“Arkadagning baxtli zamoni”

Toshkentda Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kitoblari taqdimoti bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning olib borayotgan oqilona siyosati natijasida o'zbek va qardosh turkman xalqlari o'rtasidagi hamkorlik rishtalari rivojlanib bormoqda.

Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida Turkmanis­ton Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov asarlarida madaniyat va san'atning xalqlar o'rtasidagi do'stlik va birodarlik aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyatining yoritilishiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir ana shunday sa'y-harakatlarning amaldagi ifodasi bo'ldi.

Anjumanda Turkmaniston Prezidenti qalamiga mansub “Madaniyat — xalqning bebaho javohiri”, “Turkman madaniyati”, “Tinchlik musiqasi, do'stlik va birodarlik musiqasi”, “Baxshi — xalq baxtining darakchisi” nomli kitoblari xususida so'z bordi.

Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov asarlarida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va xalq farovonligini yanada oshirish masalalari” mavzuida ilmiy-nazariy konferensiya ham bo'lib o'tdi.

Ilmiy anjumanda Turkmaniston Prezidentining turkman, ingliz va rus tillarida nashr qilingan “Arkadagning baxt­li zamoni”, “Turkmanistonning ulkan zafarlar va saodatli yillari”, “Turkmaniston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida” va “Turkmaniston — farovonlik va taraqqiyot mamlakati” singari kitoblarining taqdimoti o'tkazildi.

“Arkadagning baxtli zamoni” (arkadog — orqa tog' ma'nosini beradi) asari orqangda tog'dek sobit suyanching borligi naqadar ulkan baxt ekanligi tarixiy-ilmiy asoslarda bayon etilgan. Ma'rifatga esh xalq yo'lboshchisi, yurt barqarorligini o'ylab siyosat yuritayotgan rahnamosi borligi atroflicha bayon etilgan.

Turkmaniston Prezidenti asarlarida mamlakat turmushining madaniy o'sishi, elning ertasi obod bo'lishida barkamol avlodni voyaga yetkazish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlangan. Jismonan sog'lom, ruhan tetik o'smir-yoshlar ertaning yaratuvchisi ekanligi sodda-samimiy ifodalarda bayon etilgan.

Sir emas, turkman va o'zbek xalq­larining madaniyati va san'ati asrlar davomida uyg'un rivojlanib, bir-birini to'ldirib keldi. “Go'ro'g'li”, “Avazxon”, “Oshiq G'arib va Shohsanam”, “Xondalli” kabi dos­tonlar har bir o'zbek va turkman uchun birdek qadrlidir.

Ma'lumki, bugungi kunda Turkmanis­ton zamonaviy taraqqiyot yo'lidan dadil odimlamoqda. Turk­man qardoshlarimizning mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish va xalqning farovon hayotini ta'minlash borasida erishayotgan yutuqlari xalqaro doirada ham e'tirof etilayapti. Mazkur asarlarda turkman milliy madaniyati eng qadimgi davr taraqqiyotining yuzaga kelishidan boshlab, to bugungi kungacha rivojlanishda davom etib kelayotganiga alohida urg'u berilgan.

Shuningdek, qo'shni mamlakatlar bilan o'zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi asarlar bayonida aytib o'tilgan. Turkmanistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiya­ti va ahamiyati atroflicha tahlil qilingan.

Tadbirlarda O'zbekiston Fanlar akademiyasi a'zolari, iqtisodchi olimlar hamda taniqli madaniyat va san'at namoyandalari, yozuvchi-shoirlar, professor-o'qituvchilar, Turkmanistonning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda OAVlari vakillari ishtirok etdi.

Unda so'zga chiqqanlar Turk­maniston Prezidentining kitob­lari yuksak badiiy va ilmiy-omma­bop qimmatga ega ekanini alohida ta'kidladilar. So'nggi payt­larda O'zbekiston va Turkmaniston mamlakatlari o'zaro hamkorlikni yanada yuksaltirishga juda katta e'tibor berayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =