To'y tashvishi…
To'y tashvishining ham o'zgacha gashti bor. Quda-andachilik munosabatlari, kelin-kuyov istaklari, ohori to'kilmagan sepu sarpolar, shirin orzular… Barchasi qalbda iliq tuyg'ular, taassurotlar qoldiradi. Oxirigacha shunday bo'lsa-ku yaxshi…
Muhabbat opa bilan Ravshan aka ham to'y taraddudiga tushib qolishgan. Otasi doim “Yakka-yu yolg'iz o'g'limni yigirma yoshga to'lguncha uylantirib qo'yaman”, derdi. Farishalar omin, degan ekan, mana, 19 yoshga to'lgan erkatoy bir qizni sevib qolibdi. Sovchi yuboringlar, deb turib oldi. O'qish bilan hushi bo'lmagach, boshqa nima ham qilardi.
…Asli to'rt qizdan keyin eru xotin o'g'il ko'rishdan umidini uzgandi. Oradan yetti yil o'tgach, bu oilani Xudo yorlaqab o'g'il ato etdi. Ota-onaning bag'ri to'lib, orzulari mevasini yeru ko'kka ishonmay voyaga yetkazishdi. Qizlarining to'rttalasi ham o'qishga qiziqdi, oliy o'quv yurtlarida tahsil olishdi. Ayniqsa, kenja qizning o'qishi biroz cho'zildi. Tibbiyot institutida yetti yil o'qib, yana bir necha yil bilimini mustahkamlash uchun oilaning yordamini olib turdi. Uni yaqindagina uzatishgandi. Endi yana to'y ostonasida turishibdi.
— Qiz chiqarganga qirq yil tegma, deb eskilar bilib aytishgan, — dedi Ravshan aka ayoliga, — sovchilar-ku ishni pishitib kelishdi, endi bu yog'i nima bo'ladi?!
Muhabbat opa erining nima demoqchiligini tushundi:
— Qarindoshlar ham qarab turishmas. Oz-ozdan yig'ilsa, bitta to'y o'tadi-da!
Qarindoshlar yig'ildi-yu maslahat oshi pishmadi. Vaziyatdan xabardor aka-ukalarning kutilmagan javobidan Ravshan aka bilan ayoli gangib qoldi.
— Sharoit bo'lmasa, to'y boshlab nima qilasizlar, — dedi opaning to'ng'ich ukasi. — Ko'rpaga qarab oyoq uzatish kerak. Meniyam o'zimga yarasha rejalarim bor…
Kichigi ham shuni kutib turganday darrov gapni ilib ketdi:
— O'zi yaqinda qizingizning to'yiga qo'shan qilgandik-ku, yana qaerdan olamiz shuncha pulni…
Muhabbat opa bir qalqib tushdi. Yordam so'rashi ukalariga og'ir botishini o'ylab ko'rmaganidan afsuslandi. Ravshan akaning esa yolg'izligi shu o'rinda bilindi. Qaynukalarga hech narsa deyolmadi, faqat ular ketgach, alamini xotinidan oldi:
— Jigarim deb, ular uchun qo'ling olti, oyog'ing yetti bo'lib choparding. To'ylarida og'rinib emas, suyunib xizmatini ham, ko'magini ham qilganmiz, mana oqibat!
— Ularniyam tushunish kerakdir, ikkalasiyam bolalarini o'qitishayapti…
Muhabbat opa bundan ortiq bir nima demadi, asta turib qudalarinikiga ketdi. To'yni biroz kechiktirish kerakligi haqida ayol quda bilan sekin gaplashib olmoqchi edi.
— O'zi tengimiz emasdinglaru qizim “shundan boshqaga tegmayman”, deb turib olgani uchun rozi bo'lgandik, — dedi ayol quda bu gapni eshitgach. — Endi vaqtni cho'zib yursak, odamlar nima deydi?! Kerak bo'lsa, qarz olib o'tkazasizlar…
Noiloj qolgan ayolning yuragi shu tarzda ikkinchi zarbani ko'tarishga ham dosh berdi. To'y baribir o'tadigan bo'ldi. Opa bir oy tinim bilmadi. O'zi ishlaydigan fabrikadan qo'shimcha ish olib, ro'zg'ordan bo'shagach, kechgacha tikish-ilishni qilsa, dam olish kunlari bog'dagi meva-chevani sotib, to'rt-besh so'm pul topib kelardi. Ravshan akaning ikki oylik maoshi qo'shildi, shunda ham to'yga kamlik qilishi aniq edi. Qarz ko'tarildi. Eshiklarida qolgan bitta sog'in sigir ham sotildi.
Bir amallab to'y o'tgach, kelin-kuyovning yangi “amal”i chiqdi. To'y sayohatiga ketamiz, deb turib olishdi. Amal-taqal qilib, ularni sayohatga jo'natdilar. Bir tomoni shirin tashvishlar, boshqa tomoni ruhan azobga aylangan to'y opani jismonan qattiq toliqtirgandi. Mana, yana hamma ish o'ziga qoldi.
— Bir haftalik azobim qoldi, dadasi, — dedi u xo'jayiniga gapirsa-da, aslida o'ziga o'zi dalda berib, — hamma ishni saranjomlab olsam, keyin oyog'imni uzatib o'tiraman.
Bir haftadan so'ng “tez yordam” mashinasida uni kasalxonaga olib ketishdi.
— Ko'pdan beri o'zlariga yaxshi qaramagan ko'rinadilar, yurak qattiq charchagan, — deyishdi do'xtirlar.
Haqiqatan shu bir haftalik azob uning bu hayotdagi oxirgi tashvishi bo'ldi. Kasalxonada oyoq uzatib yotishga to'g'ri keldi-yu, ammo uyiga qaytolmadi…
Xolida Fayziyeva.