Nomzodlar aniq, navbat tashviqotga

Saylovoldi tadbirlarni qaerda o'tkazish mumkin?

Saylovchilar bilan uchrashuvlar qaysi tartibda o'tadi?

Nomzodlarning saylovoldi dasturlari mavjudmi?

Tashviqotning yangi shakllari bormi?

Shu kabi savollar O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga shu yil 22 dekabrda bo'lib o'tadigan saylovlarda ishtirok etish uchun siyosat maydonida “ot surayotgan” beshta siyosiy partiyaning rahbarlari va nomzodlarining fikrini jamlashga, xalq ishonchini qozonish uchun yangicha yondashishga undashi kerak.

Markaziy saylov komissiyasi o'zining  nav­batdagi kengaytirilgan majlisida partiyalarning nomzodlarini rasman ro'yxatga oldi. Videokonferensiya shaklida o'tkazilgan yig'inda okrug saylov komissiyalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,  barcha viloyatlar hokimliklari, jamoat tashkilotlari, jumladan,  siyosiy par­tiya­lar, ommaviy axborot vositalari  vakillari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov  bo'lajak  saylovlarga tayyorgarlik ishlari  Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi”ga binoan izchillik bilan davom ettirilayotganini alohida ta'kidladi. Bunda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar muhim omil bo'layotir.

Shuningdek, o'tgan qisqa davrda beshta siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatlarda o'zining qurultoy va s'yezdlarini o'tkazdi. Mazkur tadbirlarda partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o'rni uchun 150 nomzod ko'rsatildi.

Ta'kidlandiki, siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko'rsatish bo'yicha barcha tadbirlar qonunchilik talablariga qat'iy muvofiq holda, oshkoralik va ochiqlik muhitida amalga oshirilgan.

Har bir partiyadan ro'yxatga olingan 150 nafar, jami 750 nomzodning barchasi oliy ma'lumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu — 2014 yilning dekabrida o'tgan so'nggi parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko'pdir. Nomzodlar orasida huquqshunoslar — 6,9, iqtisodchilar — 19,1, shifokorlar — 12,4 foizni tashkil qiladi. Deputatlik mandati uchun bir akademik, 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi.

Har bir partiyadan ro'yxatga olingan 150 nafar, jami 750 nomzodning barchasi oliy ma'lumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu — 2014 yilning dekabrida o'tgan so'nggi parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko'pdir. Nomzodlar orasida huquqshunoslar — 6,9, iqtisodchilar — 19,1, shifokorlar — 12,4 foizni tashkil qiladi. Deputatlik mandati uchun bir akademik, 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlar safida navqiron avlod vakillari ilgarigiga nisbatan sezilarli darajada ko'paygan. 25-40 yoshlar orasidagilar  — 32,2  foizni tashkil qiladi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga binoan saylovoldi tashviqotini olib borish uchun barcha shart-sharoitlar ta'minlangan. Siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqoti davrida siyo­siy partiyalar o'zining istiqboldagi faoliyat dasturini targ'ib qilish huquqini ta'minlash maqsadida, ularning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilab qo'yildi.

Qonunchilik palatasi saylovlarida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqoti davrida bir haftada O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining telekanallarida 10 soat va radiokanallarida 6 soat efir vaqti bepul ajratiladi. Bu umumiy nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davom etadigan besh hafta mobaynida 50 soatni, radioda esa 30 soatni tashkil etadi.

“Partiyalarning gazetalardagi chiqishlari qanday tartibda o'tkaziladi?” Markaziy saylov komissiyasining matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, saylovoldi tashviqoti davrida “Xalq so'zi”, Narodnoe slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida bepul taqdim etiladigan nashr maydoni ham teng — hafta davomida har bir siyosiy partiyaga bir sahifadan. “Ovozi tojik” va “Nurlы jol” gazetalarida esa nashr maydoni yarim sahifani tashkil qiladi.

Ta'kidlash kerakki, bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydonidan foydalanish turlari, shakllari va usullarini siyosiy partiyalar mustaqil belgilaydilar. Shuningdek, ular bepul ajratilgan efir vaqtidan va chop etish maydonidan voz kechishga haqli.

Majlisda O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletovning vazirlik tomonidan Saylov qonunchiligi targ'iboti oyligi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risidagi axboroti tinglandi.

O'zbekistonda birinchi marta keng ko'lam va yuksak uyush­qoqlik bilan o'tkazilayotgan Saylov qonunchiligi targ'iboti oyligi tadbirlari  samarali bo'layotgani alohida ta'kidlandi. Bunda, avvalo, fuqarolarni o'zlarining muhim huquqlaridan biri – saylovlarda ovoz berish huquqidan faol foydalanishga jalb etishga muhim e'tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda vazirlik tizimida “Adliya chorlovi” mavzuidagi loyihaning amalga oshirilishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunda aholi gavjum joylar va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan, saylovga chorlovchi ijtimoiy reklamalar, bannerlar va bilbord­lardan keng foydalaniladi. Ayni paytda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va “Huquqiy axborot” telegramm kanali orqali “Saylov alifbosi” rukni tashkil etilib, saylovga oid tushunchalar izohining sodda, lo'nda va tushunarli tarzda muntazam berib borilishi ham samarali hisoblanadi.

454 nafar adliya xodimi mazkur yo'nalishdagi ishlarga safarbar etilgan. Aholi o'rtasida saylov qonunchiligini tar­g'ib qilish “Respublika-viloyat-tuman-mahalla-xonadon” tamo­yili asosida tashkil etilgani tufayli olti mingdan ortiq tar­g'ibot tadbiri o'tkazildi. Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda “Yangi O'zbekiston. Yangi saylovlar” mavzuida ko'plab matbuot anjumanlari, mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan holda, uchrashuvlar va seminarlar o'tkazilmoqda. Bu boradagi ishlar saylov kunigacha izchil davom ettiriladi.

Qayd etilganidek, xalqaro jamoatchilik shu yil 22 dekabr­da O'zbekistonda bo'lib o'tadigan saylovlarga katta qiziqish bilan qaramoqda. Qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning ko'plab kuzatuvchilari saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijiy va milliy omma­viy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o'tkazilmoqda.

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + nine =