Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, tadbirkorlikka oid qonun va tartiblarni yanada erkinlashtirish tarafdorimiz!

Kuchli va adolatli ­jamiyat sari

Millatning gullab-yashnashiga faqat kuchli va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etilgan sharoit­dagina erishish mumkin. Bunda barcha qarorlarni qabul qilishda fuqarolar va ularning birlashmalari fikrlari inobatga olinadi.

Ayni paytda partiya ijtimoiy sheriklik va jamoat nazorati ins­titutlarining izchil kuchaytirilishi, boshqaruv funksiyalarining aksariyatini xalq­ning o'ziga, jamoat birlashmalariga, o'zini o'zi boshqarish organlariga, fuqarolik jamiyatining bosh­qa institutlariga berilishi tarafdoridir. Partiya sohaga oid milliy qonunchilik, huquqni qo'llash amaliyotining chuqur tahlili va ilg'or xorijiy tajribani o'rganish asosida qu­yi­dagilarni taklif etadi:

— nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeksni qabul qilish hamda xalqaro amaliyotda keng tarqalgan jamoatchilik nazoratining samarali va ta'sirchan shakllarini joriy etish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini qonunda batafsil belgilab qo'yish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonunni qayta ko'rib chiqish;

— mamlakatda fuqarolik jamiyati rivojlanishini, jamiyat ins­titut­larining davlat organlari va tashkilotlari bilan o'zaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va siyo­siy-huquqiy jihatdan rivojlantirishga qo'shayotgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish hamda kelgusi besh yillikda mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish konsepsiyasini qabul qilish.

Partiya jamiyatda adolat tantanasi tamoyili amalga oshirilishini ta'minlovchi fuqarolik ins­titutlarining keng tarmog'i shakllantirilishi tarafdoridir. Biz davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o'ta muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, yangi innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish choralarini qo'llab-quvvatlaymiz. Bu yo'nalishdagi ustuvor vazifamiz — fuqarolik jamiyati ins­titutlarining hayotiy muhim muammolarni hal qilish, mulkdorlar sinfi manfaatlarini himoyalash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish.

O'zini o'zi boshqarish organlarining faoliyatini har tomonlama yaxshilash — to'g'ridan-to'g'ri demokratiya­ni amalga oshirishning asosiy yo'lidir. Biz jamoat bosh­qaruvida mahalla faoliyati ahamiyati va samaradorligini oshirish, uni xalqqa amaliy yordam ko'rsatuvchi mustaqil, kuchli va ta'sirchan fuqarolik institutiga aylantiramiz.

O'ZBEKISTON: Inson manfaatlari ta'minlangan huquqiy davlat

Ustuvor vazifalarimizdan biri — dunyodagi “qonun ustuvorligi indeksi” yuqori darajada bo'lgan 30 ta davlat qatoriga O'zbekistonning kirishini ta'minlash va aholining adolatli sudlovga ishonchini oshirish. Insonning fundamental huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sudlov holatini tubdan yaxshilash kabi masalalarga alohida e'tibor qaratish.

Biz sudga bo'lgan ishonch va hurmatni yuksaltiramiz. Biz uchun sud faoliyati va mustaqilligining eng muhim mezoni — fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalangani, adolatli sudlov ta'minlangani, yakuniy va barqaror sud qarorlarining qabul qilinganidir.

Biz sudlar faoliyati ochiqligi va oshkoraligining kuchaytirilishi, “elektron va raqamli sud” konsepsiyasining amalga oshirilishi, sudlar tomonidan o'z faoliyati haqidagi hisobotlarning xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etilishi, mahalla, korxona va tashkilotlarda ko'chma sud yig'ilishlari o'tkazilishini — adolatli sudning garovi, deb bilamiz.

Partiya sud tizimini takomillashtirish va mustahkamlash, adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari suradi:

— xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlik va tadbirkorlarni ishonchli himoyalashni ta'minlashda sudlarning rolini kuchaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning ko'chmas mulklarini buzish, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari va xususiy mulk ob'yektlarini olib qo'yish hamda tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan litsenziyalarni bekor qilish bo'yicha qarorlarning faqat sud tomonidan qabul qilinishi, tadbirkorlik sub'yektlarining davlat organlari harakati yoki harakatsizligi oqibatida ko'rgan zararlari borasidagi da'volari muddatlarini bekor qilish va muddatsiz ekanini kafolatlash, shu maqsadda “Sudlar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining qonuniga tegishli qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish;

“Xabeas korpus” institutining qo'llanilishi sohasini yanada kengaytirish, sud mustaqilligini ta'minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakolatlarini qayta ko'rib chiqib, optimallashtirish. Prokuratura organlarining sud hujjatlari bo'yicha protest keltirish vakolatlarini bekor qilib, ularni tegishli qarorlar bo'yicha shikoyat qilish huquqiga almashtirish, prokuratura vakolatlaridan unga xos bo'lmagan vazifalarni chiqarib tashlash, tegishli vakolatlarni ijro hokimiyatiga berish. Prokurorlarning maqomi, ularning mus­taqilligini ta'minlash masalalari, tanlash va xizmat pog'onalaridan o'stirishning xolis mezonlari qonunda aniq belgilangan bo'lishi, hokimiyatlar bo'linishining Konstitutsiyaviy tamoyilidan kelib chiqib Majburiy ijro byurosini Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o'tkazish zarur;

— viloyatlar miqyosidagi sudlarni optimallashtirish, birlashtirish, yagona sud raisi bo'ysinuviga o'tkazish. Xususan, ma'muriy sudlar tomonidan ommaviy, moddiy huquqqa oid ishlar ham amalda ko'rib chiqilayotganini inobatga olib, ularning maqomini qayta ko'rib chiqish;

— sud buyrug'i institutini takomillashtirish, uning ayrim turlari o'rniga sudgacha hal etish mexanizmlarini joriy etish hamda boqimanda qarzdorlikni sud or­qali undirish masalasi va mexanizmlarini qayta ko'rib chiqish;

— xalqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalari ustunligi borasidagi konstitutsiyaviy tamoyilni hayotga izchil tatbiq etish, sudlar fao­liyatida xalqaro huquq va O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridagi tamoyillar va normalarning keng­roq qo'llanishiga erishish;

— sud tergovi institutini takomillashtirish, Sudyalar oliy kengashi vakolatlari va maqomini qayta ko'rib chiqish, uning qaror va xulosalariga nisbatan nomzodlarning shikoyat qilish huquqini nazarda tutish.

Maqsadimiz — sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya­lash. Tergov va sudning barcha bos­qichlarida, jinoiy, fuqarolik, ma'muriy va xo'jalik ishlarini ko'rib chiqishda advokatning rolini oshirish asosiy vazifalarimizdan sanaladi.

Advokatura va yuridik xizmatlar ko'rsatish ins­titutlarini rivojlantirish maqsadida partiya quyidagilarni taklif etadi:

— Advokatlar palatasining mus­taqilligini amalda ta'minlash, uning huzurida Advokatlar akademiyasini tashkil etish, advokat maqomini olish uchun qo'yilgan stajirovka muddati haqidagi talabni bekor qilish, adliya tizimining advokatura sohasiga aralashuviga chek qo'yish;

— advokatura instituti mustaqilligi, advokatlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoyasini ta'minlash, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ularning haq-huquqlari buzilgani to'g'risidagi shikoyatlarini ko'rib chiqish va tegishli baho berish masalalarida parlamentning roli va ahamiyatini oshirish. Shu maqsadda Oliy Majlis quyi palatasida advokatura institutini mustahkamlash komissiyasini tashkil etish;

— nodavlat notariat instituti fao­liyatini qayta tiklash, keng yo'lga qo'yish, notarial harakatlarning masofadan turib, interaktiv — elektron xizmat ko'rinishidagi faoliyat sohasini kengaytirish, notariuslarning nodavlat birlashma shaklidagi hamjamiyatini tuzish hamda Notariat to'g'risidagi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish;

— yuridik xizmat ko'rsatish sohasini yanada takomillashtirish, “Shart­nomaviy huquqiy baza va yuridik xizmat to'g'risida”, “Tekin yuridik yordam to'g'risida”gi qonunlarni hamda yaxlit huquqiy himoya konsepsiyasini ishlab chiqish, aholi ongida advokatura va notariat institutlarining xizmat ko'rsatuvchi sub'yektlar ekani to'g'risidagi qarashni shakllantirish, ushbu sohada xususiy sektor rolini oshirishga erishamiz.

Korrupsiya — davlat inqiroziga yo'l ochadi

Maqsadimiz — korrupsiya ustidan g'alaba qozonish, mamlakatimizning korrupsiyani rad etadigan va bu borada “nol toqatlilik”ka erishgan davlatlar qatoriga kirishiga erishish. Bu borada biz quyidagilarni taklif etamiz:

— siyosiy arboblar va davlat xizmatchilarining mablag'lari va mol-mulklari haqidagi ma'lumotlarni ochiqlashtirish va deklaratsiya qilishning yangi tizimini joriy qilish;

— davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to'qnashuvini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to'g'risida”gi qonunni va elektron xaridlar tizimini takomillashtirish;

— jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha huquqiy va tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, qonunchilikdagi jazoni og'irlashtirish yoki yengillashtirishga oid normalarni qo'llash jarayonidagi inson omilini bartaraf etish;

— rahbarlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, parlamentga hisobdor, Prokuratura, IIV, DXXdan mustaqil faoliyat yuritadigan alohida davlat organlari — Korrupsiyaga qarshi kurash va Tergov departamentlarini tashkil etish;

— parlament palatalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitalarining vakolat va funksiyalarini kuchaytiramiz.

Liberal qonunlar huquqiy madaniyat ­belgisi

Biz ma'muriy, jinoyat, jinoyat-protsessual va xo'jalik qonunchiligini yanada erkinlashtirish, ayrim jinoiy harakatlarni kriminallashtirishdan xoli qilish, tadbirkorlik sub'yektlari javobgarligini liberallashtirish, jinoiy jazolar va ular ijrosini insonparvarlashtirish tarafdorimiz.

O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish, yuvenal yustitsiyani rivojlantirish, mulkchilik to'g'risidagi qonunchilikni tubdan takomillashtirish, dunyoda tan olingan yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakl­lari, xo'jalik yurituvchi sub'yektlar huquqiy maqomlari, autsorsing mexanizmini joriy etish kabi ilg'or tajribalarni qonunchiligimizga implimentatsiya qilishni taklif etamiz.

Fuqarolarning huquqiy bilimlari va ongini yuksaltirish, jamiyatda qonunni hurmat qilish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ushbu yo'nalishda davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati ins­titutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o'zaro samarali hamkorligi tashkil etilishini muhim, deb bilamiz. Shaxsiy tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash maqsadida “qonunda taqiqlanmagan barcha narsa mumkin” tamoyilini hayotga tatbiq etishni taklif etamiz.

Nuriddin Murodov,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi kotibiyat mudiri.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =