“Toshkentim — dunyolar beshigi”: tarix, falsafa va she'riyat tutashgan ko'prik

Zamonamizning zabardast olimi, yirik shoir va tahlilchi-publitsist, “Do'stlik” ordeni sohibi, aziz ustozimiz Xushboq Rahimning “Toshkentim — dunyolar beshigi” nomli yangi she'riy kitobi nashrdan chiqdi. Ustozimiz juda sermahsul adib, yuksak matonat va jasorat sohibi sifatida ko'pchilikka o'rnak bo'la oladi.

Faylasuf shoir Xushboq Rahimning ushbu kitobi tarix, falsafa va she'riyat uyg'unligi asosida yaratilgan bo'lib, o'zining ko'lamdorligi bilan alohida e'tiborga loyiq. O'zbek mumtoz va zamonaviy she'riyati tarixida ona yurt, uning qadimiy va navqiron qiyofasi mavzusi doimo yetakchi o'rinlardan birini egallab kelgan. Biroq biron-bir hududning tabiati, tarixi, ma'naviyati va bugungi taraqqiyotini bir butun falsafiy tizim sifatida — millionlab yillik geologik jarayonlardan tortib, bugungi kun voqeligigacha cho'zilgan zanjir kabi tasvirlash kamdan-kam ijodkorga nasib etadi.

Kitob O'zFA akademigi Ahmadali Asqarovning so'zboshisi va texnika fanlari doktori, professor Farhod Rahimovning so'nggi so'zi bilan yakunlangan mukammal badiiy-ilmiy majmua sifatida shakllangan. Asarning tarkibiy tuzilishi o'ziga xos: to'plam “Dunyo” she'ri bilan boshlanib, ketma-ket tabiiy-falsafiy tushunchalar (“Tuproq”, “Suv”, “Havo”, “Taft”, “Biohayot”), so'ngra dialektikaning mumtoz kategoriyalari — “Miqdor”, “Sifat”, “Me'yor” she'rlariga o'tadi. Bu tizimlilik tasodifiy emas: muallif avval borliqning umumfalsafiy asoslarini belgilab, so'ngra shu asos ustiga Toshkent va Toshkent vohasining konkret tarixini quradi.

Asarning markaziy qismi Toshkent vohasining qadimiy tarixiga bag'ishlangan: “Obirahmat g'ori”, “Turon — tarixiy diyor”, “Qang' davlati”, “Toshkent atamasi”, “Iloq davlati” kabi she'rlar orqali shoir ming yillar osha cho'zilgan etnogenez jarayonlarini badiiy tafakkur prizmasidan o'tkazadi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, shoir bu tarixiy voqealarni shunchaki ixtiyoriy tasavvur asosida emas, balki K.Shoniyozovning “Qang' davlati va qang'lilar” kabi ilmiy monografiyasiga tayanib, izchil ilmiy-tarixiy manbashunoslik asosida yozadi. Shu tariqa asar oddiy lirik to'plam doirasidan chiqib, badiiylashtirilgan tarixiy-falsafiy risola maqomiga ko'tariladi.

To'plamning yana bir qatlami Toshkentning ijtimoiy-siyosiy tarixini — Yunusxo'ja hukmronligi davridan to Chor Rossiyasi bosqini, mustamlakachilik davri va mustaqillik yillarigacha bo'lgan voqealarni qamrab oladi. Shoir bu murakkab jarayonlarni bir tomonlama madh etish yoki inkor qilish yo'li bilan emas, balki xolis tarixiy baho asosida tasvirlashga intiladi. “Shumqadam” va “Nodo'stning junbishi” kabi she'rlarda mustamlakachilik davrining fojiali mohiyati ramziy-falsafiy yo'l bilan ochib berilgan bo'lib, bu asarga publitsistik keskinlik va fuqarolik pafosi baxsh etadi.

Asarning alohida qatlamini Toshkentda yashab ijod etgan yoki Toshkent tarixi bilan bog'liq bo'lgan buyuk siymolarga bag'ishlangan she'riy timsollar tashkil etadi. Ular qatorida Xoja Ahrori Valiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hazrat Navoiy, Mirzo Ulug'bek, Ahmad Yassaviy kabi siymolar bor. Shuningdek, jahon va o'zbek adabiyoti klassiklari — Nizomiy, Firdavsiy, Rudakiy, Shota Rustaveli, Oybek, G'afur G'ulom, Zulfiya, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor kabi shoir va yozuvchilarga bag'ishlangan she'rlar turkumi to'plamga qiyosiy-adabiy ahamiyat baxsh etadi. Bu turkum orqali shoir Toshkentni nafaqat mahalliy, balki jahon madaniyati kontekstida ham ko'rsata olgan.

To'plamning so'nggi qismi zamonaviy Toshkentning moddiy-ma'naviy qiyofasini — metro, teleminora, milliy kutubxona, Adiblar xiyoboni, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi ob'yektlarni, shuningdek, Bektemir tumaniga oid shaxsiy-lirik turkumni o'z ichiga oladi. Bu qism asarga intim, samimiy ohang baxsh etib, ko'lamdor falsafiy-tarixiy mazmunni insoniy, kundalik hayot bilan bog'laydi.

Akademik Ahmadali Asqarov so'zboshisida ta'kidlaganidek, Xushboq Rahim — matematik tafakkurga ega shoir bo'lib, uning ijodida miqdor va sifat kategoriyalari alohida o'rin tutadi. Darhaqiqat, to'plamni o'qir ekanmiz, shoirning har bir tarixiy dalilni raqamlar, sanalar, aniq manbalar bilan mustahkamlashga intilishi, izoh va hoshiyalardan faol foydalanishi ko'zga tashlanadi. Bu — asarning ilmiy-publitsistik qimmatini oshiruvchi muhim xususiyatdir, zero kitobxon undan nafaqat badiiy zavq, balki tarixiy-ma'rifiy bilim ham oladi.

Tilshunoslik nuqtai nazaridan ham to'plam diqqatga sazovor. Shoir ko'plab she'rlarida arxaik va dialektal so'zlarni (“korson”, “Hastimom”, “Obirahmat”), shuningdek, tarixiy-etnografik atamalarni faol qo'llab, ularga ilmiy izohlar berib boradi. Bunday yondashuv asarning bir vaqtning o'zida ham badiiy, ham ma'rifiy-lug'aviy manba sifatida qiymat kasb etishiga xizmat qiladi.

Asarning shaxsiy-biografik qatlami ham e'tiborga loyiq: kitob muallifning ustozi, falsafa fanlari doktori, professor Abdurahmon Ortiqov xotirasiga bag'ishlangan bo'lib, bu holat asarga iliq insoniy ehtirom ohangini baxsh etadi. Shuningdek, to'plam so'nggida berilgan Toshkentning tarixiy va zamonaviy obidalari, yodgorliklari hamda davlat ramzlarining fotosuratlari matnning tarixiy-hujjatli qimmatini yanada oshirgan.

Bir so'z bilan aytganda, “Toshkentim — dunyolar beshigi” bugungi o'zbek she'riyatida kamdan-kam uchraydigan, tarix, falsafa va badiiy so'zni uyg'unlashtirgan yirik miqyosli asardir. U nafaqat adabiyotshunos va tarixchilar, balki Toshkent vohasi o'tmishi va bugungi kuni bilan qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarida o'zbek adabiyoti va mahalliy tarix fanlarini o'qituvchi pedagoglar uchun ham qimmatli qo'llanma vazifasini o'tashi mumkin. Asarni Toshkent shahri va viloyati tarixiga bag'ishlangan badiiy-publitsistik asarlar qatorida munosib o'rin egallashga loyiq deb hisoblaymiz va ustozimizni ana shu muhtasham asar bilan chin dildan tabriklaymiz.

Gulandom TOG'AYEVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi,

filologiya fanlari nomzodi.

Ijod ummonidan sara gavhar

yozuvchi Izzat Ahmedovning “Ustun quchoqlagan yigit” kitobi haqida

O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida adabiy jamoatchilik va kitobxonlar yana bir ma'naviy tuhfadan bahramand bo'lishdi. O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi, tajribali ijodkor Izzat Ahmedovning “Ustun quchoqlagan yigit” nomli yangi to'plami “Turon-Iqbol” nashriyotida chop etildi.

