Daryo kabi jo'shqin ijodkor
To'lqin aka bilan biz bitta tumandan — ishtixonlikmiz. Akani, qachon qaramaylik, ochiq chehrada uchratamiz. Quvnoq hangomalari, latifago'yligi, faqat o'zigagina xos qah-qah otib kulishlari bilan davrani rostakamiga jonlantirib yuboradi.
Ko'pchilik qalamkashlar men bilan tumandosh ijodkorlarni so'rashganida ustoz shoir Yo'ldosh Eshbek bilan To'lqin Eshbekni “ular qarindoshmi?” deb so'rashadi. Ha, deyman, bizda begonalik kayfiyati yo'q, hammamiz og'a-inilarmiz, deb qo'shib qo'yaman. Rostini olganda ham Ishtixon tumanida ijodkorlar serob. Ayniqsa, Oqtov yonbag'ridagi Zarband elining o'zidan Abdulla Turdiyev, Yo'ldosh Eshbek, Toshpo'lat Mavlonov, Rauf Subhon kabi taniqli ijodkorlar yetishib chiqqan. Biz bo'lsa mana shu insonlarga havaslanib, ergashib borayotganlardan.
To'lqin akaning qoyil qolishga arziydigan jihatlari juda ko'p. Dastavval xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi deputati sifatida har qachon el orasida bo'ladi. Ijodkor ko'ngli bilan xalqning dardu tashvishlariga malham axtaradi, yechim izlaydi…
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan ko'pgina ijodkorlar bugungi kunda akani eng ko'p yo'qlaydiganlardan. Aytmoqchimanki, shogirdparvarligi ham havaslantiradigan darajada.
Akaning tabobat ilmidan ham munosib xabardorligini ko'pchilik bilmasa kerak. Lekin ma'lum yillar ilgari og'ir bir dardga chalinib, davosini ham o't-giyohlar ortidan topgan va bugun mutlaq sog'ayib, ismiga mos tarzda to'lqinlanib, jo'shib ijod qilib kelayotir.
To'lqin akaning shuncha yumushlardan ortgan holda qo'lga kiritib kelayotgan ijodiy sermahsulligini alohida e'tirof etish lozim. Mubolag'asiz aytganda, bir yilda kamida ikki kitobni yozib tugallaydi va chop qilishga ham ulguradi. “Jadidlar javhari” nomli kitobini muallif dastxati bilan qo'limga tutqazganiga hali ko'p o'tmagan edi, shekilli. Bugun esa “Vatan, millat, xalq madhi” nomli yangi kitobini chiroyli tilaklar bitigi ila tutqazib turibdi. Qoyil qolmay bo'ladimi?
Ushbu yangi kitob O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Zarafshonning to'lqin elchisi” nomli so'zboshisi bilan boshlanib, unda shunday ta'riflar keltiriladi: “To'lqin Eshbekni hamisha jo'shib, to'lqinlanib yurgan holatda ko'ramiz. U bamisoli sertoshqin daryodan hayot bag'riga tashlangan ozod va erkin elchiday… U tiriklik va hayotning jaydari shaydosi, tuyg'u va munosabatlarini birdaniga oshkor qiluvchi begidir va beg'ubor bir inson…”
Kitobga, bir so'z bilan aytganda, juda did bilan tartib berilgan. Avvalo, qalin muqova yuzida yurtimizning musaffo osmoniga bo'ylashib turgan sarbaland Humo qushi monumenti va uning atrofida charx urib uchib yurgan osoyishtalik ramzlari — kabutarlar, shuningdek, Vatanimiz bayrog'ining rango-rang jilosi aks ettirilgan. Kitob mundarijasidagi sarlavhalarni o'qiboq, yurtga bo'lgan beqiyos mehr izhori taftini sezasiz, bugungi Yangi O'zbekistonning dunyo bo'ylab yangicha ovozasini his qilasiz.
Bir so'z bilan aytganda, shoir To'lqin Eshbek o'zining mehrga boy qalbidan to'kilgan she'riy manzumalar jamlangan ushbu ko'rkam kitobini Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to'yiga munosib tuhfa tarzida taqdim etadi.
So'ngso'z o'rnida shoirning mazkur kitobni ochib bergan ulkan qasidasidagi ushbu ravon misralarni keltirmoqchiman:
Kuldi Istiqloling, o'lkam, yangi asr ostonasi,
Boshi ko'kka yetdi el — hurlik mayin mastonasi,
Bu jahon ayvonida bor o'zining xos xonasi!
Yoshlari shohsupa da'vogaridir har sohada,
O'zgarishlar katta bul kun vodiy ila vohada!
Bir yigit yoshiga yetdi Istiqlolimiz bu kun,
Misli kunduzdek charog'ondir shabistonim bu kun,
Bayramingga armug'ondir she'ru dostonim bu kun,
To'lqin o'g'lingdan qabul et bul qasidam, onajon,
Toabad bo'l al-omonda, O'zbekiston jonajon!
Orif TO'XTASh,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi, shoir.
