Adib iltijosi

12 dekabr – Chingiz Aytmatov tavallud topgan kun

Turkiy xalqlarda o'g'il bola yetti ota-bobosi kim bo'lgani, el-yurtda ular to'g'risida qanday xotira qolganini bilishi, yaxshi ishlarini eslab yurishi qat'iy odat bo'lgan. Oqsoqollar ko'chada notanish bolani ko'rib qolishsa, “Qani, botir bola, kimning o'g'lisan, otangning otasi kim, bobongning bobosi kim bo'lgan?” deb so'rashgan. Bola o'zining sulolasini bilmasa, “O'g'liga bobolari kimligini o'rgatmagan bu qanday ota bo'ldi?” deya afsuslanishgan.

“Men o'zim haqimda yozayotganimda, gapni bugun “feodal o'tmish” deb atalayotgan o'tmish hayotimdan boshlashim mumkin, — deydi Chingiz Aytmatov. — Men sheker urug'idanman. Bu urug' shajaramizning boshi. Otamning ismi To'raqul, uning otasi Aytmat, Aytmatning otasi Kimbildi, Kimbildining otasi Qo'njijo'q…”

Taniqli qirg'iz olimi O'smonoxun Ibraimovning Chingiz Aytmatovga bag'ishlangan kitobida yozuvchining olis avlodlari haqida g'oyat qiziqarli ma'lumotlar keltirilgan. Ularga ko'ra, Chingiz og'a tug'ilgan Sheker ovuli shu nom bilan ataluvchi qirg'iz urug'i nomidan olingan bo'lib, “qitay” urug'ining chap qanotidan tarqagan. Yozuvchining singlisi Roza (Rozaliya) Aytmatovaning xotiralarida keltirilishicha, “qitay” urug'ining tarixi quyidagicha: “Bir gal urug'ning asoschisi bo'lmish Kubaning nabirasi Qaranay qo'shni hududlarda joylashgan xitoy qabilalari bilan jangda g'olib kelib, ovuliga o'lja bilan qaytayotganida choparlar unga o'g'illik bo'lganini xabar qilishadi. O'sha tunda osmonda yangi oy ko'rinadi. Chaqaloqqa “qutlug'” va “oy” so'zlaridan kelib chiqib, “Qut-oy” degan ism berishadi. Keyinchalik bu ism “qitay” (qirg'izcha yozilishi “qыtay”) tarzida qo'llanilib, yirik sulolaga asos bo'ladi.

Chingiz Aytmatov bir gal suhbatdoshlarining ko'p takrorlanadigan savoliga javob berib, “Men Xitoy imperatorlari urug'idanman” degan ekan. O'.Ibraimov “O'shanda avvaliga hammamiz hayron bo'lganmiz, keyin adibning bu hazilidan miriqib kulganmiz. Chunki, qitay urug'ining bugungi etnik xitoylarga mutlaqo aloqasi yo'q. Ammo… keyinchalik bu javob hazil emasdir, deb ham o'ylaganmiz”, deydi. Bunda u adibning quyidagi hikoyasini nazarda tutgani aniq.

Qadimda qirg'iz qabilalari qo'shni hududlarda yashaydigan xitoylar ustiga tez-tez bostirib borib, ularning mol-mulkini ayovsiz talashar ekan. Xitoylar bos­qinchilarni tinchitish, qo'lga tushganlarini jazolashga har qancha urinishmasin, ularning bu harakatlari natija bermagan. Chunki, qirg'izlar zudlik bilan orqaga qaytib, baland tog' cho'qqilari orasida g'oyib bo'lishar ekan. Xitoylar ular yashayotgan hududlargacha kelsalar-da, talonchilarni topa olmay, sarson bo'lib orqalariga qaytib ketisharkan.

Xitoy imperatori talonchilarning qilmishlaridan xunob bo'lib, bir kuni yaqinlarini yoniga chorlabdi-da, ularga qirg'iz xoni bilan uchrashuv uyushtirishni buyuribdi. Uchrashuv payti tomonlar murosaga kelishibdi: qirg'izlar talonchilikni bas qilishadi, Xitoy imperatori esa o'zining suyukli qizlaridan birini xonga tortiq qiladi. Oradan bir yil o'tgach, xitoylik kelin o'g'il tug'adi. Chaqaloqni boshqa xotinlardan tug'ilgan bolalardan farqlash uchun avvaliga “Xitoy kelinning o'g'li”, keyin “Qitay bola”, bora-bora “Qitay” deb ataydigan bo'lishibdi (Qarang: Aytmatova R. Belыe stranisы istorii. Bishkek, 2013. S.44).

Qitaydan tug'ilgan bolaga Tulku deb ism qo'yishadi. Tulkudan Baytike, Buuday va Bogojuu tug'iladi. Baytikening farzandlari Tontogor va Qiyra. Tontogorning o'g'li Shaker. Shakerning o'g'li Qudaynazar. Qudaynazarning o'g'illari Asan-Usen. Asenning o'g'li Tabildi. Tabildining o'g'illari Qonjujoq va Tanaboy. Qonjujoqning o'g'illari Janali va Tinali. Tinalining o'g'li Kimbildi. Kimbildining o'g'illari Birimqul va Ayt­mat.

Birimqul (Aytmatning akasi) ikki xotindan uchta farzand ko'radi: Alimqul, Ozubek, Kerimbek. Aytmat va Oyimxondan besh farzand tug'ilgan: Ayimgul, To'raqul, Qoraqiz, Guloyim va Risqulbek. To'raqul esa to'rt farzandning otasi bo'lgan: Chingiz, Ilgiz, Lyutsiya (Lyusya) va Rozaliya (Roza).

Roza Aytmatovaning xotiralariga qaytamiz. “Bizning shajaramiz ona tomondan X1X asrda O'rta Osiyoga ko'chib kelgan musulmon tatarlarga borib taqaladi. Qarindoshlarimizning aytishlaricha, onamizning avlodlari ilm-ma'rifatli o'qituvchilar, kommersant­lar, diniy arboblar bo'lishgan. Bobomiz Hamza Abduvaliyev 2-gildiyali rus savdogari, taniqli mulk­dor bo'lib, homiylik ishlari bilan nom qozongan. Uning qalin qor tagida qolib, yem-xashakdan qiynalayotgan chorvadorlarga yordam ko'rsatish to'g'risidagi murojaati bosilib chiqqan mahalliy gazeta saqlanib qolgan.

Yozuvchining onasi Nagima Hamzayevna Aytmatova (Abduvaliyeva) qalban go'zal, o'z davrining ilg'or g'oyalari bilan qurollangan ma'rifatli, turmush o'rtog'i To'raqulga sadoqatli ayol bo'lgan. O'g'li Chingizning taqdirida uning tarbiyasi va beadoq mehri muhim ahamiyat kasb etgan, eng og'ir paytlarda, masalan, eri qamoqqa olinib, ro'zg'or tashvishlaridan qaddi bukilganida ham bolalari to'g'risida g'amxo'rlik qilishdan to'xtamaydi.

Bir gal Nagima folbin ayolga uchrab, undan turmush o'rtog'ining taqdiri to'g'risida so'raydi. Folbin To'raqul to'g'risida hech nima demaydi, ammo “Bolalaringdan biri dunyo taniydigan odam bo'ladi”, deydi.

Abduvaliyevlar oilasining shajarasi quyidagicha: Yosif — Xalil — Gabdrashit — Gaysa — Gabdelvali (1800) — Hasan-Hamza (1850-1932) — Nagima (1904). Shajarada Abduvaliyev va Utyamishevlar sulolasi Tataristonda taniqli Ishmanlar sulolasining yonma-yon ikki novdasi deyiladi. Roza Aytmatova bu suloladan ikki yuzga yaqin taniqli kishilar yetishib chiqqani to'g'risida yozma hujjatlar borligini aytadi.

Shu o'rinda bir mulohaza. Qir­g'izlar bobo va buvi (momo)ni “Tay ata”, “Tay ene” (“Katta ota”, “Katta buvi”) deyishadi. Vodiyda endigina yo'lga kirgan bolani “Toy bola” deb erkalatish odat. Qadimgi xitoy yurishlari Farg'ona vodiysida bo'lganini eslasak, O'. Ibraimovning ikkilanishida jon borga o'xshaydi. U adib shajarasi haqidagi fikrini shunday yakunlaydi: “Aytmatovning tomirlarida qanday qon oqishidan qat'i nazar, O'ljas Sulaymonov haq gapni lo'nda qilib aytib qo'ygan: “Chingiz — ruhning xoqoni, so'zning podshosi”. Bu martaba imperatorlikdan baland”.

Yozuvchining onasi Nagima Hamzayevna haqida ko'p yozilmagan. Ammo bu mushtipar ayol boshiga tushgan azob-uqubatlar ozmuncha emas. To'raqul bilan tanishgach, oila hayoti havas qilarli darajada boshlanadi. Ikki yosh samimiy muhabbat bilan bir-birlariga suyanadilar, farzandlari ulg'ayib, yonlariga kirishlarini orzu qilishadi. Ammo… baxtli onlar uzoqqa cho'zilmaydi. To'raqul oilasi va bolalarini Moskvadan poezdga o'tkazib, yurtga qaytarayotganidayoq Nagimaning ko'nglida mash'um xavotir uyg'onadi. Ishidan xato topishgan bo'lsa-chi? Unday desa, xato qilganiga, yanglishganiga ishonish qiyin. Bolsheviklar ishiga sadoqatli, Lenin asarlarini tinimsiz o'qigan, Moskvada marksizm-leninizm institutida, qizil professura kurslarida ta'lim olgan, Qirg'izistonda partiya-sovet idoralarida yuqori mansablarda ishlagan kishida qanday xato bo'lishi mumkin?

“Otam haqida o'ylasam, u ko'z o'ngimda hamisha ko'mirdek qop-qora, bir joyida ozroq oqi bor quyuq sochli, dalada kiyadigan ko'ylagi, qo'njli bulg'or etigi bilan gavdalanadi. U ko'pincha qo'sh ot qo'shilgan charm o'rindiqli aravada yurar, oldinda esa aravakash o'tirardi. Otamning qiyofasi bilan birga, Farg'ona tarafdagi paxsa yoki guvala bilan o'ralgan tomi tekis, bir-biriga o'xshab ketadigan pastqam uylarni ham eslayman. Farg'onaliklarning turish-turmushi o'ziga yarasha edi. Bu yerda odamlar ahil-inoq kun kechirishadi. Qishloqlarda keksalarning hurmatini joyiga qo'yishadi. Oqsoqollarning gapi erkagu ayol, katta-yu kichik — hamma uchun qonunday gap. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham qishloqdoshlar bir-birlarini yolg'izlatib qo'yishmaydi. O'zbekistonda hozir ham shunday…”

Chingiz Aytmatovning “Bolaligim” xotira qissasida quyidagilarni o'qiymiz: “1937 yilning boshi. Siyosiy ta'qiblar ko'plar qatori otamning ham giribonidan tutib, bo'g'a boshlagan payt edi… Otamning ko'ngli biron noxushlik bo'lishini oldindan sezgandek, bizni yurtimizga qaytarib yuborishga harakat qila boshladi. Nazarimda, u taqdiri azalning hiyla-nayranglaridan, qismatdan qochib qutuladigan yo'l yo'qligiga ko'zi yetib, bundan bizni asrash zarurligini his qilgancha oilasini shu taqdir girdobidan uzoqlashtirishni o'ylardi… Ko'nglim allaqanday noxushlikni sezdi. Buyumlarimizni yig'ishtirayotgan otam bilan onamning qayg'uli chehralari, qo'rquv to'la ko'zlari bundan ishora berib turganday edi. Otam biz bilan uyga qaytmoqchi emasdi. Unga ish joyidan ruxsat berishmaganini bilardim…”.

Nagima shubha-gumonlar girdobiga g'arq bo'lgancha, turmush o'rtog'i bilan poezd perronida xayrlashib, bolalarini bag'riga bosib, uyga qaytadi. Adibning ukasi Ris­qulbekning uyida yashashadi, To'raqulning qaytib kelishini uzoq kutishadi. Umid chirog'i bir kuni yonib qolar, deb o'ylashadi. Ona topgan bir burda nonini to'rt bolasi bilan baham ko'radi. Ochlikka chidashdan ko'ra, “Xalq dushmanining bolalari” degan tamg'aga dosh berish qiyin kechadi. Nagimaning buyuk xizmati — bolalarini o'ksitmay katta qilgani, ularga munosib ta'lim-tarbiya bergani desak, xato bo'lmaydi.

Adib o'zining shu asarida bolalik yillari otasi bilan Far­g'ona va Andijonga borganini eslaydi. “Otam haqida o'ylasam, u ko'z o'ngimda hamisha ko'mirdek qop-qora, bir joyida ozroq oqi bor quyuq sochli, dalada kiyadigan ko'ylagi, qo'njli bulg'or etigi bilan gavdalanadi. U ko'pincha qo'sh ot qo'shilgan charm o'rindiqli aravada yurar, oldinda esa aravakash o'tirardi. Otamning qiyofasi bilan birga, Farg'ona tarafdagi paxsa yoki guvala bilan o'ralgan tomi tekis, bir-biriga o'xshab ketadigan pastqam uylarni ham eslayman. Farg'onaliklarning turish-turmushi o'ziga yarasha edi. Bu yerda odamlar ahil-inoq kun kechirishadi. Qishloqlarda keksalarning hurmatini joyiga qo'yishadi. Oqsoqollarning gapi erkagu ayol, katta-yu kichik — hamma uchun qonunday gap. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham qishloqdoshlar bir-birlarini yolg'izlatib qo'yishmaydi. O'zbekistonda hozir ham shunday…”.

Bu va boshqa ko'plab holatlar bois bo'lajak adibning ong-shuurida o'zbek xalqiga havas, hurmat-ehtirom yuzaga keladi, keyinchalik bu tuyg'u badiiy va publitsistik asarlariga, ta'sirchan ma'ruzalariga ko'chadi, el-yurtimizning oqibatli do'sti, og'ir damlarda yonida tura oladigan qadrdoniga aylanadi, ko'plab ijodkorlar uchun ustoz maqomiga ko'tariladi. Uning yurtimizga har bir kelishi adabiyot, san'at, teatr sohasi fidoyilari uchun chinakam bayramga aylanardi. Buyuk adib bilan ijodiy muloqotda bo'lish, unga safardoshlik qilish baxtiga muyassar bo'lganlar oz emas. Ularning hammasi, ishonchim komilki, adibning hayotda o'ta kamtar va oddiyligiga, suhbatdoshi kim bo'lishidan qat'i nazar, ularni e'tibor bilan tinglashiga, ba'zan, noqulay vaziyat yuz berganida ham o'zini bosiq va o'ychan tutishiga, ortiqcha dabdaba, maqtov, o'rinsiz mulozamatni yoqtirmaganiga e'tibor berishgan, deb o'ylayman. Eng og'ir paytda o'zbek xalqining sha'nini jasorat bilan himoya qilgani, xalqimizning o'tmish madaniyati va uning mintaqa xalqlari madaniyati va turmush tarziga ta'sirini yuksak baholagani, sadoqatli safdoshi Odil Yoqubovga maktub yo'llab, uni asossiz ayblovlardan saqlab qolgani, “Adil, tarixiy mavzuda roman yozishda sen mendan o'tding” deyishining o'zi, Pirimqul Qodirovga ham zarur payt­da yelkasini tutgani bag'rikeng ijodkor insonning katta mukofoti edi.

O'zbekistonlik bir guruh ijodkorlar adib tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Bishkek va Cho'lpon-otada o'tkazilgan forumda qatnashar ekanmiz, “Ota-beyit”da mangu qo'nim topgan Chingiz og'a qabrini ziyorat qildik. Olatog' etaklarida joylashgan bu ziyoratgohda ulug' ustoz bu yorug' olamning ne-ne taloto'plariga guvoh bo'lgan viqorli toqqa yelkasini tutib, bosh­qa hech qachon urush bo'lmasin, qiyomat qo'pmasin, tog'lar qulamasin, odam bolasi bir-biriga qurol o'qtalmasin, biri-birining uyiga o't qo'ymasin, bolasini o'ldirmasin, qarg'alar jahannam uzra boshqa hech qachon faryod qilmasin, ildizi, tili va dili bir ellar bir-birlaridan uzoqlashmasin, bir-birini tanimay qolmasin, deya yaratgan Egamga iltijo qilib yotganga o'xshab ketdi.

Chingiz og'a oramizdan ketganida dunyo titrab ketmadi. Chunki bu yorug' olam bundan-da og'ir yo'qotishlarni, zahri asrlarga yetib borgudek taloto'plarni ko'p ko'rgan. Diydasi qotib ketgan. Ammo… oradan yigirma yil o'tgach, o'shanda biz kimdan va nimalardan judo bo'lganimizni anglab, mana endi, asta-sekin o'zimizga kelayotganga o'xshaymiz…

Ahmadjon Meliboyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =