Erkatoyning otasi

Oilaning kichik farzandi Akmal bolaligidan erka bo'lib ulg'aygandi. Uning xarxashasiga ota-onasi doim quloq tutardi. Nima desa yo'q deyishmasdi. U hozir 6-sinf o'quvchisi. Uni otasi maktabga tashlab qo'yarkan:

– O'g'lim, maktabda seni hech kim xafa qilmayaptimi? Agar birortasi xafa qilsa menga ayt! – dedi.

– Xo'p…

Ertasi kuni Akmal maktabga yaqinlashganda uyga berilgan vazifani bajarmagani esiga tushib qoldi. Lekin shahdam qadamlar bilan sinfga kirdi. O'qituvchi hammadan birma-bir uyga berilgan vazifani so'radi. Buning ustiga, matematika fani o'qituvchisi Ergash aka o'ta qattiqqo'l ustoz edi. Navbat Akmalga keldi.

– Xo'sh, Akmal, qani o'rningdan tur-chi, uyga berilgan vazifani uddaladingmi?

– Haligi, ustoz, kecha uyda chiroq bo'lmadi-da…

– Bu nima deganing? Hammaning uyi­da bor chiroq senlarnikida o'chib qoldimi?! Bilib qo'y, o'qib o'rganganing o'zingga foyda. O'tir, ikki.

Akmalning xunobi oshib, o'rniga joylashib o'tirdi. Dars tugagach, barcha o'quvchilar uylariga shoshildi. Shu qatori Akmal ham. Uyiga kirdi-yu otasiga arz qila ketdi.

– Anavi Ergash domla boru, mani urishib tashladi. O'rtoqlarimni oldida izza qildi.

– O'g'lim, urishgan bo'lsa, seni yaxshi o'qisin degan. Bilim olsang nimasi yomon, – dedi onasi. Shunda ota o'g'lining yonini oldi:

– Nimalar deyapsan? Sen jim bo'l! Axir, mening bolamni urishishga hech kimning haqqi yo'q. Bu ishimni davomchisi, xususiy korxonamni shunga ochdim-ku! O'g'lim, xafa bo'lma, ertaga gaplashamiz…

Ertasi kuni ota-bola o'qituvchi oldiga borishdi. Otasi Ergash o'qituvchiga dakki bergandek bo'ldi.

Oradan oylar o'tdi. Ergash o'qituvchi bilganidan qolmadi. Yo'q, bunga ko'nmagan “mehribon” ota ustozdan o'ch olmoqchi bo'ldi. O'shanda har kungidek Ergash o'qituvchi o'z xayollari bilan bo'lib, maktab tomon ketardi. Uni noma'lum shaxs chaqirig'i sergaklantirdi.

– Mashinaga o'tir, gap bor!

– Hozir darsim bor, seni esa tanimayman, yo'lingdan qolma!

– Kuch ishlatishga majbur qilma!

Har tomondan kelib tushgan zarbalardan ustoz yerga qulab tushdi. Uni mashinaga o'tqazib, ovloq joydagi omborxonaga olib borishdi…

Ergash akani ham so'raydiganlar bor ekan, oradan vaqt o'tib, o'z-o'zidan “yo'qolib qolgan” Ergash o'qituvchi topildi… O'quvchilari uni o'zgacha mehr bilan qarshi olishdi.

Aslida, “mehribon” ota ustozni qo'rqitib qo'ymoqchi edi. Lekin u o'ylaganchalik bo'lmadi. Oqibatda mahalla-ko'y oldida o'zi sharmanda bo'ldi. Unga qonuniy chora ko'rildi.

Bola aziz, qilig'i undan aziz, lekin…

Hayot saboqlari. Yaxshilik qilaman, mehr ko'rsataman deb o'zi sevgan, yeru ko'kka ishonmagan farzandini yoshligidan taltaytirib, aytganini darhol muhayyo qiladigan ota-onalar kelajakda o'z qo'llari bilan ana shu farzandining hech narsaga yaramaydigan boqimanda odam bo'lib qolishini nahotki bilishmaydi? Buning uchun albatta peshona devorga tegishi shart­mi?

Siz nima deysiz aziz, gazetxon?

Muhammadsodiq To'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 12 =