Baxtning manzili qaerda?

Hayotda shunday paytlar, holatlar bo'ladiki, uni faqatgina his qila olasiz. Birovga tushuntirib berishning imkoni yo'q. Xayollaringiz bilan o'z dunyoingizda yashaysiz. Mana shunday damlarda “Nima uchun yashayapman?”, “Hayot nima o'zi?”, “Muhabbat-chi”, “Mehr-chi” deb o'ylab qolamiz. Ba'zida hayotimizda nimalar bo'layotganini anglashga qurbimiz yetmaydi, o'z muammolarimiz bilan o'ralashib yuraveramiz, baxt kelishini kutamiz. Ha, baxtni kutamiz! Aslida esa baxt yonimizda, oddiy, juda oddiy bo'lishini bilmaymiz…

Yozuvchi Elchin Safarlining “Qaytganimda uyda bo'l” asarini o'qish jarayonida xayolimdan yuqoridagi savollar o'tdi. Asarda o'zimni ko'rgandek bo'ldim. Qalbimizning eng nozik tuyg'ularini ham cherta olgan asarda shunday jumla bor: “Hayot — ajoyib sayohat!”

Asar kitobxonni ruhlantirarkan, ayniqsa, hayotda asl maqsadini unutib qo'yganlar uchun yaxshi kitob ekan deb o'yladim. Chunki bu kitobda hayot faqat yashashdagi tashvishlardan emas, balki mehr-muhabbatdan ham iborat ekanligi ko'rsatib berilgan.

Kitobxonlar Elchin Safarlining asarlarida voqelik emas, tuyg'ular yetakchilik qiladi deyishadi. Asarni o'qish jarayonida buni o'zim ham his qildim. Yozuvchining mahorati shundaki, hammaga ma'lum gapni yangicha usulda sizga yetkazib beradi.

Asar nomidan kitob muallifining azaliy yo'nalishi muhabbat haqida bo'lsa kerak deb o'ylagandim. Yo'q, yanglishgan ekanman. Bu kitobda sevgining eng beg'ubor shakli, ya'ni otaning o'z jigarbandi, qiziga atab yozgan maktublaridan dunyoga kelgan asar ekan.

Asarda otaning farzandiga bo'lgan muhabbati, erkak va ayolning mehr-muhabbati, vatanga muhabbat, kasbga nisbatan fidoyilik, urush asoratlari, e'tiqod kuchi xususida so'z boradi.

Ayriliqqa ko'nikolmagan, uni tan olishni xohlamagan otaning qalb nidolari chiroyli ifodalangan. Autizm kasaliga yo'liqqanligi yetmaganday, ota-onasini yo'qotgan Leonning beg'ubor nigohi. Yil bo'yi qish hukm suradigan joyda tinchligi uchun shukur qilib yashaydigan Amirning novvoyxonasi…

Elchin Safarlida har bir yozuvchida uchramaydigan alohida o'ziga xoslik bor, nazarimda. Qahramon portretini yaratishdagi o'ziga xosligi asarlarida alohida ahamiyat kasb etadi.

Yaxshi asarlar qumga tushib qolgan olmos kabidir, davr qumlari ostida ma'lum vaqt qolib-qolib tursa-da, sara adabiyot qiziquvchilari degan shamol uni yana yuzaga chiqarib qo'yaveradi.

Keling, yaxshisi ushbu asardagi quyidagi fikrlarga e'tibor qiling:

  • Har kuni, har kimdan, xoh u yaxshi yoki yomon bo'lsin, bir nima o'rganish mumkin.
  • Bizning o'zimiz mukammallikdan yiroqmiz va boshqalardan ham benuqsonlikni kutmasligimiz shart.
  • Hayot — shunchaki yo'l. Odimlashdan lazzat ol!
  • Shoshqaloqlik qilma, ammo qayig'ing qayoqqa suzayotganligini ham esdan chiqarma. Balki, u yo'lidan adashgandir.
  • …Bizga vaqtni boshqarish hukmi berilmagan, ammo uni nima bilan va qanday to'ldirishni o'zimiz hal qilamiz.
  • …Yoningdagilarni kechira olishni o'rgan, shunda o'zing ham kechirilishga muyassar bo'lasan.
  • … Muhabbatni do'stlik va ehtirosning ajoyib uyg'unligi deb atab yurgan ekanmiz. Muhabbat bu — oila ekan. Qanday tushuntirsam ekan senga, ehtirosga to'la yuraklar ahilligining bir qumg'on atrofida, bir qo'rg'on ostida farovon turmush kechirishi ekan.

Zebo Salimova,

Toshkent davlat sharqshunoslik

instituti o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + twelve =