Muallifning ijodiy yo'liga nazar tashlasak, uning qirq yildan ziyod umri matbuot va nashriyot sohasi bilan chambarchas bog'lanib ketganiga guvoh bo'lamiz. Ana shu sharafli va mashaqqatli yo'lning chorak asri bevosita gazeta va jurnallar tahririyatlarida kechdi. Bu davr mobaynida ijodkor nafaqat dolzarb maqolalari bilan elga tanildi, balki jahon adabiyotining nodir durdonalarini o'zbek tiliga o'girib, tarjimonlik salohiyatini ham namoyon etdi. Xususan, gruzin adibi Nodar Dumbadze hamda ingliz yozuvchisi Agata Kristining hikoya va romanlari Izzat Ahmedov tarjimasida o'zbek kitobxonlari qalbidan chuqur joy oldi. Ushbu asarlarning qayta-qayta nashr etilayotgani ham ularning nechog'liq muvaffaqiyatli va xalqchil chiqqanidan dalolatdir.

Ijodkor bugungi kunda nufuzli nashriyotda faoliyat yuritayotgan bo'lsa-da, davriy matbuot bilan aloqani uzmagan. Sergak va tinib-tinchimas bu qalamkashning turli yillarda gazeta va jurnallarda e'lon qilingan, o'quvchilar tomonidan iliq kutib olingan sara maqolalari aynan “Ustun quchoqlagan yigit” to'plamida jamlandi. Kitobni varaqlar ekanmiz, uning mundarijasi mantiqiy izchillik asosida to'rtta yirik qismga bo'linganiga guvoh bo'lamiz:

Birinchi qism — “Ma'naviyat insonni tarbiyalaydi”. Unda insoniylikning eng oliy mezonlari qalamga olinadi. Ota-onaga ehtirom, ustoz qadri, chin do'stlik, oila muqaddasligi va muhabbatning ilohiy qudrati kabi umrboqiy mavzular muallifning teran mushohadalari orqali yoritilgan. Maqolalarni o'qirkansiz, beixtiyor chuqur o'yga tolasiz. Masalan, otaning oiladagi o'rni haqidagi fikrlarni olaylik: ota — xonadonning ustuni, qalqoni. Agar bu miqyosni kengaytirib, butun bir mamlakatga qiyoslasak, yetakchining o'rni naqadar muhimligi, usiz yurtda tartib va taraqqiyot bo'lmasligi hayotiy misollar yordamida ochib beriladi. Shuningdek, bu bo'limda yangilanayotgan O'zbekistondagi bunyodkorlik ishlari va mustaqillikning qadri haqidagi salmoqli maqolalar ham joy olgan bo'lib, ular o'quvchini Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga undaydi. Muallif bugungi islohotlar o'z-o'zidan bo'lmayotgani, ularning ortida qancha mashaqqat va mehnat yotganini ta'sirchan so'zlar bilan tushuntirib beradi.

Ikkinchi qism — “Sirli xilqatlar”. Bu bo'lim o'quvchini diyorimizning go'zal va betakror tabiati qo'yniga yetaklaydi. Jannatmonand yurtimizdagi biz ba'zan e'tibor bermaydigan, ammo ko'zni qamashtiradigan g'aroyib maskanlar tasviri kishini hayratga soladi. Bugungi kunda O'zbekiston jahon sayyohlari uchun o'z eshiklarini keng ochayotgan, turizm jadal rivojlanayotgan bir paytda mazkur maqolalar nafaqat ma'rifiy, balki Vatan tabiatini targ'ib qilishdek muhim ahamiyatga ham egadir.

Uchinchi qismda tarixiy siymolar va moziy sadosi aks etgan. Bu yerda dunyoni lol qoldirgan buyuk ajdodlarimiz — Sulton Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti hamda faoliyatiga doir qiziqarli tafsilotlar o'rtaga tashlanadi. Tarixning buyuk sahifalarini varaqlash asnosida muallif bugungi avlodni ulug' bobolarimizga munosib voris bo'lishga chorlaydi.

To'plamning so'nggi qismidan esa muallifning mohir tarjimon sifatidagi mehnatlari mahsuli o'rin olgan bo'lib, xorij adabiyotining sara namunalariga oid ma'lumotlar o'quvchilarning dunyoqarashini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, “Ustun quchoqlagan yigit” — shunchaki maqolalar to'plami emas, balki uzoq yillik ijodiy tajriba, hayot maktabi va teran tafakkur mevasidir. Ishonamizki, bu kitob har bir ma'rifatparvar insonning javonidan munosib joy egallaydi va o'quvchilarning eng yaqin hamrohiga aylanadi.

Lobar QANDAHOROVA,

“O'zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi

muharriri.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =