«Attor rastasi» iforlari va Navoiy bazmi navolari

Ikrom Otamurod keyingi yillarda “Dog'”, “O'rin”, “Balki”, “Jadval” singari bir qator dostonlar yaratdi. Ular haqida vaqtli matbuotda iliq fikrlar bildirilmoqda. Biroq zamonaviy milliy dostonchiligimizning ayni palladagi taraqqiyotida muayyan adabiy hodisa sanash mumkin bo'lgan mazkur asarlar poetikasini alohida-alohida chuqur tahlil qiluvchi maqolalar nisbatan kamligi ham sezilmoqda. Shuni nazarda tutib, biz shoirning “Jadval” nomli bitigini imkon qadar yaxlit kuzatishni niyat qildik.

Ikrom Otamurodning yangi dostoniga Fariduddin Attorning:

Kishi bilgaymu, ne sirri jahon bul,

Ne sir ermishki, nuri jahon bul? 1

bayti epigraf qilib keltiriladi. Mazkur purhikmat satrlar aforistik mazmunida shoirning g'oyaviy-emotsional munosabati aks etgan. Shu bois tanlangan epigraf o'z badiiy-estetik funksiyasiga ko'ra dostonga ochqich vazifasini o'taydi. U muallifning maqsadi haqida ma'lumot berishi, asar yozilishiga turtki bergan fikr-qarashlarni ifoda etishi, I.Otamurodning ijod onlaridagi tuyg'u-kechinmalarini ixcham ifoda etishi jihatidan doston voqeligi haqida ilk tasavvurlar uyg'otadi. Kitobxonni mutasavvif shoir Fariduddin Attor — Mansur Xalloj va Boyazid Bistomiylar ta'limotidagi yetakchi g'oyalarning izchil davomchisi falsafasi tub asoslari sari yetaklaydi.

Ma'lumki, Bistomiy ta'limotiga ko'ra, inson zikr holatida o'zligini unutadi. Ishqdan mast bo'lgan kishining butun vujudini ilohiy his-tuyg'u qamrab oladi, pirovardida fano holati, ya'ni mavjudlikning yo'qolishi va Xudo bilan butunlay qo'shilib ketish sodir bo'ladi. Shaxs o'z “men”ligini tark etib, ilohiylikka singib ketadi va uning sifatlarini qabul qiladi. Ilohiylik esa shaxsiyatga aylanadi. Boshqacharoq aytganda, ilohiy va insoniy ruhlarni uy­g'unlashtirish — bu moddiy va ma'naviy ibtidolarni bir-biriga qo'shishga intilish edi.

Tayfuriya so'fiylik tariqati piri ibratli pand-nasihatlari ta'sirida kamol topgan Attorning “Bulbulnoma”, “Mantiq ut-tayr”, “Ushturnoma” asarlari, shuningdek, ramziy-allegorik timsollar asosida bitilgan “Javhar uz-zot”, “Hayloj”, “Asrornoma”, “Sharh ul-qalb”, “Musibatnoma” singari dos­tonlarida tavhid Allohning yagonaligini tan olishgina emas, balki u bilan qo'shilishga intilish, insonning mutlaq Ruh tomon talpinishi tarzida poetik idrok etilgan. U o'z dostonlarini muhokama-mushohada, fikriy-shuuriy bayon tarzida bitgan. Jumladan, “Xusravnoma” romantik-sarguzasht asarida majoziy ishqni kuylasa, “Javhar uz-zot” dostonida ruhiy va moddiy olamlar yagona ekanini ta'riflagan. Har bir zarrada shoyon ilohiy mazmunni zohir ko'zi bilan ko'rish emas, balki ko'ngil nigohi-la his qilish mumkin ekanini uqtirgan. “Asrornoma”da ta'kidlanishicha, Yaratuvchi o'z borlig'ida pinhonu paydo, barcha ashyolar yolg'iz javhardan ibtidolanadi.

Ayonki, hazrat Alisher Navoiy bobomiz ham bolalik chog'laridan to umrining oxirigacha “Mantiq ut-tayr” ta'sirida yashagan. “Lison ut-tayr” dostonini yozgachgina ma'naviy-ruhiy taskin topgan. Bunday misollar eslansa, milliy poeziyamizda Attor merosiga murojaat etish orqali o'z ruhiy to'lg'ovlarini poetik ifoda etish an'anasi g'oyat qadimiy ekani oydinlashadi.

Shubhasiz, I.Otamurod yuqorida sanalgan asarlar bilan bir qatorda, Attorning “Pandnoma”, “Besarnoma”, “Devon”, “Vuslatnoma”, “Tazkirat ul-avliyo” kabi bitiklari mohiyatidan ham qisman voqif bo'lgan. Zotan, “Tazkirat ul avliyo” asarini Xojashoh Sayyid Ahmad Xorazmiy milliy tilimizga o'girgan, zamondoshimiz Mirzo Kenjabek ham ushbu xayrli yumushga qo'l urgan edi.

Xullas, doston epigrafi bizga ushbu doston paydo bo'lishiga turt­ki bergan omillar, poetik hodisaning yuzaga kelishi, mazmun-mohiyati, ifoda yo'sini, qabul qilinish jarayonida adabiy ta'sir va ijodiy qayta o'zlashtirishni nazarda tutish zarurligi singari ko'plab masalalar haqida dastlabki tasavvurlar beradi.

“Jadval” dostonining ilk satri atigi bitta so'zdan iborat:

… Olam…

Epigrafda qo'yilgan: Odam bolasi aql va jonga nur beruvchi jahon sirini bilishi mumkinmi?, degan masala tegrasidagi muhokama-mushohada va fikriy-shuuriy bayon aynan shu so'zga bog'liq tarzda yuzaga chiqadi. Shoir tushunchaning har ikki tomoniga “uch nuqta” qo'yadi. Ya'ni, bu tushunchaning anglami behad keng ekaniga e'tiborimizni qaratadi. Demak, birinchi satrni o'qishdanoq, biz muayyan asrori o'zimizga ayon va allaqanchasi noayon dunyo, aniqrog'i, olamlar rangin ekani haqida teran o'ylarga sho'ng'igan I.Otamurod taxayyul olami sari yuzlanamiz.

Zarrada koinot aks etganidek, olam ham mohiyatan nisbiy tushunchadir. Zotan, eng kichik zarradan koinotgacha bo'lgan yuksaklik va keng­liklar, bahri muhit kabi teranliklar miqyosli tarzda fikran qamralsa, qalban his etilsa, no'xotday jajji, tog'day ulug'vor, qatraday mitti, ummonday chuqur va insonday murakkab barcha mo''jazu haybatli nisbiy dunyolar bir muazzam shajarada: uzun-qisqa, katta-kichik past-baland, sayoz-teran bo'lib saflanadi. Shunday ekan, barcha narsa-yu hodisalar kosmologik olam tushunchasi tegrasida idrok etiladi. Biz olamni cheksiz yoxud chekli deya bahs­lashuvchi ikki qutb donolari bahsidan voqif esak-da, mutolaani uch nuqtalar qurshovida davom qildiramiz:

… Har tomon taxlitan o'zi bir olam …

Ha, olamiy tizimlar behad ko'p. Inson fikri ularning hammasini yaxlit tarzda nisbiy qamray oladi. Illo, har bir ob'yekt o'ziga qadrdon tizimda cheksiz va o'ziga begona maskanda cheklangan va aksincha…

Ayrim ilmiy farazlarga ko'ra, koinotning dastlabki vujudga kelish davrida fazo va vaqt bir o'lchamli bo'lgan ekan. Ammo “o'lchamlik” tushunchasi fazo va vaqtning qancha o'lchov bo'yicha erkinlikka ega ekanini ifodalovchi, topologik xususiyatga ham ega. Makrodunyoda vaqt — bir o'lchamli, fazo – uch o'lchamli. Voqelikda esa fazo-vaqt birgalikda to'rt o'lchamda namoyon bo'ladi. Ilm-fan tasdiqlashicha, nuqta — o'lchamsiz, chiziq — bir o'lchamli, yuza ikki o'lchamli, jism — uch o'lchamli, hodisa – to'rt o'lchamli, yashin — besh o'lchamlidir. Bularning barchasida muayyan izchillik mujassam. Yuqoridagi hodisalar asrorini idrok etish mumkinmi? Shubhasiz, bu murakkab jadvalga qachondir ulkan bir sohibi tadbir asos solgan. Beqiyos bir mohir qo'l aniq maqsad yo'lida tartib bergan. Ammo hammasi qachon va qay lahzada sodir bo'ldi?! Miyamizda takror-takror charx uruvchi bu savollarga dostonda shunday javob izlanadi:

…Qachondir

         qachonning

           qachoni

           qachon…

Shoir poetik nigohi dastlab narsalarning ko'rilgan zohiriga, so'ngra inson tafakkuri yordamida aks ettirish mumkin bo'lgan ichki mohiyatiga qaratiladi. Lirik qahramon fikricha, mavjudlik inson aqli bilan qamrash mumkin bo'lgan ratsionallik emas. Mavjudlikni mantiqiy xulosalar va hatto hissiy hodisalardan ham keltirib chiqarib bo'lmaydi. U odam bolasi borlig'ida mujassam. Ya'ni, olamiy aql sohibiga nisbatan, aqlan qanchalik cheklangan bo'lmasin, har bir insonning o'zi ham alohida borliqdir.

… Yo'qligida paydo bo'lgan

bo'lganning bo'lgan borligi,

ne ersa-da

mavjuddir.

Binobarin, alohida shaxsiyatda ibtido, bugun va intiho birlashgan. Odam — intiholi mavjudlik bo'lib, u o'z tarixi va taqdiriga ega. Mazkur “tarix” markaziga: uch so'z bitilgan: “intiholilik”, “qaytarilmaslik” va “taqdirdan ajralmaslik”.

Borligida paydo bo'lgan

bo'lganning bo'lgan yo'qligi,

ne ersa-da

nobuddir.

Demak, barcha sirlar mavjudlikning o'zida mujassam. Inson hayoti o'lim bilan tugamaydi. Aksincha, o'lim bu — boshlang'ich holat. Uning mohiyatini mas'ullik hissi to'laroq ochib bera oladi. Boshqacharoq aytganda, mavjud odam bu — mas'ul odam. Zotan, u qandaydir jonsiz buyum emaski, o'z borlig'i-yu mavjudiyatining sabablari — bosh asosini izlamasa.

O'zligida paydo bo'lgan

bo'lganning bo'lgan o'zligi,

ne ersa-da

o'zlikdir.

Inson tasodif mahsuli ham, jo'n o'tkinchi hodisa ham emas. Borlik va yo'qlikda qandaydir mohiyat, barcha munosabatlarda garmonik tizim bo'lishi muqarrar. Agar ilk mohiyat bo'lmaganida, hech narsa mavjud bo'lolmasdi. Binobarin, har qanday borliq muayyan nuqtadan ibtidolanadi. Ya'ni, biz behad qudratli va abadiy individual borliq irodasiga ko'ra mavjudmiz.

Shoir lirik qahramonida mas'ullik tuyg'usi shu qadar yuksakki, u hatto tabiiy hodisalarga-da umuminsoniy daxldorlik tuyadi, Umuminsoniy manfaatlarga zid keluvchi barcha ijtimoiy hodisalarni inkor etadi. Uning titroq qalbi zamin gardi, samo zarrasi va ummon qatrasi ezilishi, uzilishi, siriqishiga vobasta tarzda osongina jarohatlanadi. Shu bois “kangul”ning o'zlik atalmish olamida nogahoniy tuzalmas darz paydo bo'ladi. Ajib silkinish, titranish, to'lg'onish, qalqinish va hatto lopillash sodir bo'ladi:

… Zaminning bir gardi ezilsa mabod,

mabod bir zarrasi uzilsa osmonning,

siriqsa ummonning mobod bir tomchisi,

bamisoli,

bir paxsasi lat yeb,

darz ketib,

devori yorilgan imorat taxlit

silkinadi,

titranadi,

to'lg'anadi,

qalqinadi,

lopillaydi olam…

Ko'rinadiki, gard, zarra va tomchilardan tarkib topgan olam binosi yaxlit tarzda ijodkor inson qalbiga tutash. Demak, shoir barqarorlik va o'zgaruvchanlik dialektik juftligiga e'tibor qaratib, mavjud holat (muayyanlik) ning o'zgarishiga xos harakat simp­tomlarni izlayapti. Muhimi shundaki, u hodisaning ma'naviy va g'oyaviy jihatlarini taftish etmoqda. Osmon, Ummon, va Zaminda sodir bo'luvchi eng kichik mexanik, fizik, kimyoviy, biologik o'zgarishlarni insonga nisbatan olib qaramoqda. Ya'ni, ularni ijtimoiy-ma'naviy jarayonlar bilan chambarchas uyg'unlikda poetik tahlil etmoqda.

Asosiy harakat kechayotgan hududlar sifatida biz shoirning: tafakkur (fikrda kechayotgan tushunchalar), informatsion (ongda yig'ilgan axborotlar), ma'naviyat (qadriyatlardan kuch oluvchi g'oyalar), xayol (poetik mushohadalar), hissiy idrok (taxayyul) singari faol harakat qilayotgan tizimlarini belgilay olamiz. Bu harakatlarning manbalari esa zohiru botin o'rtasidagi murakkab aloqadorlik negizida ilg'anadi.

I.Otamurod olamu odam asrorini anglash uchun tarix bugun va kelajakni yaxlit nigoh bilan taftish etadi. Shoirning fikricha, ZAMIN, OSMON VA UMMONda mislsiz o'zgarishlar — balo-yu ofatlar kelib chiqishiga odam bolasining nafs ilinjidagi turfa evrilishlari, ona tabiatga bo'lgan xo'jasizlarcha iste'molchilik kayfiyati va loqaydligi bois bo'lgan.

Odam va olam qismati lahzalarda hal etiladi. Inson oniy lahzani qadrlasa, hamisha to'g'ri yo'l-yo'riq topadi. U rostgo'ylik, Haq va haqiqat tomonida bo'ladi. Olamu odamga daxldor butun borliqni asrab qoladi. Aksincha, lahzalik umrga jiddiy munosabatda bo'lmasa, yolg'on va nohaqliklar urchishi oqibatida butun koinot hamda uning gultoji bo'lgan insoniyat ham yo'qlik sahrosiga yuz tutadi.

I.Otamurod nazdida insonning ikkita geografiyasi mavjud. Ulardan biri – kindik qoni to'kilgan makon, ikkinchisi – ko'ngil geografiyasi. Olam inson nigohiga ko'ra idrok etiladi. Agar, qaysiki ko'ngil keng bo'lsa, dunyo ham shunga mutanosib tarzda kengayadi.

Zotan, teran idrok kishilariga ayonki, har narsaning o'z o'lchovi, toshu tarozusi bor.

…….. O'lchov – qadam …….

…….  O'lchov – qulf ………

…….  O'lchov – kalit………

……. O'lchov – chiziq ……..

……. O'lchov – masofa ……

……. O'lchov – yo'l …………

Ikki tomondagi ko'pnuqtalarga ahamiyat bersak, ular xuddi olis yo'lning bosib o'tilgan va o'tilajak masofasiga tegishliday tuyuladi. Misralarning o'rtalik masofada turishi esa iztirob, sog'inch va xotiralar qurshovidagi odamni eslatadi. Uning kelajakka qadalgan mehrga limmo-lim nigohidagi ma'nolarda umid, ixlos, g'urur, sidq, vafo shevasi akslangandek go'yo.

Afsuski, olis safarga chiqqan har bir suvoriy ham muhlat otini yeldirib borayotgani, tinmay xezlab, xezlanib talpingani bor yo'g'i ko'pkari o'yini ekanini anglarmikin? Masofa bosib o'tilgan kezda boshlanajak sukunatni oldindan ilg'armikin? Navbatdagi shovqin ham shu taxlit davom etajagi va endi uning o'ziga mutlaqo daxlsiz bo'lishidan ogohmikin?

…Xayol – chizilmagan tasavvur…

…Xayol kemasi chayqalib-chayqalib,

lopillab-lopillab,

to'lg'onib-to'lg'onib

suzadi,

uriladi

jadvalning

gardon-gardon to'lqinlariga…

Shoirning xayol va tasavvur keng­liklarida yuqorida kuzatganimizdek xazoyin ul-maoniy yashirin. Lirik qahramon o'z o'ksik qalbi, xo'rsiniqlar quyqasi cho'kkan ko'ngli, dardli tug'yonlar chulg'agan taxayyuli, shamolday yugurik xayollari, zalvorli armonlari shu Vatanning aziz tuprog'i, zilol suvlari, erkin shabadalari bilan vobasta bo'lib, misli yomg'ir tomchilariday quyilib keladi. U giyohlar maysalar, gullar; yantoqlar, jinjaklar, yulg'unlar; qo'zigullar, sho'ralar, toshlar; qir-adirlar, ariqlar, tepalarga birday to'kiladi. Sanalganlarning barida ajib sinoat ko'radi. Inson va insoniyatni shu asrordan ogoh bo'lishga chorlaydi. Shoir “kangul” olamidagi chayqalish, to'lg'onish va lopillashlar kitobxon xayolu tasavvurlarini ulug' sinoatning gardon-gardon to'lqinlari bilan yuzlashtiradi.

Islomjon Yoqubov,

filologiya fanlari doktori.

1 Otamurod I. Jadval. Sharq yulduzi // 2016 yil, 2-son. –B.: 35-45.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 18 =