Ekologik xavfsizlikni ta'minlashga erishamiz!

Faoliyatimizning ustuvor vazifalari

Erkin Omonov,

O'zbekiston Ekologik partiyasi Axborot xizmati rahbari:

— O'zbekiston Ekologik partiyasi o'z dasturiy vazifalarini, saylovoldi siyosiy pozitsiyasini amalga oshirishda, partiyaning dasturiy maqsad va g'oyalarini qo'llab-quvvatlaydigan, ekologiya sohasida yetarli tajriba orttirgan, o'z faolligi bilan Vatanimiz manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan, ekologiyani va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda aholining sog'­lig'ini saqlash, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarni tushunib yetgan, tashkilotchilik tajribasiga ega bo'lgan va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladigan fuqarolarga tayanadi.

O'zbekiston Ekologik partiyasi quyidagilarni o'z faoliyatining ustuvor yo'nalishlari deb hisoblaydi:

— fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo'lish huquqini himoya qilishga yo'naltirilgan siyosatni amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish va aholi sog'lig'ini saqlash borasida keng jamoatchilik sa'y-harakatlarini birlashtirish;

— davlat organlarining mavjud ekologik muammolarni hal etish hamda ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan mas'uliyatini kuchaytirishga qaratilgan samarali parlament va jamoatchilik nazoratini tashkil etish;

— global, mintaqaviy, mahalliy ekologik muammolarni hal etish hamda ekologik holatni barqarorlashtirish ishida jamoatchilikning faol ishtirokini har tomonlama kuchaytirish;

— atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

— aholining ekologik xavfsizligini hamda jamiyatda sog'lom turmush tarzini va tibbiy madaniyatini ommalashtirilishini ta'minlash, ekologik madaniyatini yuksaltirish, bunda yuksak ma'naviyat, ijtimoiy ong va tafakkur orqali milliy an'ana va qadriyatlarimizga amal qilib, ona-tabiatni asrab-avaylashga erishish;

— o'sib kelayotgan yosh avlodda ekologik ongni, bilimni shakllantirish hamda rivojlantirish, uzluksiz ta'lim tizimida ekologik ta'lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish asosida ekologik ta'lim samaradorligini yangi bosqichga ko'tarishda faol ishtirok etish;

— ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda faol ishtirok etish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga energiya va resurslarni tejaydigan, kam chiqitli, ekologik toza innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ko'maklashish;

— atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida O'zbekiston manfaatlarini himoya qilgan holda xalqaro va xorijiy ekologik tashkilotlar bilan aloqalarni izchil rivojlantirish hamda mustahkamlash yo'lida faoliyat yuritadi.

Atmosfera havosi musaffoligini ta'minlash uchun nima qilish kerak?

Dilfuza Muydinova,

O'zbekiston Ekologik partiya­si Markaziy Kengashi a'zosi:

— Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo'lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko'rsatkichlarini ekologik normativlarga mosligini ta'minlash bugungi kunning global muammolaridan biridir. Atmosfera havosining ifloslanishi inson, o'simlik, hayvonot, umuman, jamiki tirik mavjudotlarga zararli ta'sir ko'rsatadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, dunyoda o'n nafardan to'qqiz kishi ifloslangan havodan nafas olyapti. Yer yuzining 91 foiz aholisi havosi ifloslangan hududlarda yashamoqda. Odamlardagi yurak kasalliklarining 25 foizi, shol kasalligining 24 foizi, o'pka kasalliklari va o'pka saratonining 43 foizi ifloslangan havodan nafas olish natijasida kelib chiqmoqda. Atmosfera havosining ifloslanishi nafaqat inson, balki atrof-muhit, o'simlik va hayvonot dunyosiga ham salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Masalan, mutaxassislar tomonidan Qayrag'och tabiiy sharoitda 350-400 yil yashashi, shahar xiyobonlarida 120-220 yil serqatnov yo'llar atrofida esa 40-50 yil yashashi aniqlangan. Yirik sanoat, metallurgiya, kimyo, konchilik korxonalari atrofida (5 km radiusda) qishloq xo'jalik o'simliklarning hosildorligi 25-30 foizga, sifat ko'rsatkichlari esa 40-50 foizga kamayishi, avtomobil yo'l atroflarida yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari tarkibida esa qo'rg'oshin birikmalari hamda ayrim kimyoviy moddalar ruxsat etilgan me'yordan 5-10 barobarga ko'proq to'planishi aniqlangan.

Shu bilan birgalikda, atmosfera havosiga chiqarilayotgan issiqxona gazlari global isishga sababchi bo'lib iqlim o'zgarishlarini keltirib chiqarmoqda. Dunyo hamjamiyati, shu jumladan, mutaxassislar tomonidan bekorga bong urilmayapti. Dunyo miqyosida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlanmalar miqdori shu sur'atlarda ketsa, global isish va iqlim o'zgarishlari natijasi bashorat qilib bo'lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta'kidlanmoqda.

So'nggi yillarda atmosfera havosining ifloslanishida antropogen ta'sirning roli keskin ortib bormoqda. Ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko'payishi atmosferaga tashlanayotgan tashlanmalar miqdorining ortishiga sabab bo'lmoqda.

Birgina misol, 6 yil davomida ishlatilgan o'rtacha avtomobil atmosferaga 9 t SO2, 0,9 t SO, 0,25 t NOx i 80 kg uglevodorod chiqaradi. Avtomobil transportidan chiqayotgan tashlanmalar tarkibida inson salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi 200 dan ortiq moddalar — uglerod va azot oksidlari, uglevodorodlar, benzopiren, qo'rg'oshin, og'ir metallar va boshqa birikmalar mavjud. Yoki shaharda 100 mingta avtomobil bir paytning o'zida harakatlansa, million litr qaynoq suv chiqaradigan energiya bilan teng issiqlik chiqaradi. Shu bilan birgalikda avtomobil shovqinni kuchaytiruvchi manba ham hisoblanadi.

Yurtimizda 99,5 ming turg'un ifloslantiruvchi manbaga ega 3,5 mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalari hamda 2,816 mln.dan ortiq ko'chma ifloslantiruvchi manbalar, ya'ni avtomototransport vositalari mavjud.

Atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning umumiy miqdori 1991 yildan 2006 yilgacha qariyb ikki barobarga (1991 yil 3,81 mln. tonna, 2006 yilga kelib bu ko'rsatkich 1,92 mln. tonnani tashkil etgan) kamaygan bo'lsa, 2010 yildan 2018 yilgacha atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori qariyb 1,3 barobarga ortgan va 2018 yili 2,442 mln. tonnani tashkil etgan. Bundan 65 foiz yoki 1 mln. 560 ming tonnasi avtomototransport vositalari hissasiga to'g'ri keladi. Yirik shaharlarda, misol uchun Toshkent shahrida esa bu ko'rsatkich 80 foizni tashkil etadi.

Darhaqiqat, atmosfera havosi ifloslanishining ortib borishini Orol dengizi qurigan tubidan ko'tarilayotgan chang va tuz zarrachalari hamda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko'payishi, joylarda qurilish maydonlarida olib borilayotgan jadal ishlar bilan izohlash mumkin.

O'zbekiston Ekologik partiyasi atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida quyidagi eng muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim deb hisoblaydi:

Birinchidan, ko'kalamzorlashtirilgan hududlarni, ayniqsa, shahar va avtomobil yo'llari chetida yashil hududlarni kengaytirish. Yirik shaharlar atrofida “yashil qalqonlar” tashkil etish;

Ikkinchidan, yoqilg'ilar sifatini yanada yaxshilash hamda ekologik toza transport vositalarini ko'paytirish, shu jumladan, keng jamoatchilik uchun qulay bo'lgan veloyo'lakchalar tashkil etish;

Uchinchidan, iqtisodiyotning barcha jabhalarida yashil, ekologik toza, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, texnologik va ma'nan jihatdan eskirgan ishlab chiqarish korxonalarini rekonstruksiya qilish;

To'rtinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni amaliyotga keng tatbiq etish;

Beshinchidan, yangi qurilayotgan uylar va binolarni energiya va resurs tejamkor materiallardan foydalanib qurilishini ta'minlash;

Oltinchidan, atmosfera havosiga tashlanmalarning asosiy qismini chiqaruvchi ko'chma ifloslantiruvchi manbalarga nisbatan, doimiy manbalarga qo'llanilgan iqtisodiy mexanizmlarni qo'llash va bularni tegishli qonun va qonunosti hujjatlarida aks ettirish.

Havoning ifloslanishiga qarshi kurashning eng yaxshi usullaridan biri shaharlarni, tevarak-atrofni ko'kalamzor qilish: bog'u rog'lar, gulzorlar, madaniyat va istirohat bog'lari, xiyobonlar, daraxtzorlar, o'rmonlar barpo qilish, korxonalar va shunga o'xshash joylar atrofini ko'kalamzorlashtirish. Bularning hammasi sanitariya-gigiena va estetik jihatdan katta ahamiyatga ega bo'lib, shaharning qurilish-arxitektura kompleksiga qo'shilib, atmosfera havosini muhofaza qilishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Iliq va quyoshli kunlarda 1 gektar joydagi ko'kat va daraxtlar fotosintez jarayonida havodan 220-280 kg karbonat angidridni o'zlashtirib, 180-220 kg erkin kislorod chiqaradi yoki bo'yi 25 metr keladigan, 80-100 yil umr ko'rgan bir tup qoraqayin daraxti bir soatda 2 kg karbonat angidrid «yutib», 2 kg kislorod ishlab chiqaradi. Yana shu narsa ham hisoblab chiqilganki, bir gektar joydagi yashil o't-o'lan bir soatda 200 odam nafas chiqarganda hosil bo'ladigan karbonat angidridni o'zlashtiradi. Demak, yashil o'simliklar havoni karbonat angidriddan tozalab, kislorod bilan boyitadi.

Yashil o'simliklar shaharlarning mikroiqlimini ham yaxshilaydi. Daraxtlar issiq paytlarda atmosferaga ko'p miqdordagi suv bug'i chiqarib, kunduz kunlari havoning namligini 20—30 foizga oshiradi, haroratni esa bir necha daraja pasaytiradi.

Shaharlardagi yashil boyliklarning yana bir muhim va foydali xususiyati shuki, ular tovush va shovqinni 20 foizga yutadi (susaytiradi), daraxtlar qanchalik zich bo'lsa, shovqinni shuncha ko'p yutadi. Parklar, bog'lar, xiyobonlar inson organizmiga shifobaxsh ta'sir ko'rsatadi. Asablarni tinchlantiradi, ish qobiliyatini oshiradi. Shunday qilib, toza havo odamlarning sog'lig'iga ijobiy ta'sir ko'rsatib, organizmning turli yuqumli kasalliklarga qarshiligini oshiradi.

Demak, yashil o'simliklar odamlarning kislorodga boy sof havo bilan nafas olishiga imkon tug'dirishi bilan birga shaharliklarning dam olishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shahar ichidagi havoni musaffo holda saqlaydi.

O'zbekiston Ekologik partiyasining saylovoldi dasturida ham atmosfera havosining musaffoligini ta'minlashga qaratilgan dasturiy vazifalari mavjud. Xususan, mamlakatimizning yirik va sanoati rivojlangan shaharlarida atmosfera havosiga chiqarilayotgan uglerod, azot birikmalari, metan va boshqa gazlar chiqarilishini hamda chang miqdorini 1,5 barobar kamaytirish orqali atmosfera havosining sifat ko'rsatkichlarini belgilangan me'yorlar darajasiga keltirish va ularning aholiga salbiy ta'sirini kamaytirish, shular jumlasidandir.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, ona tabiatni asrash, ekologiya va aholi salomatligini saqlash bilan bog'liq dolzarb muammolarni hal etish hamda kelajak avlodlarning musaffo muhitda yashash huquqini kafolatlash ishlarida faol ishtirok etish barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.

Aholining ekologik savodxonlik darajasini oshirish, ekologik ma'lumotga ega bo'lishini ta'minlash — davr talabi

Maktuba Mirtursunova,

O'zbekiston Ekologik partiya­si a'zosi:

— Biz aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik jihatdan yuksak ma'naviyatli va madaniyatli bo'lishi tarafdorimiz.

Partiya jamiyatda ekologik madaniyat darajasini yuksaltirish, mamlakatning noyob tabiatini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylashda fuqarolik mas'uliyatini yanada oshirish bugungi kunda ekologik barqarorlikni ta'minlash va atrof-muhitga salbiy texnogen hamda antropogen ta'sirning oldini olishni muhim va dolzarb masalalaridan biri, deb hisoblaydi.

Ushbu masalaning yechimini topishda O'zbekiston Ekologik partiyasi aholining va o'sib kelayotgan yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish, ekologik ongi va ekologik madaniyatini shakllantirish hamda rivojlantirish, ekologik ta'lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etishga yo'naltirilgan ishlarda keng jamoatchilikning faol ishtirokini muhim deb hisoblaydi.

O'zbekiston Ekologik partiyasi mazkur yo'nalishda quyidagilarga yo'naltirilgan davlat dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etadi:

O'zbekiston Respublikasida Ekologik ta'limni rivojlantirish konsepsiyasini hayotga izchil va samarali tatbiq etish;

ekologiya sohasidagi mutaxassislarning malakasini, shuningdek, ishlab chiqarishning turli tarmoqlari, iqtisodiyot va boshqaruv, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari va rahbar-kadrlarining ekologik bilim saviyasini oshirishning samarali tizimini yaratish;

ekologik ta'lim-tarbiya jarayoniga masofadan turib o'qitish uchun axborot resurslarini yaratishni o'z ichiga olgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

yoshlarning ekologik ta'lim-tarbiyasi masalalarida oila, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va ta'lim muassasalarining sa'y-harakatlarini birlashtirish.

Aholining ekologik madaniyatini oshirish vazifasini hal etish uchun O'zbekiston Ekologik partiyasi xalqimizning doimo tabiat va inson uyg'unligiga erishishni ta'minlashga intilish, kelgusi avlod uchun uni asrab-avaylash, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejamli foydalanishdek asriy an'analar va qadriyatlardan iborat madaniy hamda tabiiy merosga tayanishni muhim deb hisoblaydi.

O'zbekiston Ekologik partiyasi ushbu vazifalarni davlat organlari, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikda bajaradi.

Mavjud ekologik muammolarga jamoatchilikning e'tiborini qaratish, ularni izchil hal etishning eng maqbul yo'llarini jamoatchilik muhokamasini tashkil etish, atrof-muhitni muhofaza qilish holati haqida fuqarolarning haqqoniy ekologik ma'lumotga ega bo'lishini va tezkor axborot bilan ta'minlash maqsadida O'zbekiston Ekologik partiyasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi hamda o'zining bosma ommaviy axborot vositalarini, Internet resurslarini va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tashkil etadi.

O'zbekiston Ekologik partiyasi atrof tabiiy muhit muhofazasi sohasida resurs va energiya tejovchi ekologik toza texnologiyalar borasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirishda tashabbuskorlarni, olim va mutaxassislarni qo'llab-quvvatlagan holda fan va ta'lim sohasiga sarflanayotgan mablag'lar mamlakatimizda ekologik madaniyati yuqori, yuksak intellektual jamiyatni shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo'ladi, deb hisoblaydi.

O'zbekiston Ekologik partiyasi doimiy ravishda:

aholining atrof-muhit holatini yaxshilash, fuqarolar sog'lig'ini muhofaza qilish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma'lumotlarni olish imkoniyatini ta'minlashga;

ekologik ta'lim va tarbiya tizimini, shuningdek, bar­qaror rivojlanish maqsadlari uchun ta'limni rivojlantirishga;

mamlakatimizning noyob tabiati xalqimiz tarixiy merosining ajralmas qismi sifatida kelajak avlodlar uchun, uni har bir fuqaro tomonidan asrab-avaylashiga intiladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi sog'lig'ini saqlash masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhim

Mohira Xodjayeva,

O'zbekiston Ekologik partiya­si a'zosi:

— O'zbekiston Ekologik partiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari chegara bilmasligini hisobga olgan holda, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi sog'lig'ini saqlash masalalarida aloqalarni izchil ravishda rivojlantiradi hamda mustahkamlaydi.

O'zbekiston Ekologik par­tiyasi O'zbekiston xalqaro huquqning teng huquqli a'zosi ekanligini inobatga olgan holda, ekologik xavfsizlikni ta'minlash va barqaror rivojlanishga doir samarali xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga o'z hissasini qo'shadi.

Partiya yaqin qo'shni davlatlar bilan yuritilayotgan ochiq, do'stona va pragmatik davlat siyosatini ma'qullaydi, mintaqamizdagi barcha muhim siyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni o'zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, amaliy muloqot va xalqaro huquq normalari asosida hal etish tarafdoridir.

O'zbekiston Ekologik partiyasi yuqorida qayd etilgan maqsadlarga erishish uchun asosiy e'tiborni:

— Orolbo'yini “Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” deb e'lon qilish bo'yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish uchun ko'maklashishga;

— BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosida Trast jamg'armasi faoliyatini qo'llab-quvvatlash, xalqaro hamda xorijiy moliya institutlari mablag'larini jalb qilish bo'yicha tadbirlarni o'tkazish va amalga oshirilgan loyihalarni tizimli monitoringini o'tkazishga;

— Shanxay Hamkorlik Tashkilotining mintaqada atrof- muhitning ifloslanishini kamaytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilishni, aholi salomatligini saqlashni nazarda tutuvchi “yashil belbog'” dasturi qabul qilinishini qo'llab-quvvatlash hamda uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga;

— ekologik masalalar bo'yicha imzolangan konvensiyalar hamda ikki va ko'p tomonlama shartnoma va memorandumlar bo'yicha O'zbekiston tarafi o'z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlanishiga hamda istiqbolli yangi xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilishda va takomillashtirishda ishtirok etishga;

— turli xalqaro ekologik tadbirlarni tashkil etish, ularda partiya vakillarining ishtirokini ta'minlash hamda tadbirlarning yakuniy hujjatlarida O'zbekiston Respublikasining manfaatlari va pozitsiyasini har tomonlama himoya qilishga;

— milliy qonunchilikka xalqaro ekologik standartlarni va me'yorlarni singdirish va rivojlangan mamlakatlarning amaliyotini tatbiq etishga;

— O'zbekistonda “yashil iqtisodiyot” va “aqlli qishloq xo'jaligi” dasturlarini hayotga tatbiq etish bo'yicha ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish hamda joriy etishga;

— atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ustuvor dastur va loyihalarni investitsiyalashga xalqaro moliya institutlarini jalb qilishga qaratadi.

Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lishning oldini olish choralarini kuchaytirish shart

Alijon Jalilov,

O'zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati partiya tashkiloti rahbari:

— Mamlakatimizda so'nggi yillarda ko'plab progressiv va zarur islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, o'ta muhim masala hisoblangan omillardan bo'lmish insonlar tomonidan hayvonlarning o'zaro munosabatlari lozim darajada tartibga solinmagan. Uy hayvonlariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo'lish, qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam ko'rsatish borasida maqsadli dasturlarning yo'qligi bugungi kunning afsuski qayg'uli ayni haqiqatidir.

Boshqa tirik mavjudotlarga nisbatan shafqatsizlik odamlarga nisbatan ham bunday munosabatni keltirib chiqarishi, jamiyatning ma'naviy qadriyatlari va odob-axloq normalarini hamda insonparvarlik prinsiplarining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Kriminologiya, psixologiya, sud psixiatriyasi sohasidagi olimlarning o'tkazgan tadqiqotlari shuni ko'rsatadiki, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'layotgan shaxs­lar ko'pincha potensial jinoyatchilar bo'ladilar va huquq-tartibot organlarining jiddiy e'tiboriga loyiqdirlar. Tadqiqotlarning ko'pchiligi shuni ko'rsatadiki, manyak-qotil 8-12 yoshdanoq shakllana boshlaydi.

Kriminologiya, psixologiya, sud psixiatriya sohasidagi olimlarning fikrlarga ko'ra, agar ilgari bolalarning hayvonlarni tahqirlashi, asosan, oiladagi nomaqbul vaziyat tufayli tarbiyadagi nuqson sifatida talqin etilgan bo'lsa, hozirgi kunda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik va tajovuzkor bo'lgan shaxslar aksariyat hollarda jinoyat sodir etishga moyil bo'lib, qotil sifatida 8-12 yoshdan shakllana boshlaydi.

Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo'lishning ijtimoiy xavfliligi, hayvonlarni, ayniqsa, voyaga yetmaganlar ko'z o'ngida yo'q qilish yoki ularga shikast yetkazishdan, umum­e'tirof etilgan insonparvarlik prinsiplarini qo'pol buzishdan iborat. Sodir etilgan jinoyat voqea shohidlari va hayvonlarning egalariga axloqiy, ruhiy ziyon yetkazadi.

«Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyatining statistik ma'lumotlariga ko'ra, 2014-2018 yillarda faqatgina Toshkent viloyati va Toshkent shahrida fuqarolardan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish haqidagi 4 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Bunday tashvishli holatlar respublikaning aksariyat viloyatlarida kuzatilib, ularning statistikasi yildan-yilga o'sib bormoqda va 2014 yilda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish xolatlari 494 tani, 2016 yilda 720 tani, 2018 yilda esa 1014 tani tashkil qilgan.

Ekoharakat deputatlar guruhi a'zolarining tashabbusi bilan joriy yilning may oyida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lganlik uchun Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 111-moddasida belgilangan ma'muriy javobgarlik kuchaytirilib, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish ularning o'limiga yoxud mayib bo'lishiga olib kelsa, jarimani eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdori eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha oshirildi. Shuningdek, modda yangi ikkinchi qism bilan to'ldirilib, xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo'lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo'lsa, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o'n besh sutkagacha ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo'lish belgilab qo'yildi.

Ammo shunga qaramasdan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish holatlari hamon qayd etilmoqda.

Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish brigadasi vakillari tomonidan hayvonlarga nisbatan benihoya shaf­qatsizlik ko'pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko'z o'ngida sodir etilmoqda. Hayvonlarni tutishda azob beruvchi, shafqatsiz usullardan, shu jumladan, qo'l-oyoqlarni uzib olish, turli qattiq predmetlar bilan kaltaklash qo'llanilmoqda.

Ushbu muammo bo'yicha xalqaro tajribani o'rganish shuni ko'rsatadiki, bir qator mamlakatlarda masalan, Belarus, Rossiya, Qozog'iston, Ukraina kabi davlatlarning Jinoyat kodekslarida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish bilan bog'liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Hindiston va boshqa davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish jinoyat deb hisoblanadi va katta miqdorda jarima solishga yoki ozodlikdan mahrum qilish ko'rinishidagi jazo qo'llanilishiga sabab bo'ladi

Yuqoridagilarga asosan, ko'rilayotgan choralar, shu jumladan qabul qilinayotgan qonunlar hayvonlarga nisbatan insonparvarlik madaniyatini va mas'uliyat hissini shakl­lanishiga xizmat qilishi darkor.

Jamiyatimizda bunday xolatlarga chek qo'yishning huquqiy aoslarini takomillashtirish O'zbekiston Ekologik partiyasi oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ushbu choralar, shu jumladan qabul qilinayotgan qonunlar hayvonlarga nisbatan insonparvarlik madaniyatini va mas'uliyat hissining shakllanishiga xizmat qilishi kerak.

O'zbekiston Ekologik partiyasi ushbu vazifani amalga oshirish uchun hokimiyatning vakillik organlaridagi o'z deputatlari orqali:

— mazkur muammo yuzasidan bildirilgan jamoatchilik fikrini hamda xalqaro tajribani hisobga olgan holda, O'zbekiston Respublikasining «Hayvonlarni shavqatsiz munosabatdan himoya qilish to'g'risida»gi qonun loyihisini ishlab chiqish va qabul qilinishini;

— hukumat darajasida hayvonlarni, shu jumladan, qarovsiz hayvonlarni zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha tegishli qaror va uzoq muddatli istiqboldagi umumdavlat maqsadli Dasturini qabul qilinishini;

— aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalariga rioya qilishning nazoratini kuchaytirish, qarovsiz hayvonlarni vaqtincha saqlash uchun boshpanalar yaratish, hayvonlarning o'ta xavfli va yuqumli kasalliklarini aniqlash, bartaraf etish va ogohlantirish bo'yicha tashkiliy va maxsus veterinariya tadbirlarini amalga oshirishni ta'minlaydi.

O'zbekiston Ekologik partiyasidan ko'rsatilgan nomzodlarga ovoz bering!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − two =