Har xayrda bir hikmat

Bu voqea 5-6 yil avval bo'lgandi…

Hurbuvi opa hokim o'rinbosari oldidan hafsalasi pir bo'lib chiqdi. “O'ttiz sotix yerga yetti ming dollar so'radi-ya, noinsof! Qoidasi shunaqa emish. Bunaqa qoidalarni senga o'xshagan tekintomoqlar chiqargan. Bir dehqon omoch bilan, yettovlon cho'mich bilan deganday, deh­qon-fermerdan so'rovchi ko'p. Biz bir nima so'rasak, mana ahvol!..”. O'ziga o'zi gapirib, piyoda ancha yurib qo'yganiniyam bilmadi. Mashinaning tanish signalidan o'ziga keldi. Xo'jalik hisobchisi Murodjon ekan.

— Ha, opa, tinchlikmi, ikki-uch signal berdim, qaramadingiz? — dedi u “Neksiya”ning orqa eshigini ochib, opani taklif qilarkan. — O'sha masalami?

— O'sha masala! Lekin bu ahvolda bitadiganga o'xshamaydi. Yetti ming so'rayapti, ko'k emish! Ana bo'lmasa, beli og'rimaganning non yeyishini ko'ring…

— Nima qilmoqchisiz endi?

— Bularga beradigan pulim yo'q. Undan ko'ra, o'sha pulni biror ehtiyojmandga, kontrakt pulini to'lolmay qiynalayotgan talabaga bersam, o'rniga tushadi… Uyda bolalar, xo'jayin bilan maslahat qilganda, katta o'g'lim: “Qo'ying, shu ishni, sizga nima yetmayapti? Mana, biz bormiz. Xo'jalikni kenjangiz yuritib turgan bo'lsa… Kerak bo'lganda, zavodniyam o'zi qurib olaveradi”, deb qarshi bo'lgandi. Men uyda o'tira olarmidim. Bir kun o'tirsam, mazam qochadi-ku! Kuchim yetguncha, xayr-savobi bor ishga qo'l urgim keladi, nima qilay, deb hokimiyatga borgan kunim edi. Yaxshi rejangiz bor ekan, o'n-o'n beshta ish o'rni ochilsa, mahalliy aholini sut mahsulotlari bilan ta'minlasangiz, bu bizgayam ma'qul, degan gapni eshitarman deb o'ylovdim, afsus…

— Savob ishlar uchun pulni ayamasligizni hamma biladi, opa! Baribir ularga hech bo'lmaganda, yarmini bermasangiz yer ololmaysiz, — dedi-da, Murodjon mashinani ofis yoniga to'xtatdi.

Hurbuvi opa ichkari kirishi bilan ko'zlari kulib turadigan kotiba qizni ko'rib, biroz ko'ngli yorishdi. “Qiz bola “shayton” bo'ladi deganlari shumikan, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Shu qizni ko'rishim bilan hamma tashvishim unut bo'ladi-ya…”.

Opaning to'rt o'g'li bor. Hammasini o'qitib, uyli-joyli qildi. Ishlari tayin, obro'-e'tibori joyida. Faqat kichigini uylantirsa bo'lgani. Endigina o'n yettini to'ldirgan mana shu kotiba qiz ba'zan jilmayibgina so'rab qoladi: “Meni kelin qilmaysizmi, ayajon?”

— Mayli, qizim, kelin bo'lsa, senday bo'lar-da, ziyod bo'larmidi? Azimjonga ma'qul kelsang bo'ldi, — deya hazil-huzul qilib ketaverardi. Hurbuvi opa ham. Oygul buni jiddiy qabul qilgan, Azimjondek kuyovi bo'lishini o'ylab, shirin xayollar bilan yashayotgan edi. Ammo ko'pdan buyon o'zidan kuch ketib borayotganini sezgan qiz shifokor ko'rigiga bordi-yu, barcha orzu-umidlari bir kunda chil-chil bo'ldi. Saratonga chalinibsan, ancha vaqt o'tib ketibdi, deyishdi.

O'z tashvishi bilan yurgan Hurbuvi opa esa buni eshitmagan edi. Aslida, o'zi tengi bosh­qa ayollardek, birov bilan suhbatlashib, uzundan-uzoq hangoma qilib o'tirishga hecham vaqti yo'q. Avvaliga savdo sohasida, mana, o'n besh yildirki, fermer xo'jaligi ishi bilan band. Naslli buzoqlar yetishtiradi, qancha tashkilotni sut bilan ta'minlaydi. Bularning bari katta mehnat. Qo'l ostidagi ishchi-xodimlarning g'ayrati, ishga munosabati ham xo'jalik bekasiga qarab-da! Opa ozgina sust­lashdimi, qolganlar ham o'z maylicha ish tutadi. Shuning uchun Hurbuvi opa bir daqiqasini bo'lsin, bekor o'tkazmaydi. Buni qarangki, vaqti tig'iz odam sog'­lom ham bo'larkan. “Shu yoshga kirib, do'xtirga bormaganman, faqat “roddom”ga borganda do'xtirlarni ko'rganman, xolos”, deya kulib qo'yadi shu haqda gap ketganda. Bu ham mayli-ku, olt­mish beshga chiqib, hali bir martayam pensiya olmaganiga nima deysiz? Nega olmagansiz, deb so'rasangiz, yanada hayratlanarli javob eshitasiz. “Topganimiz yetib turgach, nima qilaman u pulniyam olib? Davlat o'sha mablag'ni pulga muhtoj biror kishiga bersa xursand bo'lardim…”.

Ba'zan dang'illama uy-joy, qo'sha-qo'sha mashinasi borlar birovning haqiga xiyonat qilgani, mahalladan yordam so'ragani, kommunal to'lovlarni to'lamasdan qochib yurganini eshitib qolamiz. Ularga qarab, odamzotning ko'zi to'ymas ekan-da, desak, mana shu bag'rikeng ayol: “Bu g'animat dunyoda odamdan qoladigani yaxshilik, xayru savob” deya fikringni o'zgartiradi.

Xullas, u kotibasiga mayli, seni kelin qilaman deb va'da berib qo'ydi-yu, gardunning charx­palagi teskari aylanib, bu qizning umri tugab borayotgani ma'lum bo'ldi. Sho'rlik qizning ko'zlari javdirab opaga tikiladi:

— Endi meni kelin qilishni istamaysizmi? Oppoq libos kiyish menga nasib qilmaydimi? — deya charos ko'zlaridan yosh quyiladi.

Hurbuvi opa o'g'liga bu haqda aytmagani bois tili kalimaga kelmay, dovdiraydi. So'ng horg'in bir qiyofada uyiga kirib boradi. O'g'il volidasi nimadandir bezovtaligini bilib so'ragach, nihoyat hammasini ochiqlaydi. Avvaliga: “Nega birovni umidvor qildingiz, ona?” — deya norozi bo'lgan Azimjon bir-ikki kun o'tgach, fikri o'zgaradi.

— Onajon, ro'zai ramazon kunlarida Yaratganning bizga yuborgan sinovidir bu, mayli, necha kun umri qolgan bo'lsayam o'sha qizga uylanaman, — deya shu bag'rikeng ayolning o'g'li ekanini isbotlashga bel bog'laydi.

Bu gapni eshitib, onaning yelkasidan tog' qulagandek, yengil tortadi va odatlarimizga ko'ra, sovchilikka shoshiladi.

Eshitganlar opani jinniga chiqarishadi. Erta-indin bir nima bo'lib qoladigan qizga shuncha xarajat, katta to'y berganini hazm qilolmaydiganlar har xil gap-so'zlar tarqatishadi. Taassufki, bunday kimsalar Hurbuvi opa singari vayron bo'lgan Ka'bani qayta tiklashdek savob mana shu ko'rinishda bo'lishini anglamaydilar. Orzular quchog'ida baxtiyor bo'lgan qiz esa afsuski to'y so'nggida kasalxonaga yotqiziladi. Chunki bunday xastalik o'ta xursand­chilikni ham ko'tarolmaydi. Shifokorlar qizning o'n kunlik umri qolganini aytishadi.

Mana shu o'n kun ichida uning barcha tilaklarini amalga oshirish uchun ona-o'g'il hech nimani ayashmadi. Qaerga desa, eltib, nimani istasa, muhayyo qilishdi. So'nggi kunlarida kelinchak opaga shunday dedi: “Onajon, meni baxtli qildingiz, men o'tib ketgach ham farishta misol doim boshingizda parvona bo'lib, sizni qo'riqlab turaman…”.

Shunday bo'ldi ham. Bu dunyo hisob-kitobli — birovga berganingni o'zing ham olasan. Opaning ishida to'siq bo'lib turgan devorlar quladi. Hokim o'rinbosari o'zgardi. Yangi o'rinbosarni tadbirkorni qo'llaydigan insofli odam ekan deyishdi. Rost ekan, opaga yer ajratdi. Ayni paytda Hurbuvi opa sutni qayta ishlaydigan zavod qurilishi bilan band…

Xolida Fayziyeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =