijalari haqida so'z yuritilgan. Kitobdan muallifning turli yillarda yozilgan publitsistik maqolalari va esselaridan namunalar ham o'rin olgan.

Filologiya fanlari doktori, professor Halim Saidov so'zboshi yozgan.

Quyida ushbu kitobdagi ikki lavhani e'tiboringizga havola etdik.

Ustozlar ibrati

Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar, deydilar. Bu gapda teran ma'no bor. Ustoz-shogirdlik barcha sohalar singari ijodiy ishlarda, jumladan, jurnalistikada katta ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan men Yaratganga beadad shukronalar bildiramanki, umrimning barcha bosqichlarida yaxshi ustozlarga duch keldim. Xususan, jurnalistika sohasida ish boshlagan dastlabki yillarimdan elu yurtga taniqli haqiqiy ustozlar qo'lida ishladim. Bular — filologiya fanlari doktori, professor Laziz Qayumov, O'zbekiston xalq yozuvchilari Asqad Muxtor, Odil Yoqubov. Laziz akadan siyosiy savod va hushyorlikni, Asqad akadan og'ir-vazminlik, har bir masalaga teran yondashish va mulohazakorlikni, ayni damda kamtarlikni, Odil akadan shiddat va jasoratni o'rgandim. Keyin qaerda, qaysi lavozimda ishlamay, shu ustozlarni esladim, biron-bir muammoga duch kelganimda yoki qanaqadir masalani hal qilishda ikkilanib qolganimda “Buni Laziz Qayumov qanday hal qilar edi? Asqad Muxtor qanaqa yo'l tutar edi? Odil Yoqubov nima qilgan bo'lardi?” degan savollarni o'zimga berdim va iloji boricha ular tutgan yo'lni tanlashga harakat qildim. Ochig'ini aytaman, ko'pincha Asqad Muxtor faoliyati, u kishining muharrirlik, rahbarlik va ustozlik uslubi yodimga kelar hamda shunday yo'l tutishni ma'qul ko'rardim. Zotan, Asqad Muxtor bilan nisbatan kam (bir yarim yil) ishlagan bo'lsam-da, u kishidan ko'p narsa o'rgandim va bundan behad xursandman.

Endi ustoz Asqad Muxtorning kamtarligini ko'rsatuvchi kichik bir misol keltirib o'tsam.

Asqad aka “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga bosh muharrir bo'lib kelgach (1981) meni mas'ul kotib etib tayinladi. Men san'at bo'limida oddiy muxbir edim. “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasining birinchi sonini chiqarishga bir oy tayyorgarlik ko'rdik. Ijodiy va texnik tomonlarini o'yladik, maslahatlashdik. Shu jarayonda bir fikr keldi xayolimga. “Literaturnaya gazeta”ning nomi yoniga Pushkinning surati qo'yilgan. “Biz yangi chiqayotgan sakkiz sahifali rangli gazeta nomi yoniga Alisher Navoiy suratini qo'ysak qanday bo'lar ekan?” Bu taklifni Asqad akaga aytdim.

— Yaxshi fikr, ma'qul, — dedi Asqad Muxtor. — Navoiyning yaxshi suratini toping.

Bir necha variantlarni ko'rib, Kaydalov ishlagan suratni qo'yishga kelishdik.

Yana bir fakt. “O'zbekiston madaniyati” paytida gazetaga falon yil chiqishi, masalan, 25-yil chiqishi, deb yozilardi. Holbuki, aksariyat gazeta va jurnallarga “falon yil falon sanadan chiqa boshlagan”, deb yozilardi. Shuni ham aniqlash maqsadida Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga borib, “O'zbekiston madaniyati” gazetasining birinchi sonini topdim. 1956 yil 4 yanvarda chiqqan ekan. Yozuvchi Mumtoz Muhamedov redaktor bo'lgan ekan. “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligi “O'zbekiston madaniyati” gazetasining vorisi ekan, demak, haftalikka 1956 yil 4 yanvardan chiqa boshlagan, deb yozish mantiqan to'g'ri bo'ladi va shunday qildik.

Xullas, bir oy deganda yangi gazetaning birinchi soni chiqdi.

Asqad aka Yozuvchilar uyushmasiga borardi, yig'ilishlarda qatnashardi. Va ko'pincha ulardan ensasi qotib kelardi.

Bir kuni xonamga kirib keldi va bir qog'oz axborotni berdi-da, shuni o'qib ko'ring, dedi (Asqad aka xodimlarni xonasiga chaqirmas, o'zi ularning oldiga borardi). O'qidim. Yozuvchilar uyushmasida bo'lgan yig'ilish haqida bir qog'ozga yetar-etmas axborot. Asqad Muxtor yozgan. Birozdan keyin axborotni ko'tarib xonasiga kirdim. Asqad aka qog'ozga qaradi-da, mendan so'radi:

— O'qidingizmi?

— Ha, — dedim.

— Hech qaeriga tegmabsiz-ku, — dedi.

Nima deyishni bilmay kalovlandim. Asqad Muxtor kimu men kim? Shunday ulug' yozuvchi yozgan narsani men, oddiy muxbir tahrir qilamanmi?

— Asqad Muxtor yozganini qanday tahrir qilaman, deb o'yladingizmi? — dedi ko'nglimdan kechayotgan istiholani uqqanday. — Asqad Muxtor ham bir qalamkash. Tajriba, yosh — o'z yo'liga. Sizlar, yoshlar dadil bo'linglar, bu Asqad Muxtor, u falonchi, deb qaramanglar… Shunga o'rganinglar.

Bu gap menga bir umrlik saboq, ibrat bo'lgan. Endi o'zim yoshlarga shu gaplarni aytaman va Asqad Muxtorni misol qilib keltiraman.

…Birovga qaramlik, davlat bo'ladimi, tashkilotmi, yakka shaxs bo'ladimi, hech qachon yaxshilikka olib kelmagan va bundan keyin ham shunday bo'ladi. Yaxshimi-yomonmi inson emin-erkin yashagani, faoliyat ko'rsatganiga nima yetsin. Kimningdir qosh-qovog'iga qarab yashashdan og'ir narsa bo'lmasa kerak. Ayniqsa, o'zingning boyligingni, topgan pulingni o'zing bemalol ishlatolmasang, yetim bolaga o'xshab, birovning imosiga mahtal bo'lib o'tirsang…

Sovet zamonida Toshkentda chiqadigan barcha gazeta va jurnallar bir tashkilot — O'zkompartiya Markazkomining birlashgan nashriyoti (hozirgi “Sharq” kompaniyasi)ga qaram edi. Xodimlar bo'limidan tortib buxgalteriyasigacha, qalam haqi-yu, maosh va transportni ham o'sha nashriyot rahbarlari hal qilar edi. Holbuki, u paytlarda gazeta va jurnallarning tiraji juda katta bo'lib, salmoqli daromad keltirar edi. O'sha daromadning qancha qismi tahririyatlar xodimlariga maosh va qalam haqi sifatida berilar edi — Xudo biladi! Kim pulini to'lasa — o'sha buyuradi yoki og'zi qiyshiq bo'lsa-da, boyning o'g'li gapirsin, degan iboralar to'la amalda edi. Shunday hollarga ham duch kelganmizki, hukumat belgilagan qalam haqini kamaytirib berishgacha borgan paytlari bo'lgan. Xuddi ana shu masalaga doir bir misol keltirmoqchiman.

O'tgan asrning 80-yillarigacha gazetalarda beriladigan material linotip sexida qo'rg'oshindan terilardi. Keyin gazetaning har bir sahifasi alohida-alohida qalin maxsus qog'ozga (kartonga o'xshash) olinar (matritsa deyilardi), ushbu matritsalar rotatsiya sexiga yuborilar edi. U yerda matritsadan qo'rg'oshinda stereotipga (yarim silindr shaklida) ko'chirilardi. Bular gazeta bosadigan mashinaning barabaniga o'rnatilardi. Qisqasi, juda ko'p va murakkab jarayondan o'tardi.

“O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligi — O'zbekistonda birinchi sakkiz sahifalik rangli gazeta edi. Bosmaxonada bunaqa gazeta chiqarish tajribasi bo'lmagani sababli har bir sonni chiqarish jarayoni ko'pincha asabiylik bilan o'tardi. Mas'ul kotib bo'lganim uchun bosmaxona bilan men ishlardim. Ular o'zinikini ma'qullashga harakat qilar, men “biz buyurtmachimiz, biz  aytganday bo'ladi”, deb turib olardim.

Bir kuni Asqad aka “Belorussiyada, Qozog'istonda adabiyot gazetalari ofset usulida bosilar ekan. Bir borib ularning tajribasini o'rganib kelmaysizmi?” dedi. Bajonidil rozi bo'ldim va Belorussiyaga otlandim.

Minskka tunda bordim. Ertalab derazadan tashqariga qaradim, maqsad — ob-havoni bilish va shunga qarab kiyinish (adashmasam, may oyi edi). Quyosh charaqlab turibdi. Odamlarning kiyinishiga e'tibor berdim: birov paltoda, kimdir plashda, yana boshqasi undan ham yengilroq kiyimda. Bildimki, havo sovuqqina. Mahalliy aholi palto-plashda yurganda menga o'xshab issiq o'lkadan kelganlar issiqroq kiyingani durust.

Ijodkorlar gazetasida ishlaydiganlar, hoynahoy, soat o'ndan oldin kelmasa kerak, degan o'y bilan, soat o'n birlarni mo'ljallab “Literatura i mastasva” tahririyatiga bordim. Bir qavatli oddiygina binoda ekan. Eshik oldida o'tirgan qorovuldan bosh muharrir xonasini so'radim. U mehmonligimni bilib, kuldi va: “Hali vaqtli, ular soat o'n ikkida keladi ishga”, dedi. Nima qilishni bilmay o'ylanib qoldim: ko'cha aylanay desam, havo sovuq, buning ustiga, Minskka birinchi marta kelishim, qayoqqa borishni bilmayman. Qorovul sezgir ekan:

— Yuring, qabulxonani ochib beraman, o'sha yerda dam olib o'tiring, ko'cha sovuq. Balki muharrir ertaroq kelib qolar, — dedi.

Torgina qabulxonada yarim soatlar o'tiruvdim, papka ko'targan bir kishi kirib keldi. “Bosh muharrir” deb yozilgan eshikni ochdi-da, meni ichkariga taklif qildi (qorovul Toshkentdan mehmon keldi, qabulxonada kutib o'tiribdi, degan bo'lsa kerak). Papkasini stolga tashladi-da, seyfni ochdi. Men bilan so'rashmadi ham. Indamay uni kuzatib turibman. Bir shisha konyak, ikkita qadah, bir quti shokolad oldi. Shisha ochilgan ekan, qadahlarni to'ldirdi.

— Qani ol, — dedi, — tanishganimiz uchun. Men shu gazetaning bosh muharririman: Ales Juk.

Men ham ism-familiyamni aytdim. Uning harakatlari shu qadar qat'iy, ishonchli ediki, biron-bir e'tiroz bildirishning iloji yo'q edi. Ikki qadahdan olganimizdan keyin maqsadimni aytdim.

— Bu qiyin emas, — u stolda turgan gazeta taxlamini varaqladi. — Mana shu ofset usulida bosilgan… Bugun men ertaroq keldim, omading bor ekan. Odatda, xodimlarim o'n ikkida, men soat birlarda kelaman, — yana qadahlarga konyak quydi. — Buni o'ylama, hozir mas'ul kotibim keladi, seni bosmaxonaga olib borib, hammasini tushuntiradi. Hech qiyin joyi yo'q, barchasini bosmaxona ishchilari qiladi.

Ancha suhbatlashdik. Kitobiga dastxat yozib berdi. Gap aylanib qalam haqiga taqaldi.

— Gazetaning bir soniga qancha gonorar to'laysan?

— Sakkiz yuz so'm, — dedim.

A.Juk ajablanib qaradi:

— Nega sakkiz yuz so'm?

— Bizda Markaziy Komitetning birlashgan nashriyoti bor, barcha gazeta-jurnallarga maoshni ham, gonorarni ham shular beradi. Men faqat qaysi materialga qancha gonorar berilishini yozib beraman, bir sonning umumiy summasi sakkiz yuz so'mdan oshmasligi kerak.

— Bizda ham shunaqa. Bu soyuz bo'yicha o'rnatilgan tartib, — dedi Ales Juk. — Lekin ittifoqdosh respublikalar adabiyot gazetalarining gonorari ham yuqoridan belgilab berilgan. Barcha respublikalarda bir xil summa yozilgan, ya'ni bir ming olti yuz so'm.

— Bir ming olti yuz so'm? — dedim hayajonimni yashirolmay. — Hozirgidan ikki baravar ko'p ekan-da.

— Xuddi shunday. SK bilan Sovminning qarori bor.

U shunday deb, seyfdan bir papka oldi. Ochib titkilab-titkilab, bir qog'ozni menga uzatdi. Bu KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining qarori edi. Unda aniq-tiniq qilib, ittifoqdosh respublikalar adabiyot gazetalarining har bir soniga bir ming olti yuz so'mdan (rubl) gonorar berilishi yozib qo'yilgan edi. Men ko'zlarimga ishonmasdim. A.Jukka rahmat aytib, o'sha qarorning nomini, qachon imzolangani, hammasini yon daftarimga yozib oldim. Bundan rosa quvondim. Bir ezgu ish ikkinchisini boshlab keladi, deganlaridek, ofset usulida bosishni o'rganish uchun kelib, qalam haqini oshirishga ham asos topgan edim. Ayni paytda ko'nglimda bir afsus, ranjish paydo bo'ldi: bu qarorni birlashgan nashriyot rahbarlari bilmasligi mumkin emas. Chunki bunaqa hujjatlar hamma joyga jo'natiladi. Demak, nashriyot rahbarlari shu paytgacha bizni, ya'ni tahririyatni, uning muharriri — atoqli yozuvchi Asqad Muxtorni aldab kelgan.

Toshkentga kelgach, buni Asqad akaga aytdim. U kishi ham ranjidi. Nihoyatda bag'rikeng, olijanob inson edi-da Asqad aka. Ich-ichidan afsus bilan: “Noinsoflar”, dedi, xolos. So'ng menga: “Boring, nashriyot rahbarlariga ayting”, dedi.

Men birlashgan nashriyot mutasaddilariga bor gapni aytdim. O'shandan keyin gazetaning har bir soniga bir ming olti yuz so'mdan qalam haqi yoza boshladik. Bundan barcha — tahririyat xodimlari ham, mualliflar ham suyundi.

Nashriyot rahbarlari tomonidan hech qanday e'tiroz bildirilmay, sakkiz yuz so'mdan bir ming olti yuz so'mga rozi bo'lganidan bildimki, ular yuqorida men eslatgan qarordan xabardor. Aks holda, mening yon daftarimdagi yozuvga ishonib shuncha pulni bermas edi…

Gazetamizni ofset usulida bosish joriy etildi. Bu sifat jihatidan keskin o'zgarishga sabab bo'ldi.

Tayinlaymiz, faqat tanqidiy maqola yozadi

O'zbekiston Milliy axborot agentligi mamlakatning bosh axborot mahkamasi sifatida joylardagi yangiliklar haqida ham axborotlar berib borishi lozim. Buning uchun viloyatlarda muxbir va fotomuxbir bo'lishi kerak. Yangi talablarga javob beradigan, yosh, g'ayratli, fikr doirasi keng, zamonaviy jurnalistlar zarur edi. Bunday jurnalistlarni topish, ayniqsa, viloyatlarda  oson emas edi.

Yozilmagan tartib bo'yicha muxbirlikka nomzodlar viloyat hokimligi bilan kelishilar edi. To'g'ri, buyruq O'zAdan chiqadi, maoshni ham shu yerdan oladi. Biroq u viloyat hayotini yoritadi.Turli yig'ilish va tadbirlarda qatnashishi kerak. Shu ma'noda bo'lajak muxbirni viloyat hokimi bilishi, tanishi lozim edi. Ana shu nuqtai nazardan viloyat hokimligi bilan kelishilar edi. Mana shu jarayonda ba'zan viloyat hokimligi, aniqrog'i, hokim bilan fikr bir joydan chiqishi biroz qiyinchilik tug'dirar edi. Ayrim hokimlar o'zining nomzodini tavsiya etishga chog'lanar, u nomzodlar har doim ham bizga ma'qul bo'lavermas edi. Goho biz tanlagan nomzodlarni viloyat hokimi ma'qullamasdi. Shu masalaga doir bir misol keltirmoqchiman, toki aytganlarim quruq gap bo'lib qolmasin.

Bir viloyatga muxbir olayotganimizda ana shu tartibga asosan viloyat hokimligiga ma'lumot kiritdik. Ma'lum vaqt o'tib, xabar keldiki, viloyat hokimi rozi bo'lmabdi. “Nima uchun rozi bo'lmadi?”, degan savolga mutasaddilardan tayinli javob ololmadik. Natijada viloyat hokimiga qo'ng'iroq qilishimga to'g'ri keldi.

— Bu nomzodga qanday e'tirozlaringiz bor? — dedim. — Uning jurnalistlik mahorati, tajribasi yetarli emasmi yoki axloqi yomonmi? Balki biz bilmagan biron aybi-nuqsoni bordir?

— Yo'q, — dedi hokim. — Hech qanday aybi yo'q. Unga jurnalist sifatida ham, inson sifatida ham e'tirozim yo'q. Tajribasi ham yetarli, yaxshi yozadi, hovliqma emas, og'ir-vazmin, mulohazali yigit.

— U holda nega qarshilik qilyapsiz?

Hokim biroz jim turdi-da, dedi:

— Sizga nima desam ekan…

— Ochiq aytavering, ertaga bizni ham, Sizni ham uyaltirib qo'ymasin. Viloyat muxbirining zimmasida mas'uliyatli vazifa bor, — dedim.

— To'g'ri aytasiz, — dedi hokim. — Shuning uchun sal o'ylanib turibman-da.

— Xo'sh?

— Bilasizmi… U yigit bilan bitta tumandan ekanmiz. Hujjati bilan tanishgach, bildim.

— Oldin tanimas edingizmi?

— Jurnalist sifatida bilardim, tadbirlarda ko'rganman, gaplashganman, ammo qaysi tumandan ekanini bilmas edim.

Kulgim qistadi.

— Bor-yo'q “aybi” shumi?

— Shunday desa ham bo'ladi.

— Demak, Sizningcha, viloyat hokimi bilan tumandosh yoshlar yaxshiroq lavozimlarda ishlashi mumkin emas ekan-da?! Shundaymi? — Hokim javob bermadi. — Aka, Siz u yigitni viloyat hokimligiga ishga olayotganingiz yo'q, biron-bir bazaga direktor yoki viloyat miqyosidagi tashkilotga rahbar qilib qo'yayotganingiz yo'q-ku. Uni biz ishga olyapmiz, u bizning, ya'ni O'zbekiston Milliy axborot agentligining xodimi bo'ladi. Viloyatingizda O'zAning yangi muxbiri ish boshlayotganidan Sizni xabardor qilish maqsadida oldingizdan o'tyapmiz…

— Ertaga u viloyatdagi ishlarni maqtab maqola yozsa, odamlar hokimning tumandoshi-da, maqtayapti, deyishi turgan gap.

Bu gap yanada kulgili bo'ldi. Gapni hazilga burdim:

— Xavotir olmang, unga tayinlab qo'yamiz, maqtamaydi, faqat tanqidiy maqolalar yozadi. Faqat Siz chidasangiz bo'ldi.

Hokim zarofatli, hazilu kinoyani nozik tushunar edi. Mening hazilimga javoban dedi:

— O'ldirar ekansiz-da…

Ikkovimiz baravar kuldik.

…Shunday qilib, yangi muxbir ish boshladi, ijobiy maqolalar ham, tanqidiy maqolalar ham yozdi.

Oradan bir yilmi-ikki yilmi o'tdi. Bir kuni o'sha muxbir kelganini aytishdi. Kirdi. Salom-alik qildik. Negadir kayfiyati yaxshi emasdi. Men so'ramasimdan o'zi gap boshladi.

— Hokim meni bo'shasin, depti.

— Nega? Nima ayb qildingiz? Kim aytdi buni?

— Matbuot kotibi aytdi.

— Hokim sizni bo'shatolmaydi, siz ularning xodimi emassiz-ku.

— Aytdim shuni. “Rahbariga mening nomimdan xat yoz”, debdi hokim.

— Sababi nima? Ochiq ayting menga.

O'sha kezlar o'sha viloyatlik qiz shaxmat bo'yicha xalqaro musobaqada yuqori natijaga erishgan, Prezident uni mukofotlagan edi. Mukofotni viloyat hokimi topshirgan. Muxbir shuni yozgan. Maqola ko'plab gazetalarda chiqqan. Viloyat gazetasi, tabiiyki, birinchi sahifada bergan. Shundan hokim g'azablanibdi.

— Shu gapmi? Boshqa gap yo'qmi?

— Ha. Nimaga mening familiyamni ko'rsatadi, deb jahli chiqibdi.

Muxbirdan yana so'radim:

— Boshqa sabab bo'lsa ham ochiq-oydin ayting. Hozir qo'ng'iroq qilaman hokimga.

— Boshqa hech qanday sabab yo'q, — dedi muxbir. — Matbuot kotibiga tushuntirmoqchi bo'ldim, eshitgisi kelmadi.

Hokimga qo'ng'iroq qildim. Xayriyat, joyida ekan. Salom-alikdan keyin shikoyat qila ketdi.

— Boshida Sizga aytuvdim-ku bu bola bilan bir tumandanmiz, meni maqtasa baloga qolaman, deb.

— Qachon maqtadi Sizni?

— Ana, falonchi qizga mukofotni hokim topshirdi, deb yozibdi, gazetalarning birinchi betida chiqibdi. Endi men rahbariyatdan gap eshitaman.

— Birinchidan, viloyatingizdan shunday iste'dodli qiz chiqqanidan xursand bo'ling. Ikkinchidan, o'sha qizga Prezident mukofot berdi. Siz Prezidentning vakili sifatida u kishining topshirig'iga binoan davlat rahbarining mukofotini o'sha qizga topshirgansiz, ya'ni Prezident topshirig'ini bajargansiz. Xo'sh, endi ayting, aka, agar maqolada “mukofotni viloyat hokimi topshirdi” demasa, Prezident mukofotini kim topshirgan bo'lardi? O'zingiz emas, muoviningizmi yoki sport boshqarmangiz rahbarimi topshirganda edi, ana unda ko'rardingiz tomoshani.

Hokim biroz hovuridan tushdi.

— To'g'ri-yu… Lekin…

— Lekin-pekini yo'q, aka. Xavotir olmang, hammasi joyida bo'ladi… Ha, yana bir gap, bu muxbir bizning xodimimiz, uni biz ishga olganmiz, maoshni ham biz beramiz. Bir tashkilot xodimini boshqa idora rahbari ishdan bo'shata olmasa kerak. To'g'rimi? Keyin anavi matbuot kotibingizga ham aytib qo'ying, sal o'pkasini bosib olsin. Bu ketishda bir kun kelib, Sizni ham uyaltirib qo'yishi mumkin.

…Bu hayot tasodiflarga to'la. Yetti uxlab tushingizga kirmagan ishlar bo'ladi ba'zan.

Bir kuni muovinlarimdan biri falonchi ish so'rab keldi, nima deyishni bilmadim, dedi.

— Kim u? — dedim.

Muovin kuldi.

— Falon viloyatda matbuot kotibi bo'lgan edi-ku.

— Ie, u kishim bo'shaptilarmi? — o'sha viloyatdagi muxbirimiz hamon ishlar edi. Muovinimga hazillashdim. — Falonchiyevga (muxbirning familiyasini aytdim) uchrashing, ish topib beradi, demadingizmi?

* * *

Bir viloyat hokimining xotin-qizlar bo'yicha o'rinbosari qo'ng'iroq qildi. O'zAning o'sha viloyatdagi muxbiridan nolidi. Muxbir nima ishni noto'g'ri qildi, degan savolimga aniq javob yo'q, unday qildi, bunday qildi kabi umumiy gaplar.

— Falonchi Pistonchiyevna, Siz viloyat hokimining o'rinbosarisiz, — dedim. — Agar shu gaplaringiz rost va asosli bo'lsa, hokimlikning rasmiy blankasiga yozib, ro'yxatdan o'tkazib,  bizga rasman jo'nating. Biz ham xatingizni ro'yxatdan o'tkazib, muxbirning faoliyatini tekshiramiz. Bordi-yu, hozir aytgan gaplaringiz asosli bo'lsa, muxbirga tegishli chora ko'ramiz, aksincha bo'lsa, Siz jurnalistga tuhmat qilgan bo'lib chiqasiz.

— Xat yozishim shartmi? — dedi.

— Albatta. Sizning og'zaki gapingizni ro'yxatga ololmaymiz, papkaga tikib qo'ya olmaymiz. Muxbirning faoliyatini o'rganishimiz uchun qo'limizda asos bo'lishi kerak. Kelishdikmi?

— Mayli, o'ylab ko'ray, — dedi.

Shu ko'yi jim bo'lib ketdi. Na xat keldi, na boshqa qo'ng'iroq bo'ldi.

Boshqa bir viloyat hokimining matbuot kotibidan ham shu mazmundagi qo'ng'iroq bo'ldi. Unga ham shu gaplarni aytdim. Uning javobi ham hokim o'rinbosari opaning javobiga o'xshash bo'ldi.

— Mayli, o'ylab ko'ray-chi, — dedi u ham.

Boshqa hech qanday sado bo'lmadi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 17 =