Chet el mahsuloti ishonchlimi?

Har bir rivojlangan davlatda iste'mol mahsulotlarini sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, iste'molchilarning qonuniy manfaatlarini ta'minlash va ularni sifatli, hayot uchun xavfsiz mahsulot bilan ta'minlash muhim ahamiyatga ega.

Xalqimizning iste'mol madaniyati hamda talablari kundan-kunga oshib bormoqda. Bu holat yurtimizda sog'lom raqobatni yuzaga keltiradi. Bozorlarda sifatli mahsulotlar ko'payadi. Ammo bozorlarimizni faqat o'zimizning mahsulotlar bilan to'ldirib bo'lmaydi, albatta. Elektronika vositalari, xomashyo va kiyim-kechak singari yashashimiz uchun zarur bo'ladigan ayrim tayyor mahsulotlar chet davlatlardan keladi. Ammo martaba bilan “chet elniki” deya kirib kelayotgan mahsulotlarning hammasi ham ishonchlimi? Xorijdan keltirilayotgan mahsulotlar qaysi mezonlar asosida tekshiruvdan o'tkaziladi va ularga qo'yiladigan talablar qanday?

Mazkur savollarga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Aholi salomatligini muhofaza qilishda import mahsulotlar sifatiga e'tibor qaratish: mahalliy mahsulotlarning hamyonbopligi va aholi talablariga mosligini iste'molchilarga tushuntirish” mavzuida kuni kecha bo'lib o'tgan matbuot anjumanida javob olishga urindik.

— O'zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonuniga asosan dori-darmon, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati ko'rsatilmagan tovarlarni realizatsiya qilish man etiladi, — deydi Davlat bojxona qo'mitasi bosh­qarma boshlig'i o'rinbosari Otabek Hasanov.

— Qolaversa, yurtimizga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifat ko'rsatkichlariga, sanitariya va xavf­sizlik talablariga muvofiqligi sertifikatlash idoralari tomonidan taqdim etiladigan ruxsatnoma hujjatlari asosida nazorat qilinadi. Bunga ko'ra, tovarlar tabiatidan kelib chiqib muvofiqlik, gigienik, veterinariya, fitosanitariya va ekologiya bo'yicha sertifikatlashtiriladi.

Import qilinayotgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga normativ hujjatlarga asosan tegishli ravishda davlat standartlari yoki gigienik, veterinariya, fitosanitariya, ekologik normalar va talablar mavjud bo'lgan taqdirda rasmiylashtiriladi.

— Chegara postlari orqali tijorat maqsadini ko'zlab, mahsulot olib o'tishning qanday salbiy oqibatlari bor?

— Masalan, jismoniy shaxs chegara orqali konditsionerlarni imtiyozli norma bilan, keyinchalik tijorat maqsadida respublikaga olib kiryapti. Xo'sh, buning oqibati nima bo'ladi? Birinchidan, ushbu sovutgich va konditsionerlarning xavfsizligini kafolatlovchi muvofiqlik sertifikati bo'lmaydi. Mahsulotni xarid qilgan iste'molchi esa xavfli buyumga egalik qilishiga sabab bo'ladi. Muzlatgich va konditsionerlar ozon yemiruvchi moddalar, ya'ni freonlar yordamida ishlaydi. Xalqaro Monreal protokoli va Vena konvensiyasi asosida qabul qilingan qarorga ko'ra, yurtimizga ko'p turdagi freonlarni respublikaga olib kirish taqiqlangan. Noqonuniy tarzda bozorlarda ushbu mahsulotning paydo bo'lishi qonun yo'li doirasida kelgan mahsulotlar bilan raqobatdosh bo'lib qoladi va oqibatda bozorlarda nosog'lom savdo muhiti hosil bo'ladi.

— Texnika buyumlaridan tash­qari keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ham kirib keladi. Yeguliklarning ishonchlilik darajasi qay darajada?

— Davlat iste'mol tovarlarining xavf­siz sotuvga chiqarilishi va kirib kelishi uchun javobgar. Shunday ekan oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy ko'rsatkichlaridan biri mahsulotning xavfsizligi hisoblanadi. Har bir oziq-ovqat mahsulotining belgilangan va talab etiladigan saqlash va tashish me'yorlari mavjud. Masalan, tez buziladigan va sovutgichlarda saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlariga go'sht va go'sht mahsulotlari (kolbasa, konserva), sut va sut mahsulotlari (yogurt, pishloq, saryog'), baliq, tuxum, qandolat va hokazo mahsulotlarini kiritishimiz mumkin. Ushbu mahsulotlarni tashishda sanitariya va gigiena qoidalariga rioya etilishi shart! Chunki mazkur oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me'yorlar talabida olib kelinmasa, mikroorganizmlarning rivojlanishi va ko'payishiga olib keladi. Bu mahsulotlar iste'mol qilinsa, o'tkir yuqumli oshqozon ichak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Bu esa inson salomatligi uchun xavfli.

Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizlik ko'rsatkichlari bo'yicha laboratoriya sinovlari va tekshiruvlaridan o'tishi va muvofiqlik, sanitariya-epidemiologiya sertifikatlari bilan ta'minlangan bo'lishi kerak.

Afsuski, oxirgi paytlarda, chegara o'tkazish punktlari orqali jismoniy shaxslar tomonidan oziq-ov­qat mahsulotlarini o'z ehtiyoji uchun normasi sifatida ma'lum qilib, keyinchalik esa respublikamizning ichki hududlarida sotish holatlari uchramoqda.

Agar jismoniy shaxs bolalar bo'tqasi, ya'ni kasha oziq-ovqat mahsulotini o'z ehtiyoji uchun, farzandiga olib kirayotgan bo'lsa, uni ehtiyotini qilishi mumkin. Agar “tadbirkor” bundan tijoratni ko'zlagan bo'lsa-chi? Bolalar bo'tqasini saqlash va tashish sharoti 5-20°S harorat deb belgilangan. Yoz faslida harorat 40°S kam emas, kashalarni shu havoda sumkaga joylab olib kirilishi va iste'mol uchun bolalarga berilishi oqibatida keladigan salbiy oqibatni o'ylashning o'zi insonni qo'rquvga soladi. Hech qanday hujjatlarsiz olib kirilgan tovar muvofiqlik talablari bo'yicha tekshirilmaydi. Qolaversa, ushbu kashalar kim tomonidan, qanday sharoitlarda tayyorlanganligi, ularni qalbakilashtirilmaganligi kafolatlanmaydi.

Tadbirda yurtimizda xorijda iste'molda bo'lgan kiyimlarning ikkilamchi bozori ham paydo bo'lgani aytildi. Nisbatan arzon sotilgan ushbu kiyimlar qay darajada xavfsiz va gigienik talablarga javob beradi? Ushbu savolga Iste'molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi o'rinbosari Inomjon Tog'ayev javob berdi.

— Xaridorgir “sekond xend”, ya'ni xorijda kiyilgan mahsulotlar arzon narx­da yurtimizda sotilishi va bu mahsulotlarning tekshirilmasligi aholi salomatligi uchun zarari yo'q, deb ayta olmaymiz. Yangi mahsulotni sertifikatlashtirish, ishlab chiqarish sanasi bo'yicha aniqlanishi mumkin. Bunda uning partiyasidan namunalar olib tekshiriladi. Avval iste'molda bo'lgan mahsulotda bu amaliyotni qo'llab bo'lmaydi. To'qimachilik mahsulotlarida xavfli kimyoviy yoki biologik moddalar, kasalliklar bo'lishi mumkin, shuning uchun har bir namunani sinovdan o'tkazish zarur. Ba'zan, kiyilgan kiyimlar do'kon rastalariga kelib tushishidan avval dezinfeksiya qilinadi. Buyumlarga xavfli toksik modda — formaldegid bilan ishlov beriladi. Ushbu modda esa surunkali kasalliklar qo'zg'alishiga yoki astma paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin. Eng yomoni hatto formaldegid saraton kasali rivojlanishiga sabab bo'ladi.

Avval iste'molda bo'lgan kiyimlardan butunlay foydalanmanglar deb xalq­qa taqiq qo'ya olmaymiz. Sababi, juda ko'pchilik shuning orqasidan tirikchilik qiladi.

Abdurauf Rasulov,

“O'zstandart” agentligi matbuot kotibi:

— Mavzu doirasida aytib o'tishni lozim topdim. Bir kuni tanishim ikki kunga kvartira kerakligini aytib qo'ng'iroq qildi. Sababini so'rasam, bitta ko'p qavatli uyda turadigan qo'shnisi eski kiyim-kechak savdosi bilan shug'ullanishini va butun boshli uyda odam salomatligi uchun xavfli bo'lgan kana ko'payib ketgani, oqibatda xonadonlar dezinfeksiyaga muhtoj bo'lib qolganini aytdi. Agar sharoit shunga majbur qilmasa, kimligi aniq bo'lmagan insonlar kiygan kiyimlarni kiymaslikni tavsiya qilaman. Chunki, teri kasalliklari rivojlanishi va tar­qalishi mana shunday gigiena talablariga rioya qilmaslikdan kelib chiqadi. Ma'lumot uchun aytishim mumkinki, Respublikamizga Sharqiy Afrikaning bir qator mamlakatlarida xavfsizlik nuqtai nazaridan iste'molda bo'lgan kiyim olib kirilishi, shuningdek, iste'molda bo'lgan ehtiyot qismlar olib kirilishi taqiqlangan. Shuning­dek, elektrotexnik sanoat mahsulotlari, ehtiyot qismlar, shu jumladan, shinalar o'z foydalanish resursiga ega va ulardan uzoq muddat foydalangani sari ular atrof-muhitga, inson sog'ligiga va mulkiga negativ ta'sir ko'rsatadi. Joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan 500 mln. so'm miqdordagi avtomobil shinalari yurtimizda tekshiruvdan o'tkazilganda yaroqsiz ekanligi aniqlandi. Ya'ni, shinalar — yo'l qoplamasiga mos emasligi, yoqilg'i taqchilligining ortishi, ichki nuqsonlar aniqlangan. Ko'rsatilgan me'yorlar bo'yicha javob bermagan.

— Tegishli laboratoriya tekshiruvlaridan o'tgan va sifatli degan xulosani olgan mahsulotlar hech qanday cheklovlarsiz iste'mol uchun tarqatiladi. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaydi, deganlaridek, Respublikamizga belgilangan me'yor talablariga nomuvofiq, sifatsiz va soxtalashtirilgan mahsulotlarning kirib kelish holatlari mavjud, — deydi Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Mustafoyev. — Joriy yilning 8 oyi natijalariga ko'ra, import mahsulotlarini sertifikatlashtirish jarayonida jami miqdori 2,9 mlrd. so'm bo'lgan 14 turdagi mahsulot bo'yicha 20 holatlarda belgilangan me'yorlarga nomuvofiqligi aniqlangan.

Butunjahon savdo tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, har yili rivojlangan mamlakatlarning deyarli 30 foiz aholisi oziq-ovqatdan zaharlanish bilan bog'liq kasalliklardan aziyat chekadi. Shunday qilib, AQShda har yili oziq-ovqat bilan bog'liq 76 millionga yaqin kasallanish holatlari qayd etilib, ulardan 325 ming holatda shifoxonaga yotish va 5 ming holatda o'limga olib kelgan.

Oziq-ovqat mahsulotlarining ayrim turlarini (go'sht konservalari, sut mahsulotlari, qandolat mahsulotlari) to'liq sinovlardan o'tkazish uchun 6 kun, qurilish materiallari (sement, g'isht, temir-beton buyumlar, shag'al) uchun 30 kun, elektrotexnik mahsulot (akkumulyatorlar, kabel) uchun 25 kun, yengil sanoat mahsulotlari uchun 9 kundan 13 kungacha vaqt zarur.

Savdo nuqtalarida sotiladigan mahsulotlarni to'liq sinovlardan o'tkazish bo'yicha o'tgan davrda o'tkazilgan tadbirlar borasida ham import, ham mahalliy bolalar o'yinchoqlari, bolalar poyabzallari, quyultirilgan sut, pishloq, kolbasa va muz­qaymoq namunalari belgilangan talablarga nomuvofiqligi aniqlandi.

Sinov natijalariga ko'ra, bolalar o'yinchoqlari va bolalar poyabzallari formaldegid miqdori bo'yicha nomuvofiq bo'lib, miqdori 0,031 mg/m3 tashkil etgan, bu esa belgilangan normadan 10 barobar yuqori.

Kolbasa mahsulotlarida kraxmalning oshib ketgani qayd etilgan, shuningdek, transyog'lar va dumba yog'ining o'rniga ishlatiladigan yog' o'rnini bosuvchi sun'iy moddalar aniqlangan.

2019 yilda bolalar o'yinchoqlari (Xitoyda ishlab chiqarilgan), sirka (Rossiyada ishlab chiqarilgan), tomat ketchupi (Qirg'izistonda ishlab chiqarilgan), “Borjomi” mineral suvi (Gruziyada ishlab chiqarilgan), tovuq sosiskalaridagi (Kanadada ishlab chiqarilgan) nomuvofiqliklar aniqlandi.

Xindistonda, Xitoyda ishlab chiqarilgan to'qimachilik mahsulotlaridan probalar tanlab olinib, sinovlardan o'tkazildi va ularning natijalari bo'yicha mahsulotning tanlab olingan namunalari belgilangan normalar bo'yicha mos ravishda 1 va 3 ko'rsatkichlarga nomuvofiq chiqdi.

“Borjomi” mineral suvi “mineralizatsiya (K, Na)” va “permanganat oksidlanish” ko'rsatkichlari bo'yicha standart talablariga javob bermaydi.

Qozog'iston Respublikasida ishlab chiqarilgan palma yog'i ikkita ko'rsatkich bo'yicha nomuvofiq (nikel miqdorining oshishi 2 barobar, transyog'larniki – 4,5 barobar).

Mazkur holatlar yuzasidan tegishli choralar ko'rilmoqda.

Feruza Rahimova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =