Chirog'i yoniq ko'ngillar
Darvoza oldida ikki ayol odatdagidek suhbat qurib o'tirishardi. O'rtalarida bir xaltachada pista. Ana endi ko'ring, o'tganning o'rog'iyu ketganning ketmoni degandek… Mahalladagi “yangi xabar”larning hammasi shularda. Kimning qizi uyiga qaytib keldi, kim ichib kelib to'polon qildi… Bunaqa “tezkor xabar”lar qanaqa qilib ularning qulog'iga yetib kelganiga hayron qolasan kishi.
Ko'chaning boshida mahalla kotibi Tohir aka ko'rindi.
— Ha, yana pul yiqqani kelayotgandir-da, — deya gap boshladi ulardan biri Maktuba. — O'tgan hafta suv yo'q edi. Bir payt biznikiga kirib kelyaptilar. “Kelin, yorilgan suv quvurini yangilayotgan edik. Shunga, ataganingizni opchiqing” dedilar. Bir tiyin ham bermadim. “Men ishlamasam. Erimning yigirma besh minggiga qarab qoldingizmi? Boring, boylardan so'rang”, deb chiqarvordim.
Shu orada kotib ularga yaqinlashdi va so'rashgan bo'ldi.
— Xo'jayin uydamilar? — dedi darvozani ko'rsatib.
— Xo'jayin bola-chaqa boqaman, deb ishga ketganlar. Nima gapingiz bor edi? Aytib qo'yaman.
— Bilasiz, mahalla ko'chalarida tungi chiroqlar yo'q. Shunga bir erkaklar bilan yig'ilishib, shu masalani hal qilmoqchi bo'lib yuribmiz. Kelsalar kech sakkizlarda idoraga chiqsinlar.
— Yana pul yig'moqchimiz, deb qo'ya qolsangiz bo'lardi-yu, — dedi Maktuba ensasi qotgandek bo'lib. — O'zi ishingiz faqat pul yig'ish bo'lib qolibdi. Nima, mahallada, tegishli tashkilotlarda pul yo'qmi? Qachon qarasa shu ahvol!
— Hozir yoz, kun uzun, ertaga qishli-qirovli kunlarda bolalarimiz qiynalmasin deymizda. Tungi chiroqlar yonib tursa, yaxshi-ku!
— Shu tungi chiroqlarni o'rnatadigan tashkilot yo'qmi? Nega buncha odamlarga og'irligizni tashlaysizlar. Endi portalga yozamiz, — deya gapga qo'shildi Sohiba pistasini chaqishdan to'xtamay.
— Ey, kelin, qanaqasizlar o'zi? Portalchilar kutib turibdi xatingizni! Darrov kelib o'rnatib berishadi. Axir, qishloq bizniki. Obod bo'lsa hammamizga yaxshi emasmi? Tashqaridan birov kelib obod qilib bermaydi-ku?! — dedi-da, kotib “senlarga gapirganning foydasi yo'q” degandek qo'lini siltab, qo'shni uyning eshigini qoqdi. Birozdan so'ng nafaqadagi Nazira xolaning darvoza oldida turib o'qigan duosi eshitildi. “Ishlaringizning Alloh barakasini bersin. Farzandlaringizning kamolini ko'ring… Kam bo'lsa ham pensiyamdan ataganim. Hech bo'lmasa, lampochkasiga qo'sharsizlar. O'g'limga aytaman, albatta, qarashadi. Bunday ishlarga hissa qo'shish savob-ku”. Kampir qo'yarda qo'ymay, kotibga pul tutqazdi. Bu voqeani kuzatib turgan haligi pistaxo'rlarning lablari burishib ketdi…
Odamzod shunday yaralganki, uning orzulari cheksiz. Bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq yashashga intiladi. Lekin hamma ham bir xil fikrlamaydi. Yuqoridagi ziqna ayollar kabi o'n so'm tejayman deb, yuz so'm zarar ko'radiganlar ham topiladi.
Obodlik ko'ngildan boshlanadi, degan gap bejiz aytilmagan. Oila davrasida hayotdan nolisak, farzandlarimizga ham shu xususiyatimiz o'tayotganini sezmay qolamiz. Odatda chiroyli ko'chalarni, obod mahallalarni ko'rganimizda havasimiz keladi. Mana shunday joylarda uyimiz bo'lishini orzu qilamiz. Lekin o'sha yerni, aslida, mana shu mahalla egalari yelib-yugurib obod qilishganini ko'p ham fahmlayvermaymiz.
Yaqinda bir hodisaning guvohi bo'ldik. Qabristonga hasharga aytgan ko'chaboshi xonadondan mulzam bo'lib chiqdi.
— Bizning yaqinlarimiz bu qabristonga qo'yilmagan. Ketmonni joyiga qo'y. Bormaysan. Endi bir kami qilmagan shu ishing qoluvdi, — dedi ota uydan ketmon ko'tarib hasharga otlanayotgan o'spirin o'g'lini to'xtatib.
— Dada, tez qaytaman. O'rtoqlarim bilan kelishib qo'ygan edik, — dedi o'g'il va darvoza oldidan ketmay otasining roziligini kutdi. Ota cho'ntagidan mashina kalitini olib “yuv” degandek o'g'liga otdi. O'g'il noiloj ortiga qaytdi.
So'ng ota-bola ancha yillar avval bandalikni bajo qilgan bobolarini ziyorat qilish uchun qabristonga borishdi. Qabriston ozoda, gullar ekilgan ekan. Bu gullarni kim ekkaniga aqllari yetmabdi…
Mahalla — Vatan ichidagi Vatan. Har bir inson o'zi yashab turgan zaminni obod qilishda hissa qo'shsa, bu uning vatanga bo'lgan mehrining bir nishonasi. Sharqda yozilmagan qonunlar, urf-odatlarimiz, ananalarimiz bor. Bu an'analar asrlar davomida avloddan-avlodga o'tib kelmoqda. Farzandlarimizni ko'nglimizni obod qiluvchi, hayrli ishlarga bosh qo'shuvchi, saxovatpesha qilib tarbiyalash har birimizning burchimiz-ku, shunday emasmi?
Gulchehra Akromova.