Hayot va vatan qadrini anglash yo'lida

Hikmat va fazilatga to'la, el-yurtga manfaat beradigan yaxshi kitobning dunyoga kelishi ma'rifatli jamiyat uchun katta voqea, ziyo ahli uchun esa chinakam bayramdir.

Yosh iste'dodli shoir Shahriyor Shavkatning yaqinda “Sahhof” nashriyotida chop etilgan “Hirotga, bobomning huzuriga!” asari kitobxonlar uchun ana shunday quvonchli voqea bo'ldi.

Ushbu kitob, avvalo, yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan ochiqlik va erkinlik siyosatining, madaniyat va adabiyot ahliga qaratilayotgan ulkan e'tibor va g'amxo'rlikning amaliy natijasi sifatida dunyoga kelganini alohida ta'kidlash lozim.

Shu ma'noda, bu kitobning ilk o'quvchilaridan biri ham aynan davlatimiz rahbari bo'lgani, asar muallifi Shahriyor Shavkat ijodiy va ijtimoiy faolligi uchun “Kelajak bunyodkori” degan nufuzli mukofot bilan taqdirlangani albatta bejiz emas.

Odatda, yosh qalamkashlarning yangi kitobi to'g'risida so'z borganda, muallifning tarjimai holi, uning qanday ijodkor ekani haqida to'xtalib o'tishga to'g'ri keladi.

Biroq Shahriyor Shavkatni ortiqcha ta'rif-tavsif qilib o'tirishning hojati yo'q, deb o'ylayman. U ilk she'rlari, mazmundor publitsistikasi bilan adabiyot maydoniga dadil kirib kelgan, shakllanib ulgurgan, o'z so'zi, fikri, qalamiga ega ijodkordir.

Muallifning “ma'rifiy qissa deb atashga arziydigan ushbu kitobi uning iste'dodli qalamkashgina emas, balki Shaxs bo'lishga intilayotgan jasoratli inson ekanini ham isbotladi.

Etuk shaxs bo'lib kamol topish — aytishga oson, lekin amalda bajarish nihoyatda mushkul bir vazifa. Buning uchun odam qanday qiyin, mashaqqatli sinovlardan o'tishi, hayotning past-baland, ba'zan g'oyat xatarli yo'llarida irodasi, iymon-e'tiqodi va asl qiyofasini namoyon etishga qodir bo'lmog'i kerak.

Shaxs bo'lmoqlikning asosiy sharti — bu so'z va ishning bir-biriga muvofiq kelishidir. Xususan, haqiqiy ijodkordan mardlik va matonatni faqat so'zda, she'riy satrlarda emas, balki qaynoq jabhalarda amaliy faoliyat bilan isbotlashni talab qiladigan shunday holatlar borki, ochig'ini aytish kerak, ulardan munosib o'tishga har qanday qalamkashning ham yuragi dov bermaydi.

Deylik, hazrat Mir Alisher Navoiy o'z huzur-halovatidan voz kechib, bir umr ham xalqqa, ham Haqqa xizmat qilishga o'zida beqiyos kuch va imkon topa olgan shaxs ekani barchamizga ibrat namunasidir. Buyuk mutafakkir bobomiz temuriylar saltanati uzra xavf paydo bo'lgan qaltis bir pallada buzg'unchi Yodgor Mirzo qo'shiniga qarshi qilich yalang'ochlab jangga otlangani ul zotning ulkan jasoratidan dalolat beradi.

Yoki sil kasalligidan behad azob chekayotgan Anton Pavlovich Chexovning umri so'ngida olis Saxalin oroliga qilgan mashaqqatli safarini eslaylik.

Yoki Ernest Heminguey hayotini yodga olaylik. Hammangiz bilasiz, u AQShda, “The Kansas City Star” gazetasida tinchgina ishlab yurgan reportyor edi. Lekin Birinchi jahon urushining qonli janggohlarida dunyo taqdiri hal bo'layotgan bir paytda Heminguey tinch-xotirjam, bugungi til bilan aytganda, “komfort zonasi”da yashashni o'zi uchun or deb biladi. Frontga ketish uchun ko'ngilli sifatida ariza yozadi.

Qonli to'qnashuvlarni nafaqat o'z ko'zi bilan ko'radi, balki ularda bevosita ishtirok etadi, janglarda og'ir yaralanadi. Shifokorlar uning tanasidan 22 ta o'q parchasini terib olishadi.

Urush adibning dunyoqarashini butunlay o'zgartirib yuboradi. Unga bir umrlik achchiq saboq beradi. “Alvido, qurol!”dek mumtoz romani ana shunday tafakkur, ana shu saboqlar hosilasi o'laroq dunyoga kelgani yaxshi ma'lum.

Bilmadim, Shahriyor bu haqda o'ylab ko'rganmi-yo'qmi, ammo, mening nazarimda, afg'on safari orqali u jasur adabiy salaflari izidan ergashgandek, ulardan ulgi olgandek tuyuladi.

Nima bo'lganidan qat'i nazar, Shahriyor Shavkat to'satdan xatarli bir “avantyura”ga qo'l uradi — o'zi tinchgina ishlab yurgan “Jadid” gazetasi tahririyatidan ta'til olib, issiq o'rnini sovitib, notinch, besaranjom afg'on o'lkasiga sayohatni ixtiyor aylaydi.

Qadrdon jamoasi, bosh muharrir Iqbol Mirzo ham uning qarorini qo'llab-quvvatlaydi, moddiy-ma'naviy yordam ko'rsatadi.

Bu haqda gapirganda, bundan o'ttiz to'rt yil muqaddam — tabiatshunos olim, ma'naviyat fidoyisi Zokirjon Mashrabov boshchiligidagi o'n to'rt nafar boburparast inson bilan birga xuddi shunday “avantyura”ga jur'at qilib, Bobur ekspeditsiyasi safida Afg'oniston sari azimat qilganimni beixtiyor eslayman.

Xotiralardan chekinib, Shahriyorning shaxsiy ekspeditsiyasiga qaytadigan bo'lsak, savol tug'iladi: nega aynan Afg'oniston? Nega Antaliya, nega Dubay, nega Bali orollari emas? Bu safardan maqsad shunchaki sarguzashttalablikmidi? Yoki nom chiqarish, shon-shuhrat qutqusi shoirga tinchlik bermaganmikan?

Unday desak, yorqin iste'dod sohibi o'laroq Shahriyor Shavkatning olqishu qarsaklardan, gulu guldastalardan, muxlis va muxlisalar, media va tarmoqlar e'tiboridan kamsitilgan joyi yo'q edi-ku?

Bu savollarga “Hirotga, bobomning huzuriga!” deb nomlangan mana shu muxtasar kitobdan, xususan, uning 72-74-sahifalaridan to'la javob topamiz.

Kitobni mutolaa qilish asnosida men muallifni qaltis va mashaqqatli safarga chorlagan kuchning nomi “ma'naviy ehtiyoj” ekanini angladim.

“Ehtiyoj odamni buyuk kashfiyotchiga aylantiradi”, deydi Robinzon Kruzo. Aynan shu bois Shahriyor Shavkat Beruniy va Bobur, Avloniy va So'fizoda, Hamidulla Hasanov va Ansoriddin Ibrohimov, Zokirjon Mashrabov va Qamchibek Kenja kabi olim va yozuvchilar, bir necha “afg'onchi” adiblarimiz izidan borib, bugungi Afg'onistonni o'zi va kitobxonlar uchun qaytadan kashf qiladi.

Muallif goh jurnalist, goh shoir va tarixchi bo'lib, ba'zan bloger, ba'zan esa rejissyor va operator sifatida, ko'pincha hayotini xavf ostiga qo'yib faoliyat yuritadi.

O'zi izhori dil qilib aytganidek, “muttasil charchoq, ahyon-ahyonda uzoq ochlik, muntazam sovqotish, is gazidan zaharlanish xavotiri sabab uyqusizlik va noqulay sharoitlarga, hatto Balxda zindonband etganlariga qaramay”, o'z ishini qat'iyat bilan davom ettiradi.

Kitobni o'qish chog'ida yana bir fikrga ishonch hosil qildim. Ya'ni, hayot ba'zan shunday g'aroyib syujetlarni o'rtaga chiqaradiki, ularni hatto eng zo'r, buyuk yozuvchilar ham o'ylab topolmaydi. Masalan, kinochilarimiz ko'pdan buyon hazrat Navoiy haqida yangi bir film yaratish orzusi bilan izlanmoqdalar. Bu borada turli badiiy to'qimalardan foydalanishga ham harakat qilinmoqda va bu tabiiy, albatta. Ammo ushbu kitobdagi “Shu ro'mol bilan Navoiy qabrtoshining gardini artib qo'ygin deb nomlangan mo''jaz bir lavha, mening nazarimda, bo'lg'usi filmning go'zal muqaddimasi bo'lishi mumkin ekan.

Ozarbayjonlik hurmatli navoiyshunos olima, o'zbek adabiyoti, o'zbek xalqining chinakam do'sti Almaz Ulvi xonim Shahriyor Shavkatga hikoya qilib bergan, O'zbekiston Qahramoni, alloma opamiz Suyimaxon G'aniyeva haqidagi shu xotirani qunt bilan o'qib chiqishingizni tavsiya qilaman.

Kitob muallifi afg'on tuprog'ida abadiy orom topgan ulug' ajdodlarimizning qadamjolarini mehr va ixlos bilan ziyorat qilar ekan, ularga, xususan, Navoiy bobomizga ayricha, nihoyatda yuksak ehtirom bildiradi.

Etti kun davomida u kishining tabarruk marqadini gardu g'uborlardan tozalaydi. Hamma joyda ul zotni “Hazratim” deb buyuk bir izzat-ikrom bilan e'zozlaydiki, buning o'zi alohida tahsinga loyiq.

Qissa boshdan-oyoq millatparvarlik, o'zbekparastlik tuyg'usi bilan yo'g'rilganini ta'kidlash kerak.

Aziz do'stlar, kitobning 180-betidagi “O'zbek bo'lish mashaqqati” degan badiani albatta o'qing. Unda muallif, jumladan, shunday deb yozadi:

“Suhbat orasida ular (ya'ni, afg'onistonlik o'zbek ziyolilari) bir kosib haqida gapirib berishdi. O'zi oddiygina inson ekan. Ro'zg'orini arang tebratishiga qaramay, har kuni ishga chiqishi bilan eng avval o'g'lining o'zbekcha ta'limi uchun pul ajratarkan. Undan keyingina kundalik tirikchilik haqida o'ylarkan.

Agar biror kun ishi yurishmasa ham, avval yig'ib qo'ygan jamg'armasidan olib, yana o'sha “ta'lim bonkasi”ni to'ldirib qo'yarkan.

Mijozlarining oyoq kiyimlarini tikib-yamab, o'tgan-ketganga “Hali o'g'lim o'qib, katta olim bo'ladi!” – deb maqtanib qo'yarkan.

Hisoblab ko'rsam, — deb yozadi Shahriyor, — bir oylik to'lov bizning pulda taxminan 135 ming so'm. Demak, o'sha ota har kuni to'rt yarim ming so'mdan yig'ib boradi.

Bizda esa kartoshkali oddiy somsa sakkiz ming so'm bo'lib turgan payt. To'rt yarim ming so'm…

Shu gapni eshitib, ko'z oldimdan turli manzaralar o'tdi. Bir o'tirishda million so'mlik oshni bemalol yeb qo'yadigan ulfatlar… Tekin o'zbekcha ta'lim beriladigan maktabga borgisi kelmaydigan bebosh bolalar… O'qituvchisini haqorat qiladigan, hatto qo'l ko'taradigan o'quvchilar…

Beadab bolasining tarafini olib, ustozni kaltaklashgacha boradigan ota-onalar… Hatto farzandi rus tilida o'qishi uchun yillab navbat kutib, shundan faxr tuyadigan, o'z tilidan uyaladigan kimsalar…

Va shu payt daryoning nari betidagi bir ota xayolimga keladi. U har kuni ne azob bilan to'rt yarim ming so'm yig'yapti. Nega? Farzandi o'zbek bo'lib qolishi, faqat gapirishni emas, fikrlashni ham o'zbekcha o'rganishi, dunyoni ona tilida idrok etishi, o'zbekona ko'z bilan ko'rishi uchun!

Men ana shunday fidoyi otalar oldida bosh egaman. Chunki bunday otalar bolasining o'zligini saqlash uchun, uning o'zbek bo'lib qolishi uchun har kuni jonini jabborga berib, mehnat qilmoqda…”.

Ikki yuz betdan ziyod bu ajoyib kitobni o'qir ekanman, uning boshidan oxiriga qadar afg'onistonlik mashhur o'zbek hofizi Muhammad Chovushning “So'rsangiz naslu nasab mendan — zamon farzandiman, // Millatim o'zbek, buyuk Sohibqiron farzandiman!” degan ta'sirchan so'zlar bilan boshlanadigan mardona qo'shig'i qulog'im ostida yangrab turdi.

E'tiborli jihati shundaki, Shahriyor Shavkatning millatparvarligi, elsevarligi kaltabin, mahdud qarashlar bilan cheklanmaydi. U afg'on diyorida azaldan istiqomat qilib kelayotgan pushtun, fors, tojik, turkman, hazora, qozoq kabi barcha millat va elatlarga, ularning madaniyati va urf-odatlariga yuksak ehtirom bilan qaraydi.

O'zbekparastlik bobida ham me'yor va chegarani oqilona bir tarzda saqlaydiki, bu xususiyat kitobning 167-betidagi “Ispancha uyat” sarlavhali bitiklarda yaqqol namoyon bo'ladi. Muallif izohiga ko'ra, “ispancha uyat” — birovning sharmandali holati uchun, unga aloqasi bo'lmasa ham, o'zida uyalish hissining paydo bo'lishi ekan.

Bu o'rinda Shahriyor Shavkatga afg'on ziyolilari oldida milliy telekanallarimizda, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilayotgan behayo seriallar, videonovella-yu vaynlar uchun loladek qizarib, izoh berishiga to'g'ri kelgani nazarda tutilmoqda.

Bechora shoirimiz bunday holatlar juz'iy ekanini aytib, o'zimizni himoya qilishga harchand urinsa-da, “badaniga, aqli va shuuriga chippa yopishgan “ispancha uyat” ketmagani”ni xijolat ichra eslaydi.

Muallif “Taka bo'lsin — sut bersin!” degan qarashni hayotiy e'tiqod qilib olgan nobop kimsalardan haqli ravishda ranjiydi. Behayo serialu vaynlarni sarjindek taxlab tashlayotgan, o'zbek millatini sharmandai sharmisor qilayotgan prodyuser va ssenaristlar, rejissyor va operatorlar, aktyor va aktrisalar, telekanallar va studiyalar egalarining “ijod mahsullari” nomlarini ming istihola va iztirob bilan keltiradi.

Chindan ham, bu masala bugun jamiyatimizdagi eng xunuk, og'riqli bir illatga aylandi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari, ziyoli zotlar, keng jamoatchilik, avvalo, yoshlarimiz yanada kuchliroq bong urishi kerak. Uyatini, odamiyligini yo'qotgan “ijodkor”larga bu tanbeh-dashnomlar qanchalik ta'sir qiladi — bilmaymiz, ammo jamiyatimizning “ispancha uyat” sindromidan xalos bo'lishga haqqi bor.

Ma'naviy hayotimizda o'zbekcha uyat, hayo va adab hukmron bo'lishi kerak.

Bu kitob to'g'risida, ayniqsa, unga ziynat bag'ishlab turgan, akademik domlamiz Abdulla A'zam qalamiga mansub So'zboshi haqida ham ko'p gapirish mumkin.

Shu o'rinda bir savol barchamizni o'ylantirishi aniq: xo'sh, atigi 1000 nusxa chop etilgan bu kitobni kimlar o'qishi kerak?

Albatta, birinchi navbatda yoshlarimiz o'qishi kerak. Hammamizga ayon, ularning aksariyati, xuddi chaqib oladigandek, qo'liga kitob olishdan cho'chiydi.

Lekin loaqal Shahriyorning o'zi tayyorlagan va mazkur kitob sahifalariga kiritilgan videolavhalarni o'g'il-qizlarimiz, farzandlarimizga yetkazish haqida o'ylashimiz kerak. Bu ish bilan yoshlar tarbiyasiga, ma'naviyat sohasiga mas'ul bo'lgan mutasaddi tashkilotlar va shaxslar jiddiy shug'ullansa, balki nonni “nanna” deb yurgan ko'pgina arzanda yoshlarimizning ko'zlari moshdek ochilsa, ajab emas.

Yana bu kitobni qizlarimiz, hurmatli onalar, opa-singillarimiz albatta o'qishlari kerak. Ayniqsa, 126-betdagi “Sevgi-sevgi der ekan”, 183-sahifadagi “Fotimaning g'amgin hikoyasi singari badiiy lavhalar xotin-qizlar masalasiga bag'ishlangan o'nlab majlislar, tadbir va ma'ruzalardan ko'ra, ijtimoiy-ma'naviy hayotimizga kuchliroq ta'sir ko'rsatishi shubhasiz, deb o'ylayman.

Mavridi kelganda, ushbu hikoyalar orqali muallif iste'dodining yangi bir qirrasi — nosirlik qobiliyati ham ochilib borayotganini qayd etishni istardim.

Shahriyor Shavkat kitobining so'nggi sahifasida nafaqat o'zi uchun, balki minglab tengdoshlari, barchamiz uchun g'oyat muhim bo'lgan bir hayotiy xulosaga kelganini ta'kidlaydi. Uning bu so'zlari ulug' ustozimiz Erkin Vohidovning:

Chashma qoshida tiniq suv

Qadrini bilmas kishi,

Sayr etib gulshanda gulni

Ko'ziga ilmas kishi.

 

Vah, bu ne g'aflatki, inson

Ko'ksida tutmish vatan,

Kim vatan ichra vatanning

Shukrini qilmas kishi.

 

Yurt nedir, yurt dog'i nedir,

Yurtdan ayrilgan bilar,

Anglaguvchi yurt firoqin

Yurtda topilmas kishi.

 

Ey vatandoshim, eshit

Boburu Furqat nolasin,

Besabab anduh tig'ida

Bag'rini tilmas kishi.

 

Bilma, farzandim, vatan hajrini,

Lek qadrini bil —

Kim vatan qadrini bilmas,

Angla, komilmas kishi, —

degan fikrlariga g'oyat uyg'un va hamohangdir.

Hayot mazmuni, Vatan qadrini anglash yo'lidan dadil borayotgan, boshqalarni ham shu oliy maqsad sari chorlayotgan navqiron do'stimiz Shahriyor Shavkatni ushbu ajoyib asari bilan chin yurakdan qutlab, adibimizga ijodning horg'in quvonchlari hamisha yor bo'lishini tilaymiz.

Xayriddin SULTON,

O'zbekiston xalq yozuvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − three =